Rassomlar

4950 marta o'qildi
Bahodir Jalolov

Bahodir Jalolov – O`zbekiston xalq rassomi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotinnng sovrindori, zamonaviy rangtasvir san'ati rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan talantli rassomlardan biridir.

Bahodir Jalolov – O`zbekiston xalq rassomi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotinnng sovrindori, zamonaviy rangtasvir san'ati rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan talantli rassomlardan biridir.

Bahodir Jalolov 1948 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1968 yili P. P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatadi. 1974 yilda esa I.Ye. Repin nomidagi Sankt-Peterburg rassomlik, haykaltaroshlik va me'morlik institutining bezatish monumental fakultetini tamomlaydi. Yoshlik yillarida portret san'atining ustasi Abdulhaq Abdullayevdan ta'lim oladi. Rassom ijodiy faoliyatining dastlabki namunalarida milliy his-tuyg‘ular turli xil ranglarda o‘z ifodasini topadi. B. Jalolov tasviriy san'at borasidagi tahsilni davom ettirib keyinchalik Chingnz Ahmarov, Ro‘zi Choriyev, Milnikov, Korolevlardan tasviriy san'at sirlarini o‘rgandi. Shu sababli ham u yaratgan portretlarda mahoratlilik ko‘zga aniq tashlanib turadi. Uning ijodidagi tuyg‘ular uygunlngi tomoshabinni o‘ziga mahliyo etib qo‘yadi. Darhaqiqat, «Raqsning tug‘ilishi» kompozitsiyasi o‘zbek raqqosalarini ulug‘labgina qolmasdan, ularga bo‘lgan samimiy hurmat va muhabbatni namoyon qilganini ko‘ramiz.

Bahodir Jalolov portret san'atida ko‘p yutuqlarga erishdi. Uning to‘laqonli asarlarida o‘zbek xalqining sevimli farzandlari siymosi o‘z ifodasini topgan. Bu o‘rinda ayniqsa akademik rassom O`rol Tansiqboyev, buyuk olim, akademik Vohid Zohidov, san'atning mashhur darg‘alari Komil Yormatov, Malik Qayumov, Muxitdin Rahimov, Hamro Rahimova, Akrom Toshkanboyev, Damir Ro‘ziboyev kabi ulug‘lar siymosi so‘zimizga misoldir. Rassom inson shaxsini doimo o‘rganishga, uni har tomonlama his qilishga intiladi. Darhaqiqat, yuqorida ko‘rganimizdek Bahodir Jalolov ijodiy faoliyatining asosiy ko‘lami insonlar obraziga, ya'ni portretlar yaratishga qaratilgan. Tasviriy san'atda u kishi o‘z rangin olamini yangidan yangi jilolar bilan tobora boitib kelmoqda.

Bahodir Jalolov erishgan yetuklikning yana bir jihati shundaki, u sharq va g‘arb an'analarini o‘zlashtirib, ana shu an'analardagi mushtaraklikni topib, uni yuzaga chiqarishga muvaffaq bo‘la olgan rassomdir. Ana shuning uchun ham xorijiy davlatlarning san'at ixlosmandlari e'tiboriga muyassar bo‘lgan. Rassom o‘zining monumental pannolari bilan dunyoning ilg‘or davlatlarida hashamatli saroy va binolarni bezatib kelmoqda. Rassom ijodiga taniqli olim Tilab Mahmudov baho berib shunday deydi: «Bahodir uchun inson va insoniyat tarixi jumboq edi. U bu jumboqni yechishga, o‘z xalqi tarixini bashariyat tarixi bilan hamohang nuqtalarini topishga harakat qiladi». Darhaqiqat, rassom keng tafakkurli ijodkor sifatida odam, olam, koinot sirlarini o‘rganishga intiladi.

Bahodir Jalolov ijodida olam sirlari o‘zgacha talqin etiladi. Bu o‘rinda «Gul va Rayhon afsonasi», «Nido», «Baxt qushi», «Abadiy va navqiron Hindiston», «XXI asr madonnasi» kabi ko‘plab asarlarni misol keltirish mumkin.

Mustaqil O`zbekiston tarixiga bag‘ishlangan O`zbekiston xalqlari tarixi muzeyi devoriga ishlangan monumental ko‘rinishdagi surat jiddiy va mazmunli tarixiy dalillar orqali salobatli tasvirlanishi bilan har qanday tomoshabin e'tiborini o‘ziga jalb qila oladi. Polotnoni kuzatgan tomoshabin tarix sirlariga ega bo‘lgan o‘zbek xalqining buyuk va qudratli ekanligiga yana bir bor ishonch   hosil   qiladi. Umuman  tasviriy san'at asarlarini bir martta   ko‘rishdayoq to`liq idrok qilib bo‘lmaydi. Albatta, uni qayta va yana qayta ko‘rish, kuzatish, mushohada qilish tufayli asar kompozitsiyasida ifoda etilgan g‘oyalarni yangidan-yangi qirralarini kashf etish mumkin. Bahodir Jalolov ijodiyoti shu jihati bilan qadrlidir. U o‘zbek tasviriy san'ati rivojiga astoydil hissa qo‘shib kelmoqda.


Orqaga qaytish