O'zbekiston tarixi

4755 marta o'qildi
Hindistonga sayohat

Sobiq sho'rolar davrida yozilgan ilmiy, tarixiy va geografiyaga oid kitoblarda Afanasiy Nikitinning Hindistonga sayohati eng zo'r geografik ahamiyatga molik tarzdagi tashviqot fanda bo'rttirib kelindi. Holbuki, miloddan avvalgi Katta Xorazm, So'g'd, Baqtriya kabi ilk davlatchiligimiz davrlaridan Hindistonga ko'plab savdo karvonlari uzluksiz qatnab turgan.

Sobiq sho'rolar davrida yozilgan ilmiy, tarixiy va geografiyaga oid kitoblarda Afanasiy Nikitinning Hindistonga sayohati eng zo'r geografik ahamiyatga molik tarzdagi tashviqot fanda bo'rttirib kelindi. Holbuki, miloddan avvalgi Katta Xorazm, So'g'd, Baqtriya kabi ilk davlatchiligimiz davrlaridan Hindistonga ko'plab savdo karvonlari uzluksiz qatnab turgan. Ular bilan sayyohlar, tarixchilar, olimlar, adiblar ham Osiyoning ushbu go'zal va afsonaviy mamlakatini o'z ko'zlari bilan ko'rganlar. Bu mamlakatning aholisi, tabiati, tarixi va madaniyati haqida qiziqarli ma'lumotlar to'plab, ularni kitobat holiga keltirib, xalqni tanishtirib borganlar. Ana shunday o'zbek sayyohlaridan biri, ko'plab Sharq tillarini bilgan tarixchi va geograf olim Mahmud ibn Vali edi. U o'z vatandoshlaridan Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Muhammad Boburning shu sohadagi an'analarini XVII asrda davom ettirdi.

Mahmud ibn Vali asli farg'onalik. Otasi amir Vali Shayboniy Pirmuhammadxon (1546—1567-yy.) zamonida xizmat yuzasidan Balxga borib qolgan. Mahmud ibn Vali o'sha yerda tug'ildi, o'qidi, voyaga yetdi. U xassos shoir va ulkan qomusiy olim sifatida nom qoldirdi.

U bolaligidan ilmga mehr qo'ydi. 1614-yili madrasani tamomlagach, otasi uni balxlik mashhur fiqh olimi sayyid Mirakshoh Husayniyga shogird qilib berdi.

Ustozi vafot etgandan keyin (1624-yili) Mahmud ibn Vali o'z uyiga qaytdi. Lekin biron xizmatga kirmadi. Madrasada va sayyid Mirakshoh Husayniydan olgan bilimlarini chuqurlashtirish va mustahkamlash uchun boshqa mamlakatlarni borib ko'rishga ahd qildi. Sayohat uchun u Hindistonni tanladi.

1625-yilning iyul oyida u Balxdan Hindistonga borayotgan savdo karvoniga qo'shilib, o'sha mamlakat sari yo'lga chiqdi. Karvonning yo'li Kobul, Peshovar va Lohur orqali o'tdi va ular 1625-yilning noyabr oyi boshida Dehliga yetib keldilar. Mahmud ibn Vali safarga chiqqanlariga besh oy bolgandan keyin, 1625-yilning noyabr oyi ikkinchi yarmida Lohurga keldi. Karvon ahli shaharning katta karvonsaroylaridan birida to'xtadi. Olim shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi va uning mashhur shoirlari va ulamolarining suhbatlarida bo'ldi. Mahmud ibn Vali Lohurdagi mashhur Hofiz Rahna bog'i haqida hikoya qilarkan, uning nihoyatda katta xushmanzara va tarovatli ekanligini aytdi. «Mazkur bog',— deb hikoya qiladi u,— qariyb ming jarib maydonni egallagan. Uning bir tarafi Jamna daryosiga tutash. Bu bog' Bog'i Eram bilan bemalol bellasha oladi».

Mahmud ibn Vali Dehlida hammasi bo'lib uch kun turdi. Shunga qaramay, uning diqqatga sazovor joylarini borib ko'rishga ulgurdi. Bu shaharda ham Lohurdagi singari masjid-u madrasalar, xonaqohlar va karvonsaroylar ko'p ekan. So'nggi kuni Nizomiddin avliyo, Xisrav Dehlaviy, xoja Hasan Dehlaviy va Humoyun podsho mozorlarini borib ziyorat qildi.

Mahmud ibn Vali Haydarobodda hamrohlari bilan xayrlashdi va Kalokutga jo'nab ketdi. U yerdan Sarandibga borish va uning barcha ajoyibot-u g'aroyibotlari qatori Odam Atoning rivoyatlarda naql qilingan qabrini borib ziyorat qilishni ko'pdan beri orzu qilib yurar edi. Hamrohlari safarning xavf-xatarliligini aytib, uni bu yo'ldan qaytarmoqchi bo'ldilar.

Kalokutga kelganining ertasi kuni Mahmud ibn Vali, sherigi Siddiq qipchoq bilan farangiylarning kemasiga tushib Sarandibga jo'nab ketdi. Lekin kema hali qirg'oqdan bir milya ham uzoqlashmasdan qattiq dovul turdi va kemani tamom boshqa tomonga surib ketdi. Ahvol shu tariqa bir kecha-kunduz davom etdi. Kemachi farangiylar botir, mohir yigitlar ekanlar, dovul bilan qattiq olishib, ke­mani halokatdan saqlab qoldilar. Dovul tindi, lekin kechqurun boshqa falokat yuz berdi. Kutilmaganda yonboshdan chiqib qolgan boshqa bir kema ziyoratchilar tushgan kemani to'xtatdi. Yuziga niqob tortib olgan odamlar arqon tashlab kemaga o'tib oldilar va uni egallab, shatakka olib, qayoqqadir sudrab ketdilar. Mahmud ibn Vali bunday odamlar, ya'ni dengiz qaroqchilari haqida ko'p bor eshitgan edi. Yonida hang-mang bo'lib turgan Siddiq qipchoqqa buni batafsil tushuntirdi.

— Alarni purot deydilar, birodar. Bo'lari-bo'ldi, endi. Alardin yaxshilik kutma! Lekin hamma narsa xudodin. Peshonamizga yozilg'oni bo'ladi.

Qisqasi, ilk saharda, quyuq tuman tushgan bir paytda, kema Gang daryosi okeanga kelib quyiladigan joyga yaqin bir yerda qirg'oqqa kelib urildi. Shu zahotiyoq qayoqdandir bir to'da qurollangan hindlar paydo boldilar. Falokatga uchragan kemadagilarni — sayyohlarni ham, farangiylarni ham asir olib, qol-oyoqlariga kishan soldilar. Faran-giylardan biri qattiq so'kinib, soqchiga musht ko'targan edi, uni shu yerning o'zida otib tashladilar. Yana bir farangiy soqchiga tashlanmoqchi bo'lgandi, u ham hindilarning nogahon o'qiga giriftor bo'ldi.

— Hammasi tamom,— dedi Mahmud ibn Vali hamrohiga qarab.

Qo'riqchi hind «bular ham bir narsani boshlamoqchi bo'lsalar kerak»,— degan gumon bilan ularga miltiq o'qtaldi.

Mahmud ibn Vali bilan sherigi «biz sizlarga yomonliq qilmoqchi emasmiz»,— degan ma'noda hindga qarab qo'l qovushtirdilar. Shundan keyin qo'riqchi miltig'ini tushirdi.

Bandilar o'sha kecha shu yerda - qirg'oqda tunadilar. Ertasi kuni nonushtadan keyin ularni shu atrofga joylashgan Gang shahrining bozoriga haydab ketdilar. Qul bozori qizigan payt edi. Musulmonlarni sotib oluvchilar bo'ldi, farangiylar oldiga esa hech kim bormadi. Siddiq qipchoq norg'il yigit edi, tezda sotilib ketdi. Mahmud ibn Valini esa choshgohda shinamgina kiyingan hind yigit ming rupiyga sotib oldi. U shahar hokimi Boqiyxonning xizmatkori ekan. U bo'lg'uvchi qulni sotib olishdan avval, ikki-uch marta uning oldiga kelib uni boshdan oyoq diqqat bilan ko'zdan kechirdi. So'ng sotib olib, xojasining uyiga olib bordi. «Boqiyxon ibn Mustafobek,— deb yozadi o'z «Esdaliklari»da Mahmud ibn Vali,— mo'min musulmon, she'r, insho, tarix, musiqa va boshqa ilmlarda zamonasining yagonasi ekan». Boqiyxon musofirga xushmuomalada bo'ldi va uyida olib qoldi. Olim bir kuni yangi xojasi chaqirtirib qolganda, Boqiyxonga Golkondada turgan vaqtida yozib tamomlagan «Risolayi Bihoriya» («Bihor haqida risola») degan asarini taqdim qildi. Shundan keyin hokimning hurmati unga yanada oshdi. Lekin, nimagadir uni huzurida olib qolmadi. Ko'p vaqt o'tmay, Mahmud ibn Valini inisi Mirza Husaynga berib yubordi. Mirza Husayn ham og'asiga o'xshab o'qimishli kishi ekan. U olimga yaxshi munosabatda bo'ldi. Mirza Husayn uni bolasiga muallim va tarbiyachi qilib tayinladi. Mahmud ibn Vali ikki yil Mirza Husaynning xizmatini qildi. Shu vaqt ichida u shahardagi olim-u shoirlar orasida tanildi.

Boqiyxon bir kuni nonushtadan keyin inisinikiga kirib keldi.

—  Qani bo'l, musofir! Bir yerga borib kelamiz. Mahmud  ibn Vali boshda tasodifiy taklifdan bir oz cho'chidi. Keyin o'zini tutib oldi, taqdirga tan berib qolgan emasmi? «Hamma narsa Tangri taoloning amrisiz bo'lmaydi»,— dedi u ichida. So'ng apil-tapil xon ustidagi qog'oz, davot qalamlarini yig'ishtirdi va Boqiyxonning orqasidan ergashdi.

—   Men seni, musofir, yaxshi yerga olib boraman,— dedi u yo'lda, — Pirimizning gaplarini aslo qaytara ko'rma. Sen unga yoqib qolibsan. Xo'p, de! Faqat, xo'p! Keyin xursand bo'lasan.

Mehmonlarni eshik oldida xizmatkor kutib oldi va Pirning huzuriga yetaklab kirdi. Pir qandaydir bir kitobni mutolaa qilib o'ltirgan ekan, oyoq sharpasini eshitib ko'zini kitobdan oldi. Hokim va uning mehmoni hindilarning urf-odati bo'yicha, Pir bilan quyuq ko'rishdilar. So'ng Pir ularga yonidan joy ko'rsatdi. Xizmatkor dasturxon yozib, taom keltirdi. Taomdan keyin Pir ostonada turgan xizmatkorga ko'zi bilan ishora qildi. U qulluq qilib tashqariga chiqdi va hiyol o'tmay, taxminan o'n olti yoshdan sal oshgan bug'doy yuzli ko'hlikkina bir hind qizini yetaklab kirdi. Qizcha avval Pirga, keyin uning mehmonlariga salom berdi.

So'ng, Pir hammani bir-bir ko'zdan kechirib chiqqach, hokimning mehmoniga qarab dedi:

—  Ko'rib turibman, ahli musulmon va yaxshi odamga o'xshaysan, menga yoqib qolding. Qizimni senga tortiq qildim, ol! Senga yaxshi tanmahram bo'ladi.

Mahmud ibn Vali shitob bilan o'rnidan turdi va Pirga ikki bukilib qulluq qildi...

Oradan uch kun o'tgach, Boqiyxon katta to'y-tamosha qilib berdi va Mahmud ibn Valini hind qizi Mansuraga uylantirib qo'ydi...

Oradan ikki yil o'tdi. 1628-yili Boqiyxon bilan Mirza Husayn Mahmud ibn Valiga xotini va bir yashar o'gii Maqsudni qo'shib, yurtiga ketishlariga ijozat berdilar.

Mahmud ibn Vali xotini, o'g'li va Boqiyxon qo'shgan ikki xizmatkor bilan o'sha yilning avgust oyida Agraga keldilar. Yaqinda taxtga o'ltirgan Shohjahon olimni hurmat-ehtirom bilan kutib oldi. Mahmud ibn Vali podshoga «Risolayi Bihoriya» kitobining bir nusxasini taqdim qildi. Podsho olimga bosh-oyoq sarupo va kumush egar-jabduq urilgan ot sovg'a qildi. So'ng xos mulozimlari qatoriga qabul qildi. Olim podsho saroyida bir yil istiqomat qildi va ko'p yalinish-yolvorishlardan keyin undan ruxsat olib, 1629- yili yurtiga jo'nab ketdi.

Mahmud ibn Vali Balxga Panjob orqali qaytmoqchi bo'ldi. Seiston, Xuroson, ayniqsa, poytaxt shahar Hirotni ziyorat qilib o'tmoqchi edi. Lekin yo'lda, Bagar qal'asida to'xtab, shu yerda bir yilcha turib qolishga majbur bo'ldi. Sababi qish barvaqt tushib, qattiq sovuq boshlandi. Bagarda turganida olim o'zining 6000 baytdan iborat «Axloqi Husayniy» degan falsafiy asarini yozib tamomladi...

Mahmud ibn Vali Balxga 1630-yili qaytib keldi. Nadr Muhammadxon olim va sayyohni Balxga kelgan kunining ertasigayoq qabul qildi. Chunki o'sha kezlari Buxoro va Balx xonligining Hindiston bilan munosabatlari Badaxshon tufayli ancha keskinlashib qolgan edi. Shu sababdan xon Hindistondagi ahvolni undan yaxshilab surishtirib bilmoqchi edi. Ularning suhbati o'sha kuni uzoq davom etdi. Suhbat oxirida Nadr Muhammadxon Mahmud ibn Valiga saroyda qolib, shu yerda xizmat qilishni taklif qildi. Lekin olim ko'nmadi. Bir fursat o'ylanib turib, tavoze bilan xonga javob qildi:

—   Iltifotingiz uchun qulluq, a'lo hazrat! Mutolaa qilaturg'on va yozaturg'on ishimiz ko'p.

—  Unda nima istaysiz, taqsir? — deb so'radi xon.

— Agar yo'q demasangiz, kutubxonayi xosda jorubkashlik yumushini ado etsak.

Bu taklif xonga ma'qul bo'ldi. Mahmud ibn Vali xon kutubxonasiga kitobdorlik lavozimiga tayinlandi.

Mahmud ibn Vali umrining oxirigacha shu boy kutubxonada xizmat qildi. Yangi asarlar yozdi. «Bahr ul-asror» («Sirlar dengizi») nomli yetti jildli qomusiy asar va «Hindiston sayohatnomasi» shular jumlasidandir.

 

IZOHLAR

Afanasiy Nikitin — tver (Rusiya)lik mashhur savdogar va sayyoh. 1469-yili Hindistonning Vijayanagar viloyatiga borgan.
Rupiya — hind puli. O'sha paytda bir so'm oltin pulga teng bo'lgan.
Sarandib — Hindistonning janubida joylashgan Siylon oroli: hozir Shri Lanka deb ataladi.


Orqaga qaytish