Rivoyatlar

4499 marta o'qildi
Qorgon qur! (rivoyat)

O‘tgan zamonda bir savdogar bo‘lgan ekan. U ikki o‘g‘il ko‘rgan ekan. Yetimi qazo qilgach, uning o‘g‘lini ham savdogar o‘z qaramog‘iga olibdi. Bolani asrandi o‘g‘il deb atabdiyu, bo‘yniga qiyin yumushlar yuklabdi. Bechora uzun kun ter to‘kib, og‘ir mehnat qilar ekan-da, kechqurun behol bo‘lib qaytarkan, ana shu mehnati evaziga unga bir parcha kuygan non, yarim kosa yuvindi berisharkan.

O‘tgan zamonda bir savdogar bo‘lgan ekan. U ikki o‘g‘il ko‘rgan ekan. Yetimi qazo qilgach, uning o‘g‘lini ham savdogar o‘z qaramog‘iga olibdi. Bolani asrandi o‘g‘il deb atabdiyu, bo‘yniga qiyin yumushlar yuklabdi.

Bechora uzun kun ter to‘kib, og‘ir mehnat qilar ekan-da, kechqurun behol bo‘lib qaytarkan, ana shu mehnati evaziga unga bir parcha kuygan non, yarim kosa yuvindi berisharkan.

Kechasi mol qo‘riqlab, og‘ilxona yoki ayvonda yotib, eski, qotib ketgan po‘stak ustida qovurg‘asi botib tunlarni kunga ular ekan.

Savdogarning o‘z o‘g‘illari esa kun bo‘yi kaptarbozlik, oshiq o‘yini bilan ovora bo‘lib, kechasi keng, bahavo xonalarda, yumshoq atlas va shoyi ko‘rpalar uzra rohat qilishar ekan.

Shu zaylda yillar o‘tib, ikki arzanda o‘g‘il terakdek bo‘y cho‘zibdi. Asrandi o‘g‘il esa mehnatda rosa pishib voyaga yetibdi.

Savdogarning beldan quvvati, oyoqdan darmoni ketib qarigach, arzanda o‘g‘illarini chaqirib:

—  Mening bir oyog‘im yerda-yu, ikkinchisi go‘rda, — deb-di. - Ko‘zim tirikligida odam bo‘linglar, deyman. Biroq kishi olam ko‘rmay odam bo‘lmaydi. Olamni kezing, sayohat qiling, har o‘lkada bir qo‘rg‘on quring!

Chol ana shu so‘zlarni aytib, arzanda o‘g‘illariga bir hovuchdan oltin beribdi. Yasangan yo‘rg‘a otlarga mindirib, safarga jo‘natibdi.

—  Menga ham ijozat bering, yurt kezay, oltin bering, qo‘rg‘on quray,  deb yolvoribdi asrandi o‘g‘il.

— Kambag‘al zoti pul ishlatishni bilmaydi, yumushingdan qolma! - deb jerkibdi uni savdogar.

Biroq asrandi o‘g‘il:

—  Kambag‘al pul ishlatishni bilmasa ham, qo‘l ishlatishni biladi, — debdi-da, bo‘z yaxtagini yelkasiga tashlab, safarga ravona bo‘libdi.

Erka o‘g‘illarning biri odam yollab, bo‘m-bo‘sh cho‘lu biyobonlarda, ikkinchisi esa yurtu qishloqlararo har yer-har yerda qator-qator qo‘rg‘onu qal'alar qurib, qo‘llaridagi oltinni sovurib qaytishibdi.

Belbog‘iga hatto bir parcha non ham qistirib chiqmagan asrandi o‘g‘il esa el kezib, bilagini ishga solibdi. Yo‘lida bir bog‘bonni uchratib, uning bog‘ini devor ila o‘rab, suv tarab beribdi. Cho‘ponni uchratib, unga quduq qazib beribdi. Duch kelgan kishi bilan shirin muomala qilibdi. Ana shunday qilib, talaygina yoru do‘st orttiribdi-da, so‘ng iziga qaytibdi.

         -Qani, safar jabdug‘ini hozirlanglar! - deb buyruq beribdi savdogar erka o‘g‘illariga. — Qurgan qo‘rg‘onlaringizni bir ko‘raylikchi, qaysisi mustahkam.                                

Birinchi o‘g‘ilning cho‘l-biyobondagi huvillagan qo‘rg‘onlarini tomosha qilaverib, ochlikdan va tashnalikdan o‘lay-o‘lay deb qaytibdi savdogar.

Ikkinchi o‘g‘ilning elatlararo qurgan qo‘rg‘onlari ham bo‘m-bo‘sh ekan. Bu qo‘rg‘onlarda horigan-charchagan, tinkasi qurigan yo‘lovchilarni biror kimsa dasturxon yozib kutmabdi, hech kim bir parcha non, bir qultum suv chiqarib ularga tutqazmabdi.

Shundan so‘ng asrandi o‘g‘il safarda azob chekkan yo‘lovchilarni o‘z «qo‘rg‘onlari»ga taklif qilibdi.

Bog‘bon dasturxon yozib, uni turli-tuman noz-ne'matlar bilan bezabdi. Shirin-shakar uzum, til yorar qovun-tarvuz, shaftoliyu olma qurigan halqumlarga malham bo‘libdi, madori qurigan yo‘lovchilarning ko‘zlariga yana nur qaytibdi.

Ertasiga ular dehqonnikida bo‘lib, bu yerda ham rosa rohat qilishibdi.

Keyingi kuni ularni cho‘pon chorlab, sut-qaymoq, go‘shtu yog‘ bilan siylabdi.

Asrandi o‘g‘il qurgan «qo‘rg‘onlar» bo‘ylab sayr qilish bir oy davom etsa ham tugamabdi.

Shunda savdogarning asrandi bolani kamsitib aytgan so‘zidan xabardor kishilardan biri bunday debdi:

—  Kambag‘al kishi savdogar singari pul ishlatishni bilmasayam, qo‘l ila aql ishlatishni, shirin til ishlatishni biladi. Bir xurjun pul egasi bo‘lgandan ko‘ra mohir qo‘l, o‘tkir aql, pokiza dil, shirin til egasi bo‘lmoq lozim!..


Orqaga qaytish