Bilasizmi?

5070 marta o'qildi
Kino va fotografiya tarixi

Kino ibtidosi «harakatlanuvchi suvratchalar»dan boshlanadi. Suvratchalarni harakatlanishga majbur qilish uchun ancha yillar kechmog’i kerak bo’ldi va bu narsa bir talay odamlarning sa'y-harakati bilan ro’yobga chiqarildi. Harakat tassurotini yuzaga keltiradigan suvratlarni olish yuzasidan dastlabki tajribalar o’tkazilgan 1800-yillarga murojaat qilaylik-chi.

KINO QAY TARIQA DUNYOGA KELGANDI?

          Kino ibtidosi «harakatlanuvchi suvratchalar»dan boshlanadi. Suvratchalarni harakatlanishga majbur qilish uchun ancha yillar kechmog’i kerak bo’ldi va bu narsa bir talay odamlarning sa'y-harakati bilan ro’yobga chiqarildi. Harakat tassurotini yuzaga keltiradigan suvratlarni olish yuzasidan dastlabki tajribalar o’tkazilgan 1800-yillarga murojaat qilaylik-chi. Binobarin elayotgan ot suvratlari turkumini yaratish uchun bir necha kameralar o’rnatilar edi. 1880-yillarning oxirlariga kelib katushkali plyonka ixtiro etiladi. Shundan so’ng harakatning alohida, galma-gal lavxalarini turkumini suvratga oladigan kameralarni o’ylab topishadi. Bular, filmning qanday sur'atda tushirilgan bo’lsa, o’shanday tezlikda aylanadigan lavxalari edi. Bunda ekranda harakatlanuvchi tasvir hosil qilinar edi. Bular, darvoqe, «harakatga tushuvchi kartinalar» bo’lgan.    Ular juda ommaviyga aylandi. Dastlab ular tevarakdagi voqelikdan tushirilgan oddiygina sahnalar edi: dengiz tulk inlari, chopayotgan ot, arg’imchok, uchayotgan bolalar, stansiyaga yetib kelayotgan poyezd.

Ilk syujetli film 1903 yilda Tomas Edisonning laboratoriyasida yaratilgan edi. Uning nomi «Buyuk poyezdning o’marilishi» bo’lgan. Film katta shov-shuvga aylandi. Uni atayin qorong’ulashtirilgan chodirlarda namoyish etishardi.

Qo’shma Shtatlardagi dastlabki muqim kinoteatrlar 1905 yilda Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahrida paydo bo’lgandi. Sohiblari ularni sinematograflar deb atashgan. Tez fursatda ular butun mamlakat bo’ylab ochildi va hamma kinoga boradigan bo’ldi.

Ilk filmlarning aksariyati Nyu-York va Nyu-Jersida chiqarilar edi. Faqat 1913 yilga kelibgina Hollivudda filmlar suvratga tushira boshladilar.

 EKRANLASHTIRISH NIMA?

San'atning boshqa turlari — adabiyot, opera yoki balet asarlari asosida yaratilgan kinoasarlarni ekranlashtirish deb atashadi. Ammo bu tushuncha ko’pincha aynan kino tilida qayta yaratilgan adabiy asarga oid bo’ladi.

Avvalboshda adabiy syujetlar kinomatograf vositasida shunchaki bezaklanar edi. Ammo 1902 yilga kelib D. Defoning «Robinzon Kruzo»si va J. Svift «Gulliver»ining kinotalqinlari paydo bo’ldi.

Rus kinosida ekranlashtirish tarixi 1910-yillardan boshlanadi, o’shanda «Rus oltin turkumi» — A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, F. M. Dostoyevskiy, N. A. Nekrasov va boshqa adiblarning asarlari asosida bir qator filmlar yaratilgan edi. Taniqli rejissyor Ya. Protazanov tomonidan yaratilgan «Dama qarg’a» (1916) va «Valine'mat Sergiy» ular orasida eng muvaffaqiyatli chiqqani sanaladi.

Yirik adabiy asarni ekranda gavdalantirish vazifasi o’ta murakkab va mas'uliyatli edi. Shuning uchun ham hammaga tanish syujetlarni qayta hikoya qilib berishni havola etadigan «motiv asosida» suratga olish ko’p uchrab turadi.

A'lo darajada ekranlashtirishning bosh fazilati — adabiy asliyatga (asl manbaga) hurmat, uning g’oyalari, uslubi va timsollari xususiyatlarini maksimal va mukammal berishdir. Mamlakatimiz va xorijning eng a'lo asar ekranlashtirishlari — «Gamlet» (G. M. Kozinsev, 1964), «Jinoyat vajazo» (L. Qulijonov, 1970), «Xo’rlanganlar» (J. le Shanua, 1958) va Olivyening Shekspir asarlari asosida suvratga olgan turkum filmlari.

 

BIRINCHI OVOZ YOZIB OLISH QACHON AMALGA OSHIRILGAN EDI?

Birinchi ovoz yozib olish Tomas Edison tomonidan 1877 yilda amalga oshirilgan edi. Uning dastlabki ovoz yozish mashinasi dasta yordamida aylantiriladigan silindrga ega bo’lgan. Tag’in unda mo’giz va uchi to’mtoqlangan igna bo’lgan. Mo’giz tor uchidan qayishqoq membrana bilan berkitilgan edi.

Mo’gizning keng tarafidan kirayotgan ovozlar ignaga tang’ilgan ushbu membranani tebrantirardi. Igna ovozlar ta'siri ostida yuqoriga va quyiga harakatlangan. Silindr qalaydan ishlangan zarqog’oz-folga qatlami bilan qoplangan. Igna ushbu zarqog’ozni bosar, mo’giz esa dasta aylantirilishiga qarab igna bilan birgalikda silindr bo’ylamasida harakatlanar edi. Shu tarzda, silindr tevaragidan ko’p marotaba aylangan igna zarqog’ozga yo’lakcha qoldirgan.

Kimdir mo’gizga gapirsa yoki kuylasa, igna bu vaqtda yuqoriga va quyiga harakatlanib turgan. Igna tushayotganida zarqog’ozda ancha chuqur, ko’tarilayotganida esa — birmuncha sayoz jo’yakchalar yasagan. Jo’yakchalar chuqurligining o’zgarishi esa gapirilayotganda yoki kuylanayotganida hosil bo’ladigan tovush to’lqinlarining aks ettirilishi edi, ovoz yozish shu tariqa ro’y bergan.

Yozuvni eshitib ko’rish uchun ignali mo’gizni qaytadan, jo’yakchalar boshiga joylashtirilgan. Igna jo’yakchalar bo’ylab harakatlanganida yupqa membranani yozish paytida qanday bo’lsa, xuddi shunday galma-gallikda tebranishga majbur qilgan. Bu mo’gizda havo tebranishini keltirib chiqarardi, aynan shu narsa yozish paytida yangraganini eslatuvchi ovozning vujudga kelishiga sabab blgandi.

 KINO RASSOMI KIM?

Kinematograf tarixining dastlabki bosqichida rassomning vazifasi fonida aktyorlar suratga tushiriladigan manzara — dekoratsiyani chizishdan iborat bo’lgan. Bora-bora yassi manzara o’rnini murakkab hajmdor dekoratsiyalar egallay boshladi.

Ammo dekoratsiya va natura qorishib ketgan hozirgi zamon kinosida rassomning ahamiyati nihoyatda salmoqlidir. U keyinchalik kadrda jonlanadigan betakror olam yaratmog’i lozim. Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi.

Dastavval rassom eskizlar turkumini yaratadi. Bular — bo’lg’usi film lavhalarining rasmlari. Ular asosida natural tarzda suvratga olish o’rni belgilanadi va dekoratsiyalar tiklanadi.

Kinodagi dekoratsiya teatrdagidan ancha-muncha murakkabdir. Gap shundaki, teatr tomoshabini sahnani bitta nuqtadan va uzoq masofadan turib ko’radi, kinoda esa uni turli tomonlaridan, tag’in yirik planda suratga oladilar. Binobarin xonaning bir bo’lagini emas, balki mebel o’rnatilgan, chiroq yonib turgan va hattoki muzlatgich ishlab turgan haqiqiy uyni yaratishga to’g’ri keladi.

Shundaylikka shundayku-ya, rassomning ishi tarixiy kartinalarda ancha qiyin bo’ladi. Masalan, «Gamlet» filmini suratga olish uchun Fin ko’rfazining sohilida maxsus ravishda o’rta asrlar qo’rg’oni qurilgan edi. To’g’ri, buning uchun tosh emas, balki maxsus sement bilan qoplangan taxtalar material bo’lib xizmat qilgan edi. Buningdek dekoratsiyani yaratish uchun rassom o’zi rasmlarda aks ettiradigan turli davrlar me'morchiligi va madaniyatini obdon yaxshi bilmog’i lozim.

Ba'zi paytlarda film voqealari olis sayyorada, vulqon upqonida yoxud dengiz tubida bo’lib o’tishi ham mumkin. Bunday paytda rassom nima qiladi? Basharti pavilonda uyg’oq vulqonni yasashning iloji yo’q-ku? Buningdek ob'yektlarni yaratish uchun kobminatsiyalangan-qurama suratga olishning murakkab texnikasidan foydalaniladi.

 KOMBINATSIYALANGAN-KURAMA SURATGA OLISH NIMA?

Siz, albatta, kinoda aktyor havoda bemalol uchib yurganini, baland binodan qulab tushganini, lovullayotgan mashinada portlab ketganini ko’rgansiz.

Butun bu «mo'jizalar» ekranda tabiiydek chiqmog’i yo’lida kinochilarning «kombinatsiyalangan suratga olish» degan texnikani qo’llashlariga to’g’ri keladi.

Stop-kadr degan texnika kombinatsiyalangan suratga olishning eng oddiy turi sanaladi. Uni aktyorning kutilmaganda kadrdan yo’qolib qolishini yoxud paydo bo’lishini suratga olish maqsadida qo’llaydilar. Bunda kamerani qisqa fursatda o’chirishadi va aktyor kadrdan chiqib ketadi yoki, aksincha, unga kirib keladi. So’ngra kamerani yoqishadi va suratga olish davom etaveradi.

«Perespektiv sig’dirish» degan usul ham bag’oyat qiziqarlidir. Ikki aktyorni kameradan har xil uzoqlikda qo’yib, ulardan biri boshqasining kafti bo’ylab «sayr qilib yurishi»ga erishish ham mumkin. Mazkur usul ertak-filmlarda ko’p qo’llanadi.

Rir-proyeksiya usuli xususan ilmiy-fantastikaviy filmlarda ko’p ishlatiladi. U aktyorni suratga olish paytida oldindan suratga olingan harakatlanuvchi fon proyeksiyalangan maxsus ekran fonida qayta suratga tushirilishida mujassamlashgan. Shu yo’sin aktyorni vulqon o’pqoni bo’ylab yoki -dengiz tubi bo’ylab sayr qilishga undash mumkin.

Kombinatsiyalangan suratga olish faqatgina fantastika yoki sarguzasht filmlarda qo’llanadi, degan mulohaza mutlaqo yangilikdir. Suratga olishning maxsus turlari yordamida aktyorni rejissyorga qanday kerak bo’lsa, shunday harakatlanishga undash yoki sahnalashtirish uchun qiyin bo’lgan lavhada ishtirok etishdan xalos qilish mumkin. Masalan, o’q teshib o’tgan joylarni tasvirlovchi maxsus nakleyka-mitti yopishqoqlarni shishaga yopishtirishni qo’llash o’q «naq aktyorning qulog’i tagidan vizillab o’tadigan» otishmalarni xuddi o’zidan tasvirlashga imkon beradi.

  YIRIK PLAN NIMA?

Ehtimol, har bir odam kinoda tasvir qay tariqa e'tiborga havola etilishiga e'tibor bergan bo’lsa kerak goh: voqealar yirik planda namoyish etilib, ularning ustiga «bostirib boriladi», gohida esa yiroqdan suratga olinadi. Bu usullar operator ishi uchun majburiy amallarga aylandi.

Istalgan film bir talay — uzun va qisqa sahnalardan tarkib topadi. Ularni ssenariynavislar to’qishadi, rejissyorlar esa amalga oshirishadi. Operatorning vazifasi esa — o’ynalayotgan voqealarning eng a'lo tasviriga erishish. Buning uchun u har xil planlardan foydalanadi; goho dekoratsiyani umumiy plan bilan ko’rsatadi, gohida kinoapparatni aktyor yuziga maksimal darajada yaqinlashtiradi. Aynan shu narsa yirik plandir. Uning ko’magida biz aktyor ko’zlaridagi yoshlarni, nozik kechinmalarni umuman uning yuzida zuhur etadigan hamma narsani ko’ramiz. Tag’in bir professional termin mavjud — bu, amerikacha plan degani bo’lib, unda bosh qahramon butun bo’y -basti bilan ko’rsatiladi. Nihoyat, operator shuningdek keng qamrovli suratga olishdan va harakatlanuvchi kamera bilan suratga olish, ya'ni ustiga bostirib borishdan istifoda etadi.

Operator va rejissyor ba'zida topqirlik qilib mo’jizalarini namoyish etishadi. Kamera rels bo’ylab harakatlanayotgan aravachaga ilingan, kran xartumiga osilgan, eskalatorning harakatlanayotgan lentasiga, osma ko’prikka vertolyotga o’rnatilgan, askar qalpog’iga tangilgan bo’lishi ham mumkin.

 KASKADYOR KIM?

Filmda suratga tushayotgan aktyor u yoki bu tryuklarni, xususan, agar ular maxsus akrobatik tayyorgarlikni talab etgudek bo’lsa, ijro etishga hamisha ham qodir bo’lavermaydi. Buningdek sahnalarda aktyor o’rnida kaskadyor o’ynaydi.

Kamdan-kam aktyorlargina xavfli sahnalarda dublyorsiz suratga tushishga rozi bo’lishadi.  Chunki kino tarixi suratga olish maydonchasida sodir bo’lgan ko’pdan-ko’p baxtsiz ҳodisalarga guvohdir. Shunda kaskadyor madadga keladi. Uning qaddu basti ham taxminan aktyornikicha. U mos ravishda kiyinadi. Mabodo zarur bo’lsa, uni hatto grimlab ham qo’yishadi. Kaskadyor duelda jang qiladi, poyezddan sakraydi, boshqa xavf-xatarli vaziyatlarga tushib qoladi. Va u boshqalar singari gurralar va ko’kariqlar orttirgan hollar ham uchrab turadi. Uning kasbi-kori o’zi shunaqa-da.

 NEGA KINO VA FOTOGRAFIYA - SAN'AT?

Odatda san'at deyilganida san'atkorning eng a'lo va saqlashga arzirli sanaladigan namoyishbop yoki ovozli asarini nazarda tutishadi.

Kino va fotografiyaga kelganda esa, har ikkalasi ham tomoshabinning ularni idrok qilishda bevosita ishtirok etishini talab qiladi. Rejisyor yoki fotograf tomoshabinda taassurot uyg’otishga, uni qiziqtirib qo’yishga muyassar bo’lganidagina, u badiiy asar yaratoldi, deb dadil aytish mumkin.

Fotografiya va filmning o’ziga xosligi shundaki, ular tasvirlar silsilasi yordamida tomoshabinga san'atning boshqa turlarining qurbi yetmaydigan axborotlar hajmini shitob bilan bildirishi mumkin.

Shubhasiz, filmlar, ular oq-qora yo rangli bo’lishidan qat'i nazar, bizni fotografiyadagi muqim tasvirdan ko’ra kuchliroq hayratga solishga qodirdir. Maxsus vositalar, ovozlarni kuchaytirish yoxud pasaytirish yordamida tomoshabinda har qanday illyuziyani-maroqni qo’zg’atish mumkin. Film yoki fotografiya shunchaki bizni bo’shashishga undashi, bizni ermak qilishi, larzaga solishi yoinki mas'ul eta olishi mumkin. San'atning u turi ham, bunisi ham fikr uyg’otadi va harakatga undaydi. Nafaqat kamera, qolaversa odamzotning ko’zlari, rangi, ovozi va idroki ham mo’'jizalar yaratishi mumkin.

Binobarin fotografiya boshqa bir asosga ko’ra    ham san'at sanaladi. Lahzani tutib olar ekan, fotograf u tasvirlayotgan ob'yektdagi bag’oyat xos bo’lgan, salmoqli, muhim jihatlarni ko’rsatib beradi.

Fotografiya — bu, olamni fotograf nigohi bilan ko’rish. Rejissyor nuqtai nazari va mavqeini aks ettiruvchi kinoda ham xuddi shu narsa ro’y beradi. Shuning barobarida kinoda aktyor ahamiyatli. Chunki rejissyor tomoshabinga ko’rinmaydi, aktyor esa hamma vaqt ekranda. Ularning birlashuvidan esa kino san'atining fenomeni dunyoga keladi. Fotografiyada bu silsila nihoyatda qisqadir: tomoshabin — fotogaf. Fotografning kadr shakllantirish va uning maksimal ifodaliligiga erishish mahoratidan esa fotografiya san'ati tug’iladi. Shu bois fotografiya ham, kino san'at hisoblanadi.

 ILK FOTOGRAFIYANI KIM TAYYORLAGAN?

Odamzotning o’z tevaragida ko’rganlarini aks ettirishga urinishlariga ham bir necha yuzyillar bo’ldi. O’n birinchi asrdan boshlab to o’n yettinchi asrga qadar kamera-obskura degan moslama mavjud bo’lgan. U fotografiya kamerasining o’tmishdoshi edi. Kamera-obskura yordamida tasvir qog’ozga proyeksiyalanar, bu tasvir bo’ylab esa uning qog’ozda mukammal qayta hosil bo’lishi uchun qalam bilan hoshiyalab chiqish mumkin edi.

1802 yilda ikki ixtirochi Uejvud va Xamfri oldinga muhim qadam tashladilar. Kontakt bosma yordamida ular shishaga tushirilgan suvratlar silueti-yakrang aksini azotli kumush qoplangan qog’ozga ko’chirishga muyassar bo’lishadi. 1835 yilda esa Uilyam Talbot muntazam tasvirni hosil qilishga erishdi. Talbot birinchi bo’lib negativdan pozitiv tasvir tayyorladi, birinchi bo’lib fotobosmani ishlab chiqdi, birinchi bo’lib 1844 yilda fotografiyalar bilan bezatilgan kitobni chop ettirdi.

O’sha zamonlardan beri bu sohadagi ixtirolar va takomillashtirishlar bir-birining izini sovutmasdan paydo bo’laverdi. Dong’i ketgan «Kodak» fotokamerasi bozorda 1888 yili paydo bo’lgan. Zamonaviy fotografiya aynan shu voqeadan boshlanadi.         Fotografiyaga oid jarayonlarning aksariyati yorug’lik ta'sirida kumush nitritlarining qorayishiga asoslangan. Bu xossa esa XVII asrda oddiy metallarni oltinga aylantirish tariqalarini izlagan alkimyogarlar tomonidan kashf etilgandi.

 MULTIPLIKATSIYA NIMA?

Tomoshabin ko’z o’ngida harakatlanuvchi ilk rasmlar belgiyalik fizik J. Plato tomonidan 1832 yildayoq yaratilgan edi. U yasagan asbob-asosiy qismi bir talay rasmlarga ega gardish bo’lgan fonakistop — odamzot tanasi harakatlarining fazalarini tahlil qilib chiqish imkonini berdi.

Oradan qirq besh yil o’tgach, 1877 yilda musavvir E. Rayno uni yaratish uchun — praksinokop-ekranda harakatlanuvchi tasvirni proyeksiyalaydigan asbobdan foydalandi. Rassomning Parijdagi Greven muzeyida ishlagan «optikaviy teatr»i tomoshabinlar orasida muvaffaqiyat qozongan bo’lsa-da, baribir bir ermak sifatida qolaverdi.

Faqatgina 1905 yilda, ya'ni kino ixtiro qilinganidan 10 yil keyin, amerikalik S. Bleyekton va U. Makkey ilk daf'a rasmlarni kinoplyonkaga tushiradilar va multiplikatsion kino namunasini yaratadilar. Xo’sh, «rasmlarni jonlantirish»ning siri nimalardan iborat?

U odamzot ko’zining sekundning yigirmadan bir ulushi davomida istalgan tasvirni pardasida saqlab turish xossasiga asoslangan. Bu hodisa persistensiya yoki ko’rish taassurotlarining inersiyasi deb yuritiladi. Sekundda proyektordan 24 ta kadar o’tganligi tufayli ularning barisi ko’zlar oldida harakatlanuvchi yaxlit tasvirga aylanib ketadi. Demak, «jonlashtirish» uchun bitta va aynan o’sha ob'yektning bir talay tasvirlarini chizish kerak, ob'yekt esa ularning har birida andak boshqacharoq tasvirlanadi. Shuning uchun ham kinematografning bu turi «multiplikatsiya» deb nom olgan. Bu kalima lotinchadan tarjima qilinganida «ko’paytirish»ni anglatadi, ilk rassomlar esa aynan oldindan chizib qo’yilgan rasmlarni ko’paytirish bilan shug’ullanishgan edilar.

Keyinchalik, nainki chizilgan, qolaversa qo’g’irchoq multfilmlar paydo bo’lganida ular uchun boshqacha — «animatsiya» degan nom o’ylab topishadi. U lotincha «anima» — jon so’zidan kelib chiqadi va «jonlashtirish»ni anglatadi. Shunday bo’lsa hamki, ko’pchilikka eski va odatiy multiplikatsiya tushunchasi yaqinroqdir.

UOLT DISNEY KIM?

Bu zotning ismi-sharifini Yer kurrasining barcha go’shalarida bilishadi. Uolt Disney (1901—1966) — asarlari multiplikatsiya tarixida butun boshli davrni tashkil etuvchi amerikalik rejissyor. U ishlab chiqqan chizilgan filmlarni uzluksiz ishlab chiqarish metodi

 chorak asrdan ko’proq texnikaviy jihatdan takomilning yagona standarti hisoblab kelindi. Bu metod butun film yaratish jarayonini rassomlar katta guruhini ishga jalb etishga va hatto katta asarlar yaratishni shiddatli darajada jadallashtirishga imkon tug’diruvchi bir necha bosqichlarga ajratishga asoslanadi. Qizig’i shundaki, dastlabki kartinalar — «Ali-sa mo'jizalar mamlakatida» va «Osvald — quvnoq quyoncha» — muallifga omad keltirmaydi, ammo uning yangi personaji — Mikki Maus degan sichqonvoy — birdaniga mashhur bo’lib ketadi.

Disney chizilgan filmda asosiysi xatti-harakatlar emas, balki qahramon ruhining timsoli deb hisoblagan. Shu boisdan uning filmlaridagi qahramonlar insonga xos jihatlar — mimika, ovoz, o’ziga xos imo-ishora bilan quvvatlantirilgandir. O’z personajlarini yaratishda filmlar muallifi odatda nafaqat hayvonlarning hatti-harakatlarini ipidan-ignasigacha o’rganishadi, qolaversa «aktyorlar»dan odamzotning turli holatlari — u qanday ko’zyosh to’kishi, kulishi, g’am chekishini «namoyish etish»ni ham iltimos qilishadi.

Disney kartinalarini ishlab chiqarish maqsadida 1939 yili maxsus kinostudiya tuzadi. Disneylend — Disney tomonidan Kaliforniyada yaratilgan ulkan bolalar ko’ngilochar parkining mashhurligi ham yaratuvchisinikidan aslo qolishmaydi. Uning o’xshashlari tez orada bir talay mamlakatlarda qad rostladi. Yaqin orada Rossiya ham o’zining mo'jizalar bog’iga ega bo’ladi. O’zbekiston poytaxti Toshkentda bunday bog’ ishga tushganiga bir necha yil bo’ldi.


Orqaga qaytish