Ertaklar

5325 marta o'qildi
Podachi haqida hikoya

O'tgan zamonda bir karvonchi boy bo'lgan ekan. Uning aqlli bir o'g'li va nihoyatda chiroyli bir qizi bor ekan. Kunlarning birida bu karvonchi safarga bormoqchi bo'lib, o'g'lini ham o'ziga hamroh qilib olibdi. Qizini esa unga saboq berayotgan domlasiga omonat qilib topshiribdi. Ular safarga ketgach, ikki oydan so'ng domlaning xotin, bola-chaqalarini podshohning xotini ziyofatga chaqiribdi. Ular bilan birga qiz ham safarga tayyorlana boshlabdi.

O'tgan zamonda bir karvonchi boy bo'lgan ekan. Uning aqlli bir o'g'li va nihoyatda chiroyli bir qizi bor ekan. Kunlarning birida bu karvonchi safarga bormoqchi bo'lib, o'g'lini ham o'ziga hamroh qilib olibdi. Qizini esa unga saboq berayotgan domlasiga omonat qilib topshiribdi. Ular safarga ketgach, ikki oydan so'ng domlaning xotin, bola-chaqalarini podshohning xotini ziyofatga chaqiribdi. Ular bilan birga qiz ham safarga tayyorlana boshlabdi. Buni ko'rgan domla: —   Siz, — depti qizga, — birovning omonati, men to'yga borishingizni ma'qul ko'rmayman.

Qiz noiloj domlaning uyida qolibdi. Tushga yaqin domla qizni chaqirib: — Uydagilar qaytmadi. Siz menga tahorat uchun suv hozirlab bersangiz, - debdi. Qiz oftobada suv keltirgan ekan, domla oftobadagi suvni olmay, qizning bilagidan tutib: — Meni qiynamang... - debdi.

Qiz qo'lidagi oftoba bilan domlaning peshanasiga tushirgan ekan, uning peshanasi yorilib ketibdi. U qon bilan ovora bo'lib qolibdi. Qiz fursatni g'animat bilib, domlaning qo'lidan qochib o'z hujrasiga kirib olibdi. Shu kuniyoq domla qizning otasiga: «Sizning qizingiz buzilib ketdi. Endilikda mening gapimga kirmay qo'ydi. O'zingiz bir chora ko'ring...» — deb xat yozibdi. Xatni olgan karvonchi o'z o'g'liga: «Borib singlingni o'ldirib, bir qoshiq qonini olib kel!..» — deb buyuribdi. Yigit kelib singlisini cho'lga olib chiqibdi, biroq o'ldirishga ko'zi qiymay:

—  Singlim, sen o'z joningning g'amini ye. O'z kuningni o'zing ko'r. Men sening o'rningga birorta kuchuk topib, o'ldirib qonini olib boray, — deya uni qo' yib yuboribdi. Qiz cho'l kezib ketibdi.

Endi so'zni boshqa yerdan eshitaylik. Shu yerga yaqin bir shahar podshosining kelishgan bir o'g'li bor ekan. U vazirning o'g'li bilan ovga chiqib, qush solsa, qush uchib kelib bir buloq boshidagi chinorga qo'nibdi. Shahzoda buloq boshiga kelib qarasa, bir sohibjamol qiz yashirinib turgan emish. Shahzoda qizning qoshiga kelib:

— Siz odamzotmi yoki parizotmisiz? Bu yerga qanday kelib qoldingiz? — deb so'rabdi. Qiz boshidan o'tganlarni aytib beribdi.

—   Undoq bo'lsa, — debdi shahzoda, — men sizga qiyomatlik yoldosh bo'lay.

Bu gap qizga ma'qul bo'libdi. Shahzoda qizni shaharga olib borib, qirq kecha-yu qirq kunduz to'y qilib uni o'z nikohiga olibdi. Oradan besh yil o'tibdi. Ular ikki farzand ko'rishibdi. Bir kuni qiz devorga chiqib qarasa, bir to'p karvon o'tib borayotgan ekan. Uni ko'rgan qiz otasini eslab yig'lay boshlabdi. Shu payt hovliga kirib kelgan shahzoda:

— Nega yig'layapsiz? — deb so'rabdi.

—  Mening sizga tekkanimga besh yil bo'ldi. Siz bir bora ham mening otamni eslamadingiz. Otamni ko'rgim kelib qoldi, — deb javob beribdi qiz.

— Unda tayyorgarchilik ko'ring. Men vazirning o'g'lini sizga hamroh qilay, — debdi shahzoda. Uch kundan so'ng shahzoda vazirning o'g'li bilan malikani baquvvat navkarlar himoyasida otasining yurtiga kuzatib qo'yibdi. Ular bir hafta yo'l yurishibdi. Bir kuni tahorat olgani chiqqan vazirning o'g'li chodirning ichida o'tirgan malikaga ko'zi tushib, unga oshiq bo'lib qolibdi. Shu zahotiyoq niyati buzilib, kunni ming azobda kech qilibdi. Oqshom chog'i ular qo'nalg'aga qo'nishgach, malikaga odam qo'yibdi.

Malika: —   Ikki bolam bor, ularning yuziga oyoq qo'yib nomusimni bulg'amayman, — debdi. Vazirning o'g'li bu kunni g'am bilan o'tkazib, keyingi qo'nalg'aga borganlarida kechasi malikaning chodiriga kiribdi. Malika ikki o'g'lini ikki yoniga olib yotgan ekan. U vazirning o'g'lining talabiga ko'nmagach, to'ng'ich o'g'lini bo'g'izlab o'ldiribdi. Yana qiyin qistovga olsa ham malika unamabdi. Vazirning o'g'li uning ikkinchi o'g'lini ham o'ldiribdi, malika hasrat o'tida yonib, oxiri bunday deb so'z beribdi:

—  Bugun men tunni ikki o'g'limning motami bilan o'tkazay, ertaga sizning ixtiyoringizga o'tay.

Vazirning o'g'li chorasiz qolib, «ma'qul» deb, qaytib chiqib uyquga ketibdi. Malika ikki o'g'lini chodirning ichiga ko'mib, o'zi erkakcha kiyinib qochibdi. Vazirning o'g'li uyg'onib chodirga odam kiritsa, malika yo'q. Navkarlari bilan uni har qancha izlasa ham topa olmay, oxiri shahzodaning huzuriga qaytib:

— Sizning xotiningiz bir kechasi bizni uxlatib qo'yib, ikki o'g'li bilan yo'qolib qoldi. Har qancha izlasak ham topa olmadik, — debdi.

Shahzoda bu gapga ishonmay, qizni izlash taraddudiga tushibdi. Yana unga vazirning o'g'li hamroh bo'libdi. Shahzoda qizning otasi yashab turgan shaharning nomini eslab, uni so'rab-so'roqlab topib borgunicha oradan ancha vaqtlar o'tibdi. Nihoyat qizning otasi yashab turgan shaharni topib borib, bo'lgan voqealarni gapirib beribdi. Hammalari yig'i-sig'i qilganlaridan keyin, ovqatlangani o'tirishibdi. Qiz ham qochib kelib, otasining podachisiga uchrabdi. Oti bilan erkakcha libosini podachiga yechib berib, o'zi podachining liboslarini kiyib, uni ozod qilib yuboribdi. Otasiga sezdirmay poda boqib yurgan ekan, otasi unga ziyofat uchun bir qo'y keltirishni buyuribdi. Qizning otasi shu kungi ziyofatga podshoni, domlani chaqirgan ekan. Bazm rosa qiziganida o'tirganlar ertak talab qilishibdi. Na boydan, na podshodan bir ertak chiqmabdi. Ziyofatda pishir-tushirga qarashib yurgan podachi suratidagi qiz buni ko'rib:

—   Shohimiz ma'qul ko'rsalar, men bir ertak aytib bersam, — debdi.

— Mayli, ayta qol, eshitib ko'raylik, — debdi podsho.

—  Eshitganimni aytaymi, ko'rganimnimi? — debdi malika.

—  Ko'rganingni ayt.

Malika boshidan o'tgan savdolarni ayta boshlabdi. So'z savdogarga yetganda, savdogar o'z ko'nglida «menga o'xshagan yana boshqa birov shundoq qilgan ekan shekilli», deb o'ylabdi. Domla ham, vazirning o'g'li ham, shahzoda ham shundoq deb o'ylashibdi. Oxirida qiz o'zini oshkor qilgan ekan, podsho vazirning o'g'li bilan domlani dorga osishga hukm qilibdi.


Orqaga qaytish