Referatlar

5782 marta o'qildi
Milliy an'ana va qadriyatlar

Bugungi kundagi turli zararli ta’sirlardan saqlanish, har qanday sharoitda ham xalqimizga azaldan xos bo'lgan milliy qiyofa, betakror fazilatlar egasi bo'lib qolishimizda qadimiy an'ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylab, ularga amal qilib yashash o'ta muhim ahamiyat kasb etadi.

MILLIY AN'ANA VA QADRIYATLAR

 

Bugungi kundagi turli zararli ta’sirlardan saqlanish, har qanday sharoitda ham xalqimizga azaldan xos bo'lgan milliy qiyofa, betakror fazilatlar egasi bo'lib qolishimizda qadimiy an'ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylab, ularga amal qilib yashash o'ta muhim ahamiyat kasb etadi.

 Yer yuzidagi har bir millat faqat uning o'ziga xos bo'lgan an'ana va qadriyatlari bilan alohida ajralib turadi, tabiiyki, har qaysi xalqning bebaho boyligi bo'lgan bunday qadriyat va an'analar bir-ikki kunda paydo bo'lib qolmagan. Insoniyatnrng necha ming yillik tarixiy tajribasi shuni ko'rsatadiki, biror-bir narsaning an'anaga, ayniqsa, qadriyatga aylanishi uzoq davrni talab qiladi. Yillar, asrlar davomida muayyan qarash, odat, tushuncha, tajribalar zamonlar, avlodlar sinovidan o'tadi, sayqal topib boradi. Agar ular keyingi avlodlar tomonidan ham qabul qilinsa, davom ettirilib, urf-odatga aylansa, demakki, endi ularni milliy an'ana va qadriyat deb atash mumkin bo'ladi.

Millat uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan etnik jihat va xususiyatlar bilan bog'liq qadriyatlar milliy qadriyatlar deyiladi. Milliy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, ma'naviyati hamda madaniyati bilan chambarchas bog'liq holda namoyon bo'ladi.

O'zbek xalqining asrlardan asrlarga o'tib kelayotgan milliy qadriyat­lari ham uzoq tarixiy jarayonda shakllangan. Jumladan, o'zi tug'ilib o'sgan ona yurtiga ehtirom, o'z taqdirini mana shu yurtsiz tasavvur qila olmaslik, o'tgan ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga doimiy hurmat ko'rsatish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash, turmushda poklikka alohida e'tibor berish singari ko'plab fazilatlar bizning milliy qadriyatlarimiz asosini tashkil etadi.

Xalqimiz juda qadim paytlardan boshlaboq ko'chmanchilikdan o'troq hayot kechirishga o'tgan, shunday hayot tarziga o'rgangan. Odamlar o'zi o'rnashib qolgan yerni, uning atrofidagi suv manbalarini qadrlashni, asrashni odat qilganlar. Chunki mana shu yer va suv yordamida olinadigan hosil insonlarning rizqi, tirikchiligina muhim manbayi hisoblangan. Bunday o'troq hayot tarzi odamlarni jamoa bo'lib, bir-biriga yelkadosh bo'lib yashashiga, mehnat qilishi mehnat mahsullarini o'zaro ayirboshlash orqali savdo munosabatlari kirishishiga olib kelgan. Shu tariqa qishloq xo'jaligi hamda shahar madaniyati yuksala borgan. Yurtimizda bunyod etilgan Samarqand, Qarshi, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Andijon, Marg'ilon, Termiz va Qo'qon singari o'nlab shaharlarning yoshi ming yillar bilan o’lchanishi ham bejiz emas.

Demoqchimizki, xalqimiz o'zi tug'ilib o'sgan yer-zaminga qattiq bog'langan, uni e'zozlashni bolaligidan o'rganib, his qilib o'sadigan millat sanaladi. Demak, xalqimizning o'z yurtiga cheksiz sadoqati, ehtiromi bilan bog'liq milliy an'ana va qadriyatlari uning boy tarixi bilan izohlanadi. Xuddi shuningdek, xalqimizning kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko'rsatish, mehmondo'stlik, yordamga muhtojlarga shafqatli bo'lish, hayo, ibo va mehr-oqibat, ahli ayolini - oilasini asrash, maishiy turmushda poklikni yuksak qadrlash singari an'ana va qadriyatlari ham hayotning uzoq sinovlaridan o'tgan o'lmas ma'naviy merosimiz sanaladi.

Mustaqillikning dastlabki kunlaridan e'tiboran xalqimizning xotirasini tiklash, qadimgi urf-odat va qadriyatlarini e'zozlash, muqaddas qadamjolarni asl holiga qaytarish yuzasidan chinakam tarixiy ahamiyatga molik ishlar amalga oshirila boshlandi. Ushbu keng ko'lamli jarayon birgina o'zbek millatining tili, dini va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish bilan cheklanib qolmay, balki mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning qadriyatlariga yuksak hurmat ko'rsatish bilan uzviy tarzda olib borilmoqda. Bu esa O'zbekistonni o'zining muqaddas Vatani deb barcha fuqarolarimiz orasidagi o'zaro hurmat, birodarlik, bag'ri kenglik fazilatlarining namoyon bo'lishida, Yurtboshimizning «Shu aziz Vatan barchamizniki» degan ezgu g'oyasi hayotga izchil tatbiq qilinishi muhim ro’l o'ynamoqda.


Orqaga qaytish