Rivoyatlar

4721 marta o'qildi
Taomning lazzati nimadan? (Hikoya)

Aytishlaricha, bozor uzoqligidan bir piyozfurush shahar yaqinida yashovchi qassob bilan oshna tutinibdi.Piyozfurush bozorga borishda ham, qaytishda ham qassobnikida tunab o‘tarkan. Har gal piyozfurush qassob do‘stining uyida bir etak piyoz qoldirarkan, qassob esa piyozfurush do‘stini saryog‘, sergo‘sht palov va lazzatli sho‘rva bilan siylar ekan.

Aytishlaricha, bozor uzoqligidan bir piyozfurush shahar yaqinida yashovchi qassob bilan oshna tutinibdi.

Piyozfurush bozorga borishda ham, qaytishda ham qassobnikida tunab o‘tarkan.

Har gal piyozfurush qassob do‘stining uyida bir etak piyoz qoldirarkan, qassob esa piyozfurush do‘stini saryog‘, sergo‘sht palov va lazzatli sho‘rva bilan siylar ekan. Ammo piyozfurush hamisha palov oshayotgan yoki sho‘rva ichayotganida negadir:

—  Bay-bay, rohatijon taomning lazzati piyozdan! — deb maqtanar ekan.

Bu so‘zlarni piyozfurush har safar qayta-qayta takrorlayvergach, qassob u bergan piyozni suvda qaynatib chiqibdi.

—  Bay-bay, rohatijon, — debdi qassob piyozfurush do‘stining so‘zlarini takrorlab piyoz sho‘rvani sho‘rillatib icharkan.

- Taomning lazzati piyozdan, oling!

Piyozfurush qizarib-bo‘zarib ketibdi. Katta qozonda pishgan taomga o‘zi qo‘shgan piyoznigina maqtab, qassob do‘sti qo‘shgan go‘shtu yog‘ va boshqa masalliqlarni tilga olmagani uchun qattiq izza bo‘libdi, maza-matrasiz achchiq piyoz sho‘rvadan bir necha qoshiq ho‘plabdi-da, qassob do‘stidan yashiriqcha erta saharda jo‘nab qolibdi.

Shundan so‘ng qassobnikida tunashdan uyaladigan, bozorga boshqa qishloqlarda qo‘nib boradigan bo‘libdi. Biroq dasturxon oldida: «Taomning lazzati piyozdan!» demas ekan endi piyozfurush.

 

TAQLID

 Uzun qish tunlari buvimiz ertaklarni, ayniqsa, ko‘proq aytardilar. Sandalga tiqilib, mijja qoqmay, tinglardik. Ertak va hikoyalarning ko‘plari xotirda qolgan, ko‘plari esdan chiqib ketgan. Ba'zilari esa yuziga kul qo‘ngan cho‘g‘ni puflaganda yallig‘langan singari qandaydir sabab bilan gohi-gohida tiklanadi, xotirga tushadi.

Bir voqyeani ko‘rib, bultur tegirmonchi to‘g‘risidagi hikoya esga keldi.

-  O‘rkachtog‘ etagida Ko‘rkamsoy degan qishloq bo‘lgan, - deb hikoya qilardilar buvim, - o‘sha qishloqda Bultur degan tegirmonchi yashagan. Tegirmon qishloqdan uch-to‘rt chaqirimcha narida, tog‘ bag‘rida, Ko‘rkamsoy o‘ynoqlab oqadigan darada joylashgan.

O‘rkachtog‘ bag‘ridagi g‘orlarda o‘shal qadim-qadim zamonlarda to‘da-to‘da yovvoyi odamlar yasharkan. Ular kechalari tegirmon eshigini buzib, g‘allani yeb ketisharkan.

Kunlardan birida, namozshom gavjumda, ish adog‘ bo‘lay deganda, har galgidek tegirmonga bir yovvoyi odam kelib qolibdi.

Bultur tegirmonchi badanida junlari selkillagan, beso‘naqay badbashara maxluq oldida hang-mang bo‘lib qolibdi.

—  Oting nima? - deb so‘rabdi tegirmonchidan yovvoyi odam.

—  Bultur, — deb zo‘rg‘a javob qaytaribdi tanglayi qurib, dovdirab qolgan tegirmonchi.

Ammo tegirmonchi yoshini yashab, oshini oshagan, tajribali, dono kishi ekan, «Qo‘rqoqlik o‘limga eltadi», deb o‘ylabdi ichida. U tezda o‘zini tutib olibdi va yovvoyi odamdan dadil so‘rabdi:

—  Nega kelding?

—  Don ber, non ber! - debdi vahimali ovoz chiqarib maxluq.

Tegirmonchi qopdagi bug‘doydan jomni to‘ldirib oldin yerga, so‘ngra do‘lga to‘kibdi. Yovvoyi odam yerga to‘kilgan bug‘doydan hovuchlab yer ekan, jomni Bulturning qo‘li-dan tortib olibdi-da, bug‘doy to‘ldirib do‘lga to‘kibdi.

Maxluq Bultur o‘tirsa o‘tiribdi, tursa turibdi, tegirmonchi qanaqa harakat qilsa, shuni takrorlayveribdi.

Bunga razm solib turib, Bulturning ko‘ngli yorishib ketibdi.

—  Sendan qutulish yo‘lini topdim, — deb o‘ylabdi u. Tegirmonchi gugurt chaqib, choponiga tutibdi. Tikilganidan beri sovun ko‘rmagan, kir bo‘z choponga tekkan gugurt o‘chib qolibdi.

Yovvoyi odam Bulturning qo‘lidan gugurtni yulib olib, chaqibdi-da, badaniga tutibdi. Bo‘liq jun lovullab yonib ketibdi. Maxluq qichqirganicha O‘rkachtog‘ bag‘riga, o‘z g‘origa qarab qochibdi. Lekin qochgan sayin olov zo‘rayib, gavdasini butunlay qoplab olibdi. G‘orga yetar-yetmas qovrilib o‘libdi. Shundan so‘ng yovvoyi odamlar tegirmonga yo‘la-maydigan bo‘lishibdi.

— Gap bunda emas, hikoyaning mag‘zi boshqa, — deb uqtirardilar buvim. — Hech qachon, hech kimga ko‘r-ko‘rona taqlid qila ko‘rmang!

 

                                      ESKI  CHORIG‘INGNI  UNUTMA!

 To‘qsonboy bilan Ulug‘ oyim talaygina vaqt birga turmush kechirib, uzoq ko‘z tutib, o‘g‘il ko‘rishdi. Otini Izzat qo‘yishdi. Yaxshi niyat bilan, izzat-hurmat ko‘rsin, degan orzuda shunday qilishdi.

Hamsoya hovlida ham xuddi shu kuni chaqaloq ovozi yangradi. Saksonboyning rafiqasi Himmat xolaning ko‘zi yoridi. Bu ham qo‘zichoqday o‘g‘lon... Qo‘ni-qo‘shni jam bo‘lib o‘ylashdi. Biri-biriga esh bo‘lib dunyoga keldi azamatlar, otlari taqovul bo‘la qolsin! Ikrom, deb atashdi Saksonboyning o‘g‘lini.

Izzat va Ikrom. Bir-biriga qanday monand, ma'nodosh so‘zlar.

Izzat va Ikrom chindan ham birga o‘sdi, birga qaddi-qomat cho‘zdi. Yoshlari teng, bo‘y-bastlari teng — hamisha inoq bo‘lishsin, mushkullari oson bo‘ladi, deb quvonishardi ota-onalari.

To‘qsonboy ham, Saksonboy ham o‘g‘liga echki terisidan choriq tikib berib, dalaga chiqarishdi, ko‘zimiz yorug‘lig‘ida o‘z nasibalarini terib olishga o‘rganishsin, deyishdi.

Echki terisidan choriq kiygan ikki o‘g‘lon tongdan to shomgacha ter to‘kishardi. Sigir yetaklab, qo‘y-qo‘zi ketidan yuguribgina qolmay, ekin ekishni, suv qo‘yishni, hosil yig‘ishni ham o‘rganib olishdi.

Hademay vaqti-soati yetib, birin-ketin otalar ham, onalar ham yorug‘ dunyodan ko‘z yumishdi.

Zamonaning zayli bilan Izzat mansabdor bo‘lib ketdi. Ot minib, yo‘l changitib, qishloqma-qishloq kezardi u. Ammo negadir o‘z tug‘ilgan qishlog‘iga kamdan-kam kelardi.

Ikrom og‘aynisini sog‘inib qoldi. Kunlardan birida tongda uyqudan turib, bir savat uzum uzdi, shaftoli-yu olma terdi. Shaharga tushdi. Do‘stining uyini so‘rab-surishtirib zo‘rg‘a topdi.

Izzat quchoq ochib kutib olar, degan ishonch bilan kelgan edi Ikrom. Ana shu shirin daqiqaga tezroq yetish ishtiyoqida qalbi yonib talpinardi.

Izzat qalin ishkom tagida kattakon yog‘och karavotda taltayib yotardi.

—  O, Ikrom-ku, — dedi u o‘rnidan qo‘zg‘almay, — nima ko‘tarib yuribsan?

—  Ko‘ngil tusab qoluvdi seni. Qo‘lim quruq kelmay, deb sovg‘a-salom...

Ikrom meva to‘la savatlarini avaylabgina yerga qo‘ydi.

—  Nima bor ularda? Olmadur, shaftolidur...

—  Ha, o‘zing ko‘rgan bog‘da mevalar g‘arq pishgan hozir. Nasibangni olib keldim.

— Ovora bo‘psan-da. Meva uyda irib-chirib yotibdi. Qo‘-yarga joy yo‘q.

Ikromning eti seskanib ketdi.

—  Totib ko‘r, yoqmasa tashlab yuborarsan.

—  Totib ko‘ramiz, albatta, totib ko‘ramiz. Ammo ish ko‘p. Bosh qashishga vaqt yo‘q. Hamisha yugur-yugur.

Izzat uyquga ketdi. Hademay xurrak ota boshladi. Ikrom qishlog‘iga qayta turib o‘ylardi:

—  Nima balo, ko‘r bo‘libdimi Izzat? Mansab, tekin molu davlat boshini rosa gangitganga o‘xshaydi. Semizlikni qo‘y ko‘taradi, deb bejiz aytmagan ekan donolar. Yotgan joyidan aqalli qo‘zg‘almadiyam-a! Mehrimni qo‘shib olib borgan sovg‘a-salomimniyam nazar-pisand qilmadi-ya!

Xurrak otayotgan Izzatning oyog‘i uchida, yog‘och karavotning chetida qolgan noz-ne'matlar - olma, uzum, shaftoli Ikromning ko‘z o‘ngida gavdalandi. Ular beqadr bo‘lgani-ga achindi. Toza ter tomchilari iflos yerda qoldi!

Oradan bir oy o‘tdi. Shunda Ikrom echki terisidan tikilgan chorig‘ini qidirib topdi. Shohi ro‘molchaga o‘rab, Izzatnikiga sovg‘a qilib olib bordi.

Izzat hayron bo‘ddi:

—  Nima, tillo keltirdingmi, do‘stim? Apil-tapil ochib qarasa, charmdan tikilgan eski chorig‘...

— Masxara qilyapsanmi meni, — o‘shqirdi Izzat, — nega yirtiq chorig‘ olib kelding, yana shoyi ro‘molchaga o‘rab olganingni qara-yu?!

— Chorig‘ — bolalikdagi yo‘ldsoshimiz. Uyingning to‘riga ilib qo‘y uni. Ko‘zing ochiladi shunda. Eski chorig‘ingni hech qachon unutma, og‘ayni!


Orqaga qaytish