Rassomlar

4933 marta o'qildi
Mannon Saidov

Respublikada xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, professor, dastgohli rangtasvir san'atining atoqli vakillaridan biri Mannon Abdusamadovich Saidov 1923 yili Toshkent shahrida tavallud topgan.

Respublikada xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, professor, dastgohli rangtasvir san'atining atoqli vakillaridan biri Mannon Abdusamadovich Saidov 1923 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Dehqonchilik va savdo ishlari bilan shug‘ullangan otalari juda erta dunyodan o‘tadilar. U paytda Mannon 11 yoshda edi. Beshta farzandni tarbiyalab o‘stirish onalari zimmasiga   tushadi.

Rassom Mannon Saidov 1939 yili o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng respublika badiiy bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Ammo bilim yurti urush yillarida Samarqand shahriga ko‘chirilgach, oilaviy sharoit og‘irligi sababli M. Saidov Samarqandga borib o‘qishga imkoniyati   bo‘lmaydi.

1942—1945 yillarda u zavodda oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi. Urush tugagandan so‘ng 1945 yildan boshlab o‘zi dastlab tahsil ko‘rgan badiiy bilim yurtida o‘qishni davom ettiradi. Bu yerda A. P. Lunyov va Malik Na-biyevdan ta'lim oladi. Bilim yurtini muvaffaqiyatli tugatib 1947 yilda Sankt-Peterburg shahridagi tasviriy san'at, haykaltaroshlik va arxitektura oliygohida dastlab taniqli rassom Troshev, keyinchalik mashhur rassom Iogonson ustaxonasida ijod sirlarini o‘rganadi va shu institutni muvaffaqiyatli tugatadi. 1953 yildan boshlab Benkov nomidagi badiiy bilim yurtida pedagogik faoliyatini boshlaydi. 1956—59 yillarda esa Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining badiiy grafika fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Mana shu yillardan boshlab rang-barang kompozitsiyalari bilan ko‘rgazmalarda qatnashib, ixlosmandlar hurmatiga sazovor bo‘ladi. 1956 yilda rassomlar uyushmasiga kiradi. Rassom ijodiy va pedagogik faoliyatini birga olib borib tasviriy san'atni targ‘ib va tashviq qilishda ham faol ishtirok etib keladi. 1959 yildan boshlab M. Saidov san'at  oliy dargohida o‘z pedagogik va ijodiy faoliyatini davom ettiradi. 1964-1984 yillarda esa shu institutda rangtasvir kafedrasini boshqarib ko‘plab yoshlarga ta'lim beradi.

Rassomning «Askiya» mavzusiga bag‘ishlangan bir nechta asarlari bo‘lib, unda o‘zbek xalqiga xos samimiy kulgi ishqivozlarining ma'naviy qiyofasi o‘z aksini topgan. 1973 yilda ishlangan mana shu kartinada choyxonada hazil-mutoiba qilib o‘tirgan o‘zbek kishilarining xatti-harakatlari, sho‘x qahqahalari rassom tomonidan ustalik bilan tasvirlanganini ko‘ramiz. Mannon Saidov xalqimizning mehnatkash kishilarini, tarixiy voqealari, O`zbekiston tabiatini rang-barang ko‘rinishda tasvirlab  muvaffaqiyat   qozondi.

Bu o‘rinda ayniqsa «Oila», «Askiya», «Xumson», «Uzum terishda», «Kattaqo‘rg‘onlik paxtakorlar», «Tog‘ manzarasi», «Hosil» kabi o‘nlab asarlarini misol keltirish mumkin.


Orqaga qaytish