O'zbekiston tarixi

4980 marta o'qildi
Mahmud torobiy qo'zg'oloni

Mo'g'ullar hukmronligi vaqtida Movarounnahrda yuz bergan muhim voqealardan biri — Mahmud Torobiy yetakchiligida bo'lgan qo'zg'olondir. Qo'zg'olon 1238-yili Buxoro shahridan uch farsax narida joylashgan Torob qishlog'ida boshlandi.  Qo'zg'olonga mo'g'ul bosqinchilarining kun sayin oshib borayotgan zulmi va askarlarining beboshligi sabab bo'ldi.

Mo'g'ullar hukmronligi vaqtida Movarounnahrda yuz bergan muhim voqealardan biri — Mahmud Torobiy yetakchiligida bo'lgan qo'zg'olondir. Qo'zg'olon 1238-yili Buxoro shahridan uch farsax narida joylashgan Torob qishlog'ida boshlandi.  Qo'zg'olonga mo'g'ul bosqinchilarining kun sayin oshib borayotgan zulmi va askarlarining beboshligi sabab bo'ldi. Sabr kosasi to'lgan xalq bosqinchilarga qarshi qo'zg'aldi. Qo'zg'olon o'sha Torob qishlog'idagi masjidlardan birida boshlandi. Kunlardan bir kuni (1238-y.) namozi bomdod vaqtida bir odam namoz o'qib bo'lishgandan so'ng minbarga chiqib xitob qildi: «Xaloyiq! Kimda-kim men bilan birga bo'lishni istasa va amri-farmonimdan chiqmaydigan bo'lsa, atrofimga to'plansin!» Bu odam shu yerlik kosib Mahmud Torobiy edi. Uni ko'pchilik tanirdi. O'shanda keksa va og'ir bemorlardan boshqa hamma unga ergashdi.

Bora-bora Mahmud Torobiyning tarafdorlari ko'paydi. Tevarak-atrofdagi qishloqlardan juda ko'p xalq unga kelib qo'shildi. Xullas, kun sayin kosib Mahmud Torobiyning shuhrati va qudrati ortib bordi. Bosqinchilarning zulmi bedodliklaridan g'azabga kelgan xalq ularga qarshi kurashga qo'zg'aldi.

Mahmud Torobiy va uning tarafdorlari Buxoroyi sharifga bordilar. Mahmud Torobiy Buxoro zodagonlaridan birining uyiga tushdi. Buxoro xalqi bundan xabar topib, asta-sekin Mahmud Torobiy tushgan uy atrofiga to'plana boshladilar. Tez orada bu yerga shu qadar ko'p odam to'plandiki, hatto u tushgan xonadonga kirish ham, undan chiqish ham mumkin bo'lmay qoldi.

Buxoroda dorug'a va amirlar Mahmud Torobiyni xufyona yo'q qilish uchun ko'p urindilar. Lekin bu yovuz maqsadlariga erisholmadilar. Uning tarafdorlari ko'paydi. Qisqa fursat ichida qishloqlardan shu qadar ko'p xalq to'plandiki, dorug'alar va ularning odamlari Mahmud Torobiyning oldiga yaqinlasholmay qoldilar. Mo'g'ullarning yomon niyat bilan yurganlaridan ogoh bo'lgach, Mah­mud Torobiy alohida turmay odamlari orasiga o'tib yashadi. Bir kuni shom namozidan keyin u jome' masjidida to'plangan tumonat xalqqa murojaat qildi:

«Ey, toliblar! Kimda-kim shu muqaddas zaminni nopoklardan tozalashni istasa, qo'liga qurol olsin! Jonajon yurtimizda ulardan bitta ham qolmaguncha kurashish uchun bel bog'lasin!» Shundan keyin xalq qo'liga nimaiki tushsa — qilichmi, nayzami, to'qmoqmi, belmi, panshaxami, boltami olib, arkka hujum qildi. Ulardan bir guruhi Mah­mud Torobiyni qo'lida ko'tarib, oldingi safda borar edi. Posbonlar ham, dorug'a va amirlar ham, qal'a ichida turgan mo'g'ul askarlari ham bu yerga bostirib kelgan ko'p ming kishilik olomonga bas kelolmadilar. Dorug'a va amirlarning bir qismi qochib ketdi.

Ertasiga, juma kuni, masjidi jome'da Mahmud Torobiyni podshoh deb e'lon qildilar va uning nomiga xutba o'qitdilar. Shundan keyin, Buxoroning barcha imomlari, ulamo va akobirlarini Mahmud Torobiyning oldiga olib keldilar. Ular xalq oldida sud qilindilar. Mo'g'ullar xizmatiga kirib, xalqqa zulm qilganlari eng oliy jazo — o'limga mahkum etildi. Qolganlari shahardan haydab chiqarib yuborildi.

Ayni o'sha kunlari to'rt xarvor qilich va qurol-aslaha ortilgan karvon Sheroz tarafdan kelib qoldi. Mahmud To­robiyning sarkorlari karvonni musodara qildilar. Qilich, qurollarni qo'zg'olonchilarga taqsimlab berdilar. Musodara qilingan chodirlar esa shaharning katta maydoniga tikildi. Ularning biriga Mahmud Torobiyni zo'r tantana bilan olib borib joylashtirdilar. Xalqni to'plash va qurollantirish bir necha kun davom etdi.

Lekin qo'zg'olonchilar faollik va tashabbus ko'rsata olmadilar. Qo'zg'olon boshqa shaharlarga tarqalmadi. Mah­mud Torobiy va qo'zg'olonchilar besh vaqt namozni ado etish, majlis va yig'ilishlar o'tkazish bilan band bo'ldilar.

         Shahardan qochgan mo'g'ul dorug'asi va amirlar esa vaqtni bekor o'tkazmadilar. Viloyatning tevarak-atrofida yurgan mo'g'ullarni bir yerga to'pladilar va ulardan kattagina qo'shin tuzib, Buxoro ustiga yurish boshladilar.

Mahmud Torobiy bundan xabar topib, tezlik bilan odamlarni qo'zg'atdi va shahar tashqarisiga olib chiqdi. Shu yerda dushmanlashuvchi tomonlar saf  tortdilar va bir-birlariga tashlandilar. Urush avj olib ketdi. Shu payt bir mo'g'ul uzgan nogahon o'q Mahmud Torobiyga kelib tegdi. U shu zahotiyoq aziz jonidan judo bo'ldi. Afsuski, odamlaridan birontasi bundan xabar topmadi. Qo'zg'olonchilar va mo'g'ullar shu qadar zo'r shiddat bilan urushar edilarki, bir-birining hol-ahvolidan tamoman bexabar edilar.

Mo'g'ullar yaxshi qurollangan va tajribali bo'lishlariga qaramay, o'sha kuni ustunlikka erisholmadilar va jang maydonida ko'p o'liklarni qoldirib, chekinishga majbur bo'ldilar. Qo'zg'olonchilar chekingan mo'g'ullarni uzoq masofagacha ta'qib qilib bordilar. Zamondosh tarixchilarning guvohlik berishicha, o'sha og'ir urushda har ikki tarafdan 10 mingga yaqin odam o'ldirilgan.

Mahmud Torobiyning lashkari katta o'ljali bo'lib va g'alaba qozonib, shaharga qaytdi. Kechasi birdan yo'lboshchilarini eslab qoldilar. Lekin u o'liklar orasida ham, tiriklar orasida ham yo'q edi. Uni ko'p qidirib topolmadilar. Oxiri «U bilan biron ilohiy hodisa yuz bergandir», deb qidiruvni to'xtatdilar. Shundan keyin qo'zg'olonchilar kengashib, inisi Muhammad Alini akasining o'rniga sardor etib tayinladilar. Unga itoat qilib, uning har bir so'zini o'zlariga dasturulamal qilishga ont ichdilar. Lekin qo'zg'olon uzoqqa cho'zilmadi.

Dorug'a va Buxoro amirlari chopar yuborib yuz bergan bu mudhish voqeani Xo'jandga, Ma'sudbek sohibga ma'lum qildilar. Ma'sudbek mashhur Mahmud Yalovochning o'g'li bo'lib, Chig'atoyxonning Movarounnahrdagi noyibi edi. U, o'z navbatida, chopar  yuborib, yuz bergan voqeadan Chig'atoyxonni xabardor qildi. Chig'atoyxon o'sha zahotiyoq qo'zg'olonni bostirish uchun Movarounnahrga Qorachor no`yon, Ildiz no'yon va Chakan no'yon boshchiligida katta qo'shin yubordi. Mo'g'ullarning qo'shini bir hafta deganda Buxoro atrofiga kelib tushdi. Muhammad Ali o'z lashkarini Buxoroning bir chetiga olib chiqib, shu yerda urushga shay bo'lib turgan mo'g'ullarga qarshi safladi. Ikki o'rtada qisqa, lekin shiddatli urush bo'ldi. Bu safar mo'g'ullar g'alaba qildilar. Jangda har ikkala tarafdan juda ko'p odam, shu jumladan qo'zg'olonchilarning sardori Muhammad Ali ham halok bo'ldi. Qo'zg'olonchilardan tirik qolganlari tevarak-atrofga tarqalib ketdilar.

Shu tariqa, mo'g'ullar hukmronligiga qarshi ko'tarilgan qo'zg'olon natijasiz barham topdi. Bunga qo'zg'olonning aholi barcha tabaqalari orasiga va Movarounnahrning sha­har va qishloqlariga tarqalmagani asosiy sabab bo'ldi. Bun­dan tashqari, qo'zg'olon rahbarlarining o'zlarida jiddiylik, qat'iylik va tashabbus yetishmadi.

IZOHLAR

Dorug'a — mo'g'ullar hukmronligi davrida (1200—1370-yy.) shahar hokimi.

Minbar — namozga chaqirish, namozga to'planganlarga va'z-nasihat qilish uchun pishiq g'isht, tosh yoki yog'ochdan baland qilib qurilgan joy.

Namozi bomdod — erta saharda o'qiladigan namoz.

Rutba  — unvon, martaba.

Tumonat — son-sanoqsiz.

Xarvor — bir eshak yuki.

Xutba — odatda juma namozi paytida masjidda musulmonlar oldida qilinadigan, shuningdek, yangi podsho taxtga o'tirgani munosabati bilan qilinadigan pand-nasihat.

Chig'atoyxon — Chingizxonning ikkinchi o'g'li. Chig'atoy ulusi hukmdori (1227-1241-yy.).

Sheroz — Eronning janubidagi qadimiy katta shahar va shu nomli viloyat markazi.

Qorachor  no'yon — Chig'atoyxonning bosh amiri. Turklarning barlos qavmidan bo'lib, Amir Temurning sakkizinchi ajdodi hisoblanadi.


Orqaga qaytish