Rivoyatlar

5461 marta o'qildi
Ibratli voqealar, rivoyatlar

Anushervon bir kuni ov bahonasida aylanib yurar ekan, yong'oq ekayotgan keksa bir cholni ko'rib qolibdi.  — Hoy, otaxon, nima qilayapsiz? — degan ekan, chol:  — Yong'oq ekayapman, — deb javob beribdi. — Yong'oq kech hosilga kiradi. Shunday ekan, u qachon voyaga yetadi-yu, siz qachon uning mevasidan bahramand bo'lasiz?

Sharq rivoyatlari

BIR  KUNDA UCH MARTA HOSIL BERGAN DARAXT

         Anushervon bir kuni ov bahonasida aylanib yurar ekan, yong'oq ekayotgan keksa bir cholni ko'rib qolibdi. — Hoy, otaxon, nima qilayapsiz? — degan ekan, chol:

         — Yong'oq ekayapman, — deb javob beribdi. — Yong'oq kech hosilga kiradi. Shunday ekan, u qachon voyaga yetadi-yu, siz qachon uning mevasidan bahramand

bo'lasiz?

         —  Men bu daraxtlarni o'zim uchun emas, orqamda qolayotganlar uchun ekayapman. Chunki boshqalar ekkanini biz yeganimiz kabi, biz ekkan daraxtdan ham bosh­qalar bahramand bo'lishadi.

Cholning javobidan nihoyatda ta'sirlangan Anushervon unga ming tanga in'om qilibdi.

         — Siz menga mehnatingning samarasini ko'rasanmi-yo'qmi degan edingiz, — debdi shunda qariya lutf qilib.

         —  Ko'rib turganingiz kabi, hech kimning daraxti menikichalik tez hosil bermagan.

Anushervon uning topqirligidan xursand boiib, yana ming tanga beribdi.

         —  Boshqalaming daraxti bir yilda bir marta hosil bersa, podshohi olamning nazari sharofati bilan mening daraxtim ikki marta hosil berdi, — debdi bunga javoban chol.

Cholning donoligiga qoyil qolgan Anushervon yana ming tanga ehson qilibdi.

 

AHMOQ DONONI QACHON MAQTAYDI?

         Aflotunga:   —  Falon kishi seni rosa maqtab, haqqingga duo qildi, — deyishsa, u xafa bo'lib debdi:

         — Men nima nojo'ya ish qilibmanki, u ahmoqqa ma'qul kelib, meni shunchalik maqtabdi. Biror ahmoqiik qilmay hech qachon ahmoqning maqtoviga sazovor bo'lmaysan kishi.

 

NAVOIYNING JAVOBI

         Navoiy o'zining eng yaqin shogirdlari qurshovida qandaydir yig'indan qaytib kelayotgan ekan, Husayn Boyqaro saroyining g'alamis a'yonlaridan biriga ro'para kelibdi. Navoiy hamrohlaridan ajralib chiqib, unga ta'zim qilibdi. Shogirdlaridan biri ajablanib:

         —  Axir, bu odam sizning dushmaningiz ediku, hazratim? — deb so'rabdi.

         — To'g'ri, biroq mana shunday dushmanlarim bo'lmaganida edi, men sizlardek do`stlarni topolmagan bo'lardim, — debdi dono ustoz.

 

QARIYA BILAN YIGIT

         Bir qariya hassaga suyanib borar edi. Yosh yigit uni masxara qilib dedi:

         — Bu yoyni qanchaga oldingiz? Joyini ayting, men ham olay.

         Qariya javob qildi:

         — Agar umr vafo qilib, keksalik nasib etsa, bu yoyni senga tekinga beradilar.

 

DO'STLARDAN AZIZ DUSHMAN

         Luqmoni hakimdan:

         — Barcha do'stlardan ham aziz dushman qaysi? — deb so'raganlarida, u:

         — Nafs, — deb javob bergan ekan.

 

ODOBNI ODOBSIZDAN O'RGANDIM

 

         Luqmoni hakimdan so'radilar:

         — Odobni kimdan o'rganding?

         — Odobsizdan, —javob qildi u.

         — lye, qanaqasiga? — hayron bo'lishdi.

         — Odobsizning qaysi ishi ko'zimga yomon ko'rindi, ulardan o'zimni saqladim.

 

TIL VA YURAK

         Luqmoni hakimni bir kishi sotib olib, dargohida xizmat qildirardi va undagi ilm-u hikmatni gohi-gohida sinab ko'rardi. Bir kuni imtihon tarzida buyurdi:

         —  Ey Luqmon, menga bir qo'yni so'yib, eng yaxshi a'zosini olib kelgin.

         —  Bosh ustiga, — dedi Luqmon va qo'yni so'yib, tili bilan yuragini xojasiga eltdi.

         Ancha muddat o'tgandan keyin xoja uni yana chaqirib, dedi:

         —  Ey Luqmon, bir qo'yni so'yginda, menga uning eng yomon a'zosini olib kelgin.

         Luqmon qo'yni so'yib, yana tili bilan yuragini ko'tarib keldi.

Xoja dedi:

         —  Nega qo'yning eng yaxshi a'zosini so'rasam ham, eng yomonini so'rasam ham til va yurakni ko'tarib kelding?

Luqmon dedi:

         —  Ey xoja, agar pok bo'lsa, hech narsa til va yurakdan yaxshi emas. Agar nopok bo'lsa, hech narsa ulardan yomonroq emas.


Orqaga qaytish