O'zbekiston tarixi

4486 marta o'qildi
Samarqand shaxri tarixi

Amir Husayn yo'q qilingandan keyin, 1370-yil iyun oyi oxirlarida, Temurbek bilan Suyurg'atmish xon askarini olib Movarounnahrga qaytishdi. Balx va unga qarashli o'lkalarga Murod Barlos hokim etib tayinlandi. Ulug' Amir bilan xon o'shanda Qashqadaryoning xush-manzara yerlaridan Xushmish marg'uzoriga kelib qo'ndilar. Yozni o'sha yerda sayd va sayohat bilan o'tkazdilar.

Amir Husayn yo'q qilingandan keyin, 1370-yil iyun oyi oxirlarida, Temurbek bilan Suyurg'atmish xon askarini olib Movarounnahrga qaytishdi. Balx va unga qarashli o'lkalarga Murod Barlos hokim etib tayinlandi.

Ulug' Amir bilan xon o'shanda Qashqadaryoning xush-manzara yerlaridan Xushmish marg'uzoriga kelib qo'ndilar. Yozni o'sha yerda sayd va sayohat bilan o'tkazdilar. Bir hafta ichida xon ham, ulug' amir ham davlat ishlaridan so'z ochmadilar. Xon ulug' amirning og'zini poyladi. Ulug' amir esa bu xususda birinchi bo'lib bir nima deyishdan o'zini tiydi. Chunki, nima bo'lganda ham, xon xon-da! El-yurtning inon-ixtiyori uning qo'lida. Sirasini aytganda, u xudoning yerdagi soyasi.

Shunga qaramay, davlat ishlarini tartibga solish, sipohni qaytadan qurish va vayron bo'lib yotgan shaharlarni tiklash va obod qilish masalalari bilan bog'liq ishlarni Temurbek bir daqiqa ham esidan chiqarmadi. Doimo shular haqida o'ylab yurdi. Yaqin orada qilinadigan ishlarini bir qadar rejalashtirib ham qo'ydi. Lekin xondan andisha qilib, unga bir o'zi qo'l urishga botinmadi.

Kunlardan bir kuni xonsalomdan keyin Suyurg'atmishxon hammaga ijozat berdi-yu, lekin Temurbekni huzurida olib qoldi. Bir fursat u yoq-bu yoqdan so'zlashib oitirishdi. So'ng xon unga murojaat qildi:

—  Bek hazratlarining ko'nglidan kechib turgan fikrlarni sezib turibmiz. Mamlakat va saltanat tashvishlarida bizdan aslo andishaga bormasunlar. Chunki bu yumushlarning og'irligi baribir ulug' amirning zimmasiga tushadur. Mana, ulus tuprog'ini jetelar zulmidan xalos qildik. Beklarning beboshligini bartaraf etdik. El-yurt tartib-intizomg'a kelib qoldi. Yaqin orada ulus to'lig'icha tartib-intizomg'a kelib qolur. Balki avvalgidan ham ziyoda bo'lib ketur, inshoollo! Ularning barchasi sizning sa'y-harakatingiz bilan amalga oshirilur, bek. Tortinmay, dilingizdagini ayting, bek. Siz bo'lmayturg'on ishga qo'l urmayturg'on kishisiz. Biz buni yaxshi bilurmiz. Shu bois saltanat va mamlakat xususidagi barcha rejalaringizga qarshi emasmiz. Aslo!

Suyurg'atmish bu gaplarni shunchaki ko'ngil ovlash uchun emas, balki dildan aytayotgani uning yuz-ko'zidan ayon bo'lib turar edi. U saltanatning barcha yumushlarini mana shu og'ir-bosiq, aql-farosatli va ishning ko'zini biladigan odamning zimmasiga yuklayotgan edi. Bunga Temurbek ishonch hosil qildi. Lekin bu gaplar ikki kishining o'rtasida bo'lyapti. Guvohsiz. Yana kim biladi? U ertami-indin aynib qolmasmikin? Temurbekning ko'nglidan shu fikr kechdi. Qani endi xon shu gapini ko'pchilikning oldida, masalan, kengashda aytsa... Shunday bo'lsa ham, Temurbek xonga bu ishonchi uchun minnatdorchilik bildirdi. Mamlakat va saltanat oldidagi dolzarb ishlarini hal qilib olish uchun-kengash chaqirish masalasini o'rtaga tashladi:

—  Ertadan qoldirmasdan qilinaturg'on zarur ishlar bor, xon hazratlari. Amirlar va beklarni chaqirtirib kengashib olsakmikin?

Temurbek xonga ko'z ostidan nazar tashladi. Xon «Temurbek ne der erkan?», — deb hushyor o'ltirgan ekan, ko'zlarida hadik alomatlari paydo bo'ldi. «Nima, ishonmadimi? Nega yana kengash? Buning tagida boshqa gap yo'qmikin o'zi?» - degan xayol kechdi uning ko'nglidan. Temurbek indamadi. Xon qattiqqo'l, bir so'zli bu odamga boshqa bir nima deyishga botinmadi. Nihoyat: «Nima bo'lsa xudodin», - dedi u ichida va Temurbekka kuchsiz bir ohangda dedi:

-  Mayli, kengashni ixtiyor qilgan erkansiz, siz aytganday bo'la qolsin.

Shu tariqa ular kengash chaqirishga qaror qildilar.

Kengash, ertasi o'tib indinga, juma kuni chaqirildi. Unga beklar va amirlarning barchasi to'plandi. Lekin yana avvalgi ahvol. Xon ham, ulug' amir ham majlisni boshlashga bir qadar botinolmay o'tirdilar. O'rtaga uzoq sukunat cho'kdi. Amir Sayfiddin Joku Barlosga ma'nodor qarab qo'ydi. «Siz yoshi ulug'imizsiz. Hech bo'lmasa, siz jazm qiling», demoqchi bo'ldi. Joku Barlos uni angladi va xon birlan Temurbekka murojaat qildi:

-  Hamma yig'ildi chamasi, boshlasak ham bo'lar. Xon boshini silkitib, ma'qulladi.  So'ng «o'zingiz boshlang», degan ma'noda o'ng tarafida o'ltirgan Temurbekka qaradi. Temurbek qo'l qovushtirib, minnatdorchilik bildirdi va «o'zlari boshlab bersinlar», deb ishora qildi. Xonda boshqa iloj qolmadi. Majlisni u ochdi:

-  Biz ulug' amir ikkimiz, - deb so'z boshladi xon, -o'tgan kuni mamlakat va saltanat ishlari xususida maslahatlashgan erdik. Shu xususda sizlarning fikrlaringizni ham bilmoqchimiz.

Shu yerda xon «buyog'ini o'zingiz olib boravering» degan ma'noda Temurbekka xiyol qarab qo'ydi. Xon ixtiyorni unga berib turgandan keyin e'tirozga o'rin qolmadi. Temurbek muddaoni qisqa qilib bayon qildi:

-   El-yurt mo'g'ullarning zulmidan xalos bo'ldi. Amir Husayn bilan bebosh beklar bartaraf qilindi. Endi tez fursatda mamlakat va saltanatni tartibga keltirmasa bo'lmaydi. Chunki g'animlar tevarak-atrofda izg'ib yuribdilar. Qal'alar va shaharlar esa Chingizxon xurujidan beri vayron bo'lganicha yotibdi. Tez fursatda buning chora-tadbiri ko'rilmasa, yana bosqinga qolishimiz hech gap emas.

Temurbek davlat tizimini shakllantirish, shahar va qal'alarni ta'mirlash haqidagi o'z rejalarini ham o'rtaga tashladi. Keyin mablag'dan gap ochdi:

—   Qal'alarni ta'mirlash va mustahkamlashga hozir aqchamiz yo'q, chunki hali xazinaning o'zi yo'q. Bu ishni xususiy mablag'imiz va hashar yo'li bilan amalga oshirimiz lozim, janoblar.

O'rtaga cho'kkan bir oz sukunatdan keyin Temurbek so'zida davom etdi.

—  Xon hazratlari bilan kelishib, og'amiz Joku Barlos va mo'tabar amirlardan Sayfiddin bilan Iskandarni tumanboshi, Ardashir Qavchinni tavochilik mansabiga tayin etishga qaror qildik.

Shu yerda u boshqa tumanboshi, mingboshilar, yuzboshi va o'nboshilarni ham nomma-nom aytdi. Shundan so'ng Temurbek yana bir yangilikni majlis ahliga e'lon qildi:

—  Urf-odatimiz bo'yicha lashkar harbiy yurishlardan keyin uy-uyiga qo'yib yuborilar edi. O'rdugoh esa, deyarli lashkarsiz va qo'riqchisiz qolardi. Xudo ko'rsatmasin, dushman ko'z og'rig'iday birdan paydo bo'lib qolsa, O'rdugohning ahvoli ne kechadi? Lashkarni yig'ib kelish uchun esa fursat kerak. Xon asir olinadi, saltanat qo'ldan ketadi. Podshohsiz saltanat esa, boshsiz tanadir. Shuning uchun qorovul qismni kuchaytirib, uning umumiy sonini kam deganda 10 ming kishiga yetkazib, muntazam bir harbiy qism tuzish zarur. Bu qism xonning ixtiyorida tursin. Undan mushkul paytlarda, urush taqdiri hal bo'ladigan paytlarda foydalanish mumkin. Bu juda zarur, janoblar.

Temurbek qo'shinni qayta qurish borasida yana bir-ikkita fikr aytdi. Amirlar boshda: «Qadim zamonlardan qolgan urf va tartiblarni o'zgartirishga ne ehtiyoj bor ekan?», - deb ajablandilar. Lekin o'ylab ko'rib, oxiri ko'ndilar.

Shundan keyin boiajak davlatning poytaxti masalasi ko'rildi. Lekin uning hal bo'lishi oson kechmadi. Joku Barlos «poytaxt Qarshi bo'lsin», deb turib oldi. Xon ham shunga tarafdor ekan, «Qarshi» so'zini eshitib, chehrasi yorishib ketdi. Elchi Bug'o Keshni tanladi. Temurbekning ko'nglini topmoqchi bo'lib shunday qildi, chamasi. Axir Kesh uning ota yurti emasmi? Elchi Bug'o Temurbekning ko'zlariga tikildi. Lekin moyillik alomatini sezmay, biroz xijolat chekdi.

—   Samarqand,— dedi Temurbek, boshqa fikr aytuvchilar qolmagandan keyin, qadim zamonlardin beri Turkiston zaminga poytaxt bo'lib kelgan. Iskandar Zulqarnayn ham uni poytaxt qilgan. Fikri ojizimizcha, Samarqandni saltanat poytaxti qilganimiz ma'qul, janoblar. Shunday emasmi?

—  Lekin Samarqand Chingizxon xurujidan beri yarim vayronaligicha yotibdi. Xalqining qariyb yarmi ko'p yillardan beri davom etgan urush-talashlar oqibatida tevarak-atrofga ko'chib ketgan. Aziz-avliyolarning mozorlari ham buzilgan. Shaharning hisori va devorlari ham yo'q. Shahristonning olti darvozasi ham yiqilib yotibdi. Bularni tez fursat ichida tiklash va ko'p yangi imoratlarni bunyod etishimiz zarur. Bu ishlarning tepasiga janobi amir Dovudni qo'ysak, deyman. Tevarak-atrofga tarqalib ketgan samar-qandliklarni yig'ib kelishni ham amir Dovud bilan Mu­hammad Jelda zimmasiga yuklasak.

Temurbek yana xonga qaradi. Suyurg'atmishxon imo-ishora bilan ulug' amirning gapini ma'qulladi.

—  Samarqand loydin bino qilingani uchun ham buzilishga yuz tutdi. Biz uni endi yangidan, lekin toshdan bu­nyod eturmiz. Dushman qo'li unga boshqa yetmasin,— dedi Temurbek kengash oxiriga yetib qolay deganda.


Orqaga qaytish