Ertaklar

5651 marta o'qildi
Otning boligiga, suvning tinigiga (ertak)

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir dehqonning yalqov eshagi bor ekan. Eshakvoy kechasi qiziq tush ko‘ribdi: Olatog‘ bilan Qoratog‘dan o‘tib, g‘alati bir mamlakatga borib qolganmish. U mamlakatning o‘ti bo‘liq, suvi juda tiniq ekan. Hamma ishlamasdan, istaganini yeb-ichib yurarkan.

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir dehqonning yalqov eshagi bor ekan. Eshakvoy kechasi qiziq tush ko‘ribdi: Olatog‘ bilan Qoratog‘dan o‘tib, g‘alati bir mamlakatga borib qolganmish. U mamlakatning o‘ti bo‘liq, suvi juda tiniq ekan. Hamma ishlamasdan, istaganini yeb-ichib yurarkan.

«Zap men bop joy ekan-da, endi jonimni koyitmay, maza qilib yotaveraman», deb o‘ylabdi eshakvoy va juda quvonib ketib, ovozi boricha hangrab yuboribdi. O‘z ovozidan cho‘chib, ko‘zini ochib qarasa tushi ekan.

Lekin u o‘ti bo‘liq, suvi tiniq mamlakatni izlab yo‘lga tushibdi. Yo‘lda unga hech yerda qo‘nimi yo‘q, takasaltang echkivoy uchrab qolibdi.

-  Qayoqqa ketyapsan, eshakvoy? - deb so‘rabdi takasaltang.

-  O‘tning bo‘lig‘iga, suvning tinig‘iga, - deb javob qaytaribdi eshakvoy.

-  Qayerda bunaqa joy bor? - deb juda qiziqib qolibdi echkivoy uzun soqolini silkitib.

-  Olatog‘ bilan Qoratog‘ning narigi yog‘ida.

-  Meniyam olib ketmaysanmi? - deb yolvoribdi takasaltang dumini likillatib.

Eshakvoy o‘ziga hamroh topilganidan xursand bo‘lib:

-  Yura qol, - debdi.

Ikkovlon - eshakvoy bilan echkivoy ikki kun yo‘l yurishibdi, uchinchi kun ularga o‘ziga bino qo‘ygan olifta xo‘rozvoy uchrab qolibdi.

-  Qayoqqa ketyapsizlar, og‘aynilar? - deb so‘rabdi u kerilib eshakvoy bilan echkivoydan.

-  O‘tning bo‘lig‘iga, suvning tinig‘iga...

-  Meniyam olib ketsanglar-chi, - deb iltimos qilib-di xo‘rozvoy ulardan.

Eshakvoy bilan echkivoy darrov rozi bo‘lishibdi. Xo‘rozvoy o‘sha topdayoq ularga qo‘shilib olibdi.

Uchalovi — eshakvoy, echkivoy va xo‘rozvoy o‘tning bo‘lig‘ini, suvning tinig‘ini qidirib uzoq yo‘lga tushibdi.

Kunlar o‘tib, tunlar o‘tibdi, ular ko‘p yo‘l yuribdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yuribdilar. Axiri horib-charchab, Olatog‘ bilan Qoratoqqa yetib kelishibdi. Ming mashaqqat tortib, tog‘dan oshib ham o‘tishibdi.

Tog‘dan narida o‘t ham, suv ham ko‘rinmabdi. Giyohsiz, qovjiragan sahro boshlanibdi. «Yuraversak, o‘tning bo‘lig‘i, suvning tinig‘i chiqib qolar», degan umidda yana uzoq yo‘l yurishibdi. Biroq poyoni yo‘q sahroning oxiri — adog‘i ko‘rinmabdi. Oldilaridan na bir giyoh, na bir tomchi suv chiqibdi.

Uzoq yo‘l yurib, charchagan eshakvoy, echkivoy va xo‘rozvoy ochlik, tashnalikka chidolmasdan kimsasiz sahroda jon berishibdi. Ularning jasadini hech kim bir hovuch tuproq tashlab ko‘mmabdi, qavmu qarinoshlari, yor-birodarlari ham unutib yuborishibdi.

Qaydandir o‘limtikxo‘r quzg‘un hid olib kelibdi-da, yalqov eshakvoy, takasaltang echkivoy va olifta xo‘rozvoyning jonsiz jasadlariga qo‘nibdi. Changal charxlab, ularning go‘shtini timdalab-timdalab yeb, rosa to‘yibdi va: «O‘zga yerlardan baxt izlab, o‘z yurtini tashlab ketganlarning holi ana shunday bo‘ladi!» deb, qah-qah uribdi...


Orqaga qaytish