Hikoyalar

5329 marta o'qildi
Hasan bilan Husan haqida hikoya

Hasan bilan Husan bir-biriga shunday o‘xshashki, qaysi biri Hasan, qaysi biri Husan ekanini ajratish qiyin edi. Ular bir xilda kiyinib, hammavaqt birga yurardilar. Qishloqda yashovchi qari bobosi ham ularni bir-biridan ajratolmasdi.

Hasan bilan Husan bir-biriga shunday o‘xshashki, qaysi biri Hasan, qaysi biri Husan ekanini ajratish qiyin edi. Ular bir xilda kiyinib, hammavaqt birga yurardilar. Qishloqda yashovchi qari bobosi ham ularni bir-biridan ajratolmasdi. Ko‘pincha Hasan degani Husan, Husan degani Hasan bo‘lib chiqardi. Shunda bobo ham, nevaralar ham toza kulishardi.

Bir kuni keksa bobo shaharga mehmon bo‘lib keldi-da, sevikli nevaralarini ikki tizzasiga o‘tqazib, qiziq ertak aytib berdi. Ertasiga nevaralarini qishloqqa olib ketmoqchi bo‘ldi.

– Mana endi egizaklarning otlarini aytishda yanglishmaysiz, – dedi ularning onasi.

Hasan bilan Husan issiq kiyinib, qishloqqa jo‘nadilar.

Erta bilan bobo yuz-qo‘lini yuvdi. Undan so‘ng bir nevarasi ham yugurib borib, yuz-qo‘lini yuvdi. Ikkinchi nevarasi erinib, pechka yonida o‘tiraverdi.

– Borib yuzingni yuv, bolam! – dedi bobo.

– E, e... – dedi u erinib.

  U yuzini o‘zi yuvmaydi, har kuni oyim yuvib qo‘yadilar. Shunda ham yig‘laydi, – dedi birinchi nevara.

– Sen Hasanmiding yoki Husanmi? – deb so‘radi bobo.

– Men Hasanman, – dedi nevara.

Nonushtadan so‘ng bobo uzun chakmonini kiyib: “Qani, nevaralarim, dalaga chiqib, g‘o‘zapoya olib kelaylik, ovqatimiz ham pishadi, oyog‘imizning chigili ham yoziladi”, – dedi.

– Men bormayman, – dedi birinchi nevara.

– Men boraman, – dedi ikkinchisi.

– Sen Hasanmiding yoki Husan? – deb so‘radi bobo.

– Men Hasanman, – dedi nevara.

Lekin Husanning bobosidan ajralib qolgisi kelmadi. U erinchoqlik bilan o‘rnidan turdi-da, ular bilan birga dalaga ketdi.

Uzun dala  yo‘li. Boboning ko‘zi yo‘l o‘rtasida yotgan toshga tushdi. Bir qadam oldinda ketayotib, nevara tosh ustidan xatladi-da, yana yo‘lida davom etaverdi. Ikkinchi nevara toshni yo‘l chetiga olib tashladi.

– Sen Hasanmiding yoki Husan? – deb so‘radi uni kuzatib turgan bobo.

– Men Hasanman, – dedi nevara.

Dalaga yetishdi. Katta maydonning bir chekkasida g‘o‘zapoya uyib qo‘yilgan. Bobo yerdagi g‘o‘zapoyalardan uch-to‘rt bog‘ to‘plab, bolalarga ko‘rsatdi-da:

– Polvonlarim, sizlar anavi g‘o‘zapoyalarni yig‘ishtirib bir yerga to‘plab turinglar. Men borib, oshnamning ot-aravasini olib kelaman, – deb jo‘nab ketdi.

Hasan shu damning o‘zidayoq bir chekkadan tushib, g‘o‘zapoyani tashiy boshladi. Husan esa turgan yerida g‘o‘dayib turaverdi.

Hasan g‘ayrat bilan ishga kirishib ketdi. Husan bo‘lsa  indamay o‘tiraverdi. Izg‘irin ikki yuzini ko‘kartirdi, u sovqotib, qaltiradi. U yana o‘rnidan turib, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi, yoqasini ko‘tarib, quloqlarini berkitdi.  Hasan bo‘lsa qip-qizarib g‘o‘zapoya yig‘ardi. U sovqotmasdi.

Bir muddat o‘tgach, keksa bobo ot-aravani yetaklab keldi. U to‘plangan g‘o‘zapoyalarga, undan so‘ng qip-qizarib ishlayotgan nevarasiga qarab xursand bo‘lib ketdi. Unga: “Balli, azamat”, – dedi.

– Sen Hasanmiding yoki Husan? – deb so‘radi bobo.

– Men Hasanman, – dedi nevara.

– Ha, aytgandek, sen Hasansan, – dedi bobo, – men seni endi yaxshi tanib oldim. Bundan keyin yanglishmayman.

MIRMUHSIN

“G`uncha” jurnali. 2013.2.

Chaqirilmagan tumov

Tashqarida qor bilan yomg‘ir bir-biriga gal bermay, yog‘ib tursa, quvonib ketaman. Erta tongdan bog‘cha yoki maktabga yo‘l olgan bolalarning ust-boshiga qarayman. Boshiga qalpoq kiymaganining oldiga yaqin boraman. Qorni uyumlab og‘ziga solganni ichiga kirib olamanu, tomoshani boshlayman. Avval  tomog‘i, qulog‘i, tishini og‘ritaman. Keyin olov puflab, issig‘ini chiqaraman. Har yo‘talib, aksirganda, barakalla! Yashavor! deb qo‘yaman.  Aqli kirib, o‘zini ehtiyotlashni o‘rganmaguncha, tazirini beraman. Muolajja ignasini jonimni og‘ritib, meni haydab solmaguncha, quloqsiz bolakaylarning ichida shodon yashayveraman. O‘tgan hafta Erkatoyning ichiga kirib oldim. O‘zi ham zo‘r bola ekan-da. Onasining so‘ziga kirmadi. Shifokor yozib bergan xap-dorilarni vaqtida ichmadi. O‘jarligidan quvonib,  o‘z yo‘limga sola boshladim:

–  Dori berishsa, ichmayman, deb xarhasha qil, hammaning e’tibori senda bo‘ladi. Igna sanchishmoqchi bo‘lsa, jim turma, qattiq yig‘la, shifokor yomon bola ekan deb, igna sanchishdan voz kechadi – dedim. Erkatoy ham so‘zimni erda qoldirmadi. Shundanmi, bir-ikki hafta o‘tsa ham-ki, tuzalmadi. Holdan toygan onasi oxiri tez yordamni chaqirdi. Issig‘ini o‘lchab, Erkatoyni kasalxonaga olib ketishdi. Shifoxonalarni yomon ko‘ramanda. Erkatoyga igna sanchganlarida jonim og‘rib ketdi.  Xayriyat-ki, u yerdan arang qochib qutildim.

  Gapga kirmaydigan, biror “quloqsiz”ni topmasam bo‘lmaydi.

Hayolidan shunday o‘ylar kechgancha, u ko‘chada bir o‘zi qolib ketdi. Hech bir bolani kasal qila olmaganidan qattiq jahli chiqdi.

  Ayting-chi, bolajonlar,   nimaga Tumov yovuz niyatiga yetolmadi?

 Dilfuza KAMOLJONOVA

“G`uncha” jurnali. 2012.- 2.




Orqaga qaytish