O'zbekiston tarixi

4540 marta o'qildi
O'zbek xonliklari davri

Shayboniylar hukmronligi (1500—1601-yy.) davri siyosiy tarqoqlik va urushlar kuchaygan bir davrning boshlanishi bo'ldi. To'g'ri, XVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon II bunga chek qo'yib, mamlakatni birlashtirish va markaziy davlat boshqaruvini mustahkamlashga muvaffaq bo'ldi. Lekin uning o'limidan (1598-y.) keyin mamlakatda yana tarqoqlik va parokandalik boshlandi.

O'zbek xonliklari davri

 YURT OBODONCHILIGI YO'LIDA

Shayboniylar hukmronligi (1500—1601-yy.) davri siyosiy tarqoqlik va urushlar kuchaygan bir davrning boshlanishi bo'ldi. To'g'ri, XVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon II bunga chek qo'yib, mamlakatni birlashtirish va markaziy davlat boshqaruvini mustahkamlashga muvaffaq bo'ldi. Lekin uning o'limidan (1598-y.) keyin mamlakatda yana tarqoqlik va parokandalik boshlandi. Mamlakat mustaqil uch xonlikka: Buxoro, Qo'qon va Xiva xonliklariga bo'linib ketdi.

Shunday bo'lsada, bu davrda, ayniqsa shayboniylardan Ubaydullaxon va Abdullaxon davrida mamlakatda ilm-fan, maorif va madaniyat rivojlandi. Juda ko'p tarixiy, adabiy va falsafiy asarlar yaratildi, masjid-u madrasalar, usti yopiq bozorlar, rabotlar, hammomlar, suv taqsimlagich va suv omborlari qurildi, bog'-rog'lar bunyod etildi. Shular haqida bir-ikkita hikoya keltiramiz.

Ubaydullaxon mulk-u millat tashvishlariga qaramasdan, bor g'ayratini ilm-u kamol va oliy fazilatlar orttirishga sarfladi. Hech qachon vaqtini bekor va behuda o'tkazmadi. Tasavvufda yetuk kishi edi. Olimlarni, xususan, Mahdumi A'zam Kosoniy va Mir Arabni do'st tutar edi. Hadis ilmida muhaddislar sardori mavlono Isfahoniyga shogird bo'lgan. Fiqh ilmida zamon faqihlarining sarvari mavlono Mahmud Azizonning shogirdi edi. Yaxshi fazilatlaridan biri — Qur'on mutolaasini osonlashtirish uchun turkiy tilda yozgan Qur'on tafsiridirkim, dalillari asosli yozilgan. U musiqa ilmiga ko'p e'tibor berardi. Chalishi va aytishi jonfizo nag'malar hamda ruhafzo tovushlarga muvofiq kelardi.

Ubaydullaxon Buxoro shahrining obodonchiligi va qurilishlari uchun ko'p sa'y-harakat ko'rsatdi.

Buxoro qadimiy shahar bo'lib, tegrasi ulkandir. Beshinchi iqlimdandir, deb hisoblaydilar.

Buxoro «Madinat ul-islom» («Islom shahari») maqomida turadi. Har bir asrda Buxoro o'sha davr din olimlarining yig'ilish joyi bo'lgan. «Buxoro» so'zining kelib chiqishi mug'lar tilida «ilmlar» («ilmgoh») ma'nosini anglatuvchi «Buxoro» so'zidandir.

... Muhaddislar ustozi imom Ismoil Buxoriy Buxorodandir. Faqihlar sardaftari xoja Abu Xafs Kabir ham buxorolikdir. Nazar ahlining sardori shayxurrais Ibn Sino Bux­oro qishloqlaridan bo'lgan Afshonadandir.

Ubaydullaxonning ayyomi davlatida Buxoroda barpo bo'lgan imoratlardan biri Mir Arab oliy madrasasidirkim, tengi yo'q darajadadir. 1536-yilda bunyod etilgan. Said G'iyos shaharning qibla tarafida bir bog' qurdirgan va u bog' Bog'i Eramni eslatardi. Yana bir qurilish Ko'hak daryosiga qurilgan mehtar Qosim ko'prigidirkim, yer yuzida yagona va olamga mashhurdir...

Ubaydullaxon she'r ilmida sohibi qalam edi. U forsiy, turkiy va arabiy tillarda she'riyatning barcha turlari bo'yicha she'r bitgan. Va uning she'r va g'azallari elaro shuhrat topgan.

Xullas, Ubaydullaxon davrida Buxoro xuddi sulton Husayn Boyqaro zamonidagi Hirot kabi ilm-fan, san'at, madaniyat o'chog'iga  aylandi.

Ubaydullaxonning ko'rsatmasi bilan boshqa shaharlarda ham qurilishlar bo'ldi. Xususan, Sabron bilan Yassi shaharlarini obodonlashtirishda katta ishlar olib borildi. Masalan, Ubaydullaxon o'z nomiga Sabronda katta madrasa qurdirgan. Madrasa qo'sh minorali bo'lib, minoralar doimo tebranib turar ekan. Yana bir imorat — bu Sabron atrofida qurilgan ikkita sardobadir. Quduqning chuqurligi 150 gaz bo'lib, quduq ustiga maxsus bino ham qurilgan va yo'lovchilarning mushkulini oson qilgan.

Shayboniylar orasida bunyodkor sifatida nom qoldirgan hukmdorlardan yana biri Abdullaxon ikkinchidir. Buxoro chorsusi va undagi  tim,  mashhur temirchilar rastasi,

Karmanadagi Zarafshon daryosi ustiga qurilgan ko'prik, Balx va Buxoroda bunyod etilgan madrasalar mana shu xonning nomi bilan bog'liqdir. Xonga taqlid qilib, sarmoyador odamlar: Qulbobo Ko'kaldosh, Fatxulla qushbegi, xoja Muhammad Porso va boshqalar ham Buxoroda madrasa bunyod etganlar. Undan tashqari, Buxoro, Samarqand va Toshkentda zamonaning nosozligi tufayli xarob bo'la boshlagan juda ko'p imoratlar ham Abdullaxon ikkinchi davrida ta'mirlangan va qayta tiklangan.

«Abdullanoma» kitobining muallifi Hofiz Tanish Buxoriy Abdullaxonning Buxoroyi sharifda, aniqrog'i, Jo'ybor xojalari mozorida va boshqa yerlarda qilgan qurilishlari haqida mana bularni hikoya qiladi: Abdullaxon taxtga o'ltirgandan keyin o'zidan yaxshi nom-u nishon qoldirishni maqsad qildi. Xususan, imom Abubakr Sa'dning fayzli mozorida xonaqoh, masjid, madrasa va boshqa oliy imoratlar qurdirishga qaror qildi. Shu maqsadda hijriy 961 (1554)-yili muhandislar va munajjimlar binoning o'rni va qurilish vaqtini aniqladilar. So'ng tajribali me'morlar va zabardast binokorlar qutli vaqtda qurilishga kirishdilar. Har kuni erta tongdan to kechgacha ustalar, hunarmandlar va mardikorlar o'z ishida chaqqonlik va mahorat ko'rsatdilar. Yillar, oylar va kunlar o'tib, taxminan 10 yil mobaynida shunday oliy bino qurilib, tevarak-atrofi va sahnini turli nav daraxtlar va gullar bilan bezatdilar. O'rtasiga g'oyatda toza, kavsar misol hovuz qurdilar. Uning oliy masjidida kunda besh vaqt namoz o'qilar edi. Uning xushovoz hofizlari Qur'on tilovat qilganlarida osmondan farishtalar tushib tinglar edilar. Uning madrasasida mashhur olim va fozillardan biri muallimlik masnadida o'ltirib, zaruriy va diniy ilmlarni o'qitar edi.

Mozor yoniga xoqon uchun oliy jannatning rashki keladigan bir chorbog' ham qurdilar. Uning ichiga Chin naqshxonasining taqlidida bir qasr ham qurdilarki, olam paydo bo'lgandan beri unga o'xshashini hech kim ko'rmagan. Behisht asar bu bog'ning to'rt tarafiga turli mevali daraxtlar bilan birga majnuntol, sarv, terak, tok, chinor va rang-barang gullar ekilgan edi.

Shahar darvozasidan to o'sha bog'gacha bo'lgan taxminan bir farsax masofadagi yo'lning ikki tarafida ikkita ariq ham qazdirildi. Chetlariga daraxt o'tkazdilar. Xonning arkoni davlati va a'yonlari, xususan, o'sha vaqtda oliy muhrdorlik mansabida turgan amir Xalifa mazkur imoratlarni bitirishda katta g'ayrat ko'rsatdi. Iqtidorli amir Jonkeldibiy va e'tiborli amirzoda Valijon Mirzo hamda Jultoybiy bog'u gulzorlarni fayzli binolar tevarak-atrofiga ziynat va takalluf bilan bunyod etdilar. Bu binolar va bog'lar hazrat xonning oliy himmati va amirlarning tirishqoqligi tufayli tez fursatda batamom bitkazilib, basiyrat ahlining nazariga maqbul bo'ldi...

Abdullaxonning qutlug' zamonida ravnaqi kundan-kunga ziyoda bo'layotgan kasb-hunar ishlari rivoj topdi. Fazlu donish ham benihoyat o'sdi. Xullas, Qubbat ul-islom Buxoro din ulamolarining to'planadigan joyiga, yaqin arboblarning matla 'iga, avliyo va pok kishilarning, marhamatli odamlarning, taqvodorlaming markaziga aylandi.

Abdullaxon davlatining quvvati bilan ulamoning mustahkam o'rni bo'lgan Buxoroning tashqi qal'asida, shaharning kunbotar tarafida toqilari baland, gumbazlari oliy, ikki qavatli, ko'p hujralardan iborat bo'lgan oliy madrasa qurishni buyurdi. Uning asosini nihoyatda mustahkam qildilar. U qutli binoning tashqarisi rabboniy ulamolar qalbiday nuroniy bolib, ichkarisi Bayt ul-Haram (Makka)ning tashqarisidek judolik va parishonlikdan xoli edi. 974 (1567)-yili, barakotli vaqtda, bu madrasa qurib bo'linishi bilan mashhur ulamolardan bir qismi, chunonchi fozil, komil, davrning sarasi mavlono Poyanda Muhammad, Qozi Rais nomi bilan mashhur bo'lgan qozi Sadr, janob mavlono mulla Mir madrasaga mudarris qilib tayinlandilar. Talabalar butun kuch bilan va ilm ahllari to'la iste'dodlari bilan hamma vaqt o'qish-o'rganish bilan mashg'ul bo'ldilar.

IZOHLAR

Abu Xafs Kabir - mashhur tasavvuf olimi (XI asr). Arkoni davlat - davlat ustunlari, ya'ni amirlar, vazirlar va boshqa yirik davlat arboblari.

Basiyrat - tiyraklik, farosatlilik.

Bog'i   Eram — jannat bog'i.

Gaz - taxminan 64 sm ga teng uzunlik o'lchovi.

Jonfizo - rohatijon.

Imom Abubakr Sa'd - Jo'ybor xojalarining ajdodi; 971-yilda vafot etgan.

Ismoil Buxoriy - yirik hadis olimi. Ko'pincha al-Buxoriy nomi bilan mashhur (810-870-yy.).

Kavsar - jannatdagi bir buloq nomi.

Ko'hak - Zarafshon.

Masnad - suyanchiq, taxt. Bu yerda martaba ma'nosida kelgan.

Mavlono Isfahoniy - mashhur ilohiyot olimi va tarixshunos (1458-1521-yy.).

Matla' -   biror narsaning (masalan quyosh) chiqish o'rni, chiqish joyi.

Mir Arab - XV asrning ikkinchi yarmida Yamandan Movarounnahrga kelib qolgan ruhoniy.

Mir Arab madrasasi - Buxoroning oliy madrasalaridan biri. U yerda hozir ham talabalar o'qiydilar.

Nasx xati - arab imlosida yoziladigan olti xatdan biri.

Ruhafzo - ruhlantiruvchi, tiriliiruvchi.

Sabron - Sirdaryoning o'ng tarafida joylashgan o`rta asr shahari.

Sarv - tik o'sadigan, har doim yam-yashil bo'lib turadigan daraxt.

Sardoba - karvon yo'llariga qurilgan usti yopiq quduq.

Silsila - zanjir. Bu yerda shajara.

Sipora - Qur'on qismlari.

Tasavvuf — islomda bir oqim nomi.

Tafsir - sharhlash, izohlash.

Tegra — tevarak-atrof.

Fiqh - musulmon qonunshunosligi.

Yassi - hozirgi Qozog'istondagi Turkiston shahrining qadimiy nomi.

Qiroati sab'a — Qur'oni karimni yetti ohangda qiroat bilan o'qish usuli.


Orqaga qaytish