Rassomlar

4943 marta o'qildi
XIX asrda Amerika Qoshma Shtatlar san'ati

1771 yili Amerika qit'asida yangi yirik davlat - Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil topdi. Shu davrdan boshlab, Amerika Shtatlari san'ati tarixi boshlandi hamda u bevosita milliy ozodlik g‘oyalari bilan bog‘liq holda rivojlandi.

1771 yili Amerika qit'asida yangi yirik davlat - Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil topdi. Shu davrdan boshlab, Amerika Shtatlari san'ati tarixi boshlandi hamda u bevosita milliy ozodlik g‘oyalari bilan bog‘liq holda rivojlandi.

Me'morlik. Davlat tashkil etilishi bilan uning asosiy shaharlarida qurilish avj oldi. Ijtimoiy va ma'muriy binolar, shaxsiy uylar klassitsizm uslubida qurildi. Klas-sitsizm AQSH poytaxti Vashington qiyofasini belgilashda muhim rol o‘ynadi. Vashingtonda mahobatli gumbazli binolar paydo bo‘ldi. Shu yerdagi Kapitoliya (Kongress binosi) qayta qurilib, u katta gumbaz bilan yakunlandi. 1792 yili Oq uy - prezident qarorgohi barpo etildi. Asr oxiriga kelib, yer narxi ko‘tarildi. Natijada, binolar yuqoriga qarab o‘sa boshladi. N'yu-York, Chikagoda dastlabki baland binolar qurildi. Texnik taraqqiyoti asr oxirida barpo etilgan osma ko‘priklar, temir beton konstruksiyali baland minorasimon binolar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Bu jihatdan N'yu-Yorkdagi Bruklin-Manxetten Bruklin osma ko‘prigi mashhurdir. Djon Ogastes va uning o‘g‘li Vashington Rebling tomonidan qurilgan bu ko‘prik (1884) inson tafakkuri g‘alabasi sifatida hamon kishilarni hayratlantiradi.

Tasviriy san'at. AQSHning paydo bo‘lishi va Angliya bilan aloqani buzilishi Amerikadagi ingliz koloniyasidagi ijodkorlarning barchasiga ham ma'qul bo‘lmadi. Ularning bir qismi bu yerda o‘zining ikkinchi vatanini topgani holda, bir qismi esa butunlay Angliyaga ko‘chib ketdi. Amerika qo‘shma shtatlarida yangi milliy san'at shakllana boshladi. 1805 yili Pensil'vaniya badiiy akademiyasining tashkil etilishi Amerika san'ati taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi. San'at rivojlanishi dastlab portret va tarixiy janrda ko‘rina boshladi. Amerika realistik portret san'atining asoschisi Gil'bert Styuart (1755-1828)dir. Uning "Konki uchayotgan" (1872) hamda Jorj Vashingtonning o‘ziga qarab ishlangan portretlarida hayotiy aniqlik birmuncha romantik ko‘tarinkilik bilan qo‘shilib ketadi. Rassom mayda detallarni ishlashdan zerikmagan holda, obraz xarakterini yaxlit ko‘rsatishga, uning o‘ziga xos individual xususiyatlarini ochishga   harakat qiladi.

Amerika san'ati taraqqiyotining keyingi bosqichi XIX asr 60-90 yillariga to‘g‘ri kelib, bu bevosita Uinslou Xommer (1836-1910), Tomas Ikins (1844-1916), Jeyms Ebbot Mak-Neyl Uistler(1834-1903) nomi bilan bog‘liqdir. Xommer yirik realist rassom bo‘lgan. U dastlab litografda, so‘ng milliy Badiiy Akademiyaning kechki maktabida tasviriyot asoslarini egallagan. 1861-1865 yillardagi fuqarolar urushi yillarida harbiy rassom sifatida haftalik matbuotda o‘z chizgilari bilan ishtirok etdi. Xommerning harbiy operatsiyalarda qatnashishi, voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi uning dunyoqarashini mustahkamlanishiga yordam berdi. Rassom jang voqealariga, jangchilarning dam olish va hordiq chiqarishiga atab qalam suratlar ishladi. Rangtasvir asarlarini yaratdi. "Asirlar" (1866) uning shunday asarlaridandir. Unda asirga tushgan jangchilarning va ularni so‘roq qilayotgan yosh ofitserlarni qarama-qarshi qo‘yish orqali rassom asar g‘oyasini ochadi. Yosh ofitser xatti-harakatida xotirjamlik, ishonch va olijanoblikni ko‘rsatdi. Xommer asarlarining bosh qahramoni-inson. U qaysi mavzuda rasm chizmasin, o‘zining insonga bo‘lgan chuqur hurmatini ifodalashga intiladi. Bu xususiyat uning oddiy xalq hayotiga bag‘ishlangan asarlarida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu asarlarida u har bir obrazni mehr bilan ko‘rsatadi, shakl tugalligi va rangning emotsional kuchiga e'tibor beradi. Xommer ijodining cho‘qqisi bo‘lgan asarlar uning Bagam orollarida bo‘lgan paytida ishlagan. ("Ovchi va it", "Gol'fstrim"). Bu yerda rassom yashash uchun doim kurash olib boruvchi jasur kishilar obrazini gavdalantiruvchi asarlar yaratdi. Bu asarlar inson qudratiga ishonch tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Rassom o‘z asarlarida hamisha mehnat kishilarini ulug‘laydi. Tomas Ikins (1844-1916) ijodida ham inson obrazi asosiy o‘rin tutadi. Lekin Xommerga nisbatan bu rassom o‘z diqqatini qahramonni psixologik holatini ochishga ko‘proq qaratadi. "Doktor Gross kasalxonasida" (1876),"Uolt Uitmen portreti kabi asarlari o‘zining chuqur psixologiyasi bilan e'tiborni tortadi. Amerika realistik san'ati an'analariga xos-insonga, uning ahloqiy va intellektual hayotiga hurmat bilan qarash AQSH ning yana bir yirik rassomi Uistler ijodida o‘z ifodasini topdi. Uistler portretlari o‘zining sodda va aniq shakllari, nozik ranglar garmoniyasi hamda tasvirlanuvchining chuqur psixologik holati gavdalantirilishi bilan diqqatni jalb qiladi.

Portret san'atida Jon Singer Sarjent (1856-1925) ham samarali ijod qildi.  Lekin uning asarlarida obrazlar xarakterini birmuncha yuzaki hal etish seziladi. 60-90-yillarda Amerika realistik manzara janri taraqqiyoti Jorj Innes (1825-1894) nomi bilan chambarchas bog‘liq. Rassom barbizon maktabi tajribasiga tayanib, o‘z ona yurti tabiatini tasvirini yuksak mahorat bilan gavdalantirdi. Rassom o‘z manzaralari uchun sodda va oddiy kompozitsiyalar tanlab, ular orqali o‘z hissiy kechinmalarini ifoda etdi.


Orqaga qaytish