Yangi o`zbek adabiyoti

5660 marta o'qildi
Hamid G'ulom

Hamid G'ulom taniqli shoir, lirik yozuvchi, dramaturg, O'zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobidir. U O'zbekiston xalq yozuvchisi, Respublika va Ittifoq Davlatlari sovrindori hamdir. H. G'ulom 1919- yilda Toshkentlik muzika muallimi oilasida tug'ildi.

Hamid G'ulom taniqli shoir, lirik yozuvchi, dramaturg, O'zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobidir. U O'zbekiston xalq yozuvchisi, Respublika va Ittifoq Davlatlari sovrindori hamdir. H. G'ulom 1919- yilda Toshkentlik muzika muallimi oilasida tug'ildi.

 O'rta maktabni bitirgach, O'rta Osiyo industrial instituti (1935-1937) va Nizomiy nomidagi Toshkent Pedagogika instituti (1938- 1941) da tahsil oldi. 1954- yilda O'zbekiston Yozuvchilari uyushmasining yo‘llanmasi bilan Moskvaga, M. Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutiga o‘qishga boradi.

 So‘ng «Literaturiya gazeta»ning O'zbekistondagi maxsus muxbiri, O'zbekiston Yozuvchilari uyushmasining kotibi (1958-1971) va G'.G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotining direktori lavozimlarida ishladi. Hamid G'ulom adabiyotga o‘ttizinchi yillarning boshlarida «Bizning lager», «Odam», «Quyosh kabi charog'on» (1936) she'rlari bilan kirib keldi.

 Yosh shoirning ijodi o‘zbek adabiyotining katta vakillari G'afur G'ulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda ta'sirida kamol topdi. Vatanparvarlik, dushmanga nafrat ruhi ifodalangan "Qasosim bor" (1942), «Katerina» (1942), «Ukraina yellari» (1943) kabi she'r va balladalarini shoir Ulug` Vatan urushi yillarida yaratgan.

 Hamid G'ulomning keyinchalik yaratgan «Qo‘shiqlarim» (1949-1956), «Dnepr bo‘yida» (1949), «G'alaba yo‘lida" (1952-1956) asarlarida xalqimizning fashizmga qashshi kurashidagi qahramonliklarii tasvirlangan. «Olmos qizi» (1956), «Toshkentliklar» (1967) asarlari asosan urushdan avvalgi davr o‘zbek paxtakorlarining fidokorona mehnati, urush davridagi front orqasida ko‘rsatgan qahramonliklarii va o‘zbek jangchilarining frontdagi mardliklari va jangovar kurashlari haqidadir.

 Ikki kitobdan iborat bo‘lgan «Mash'al» (1959) romanida Oktabr to'ntarishining dastlabki yillaridagi o‘zbek xalqining hayoti va qishloq sovetlarining shakllanishi va ularning dastlabki faoliyati, kollektiv xo‘jalikning tuzilishi va ma'rifatning yoyilishi kabi hayotiy masalalar badiiy tahlil etilgan.

 Yozuvchining «Senga intilaman» (1963), «Binafsha atri» kabi romanlari Mirzacho‘lda tashkil etilgan birinchi jamoa xo‘jaligi haqida hikoya qiladi. Hamid G'ulomning o‘zbek ayolining yangi hayot qurishdagi faoliyatini ulug'lovchi «Toshkentliklar» (1974) romani Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

 Uning «Mangulik» romani (1981) Ittifoq Davlat mukofotini oldi. U ocherknavis va publitsist sifatida yer kurrasi, ro‘y berayotgan voqealar, jahondagi xalqlarning ozodlik uchun kurashlari, tinchlik va xalqaro do‘stlik temalarini yorituvchi «Qit'alar uyg'oq», «Kuba haqida hikoyalar», «Uy», «Xirosima balladalari», «Yevropa taassurotlari», «Jazoirda tong» kabi asarlar yaratdi.

 Adibning «Vafoning uzun yo‘li» nomli bir necha qismdan iborat xotiralar to‘plami ham kitobxon tomonidan qizg'in kutib olingan. Adib asarlari qirqdan ortiq jahon xalqlari tillarida nashr etilgan. Birgina «Mangulik» romani xitoy tilida yarim million nusxada chop etilgan.

 Bu tilda bor-yo‘g'i Oybekning «Navoiy», O. Yoqubovning «Ulug'bek xazinasi» romanlarigina chop etilgan. Shuningdek, H. G'ulom A.S.Pushkin, M. Lermontov, V. Shekspir, T. Shevchenko, A. Surkov, Lope de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini ham o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlariga o‘z tarjimasida tortiq etgan.

 Uning«Farg‘ona hikoyasi», «Toshbolta oshiq», «O'gil uylantirish», «Ajab savdolar» kabi zamonaviy mavzularda yaratilgan muzikali va komediya asarlari respublika teatrlarida namoyish qilinib, tomoshabinlar hurmatiga sazovor bo‘ldi.

 Eng so‘nggi «Muhabbat navosi» nomli ikki parda besh ko‘rinishli muzikali dramasida esa XVI asr Uyg'uristonning Xo‘tan shahrida yashagan Omonniso bilan Rashidxon o‘rtasidagi muhabbat mojorosi haqida hikoya qilinadi. «Mashrab» tarixiy romani ham H. G'ulom qalamiga mansubdir.

 Hamid G'ulom zamondoshlarimiz poetik obrazini yaratish ustida izlanayotgan zamonaviy o‘zbek adabiyotining iste'dodli namoyondalaridandir.


Orqaga qaytish