Referatlar

5171 marta o'qildi
Vatan tuyg'usi

Dunyodagi tirik mavjudotning barchasi sezish qobiliyatiga ega, ular tashqi ta'sirlardan, ya'ni issiq va sovuqdan, yorug'lik va qorong'ilikdan ta'sirlanadi. Lekin rang-barang va go'zal, yuksalib, kamol topib boradigan his-tuyg'ular bilan yashash faqat insonga xos.

Dunyodagi tirik mavjudotning barchasi sezish qobiliyatiga ega, ular tashqi ta'sirlardan, ya'ni issiq va sovuqdan, yorug'lik va qorong'ilikdan ta'sirlanadi. Lekin rang-barang va go'zal, yuksalib, kamol topib boradigan his-tuyg'ular bilan yashash faqat insonga xos. Borliqdagi narsalarning hammasi odamda qandaydir his-tuyg'u uyg'otadi, uning sezgilariga ta'sir qiladi. His-tuyg'u esa narsalarning mohiyatini sezish va bilishga yordam beradi, Ya'ni, yaxshi va yoqimli narsalar go'zal his-tuyg'ularni uyg'otsa, yomon va xunuk narsalar salbiy his-tuyg'ularni uyg'otadi. Sog'lom fikrli insonlarning doimiy ravishda kamolotga intilib yashashining boisi ham ularning his-tuyg'ularining yaxshi, mukammal va ibratli narsalardan muttasil ta'sirlanishi bilan bog'liq. Umuman, inson zoti ta'sirlanuvchandir. Insonning ichki, ruhiy sezgilari his-tuyg'u deyiladi.

His-tuyg'u ikki mustaqil so'zdan (his va tuyg'u so'zlaridan) iborat bo'lib, tuyish, sezish natijasida hosil bo'ladigan ruhiy holatni bildiradi.Inson quvonganida ruhi bir shaklda namoyon bo'lsa, qayg'uga tushganida butunlay boshqacha shaklda namoyon boiadi. Ya'ni, ruh o'zgaruvchan. Chunki u dunyoni o'zida yaqqol aks ettirib turadi. Dunyo esa doimiy harakatda, inson aniq bir makonda yashaydi. Binobarin, uning qalbi ta'sirlanadigan narsa-hodisalar ham ma'lum bir joyda yuz bergani uchun ular o'sha joy bilan bog'liq holda xotirada muhrlanib qoladi. Oddiy qilib aytganda, o'sha joy o'zining tabiiy ta'sirlari vositasida insonning moddiy ehtiyojlarini qondiribgina qolmasdan, uning qalbini, ichki dunyosini ham shakllantiradi.

 Qalb arabcha so'z bo'lib, ko'ngil, yurak, dil ma'nolarida ishlatiladi, har qanday makon insonda avvalo muayyan tuyg'ularni uyg'otadi. Keyin ularni o'ziga, o'zining betakror xususiyatlariga moslab tarbiyalaydi. Shuning uchun ham odamning his-tuyg'ulari, xotiralari, ma'naviy tarbiyasi, avvalo, u tug'ilgan, voyaga yetgan Vatan bilan bog'liq. Shu bois, Vatan tuyg'usi insonga bir umr hamroh, hamnafas bo'ladi. Vatanning nomi aytilishi bilan uning bag'rida o'tgan yillarimiz esimizga tushadi, qalbimizda go'zal manzaralar, his-tuyg'ular uyg'onadi. Masalan, Toshkent shahrining Ko'kcha dahasida o'sib-ulg'ayganlar bu nomni eshitishi bilan hayajonlanib ketadi. Yoki Samarqand shahri­ning Registon yoxud Buxoroning Labi hovuz maydoni atrofida voyaga yetganlar bu nomlarni eshitishi bilan noyob me'moriy obidalarimizni ko'z oldiga keltirib, o'z bolaligini eslaydi, o'sha yillarni qo'msaydi.

Vatan ramzlarini ko'rganda, yurtimizning betakror tabiatini tomosha qilganda, uning moddiy va ma'naviy boyliklaridan bahramand bo'lganda, olis ellarda vatandoshlarimiz bilan ko'rishganda, ular­ning sport, madaniyat, san'at va boshqa sohalarda erishgan yutuqlarini eshitganda beixtiyor quvonamiz.

 Ramz so'zi belgi, ishora, dalolat degan ma'nolarni bildiradi.

Davlat ramzi deb, qonun bilan tasdiqlangan, mamlakatning mustaqilligi, davlatchilik tarixi, xalqining xohish-irodasi va ko'hna qadriyatlari mujassami bo'lgan rasmiy belgi - ramzga aytiladi. Masalan, davlatimiz bayrog'i, gerbi va madhiyasi qalbimizga g'ururi iftixor tuyg'ularini uyg'otadigan muqaddas timsollardir. Vatanning moddiy resurslari deganda, uning yer osti va yer usti boyliklarini tushunamiz. Moddiy resurslarga qazilma boyliklar, daryo va tog'lar, shahar va qishloqlar, korxonalar, binolar, o'simlik va hayvonot dunyosi umuman, yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan barcha moddiy boyliklar kiradi.

 Vatanning ma'naviy boyliklari deganda, xalqning ongi, dunyoqarashi va fazilatlarining yuksalishiga xizmat qiladigan, aqlimiz va ruhimiz oziqlanadigan boyliklar tushuniladi.Ma'naviy boyliklarga xalqning madaniy merosi, tarixi, tili va dini, ilm-fani, adabiyoti, san'ati, me'moriy obidalari, muzeylar, kutubxona va teatrlar — umuman, insonning aqliy hamda ruhiy salohiyati bilan yaratilgan va shu salohiyatni oshirishga xizmat qiladigan barcha qadriyatlar kiradi.

Vatan tuyg'usi insonga ona allasi, bobolar o'giti, ota ibrati, oila tarbiyasi, ustoz-murabbiylar ta'limi bilan singadi. Kishi bu tuyg'u vositasida o'z atrofidagi odamlarni, narsa-hodisalar mohiyatini bilishga intiladi. Vatan tuyg'usi og'ir damlarda kishiga kuch-quvvat beradi, o'z xalqini sharaflashga,   ajdodlar an'anasiga sodiq bo'lishga da'vat etadi. Televizorda ko'p ko'rganmiz, prezidentlar, davlat boshliqlari yurtimizga tashrif buyursa, ularning sharafiga yuksak martabali mehmon mansub bo'lgan davlatning bayrog'i ko'tarilib, madhiyasi ijro etiladi. Bizning Prezidentimiz xorijiy davlatlarga tashrif buyurganida ham Vatanimiz va xalqimizga, Yurtboshimizga hurmat-ehtirom ramzi sifatida davlatimiz bayrog'i ko'tarilib, yurtimiz madhiyasi yangraydi. Yoki sport maydonlarida ikkita mamlakatning futbol terma jamoasi o'zaro bellashmoqchi bo'lsa, o'yin oldidan dastlab ularning davlat madhiyasi ijro etiladi. Bu orqali, avvalo, ushbu sport jamoalari vakil bo'lib kelgan davlatga, uning xalqiga hurmat bajo keltiriladi. Shuningdek, bunday marosimlar vositasida ushbu jamoalar o'rtasidagi halol kurashdan ko'zlangan asosiy maqsad Vatanni sharaflash, uning nomini ulug'lash ekaniga urg'u beriladi.

Oddiy fuqarolar ham qaysidir chet davlatga bormoqchi bolsa, o'zi bilan birga Vatanini eslatib turadigan biror-bir narsani oladi. Qadimda ota-bobolarimiz uzoq o'lkalarga ketayotganlarida bir siqim yurt tuprog'ini ro'molchaga tugib olganlar. Ana shu tuproq orqali Vatanning hidini tuyganlar. Ulug' insonlar qalbidagi Vatanga intilish tuyg'usi shunchalik kuchli bo'ladiki, ular nafaqat tirikligida, balki bu dunyodan ko'z yumganidan keyin ham ona yurt tuprog'iga yaqinroq bo'lishni orzu qiladi. Olis Hindiston o'lkasida podsholik qilgan Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz ham vafotidan so'ng o'z jismini ushbu yurtga emas, balki Vataniga yaqinroq bo'lgan joy — Afg'onistonning hozirgi poytaxti bo'lmish Qobul shahriga qo'yishlarini vasiyat qilgan. Bu buyuk ajdodimizning muborak qabri hozir Kobul shahrida. Bobur tug'ilgan yurt — Andijon shahrida esa mustaqillik yillarida uning ramziy qabri va ulkan bog'i barpo etildi.

Vatan tuyg'usi insondagi vorisiylik tuyg'usi bilan uzviy bog'liq. Vorisiylik eng muhim xususiyat va qadriyatlarning otadan bolaga ajdodlardan avlodlarga meros bo'lib o'tishini bildiradi. Demak, vatan tuyg'usi ham avloddan avlodga o'tadi. Masalan, hozirgina tilga olganimiz Bobur bobomiz vorislari — boburiylar sulolasining aksariyat namoyandalari ham ota yurti — Turkiston zaminida yashamagan bo'lsalar-da, vatan tuyg'usi ularni bu tabarruk tuproqqa chorlab turgan. Ularning bugungi avlodlari ham mana shu zaminni o'zlarining tarixiy Vatani deb biladi.

Bizning ota-bobolarimiz vorislik an'analarini saqlash uchun o'zlarining nasl-nasab tarixi — shajarasini yozib borgan. Bu ham Vatanga muhabbat, uning tarixini muqaddas saqlashga bo'lgan intilishning bir ko'rinishidir. Qolaversa, ular shu tariqa nasl-nasabini tola saqlab, o'z avlodlarining har tomonlama sog'lom bo'lib voyaga yetishini ta'minlagan. Chunki avlodlar sog'lom va barkamol bo'lib voyaga yetsagina o'z yurtiga haqiqiy egalik qilib, uning ozodligi va tinchligini ko'z qorachig'idek asrab yashaydi. Dunyodagi har bir inson zimmasida ana shunday sharafli va mas'uliyatli vazifa bor. Bu vazifaning sharafliligi shundaki, kimki o'z nasl-nasabini toza saqlab, o'zidan munosib farzandlar qoldirsa, kelajakda buning mevasini ko'radi. Bu vazifaning mas'uliyatliligi shundaki, tarbiyada adashib, xato qilib qo'ysa, noqobil farzand o'stirsa, buning oqibatida nafaqat o'sha insonning o'zi, balki uning xalqi va Vatani ham ziyon ko'radi. Bu yo'lda adashmaslik uchun esa har bir vatandoshimiz ota-bobolarimizning kimligini, ularning tarixi va merosini, yurtimiz shuhratini yuksaltirish yo'lida qilgan xizmatlarini yaxshi bilishi lozim.

 Vatanimizdan yetishib chiqqan allomalar haqida ko'p eshitgansiz. Alloma arabcha so'z bo'lib, olimlarning ulug'i, olimlarning olimi degan ma'nolarni bildiradi. Bizning alloma bobolarimiz faqat olamshumul kashfiyotlar yaratibgina qolmay, yurtimiz nomini butun dunyoga taratishda ham beqiyos xizmatlar qilgan. Chunki ular, vatan tuyg'usi har ishda, har qadamda madadkor bo'lsin deb, o'z ismi shariflariga tug'ilgan joylarining nomini qo'shib yozganlar. Buxoriy, Zamahshariy, Samarqandiy, Shoshiy, Toshkandiy, Farg'oniy, Marg'inoniy, Xorazmiy, Termiziy, Nasafiy singari nomlar shu tarzda paydo bo'lgan. Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho'lpon kabi ajdodlarimizning ulkan hasrat bilan yozilgan maqola va she'rlarini o'qiganda Vatan tuprog'ida turib, Vatandan judolik dardi bilan yashash qanchalik og'ir dard ekanini his etamiz.

El-yurt ozod, mamlakat mustaqil bo'lsa, inson uning ravnaqi yo'lida bor kuch-qudratini safarbar etadi, Vatan bilan bog'liq hislari g'urur-iftixor tuyg'usiga aylanadi. Bugun Vatanimiz haqida gap ketsa,  avvalo, ana shunday g'urur-iftixor hislarini tuyamiz. Chunki yurtimiz ozod bo'lib, kundan kunga taraqqiy etib bor-moqda.Vatan tuyg'usi vatanparvarlik fazilatlariga asos bo'ladi. Vatanparvarlikning mohiyati Prezident Islom Karimovning quyidagi so'zlarida o'z ifodasini topgan:

«Vatanga muhabbat hissi odamning qalbida tabiiy ravishda tug'iladi. Ya'ni, inson o'zligini anglagani, nasl-nasabini bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg'usi ildiz otib, yuksala boradi. Bu ildiz qancha chuqur bo'lsa, tug'ilib o'sgan yurtga mu­habbat ham shu qadar cheksiz bo'ladi.

Vatanparvarlik Vatan manfaatlarini   himoya qilish yo'lidagi fidoyilikdir.

Fidoyilik o'zini biror-bir ishga bag'ishlash, to'la safarbar etish, kerak bo'lgan taqdirda esa, ezgu maqsad yo'lida hatto jon berish demakdir.


Orqaga qaytish