Mashxur shaxslar

5531 marta o'qildi
Botir Zokirov hayoti

Botir Zokirov!... Qiyosi yo‘q va hech qachon bo‘linmaydigan, yaxlit olam... Qaniydi san'atkorning haqiqat ro‘parasida qanchalik xoksor bo‘lsa, jaholat qarshisida o‘shanchalik mag‘rur qalbini tushunolsang... Xayolparast "Kichkina shahzoda"cining orzularini, dardlarini his qilgan ko‘ngli haqida o‘ylab, unga hech qachon xiyonat qilmagan,

Botir Zokirov!... Qiyosi yo‘q va hech qachon bo‘linmaydigan, yaxlit olam... Qaniydi san'atkorning haqiqat ro‘parasida qanchalik xoksor bo‘lsa, jaholat qarshisida o‘shanchalik mag‘rur qalbini tushunolsang... Xayolparast "Kichkina shahzoda"cining orzularini, dardlarini his qilgan ko‘ngli haqida o‘ylab, unga hech qachon xiyonat qilmagan, har qanday og‘ir daqiqalarda ham uni tark etmagan, hech kimnikiga o‘xshamagan yuragiga quloq solgim keladi.

Negaki, uning bu Yuragi menga hamisha baland dor ustida muallaq turgan dorboz qismatini eslatadi. Jamiyatning ming bir paykonlari avvalo shu yurakda aks-sado berib, o‘z og‘riqlari bilan tirnab o‘tadi.

Uning qo‘shiqlarini tinglaganda ruhiyatimda ajib bir o‘zgarishlarni his qilaman. Go‘yoki, ruh qanot qoqib tor vujudni tark etgancha yuksaklarga parvoz etayotgandek bo‘ladi. Beixtiyor o‘zingni boshqa dunyoda his qilasan. Shunday lahzalardagina men uchun hayot o‘zining betidagi qalin chimmatini ko‘tarib bor go‘zalligini namoyish etadigandek. Menimcha, qiymalanib ketgan yurakkina haqiqiy san'atkorning qismatini anglashga qodir. Nazarimda, san'atkor hayoti zaminga faqat go‘zallik izlab yashash uchun haydalgan buyuk qul taqdiriga o‘xshaydi. U bir umr go‘zallik ro‘parasida tiz cho‘kib "mana shu baxtni menga bering" deb yalinayotgan Inson. Bu damdan sarxush bo‘lgan, bebaho lahzalarning guvohiga aylangan odam beixtiyor o‘zini o‘rab turgan borliqdan-da baland bo‘lgan boshqa bir olam - Ulug‘ Haqiqat borligini eslaydi. Va cheksiz azob bilan qo‘msaydi. Go‘zallik sari intilishdan tug‘ilgan tuyg‘ular qalbni so‘zsiz ibodatga keltirib, o‘zligingni anglatgandagina San'at atalmish buyuk ezgulik Inson qavmiga tushunarli bo‘ladi. Chunki "Cho‘li iroq" kuyi, Betxoven musiqalari, Jo Dassen yoki Botir Zokirov qo‘shiqlarini o‘zbek, frantsuz yoki nemis bo‘lib eshitmaysan. San'atkor yuragidagi dardlaridan tomchi-tomchi siqib asarlariga qo‘sharkan, ularni umuminsoniyat dardiga aylantiradi. Uning nolasi dunyoning yetti burchagiga aks-sado berganligi uchun ham, asrlar davomida odamzot San'atkor qiyofasida o‘zining birodarini, qisamatdoshini ko‘rib keladi. Tabiiyki bu jarayonda, millat degan azaliy tushuncha ham San'at - Go‘zallikning qudrati oldida o‘z-o‘zidan chekinadi. Bunda til xalqlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamaganidek, qalblar uchun ham to‘siq bo‘la olmaydi. Bu ohanglar ta'sirida olam bilan mutlaqo aloqasi bo‘lmagan olamdan-da balandroq bo‘lgan ajib his - hayratning asiriga aylanasan.

Hayrat - samimiyatning, his-hayajonning eng oliy nuqtaga ko‘tarilishi. Ta'bir joiz bo‘lsa, go‘zallik bilan go‘zallikning visoli, tuyg‘ular, iztiroblar uyg‘unligi. Hayrat tufayligina "inson o‘zining bir vaqtlar naqadar yuksaklikdan qulaganini", o‘sha ilk "mash'um gunoh" hamisha ta'qib etib kelayotganini, aslida o‘zining samo farzandi ekanligini idrok etadi.

Gohida biror-bir she'r yoki qo‘shiq tinglaganimizda hammasi joyidadek, so‘zlar, musiqa, ovoz, tajriba bor, lekin nimadir yetishmaydi. U sizning yuragingizga yetib kelmaydi. Ruh joyidan "qilt" etmaydi. Nari borsa, o‘sha lahzada shunchaki, zavqlanarsan. Hayratdan, ehtirosdan asar ham yo‘q. Yurak sezilmaydi. U tark etib ketgan. Nega bunday? Hayrat yillar davomida o‘rganiladigan yoki o‘zlashtiriladigan narsa emas, aksincha u, loqayd lahzalar evaziga boy berilishi mumkin. Axir bola qalbining o‘zi olam-olam his-hayajon-ku! U qachon odamni tark etadi? Qachonki yuragingga qarshi borganingda. Bir necha bor yuragimizga qarshi borish natijasida u bizdan voz kechadi. Farovon turmush ilinjida, davrning tabiatimizga, aslimizga yot bo‘lgan talablari bilan murosa qilmoqchi bo‘lamiz, shunda yurak bizdan qanday yuz o‘girganini bilmay qolamiz. Bundan ko‘proq olamning tayanchiga aylanayozgan qadriyatlar ozor chekadi. Xiyonatlar avvalida, ya'ni ildizida insonning o‘z-o‘ziga, yuragiga xiyonati yotadi.

Kimlardir baland tuyg‘ular, orzular bilan san'at olamiga kirib keladi... Lekin o‘z o‘rnini topish maqsadida xudo bergan iste'dodni suiiste'mol qila boshlaydi. Mana shu yerdan ularning baxtsizligi boshlanadi. Chunki barcha sa'y-harakatlar kimlarningdir nazariga tushishga qaratiladi. "Shundan o‘tib olsam bo‘ldi, yana hammasi ilgarigidek o‘z o‘rniga tushib ketadi. Bundan osmon uzilib yerga tushmaydi. Har kim o‘zi uchun kurashishi kerak-ku, axir". Fojia shundaki, ular ruhni bir muddatga o‘ldirib bo‘lsa-da, shamollarga dosh berolmaydigan jamiyatdagi yaltiroq mavqeini tiklamoqchi bo‘lishadi, afsuski, ruh faqat bir muddatgagina tark etishga ojiz... Har qanday mahorat ham huvillab yotgan bu bo‘shliqning o‘rnini to‘ldira olmaydi.

Boshqalarni esa tantiq xohishlar boshqararkan. Bundaylar asosan sahnani namoyish maydoni deb bilishadi. Bora-bora namoyish maydonidan kurash maydoniga aylantirishadi. Bu jarayonda odamlar tabiati majruhlanadi. Ular odamzot tuyg‘ularini tutday to‘kkanlaridek, yillar shamoli ham ularning hammasini yer yuzidan supurib tashlaydi. Bundaylar uchun san'at lahzalik kayfiyat, ko‘ngilxushlik xolos. Mavlono Rumiyning "Musiqiy xotin kishiga o‘xshaydi. Uni cho‘ri deb istifoda etarkansan, o‘zingda insonni uxlatib, hayvonni uyg‘otasan" degan hikmati aynan shularga tegishlidek.

 Mana shu ulug‘ haqiqatni unutmagan bizning san'atkorimiz Botir Zokirov uchun esa san'at qismat edi. Bunday zotlar asrlar davomida bir keladi. o‘sha bir kelganida insoniyatning madaniy taraqqiyotida o‘z muhrini bosib ketishga ulguradi. Afsuski, bu borliq ko‘proq ularning iztiroblaridan, ko‘z yoshlaridan oziqlanarkan, yutarkan. Botir Zokirovni bedavo dard bolalik dunyosi hali tark etib ulgurmagan palladan umrining oxirigacha, ya'ni o‘ttiz besh yil ta'qib etdi. Butun umr og‘riqlarni yengib kuylagani uning muhiblari uchun sir emas. Nafaqat tanadagi sanchiqlar, balki jamiyat jarohatlari va odamlarning didsizligi ham uni qiynar, bulardan o‘zini yolg‘iz his etar, lekin bu holatlarning bari, ko‘zlar qorong‘ulikdagina o‘tkirlashganidek, uning shuurini yanada yoritardi. Shular haqida o‘ylarkanman beixtiyor dunyoni qutarishni go‘zallikka yuklagan Dostoevskiyning "Keng fikrli, qalbi teran odamlar uchun azob va dard chekish shart doimo. Menimcha, chinakam buyuk odamlar yorug‘ dunyoga kelib ulug‘ bir azob tuysalar ajabmas", deb yozgan haqiqati yodimga tushadi. Balki o‘zi hamisha azob bilan aytgan, qatlga olib ketilayotgan oshiqning so‘nggi vidosi - "Marobebus" ("Vido bo‘sasi") yoki hijron qo‘shig‘i "Ey, sarbon"ni tinglayotganlar orasidan ma'nosiz, hissiz nigohlarni ko‘rib qolishdan cho‘chib, sahnadan pastga qarashga yuragi dov bermay yashaganining sababi shundandir. Nainki san'at balki umri davomida johillik bilan to‘qnashib yashash ham uning zamindagi yozug‘iga aylangan ekan. Millat madaniyatini jahonga tanitish maqsadida ne-ne mashaqqatlar, yo‘qotishlar evaziga tashkil qilgan, o‘zga yurtlarda qadrlanib, o‘z yurtida yetarlicha qadr topmagan, san'atkor orzularining in'ikosi "Myuzik xoll"ning tarqalib ketishi uning uchun taqdirning yana bir shafqatsiz sinovi edi. Mamlakat jilovini qo‘lida tutgan nufuzlardan birining bebosh nafsi san'atkor orzularining sarobga aylanishiga sabab bo‘ladi.

...Botir Zokirov shuning uchun ham hech qachon bo‘linmaydigan, qiyosi yo‘q bus-butun olamki, san'atkor sifatidagi mavqeini deb, insonlik a'molidan, o‘zligidan, e'tiqodidan voz kecholmasdi. Badiiy rahbar sifatida u uchun guruhidagi ayollar shunchaki ijrochi emas, o‘z taqdiriga ega shaxs bo‘lganligi uchun ham ishdagi umumiy manfaatlarni deb ularning tuyg‘ularini ermak qilishlariga befarq qaray olmas edi. Aynan mana shu jarayonda yayov yurganidan tovonlari shilinib ketgan ShAXSning tog‘dek g‘ururi bilan ot ustida turgan, ko‘zlarini shira bosgan o‘tkinchi kimsaning ochko‘z mayli to‘qnashadi. Bunaqa bema'ni to‘qnashuvlar uni shaxs sifatida harqancha toblamasin, u oddiy inson sifatida ko‘p azob chekar, toliqib ketgan shikasta vujudning dosh berishi esa hamisha qiyin kechardi... o‘zining ahmoqona "men"idan bir barmoq bo‘lsa-da ko‘tarila olmaydigan nufuzlar San'atkor tuyg‘ularini hazm qila olmasa-da ularning xohishi uchun u o‘zining bebaho Yuragiga oyoq bosolmasdi.

Bashariyat tarixining guvohlik berishicha, bunday Insonlar bu dunyoga nima uchun kelganlarini turfa tikanlaru, do‘ngliklardan iborat qisqa umridayoq isbotlab, insoniyatga o‘z qo‘shig‘ini qoldirib ketisharkan. ... Motsart, Betxoven, Jo Dassen, Visotskiy, Botir Zokirov... Bu nomlar ortida millatlar kechmishi, xalqlarning muvaffaqiyatlari bilan birgalikda, afsuski, mag‘lubiyatlari ham yotadi. Shuning uchun ham ular adog‘i yo‘q bu telba olamning sho‘rlik arzandasiga aylanib bo‘lishgan. Qo‘shiqchining bu olamga bo‘lgan cheksiz ehtiromi-yu, unga aytadigan dardlarini yuragidan faqat so‘zlargina olib chiqa olardi. Shu bois ham har bir so‘z unga qo‘shiq qalbini yanada chuqurroq ochishga yordam bergan. Men ham xonanda qalbiga yetishishim uchun uning kundaligidagi qaydlarni o‘qib o‘zimdan o‘tkaza boshlayman. "Teatr direktori mening ishimdagi eng muhim narsa moliyaviy ishlab chiqarish ekanligiga ishontirdi. "Nimani va qanday kuylashingdan qat'i nazar, nima qilib bo‘lsa-da rejani bajar. Boshqa yo‘l yo‘q". Bir narsani tushunolmayman qanday qilib rejali xo‘jalik va san'atni qovushtirish mumkin. Bu ikkovi mutlaqo farqli tushuncha, hech qachon bir-biriga yaqinlasha olmaydi". Yoki "Hukumat dala hovlisida: idish- tovoqlarning taraqlashi va chapillashlar orasida Navoiy, Pushkin she'rlariga bag‘ishlangan musiqa oqadi. Men shu paytgacha hech qachon o‘zimni xo‘rlangan his qilmagan edim. Ey, xudoyim, naqadar yovvoyilik va madaniyatsizlik... Kimdir pishillagancha tovuqning oyog‘ini chaynab o‘tirgan bo‘lsa, qanday qilib qo‘shiq aytish mumkin. Men loqaydlikning o‘tib bo‘lmas devoriga o‘zimni urayapman".

San'atkorni, o‘zimcha, bugunning nafasi bilan uqiy boshlayman. To‘yu bazmu jamshidlar omma yig‘iladigan joy. Istaysanmi-yo‘qmi sarxush olomonning kayfiyati bilan hisoblashasan, murosa qilasan. Xonandaning chakkasiga turli qo‘llar tegib, cho‘ntagiga kirganidan san'atning siri ochilib, jozibasiga shikast yetib, bor hayratni sezdirmasdan yemira boshlaydi. Omma hofizning emas, hofiz ularning childirmasiga "birrov"ga bo‘lsa-da o‘ynashga mahkum. Achchiq haqiqat shuki, ashulachi u davrada san'atkor ham emas. Axir bunaqa tomoshalar qanchadan-qancha iste'dodlarni mahv etib kelmayaptimi?! Botir Zokirovdagi madaniy aslzodalik hatto ovqatlanayotgan mahalda ham kuylashga yo‘l qo‘ymaydi. Mulohazalarimni ayni paytda jiddiy xonanda sifatida nihoyatda mashhur, hatto Mashrab ijodiga murojaat qilib turadigan estrada yo‘nali­shidagi qo‘shiqchiga aytganimda u "Hozir jahon yulduzlari ham to‘yga chiqyapti. Botir Zokirov boshqa davrning farzandi, shuning uchun ham uning qarashlari o‘zgacha. Davrlar o‘zgarib ketdi. Qarashlar ham. Bugun xonanda to‘yga chiqmasa, katta sahnaga ham chiqa olmaydi. Holbuki, hammasi san'atkorning o‘ziga bog‘liq. Shunday qilingki, odamlar beixtiyor qo‘lidagi qoshiqni stol ustiga qo‘yishsin. Aksincha to‘ylar artistni charxlaydi", deb javob berdi. o‘zini san'atkorman deya "ijod mashaqqatlari"dan gapirayotgan bugungi ashulachilarning repertuari asosan to‘y qo‘shiqlaridan iborat ekanligining sababi ham shunda bo‘lsa kerak. Uning gaplarini so‘zma-so‘z tahlil qilmoqchi emasman, lekin bir haqiqatni bilamanki, Botir Zokirov qo‘shiqlari ommaning shovqini yetadigan joylardan ancha balandda... Na "Arab tangosi"ni, na "Ra'no"ni va na "Majnun monologi" yoki deyarli umr shomida kuylagan "Xayolimda bo‘lding uzun kun"ni birortasini shovqin surondan iborat, mast davralarda tinglab bo‘ladi. Nainki, bazmlarda hattoki yo‘l-yo‘lakay, shunchaki eshitish ham bu qo‘shiqlarni, undagi tuyg‘ularni uvol qilishdir. Axir ularda shaffof yurakning nidosi, chinqirig‘i bor.

Balki davrlar tufayli qarashlar ham o‘zgarar, lekin asrlar davomida olamning mehvarini o‘z haqiqati bilan ushlab kelayotgan shunday qadriyatlar borki, hatto zamonlar to‘foni ular oldida ojiz. Mana shular tufayligina abadiyat dengizi hech qachon to‘xtab qolmaydi. Shulargina azim va asov daryolarning asl o‘zani qaerdaligini eslatib turadi. Botir Zokirov fenomeni kattalashgandan kattalashib faqat orzu bo‘lib qolishining, qo‘shiqlari sog‘inchli armonga aylanishining sirini shunda deb o‘ylayman.

 Bertold Brext dramaturgiyasini doimo kuzatib, unga tegishli asarlarni mutolaa qilib yuradigan xonanda rejissyorlarning sahnalashtirish uchun jiddiy asarlar yo‘q degan bahonasini tushunmas edi. Vaholanki dramaturg o‘z asarlarida katta maqsadlar bo‘lmagan davrda katta san'at ham yaratib bo‘lmaydi degan katta haqiqatni aytib ketgan. Ya'ni maqsadlar maydalashgan sari, san'atning ham bachkanalashib borishini tabiiy hol deb qaragan ekan. Nazarimda, bugun san'atkorlik da'vosida yurgan, dunyoni faqat manfaatlar-u bilakdagi kuchlar boshqarishiga astoydil ishonayotgan "shou biznes" atalmish shafqatsiz o‘yinning ijrochilaridan, aniqrog‘i qurollaridan hayrat kutishning o‘zida mantiqsizlik yotadigandek. Axir, ularning o‘zi bu olamning asosida muhabbat yotishiga shubha bilan qarashadi-ku. Tabiiyki, bu holatlarda ommaning qichqirig‘idan, behayo hushtaklaridan bir zum bo‘lsa-da ozod bo‘la olmaysan. Shunday paytlarda San'atkorimizning bu g‘ala-g‘ovur telba dunyoning tomoshabiniga yoki ishtirokchisiga aylanmasdan erta tark etganining o‘zida ham qandaydir sirli hikmat bordek tuyuladi. Bu ham bir Uni ayash maqsadida Ollohning sevgan va nochor bandasiga bergan so‘nggi imkonidir. Afsuski, ko‘hna sharq hikmatlarida aytilganidek, nayning dilo‘rtar ovozi ko‘pincha do‘mbiraning shovquni ostida qolib ketarkan.

Yuragidagi qaynoq haroratini ohanglarga ko‘chirgan qo‘shiqchimning surati... Parishon sochlar... Keng peshona ostidan chaqnab turgan hayrat to‘la nigohiga singib ketaman. Bu tim qora katta ko‘zlar olamga shu qadar katta muhabbat bilan tikiladiki, "hay-hay" demasang dunyoni ko‘zlari bilan quchoqlab olsa. o‘zi hayratlangan bu hayotga nainki qo‘shiqlari, balki ko‘zlari bilan ham hayrat ulashmoqchi bo‘ladi. U Vatanini ham mana shu tiyrak nigohi bilan, ko‘zlarini katta-katta ochgancha dard bilan sevdi. Chunki U yumilgan ko‘z bilan Vatanni sevib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Vladimir Visotskiy va Iosif Kobzon uning qadrdonlari edi. Ular bir-birini tushunishardi. Lekin u do‘stlaridan farqli o‘laroq na saroy qo‘shiqchisi bo‘la oldi, na bo‘g‘zini yirtgancha qo‘shiqlari orqali isyon qila oldi. U faqat "Qaydasan baxt, qayda sening yorug‘ qiyofang?" deya baxt haqida, Inson haqida yonib kuyladi. Vujudi cho‘g‘ga aylangacha, yuragini ayamasdan kuyladi. o‘zining millatdoshlarini ulug‘ millat vakili sifatida ko‘rgisi kelardi. Shuning uchun ham "Mening mamlakatim o‘zining bir tusdagi musiqasi bilan naqadar kambag‘al. Yoki uni tushunmagan bizlar qashshoqmizmi? Millatidan qat'iy nazar har qanday odamga tushunarli bo‘lgan qo‘shiqlar xazinasining kalitini qaerdan topsam bo‘ladi" deb izlandi. Va mana shu kalitni topish yo‘lida, katta-kichik qulflarga duch kelaverganidan "... Men ularga toqat qilolmayman, hatto salom-alik qilishni ham xohlamayman. Axir bu amaldorlarning kaltabinligi, o‘tmas didi, ma'lum bir darajaga ko‘tariladi, mezonga aylanadi. O, bu qanday notavonlik... Lekin shunday bo‘lsa-da Ikromdan (kompazitor Akbarov- I.Q.) farqli ravishda, respublikadan ketish niyatim yo‘q, kuchim sabr-toqatim, asablarim qanchaga dosh berguncha, o‘zimning ishimni qilaveraman", deb iztirob chekkancha Yuragi yetaklagan yo‘ldan ketdi.

 San'atkorning go‘zal shaxsiyati bilan bog‘liq xayollarim hamrohligida yo‘lga otlanarkanman ko‘zim kattakon afishadagi yana bir ko‘zga tushadi. Biroq bu men uchun mutlaqo begona, o‘gay ko‘z. U olamga shu qadar alam, qahr bilan hayosizlarcha sanchilib qaraydiki, beixtiyor yuraging orqaga tortib ketadi. Qo‘yib bersang dunyoni ertaklardagi yalmog‘iz kampirdek ikki yamlab bir yutsa... Yo‘q, bu ayanchli ko‘zlar, vayrona qalb bilan qo‘shiq aytib bo‘lmaydi. Bu ko‘zlar bilan Inson haqida, uning orzulari haqida kuylash gunoh... Faqat bu ko‘zlar bilan odamlarni aldash, chalg‘itish va tuyg‘ularni tahqirlash mumkin. Albatta bu mening shaxsiy fikrim. Lekin menga mana shu haqiqatni men tanigan bebaho Botir Zokirovning boy dunyosi anglatdi.

"Sehrli musiqani tinglab o‘zingni nechanchi osmonda his etasan. Alam va og‘riqlardan nishon ham yo‘q, faqat va faqat ohanglar, ohanglar, ohanglar... Ular qanotingga aylanadi va seni zamin bo‘ylab shafaqning zarhal ipi cho‘zilib ketgan ufqqa qarab olib ketadi. Ohanglar uchar qushlar misoli seni yuksak-yuksaklarga, oftob sari eltadi. Mana sen uning issig‘ini, yorug‘ini his etyapsan. Ko‘nglingdagi barcha kirlar, g‘uborlar ko‘tarilib ketgan... Alamlar va og‘riqlar ushbu bepoyonlikka singib ketgan. Mana birdan skripka yig‘lab yubordi va sen ko‘zlaringdan sizayotgan yoshni sezasan. U ko‘nglingning shunday teranliklarida tug‘iladiki, sen bularni shu kungacha xayolingga ham keltirmagansan. Shoir "G‘amim mening yorug‘", deb aniq aytganidek ifodalay olmaysan".

 Uning dardlaridan yana biri shundaki, o‘zi ko‘zlagan manzilga yeta olmasligini hamisha his qilib turardi. "Bugun "Alisher Navoiy" spektaklini tomosha qildim va yana hayotdan mening maqsadim nima degan savol ustida o‘ylab qoldim. Hammasining maqsadsiz va ma'nisizligi to‘g‘risida o‘ylay boshlasam qo‘rqib ketaman. Kuylash - qo‘shiqlar. Axir ular ertasi kuniyoq unutiladi-ku. Xo‘sh, mendan keyin odamlarga nima qoladi? o‘zingdan odamlar uchun juda kerakli narsa qoldirish uchun nima qilish zarur. Mana men uchun ulkan va yechib bo‘lmas savollar..." U "odamlarga nima qoldirishim mumkin" deb iztirob chekadi. Betxoven dahosidan xabardor inson uning "Haqiqiy san'atkor mag‘rurlikdan nari turadi, chunki u san'atning cheksizligini ko‘rib turadi... maqsadi juda uzoqligini his qiladi" degan iqrorini eslasa san'atkor og‘riqlarini, o‘zidan ko‘ngli to‘lmasligining sababini tushunadi. Shuning uchun ham san'atkor faqat shu olamninggina farzandi bo‘lib qololmaydi.

Botir Zokirov qisqa umri bilan Inson ruhiyatining chek-chegarasi yo‘qligini, xasta vujud ozod va isyonkor Ruh uchun qafas bo‘la olmasligini, talant ma'lum bir qarichchalar bilangina baholanmasligini, o‘lchanmasligini, haqiqiy iste'dod zamonaning turli qoliplariga sig‘ib, moslashib keta olmasligini isbotladi. Va kelajakka butun dunyo qurbon bo‘lishga arziydigan ulkan Yurakni meros qoldirdi. Bu Yurak uning qo‘shiqlarida, chizgan suratlarida, she'r-hikoyalarida va kundaligida, tarjimalari-yu kinotasmalarda muhrlanib qolgan qiyofasida aks etgan.


Orqaga qaytish