Hikmatlar

4993 marta o'qildi
Komil inson tushunchasi

Odam bolasiga beriladigan tarbiya, birinchi navbatda, ilmga, fanga asoslanmog'i, ta'limiy jihatdan to'g'ri tashkil etilmog'i lozim. Agar tarbiya pala-partish holda savodsizlarcha tashkil etilsa, tizimli va muntazam ravishda olib borilmasa

Odam bolasiga beriladigan tarbiya, birinchi navbatda, ilmga, fanga asoslanmog'i, ta'limiy jihatdan to'g'ri tashkil etilmog'i lozim. Agar tarbiya pala-partish holda savodsizlarcha tashkil etilsa, tizimli va muntazam ravishda olib borilmasa, bunday «tarbiya» inson kelajagiga, shaxsning shakllanishiga faqat zarar keltiradi. Mana shu qoidalarga amal qilingandagina ta'lim-tarbiya o'zining pirovard maqsadiga erishishi - komil insonni voyaga yetkazishi mumkin.

Komil inson deganda biz ozod shaxsni, erkin fikr yurituvchi, Vataniga halol va sadoqatli xizmat qiluvchi kishini tushunamiz. Va aksincha, agar inson birovga quldek ergashsa, o'zining mustaqil fikriga ega bo'lmasa yoki uni himoya qila olmasa, mutelik va boqimandalik asoratiga tushadi. Bunday kishining Vatani, xalqi manfaatlariga yot, zararli g'oyalarni tarqatayotgan kimsalar ortidan ergashib ketishi ham hech gap emas.

 Mamlakatimizda yoshlarining ijtimoiy harakati «Kamolot» nomi bilan, litsey va kollejlar o'quvchilari o'rtasida o'tkaziladigan sport musobaqalari esa «Barkamol avlod» nomi bilan ataladi. Yoshlarimizga hayotda o'z o'rnini topishiga ko'maklashadigan tashkilotga yoki o'sib kelayotgan bolalarni jismonan baquvvat bo'lishga rag'batlantiradigan sport bellashuviga bunday nomlar berilishi bejiz emas, albatta. Bunda yoshlarni har jihatdan komillikka intiluvchan bo'lishi nazarda tutilgan. Shu jismoniy va ma'naviy barkamollik o'zaro bog'liq holda rivojlanmog'i darkor.

 Jismoniy barkamollikka erishmasdan turib, chinakam ma'naviy barkamollikka, ma'naviy barkamollikka erishmasdan turib esa yetuk jismoniy barkamollikka erishib bo'lmaydi.

Komillikka erishishning muhim sharti - bilimdonlik hisoblanadi

Albatta, ma'naviy barkamollikka erishishning boshqa shartlari ham ko'p. Masalan, axloq-odobli bo'lish, mehnatsevarlik, yurtga sadoqat mehr, go'zallikka oshno tutinish va hokazo. Lekin bularning barchasining negizida o'rganish, bilish va anglash talabi yotgani tufayli insonlar ma'naviy kamol topishida bilimdonlik, ma'rifat katta o'rin tutadi.

Masalan,  hayotdagi eng oddiy so'zlar va ishlarni ham kim qachondir hijjalab, erinmay o'rgatgan. Ota-onamiz dastlabnimani qanday atash, kiyimni qanday kiyish, hatto taomni qanday yeyishgacha o'rgatgan. Ya'ni, bizning butun hayotimiz o'rganishga, bilishga asoslangan. Agar siz-u bizga endi oddiy tuyuladigan ana shu narsalarni kimdir vaqtida o'rgatmasa yoki kimlardandir ko'rib o'zimiz o'rganmas ekanmiz, bizning boshqa jonzotlardan farqimiz qolmas edi. Demak, bilimdonlik ma'naviy barkamollikning asosi, uning muhim mezoni ekan.

Inson tabiatan bilishga chanqoq. Chunki u doimiy izlanishdagi ong tafakkurga ega. U nafaqat jismi, balki ongi va tafakkuri orqali hayotda o'sish va kamol topishga intiladi. Hayvonlarda esa butunlay boshqacha. Ular nafsi qayoqqa boshlasa, o'sha yoqqa ketaveradi. Nafsi qonsa, bu intilishi ham tugaydi, yotib dam oladi. Ularga bilishning qizig'i yo’q. Chunki ularda bilishga ehtiyojning o'zi yo'q.

Odamzod ming yillar davomida uchar gilamlarni, oynayi jahon, ochil dasturxonlarni orzu qilib kelgan. Nihoyat, u aqli va tafakkuriga tayanib samolyotni, televizor va radioni, turli ne'matlarni tayyorlab beradigan fabrika va sexlarni kashf etdi. Lekin shu bilan kifoyalanib qolgan yo'q. Samolyotdan ham tez uchadigan raketalar, yillar davomida koinotda o'zi kezib yuradigan sun'iy yo'ldoshlar, simsiz ulanadigan va ko'rsatadi telefon apparatlari, butun Yer yuzidagi odamlar ong-u shuurini axborot o'rab-chirmab olishni maqsad qilgan Internet («Butun dunyo o'rgimchak to'ri») tizimini yaratdi. Endilikda inson Yerdagi hayot bilan kifoyalanmay, boshqa sayyoralarga, hatto boshqa galaktikalarga ham sayohat qilmoqning, odam miyasidagi o'y-fikrlarni o'qimoqning ham harakatiga tushgan.

Barcha bu orzu va intilishlarni inkor etmagan holda, bir muhim haqiqatdan ogoh bo'lish ayni shu insoniyatning o'zidan talab etiladi. Ya'ni, barcha ilmiy-texnikaviy kashfiyotlar va yutuqlarni ezgulikk , yaxshilikka, insoniyat baxt-u saodatiga xizmat qildirish lozim.


Orqaga qaytish