Hikoyalar

5535 marta o'qildi
Qushcha haqida ajoyib hikoya

 Bolalar ko‘chada o‘ynayotib bir qushni topib olishdi. Jonivor kasalmidi yoki boshiga bir kulfat tushganmidi – harqalay yoniga yaqinlashgan sharpani sezsa ham qochishga intilmadi. Ko‘ksini yerga bosgancha og‘ir-og‘ir nafas olib yotaverdi.

 Bolalar ko‘chada o‘ynayotib bir qushni topib olishdi. Jonivor kasalmidi yoki boshiga bir kulfat tushganmidi – harqalay yoniga yaqinlashgan sharpani sezsa ham qochishga intilmadi. Ko‘ksini yerga bosgancha og‘ir-og‘ir nafas olib yotaverdi. Kattalarning yordamisiz tirik qushni qo‘lga kiritganidan xursand bo‘lib ketgan bolakaylar qushni avaylab uyga olib kelishdi. Darrov og‘ziga suv bilan non tutishdi. Ammo qush xuddi arazlagandek ko‘zlarini yumib, yemishga qaramadi.

Bolalar qushga atab yog‘och siniqlari, karton va simdan kichkinagina qafas yasashdi. Qushcha yangi uyasiga hadeganda ko‘nikavermadi. Oradan bir-ikki kun o‘tgandan keyingina u ancha-muncha don-dun cho‘qilaydigan bo‘ldi. Ammo o‘jarligi-yovvoyiligi qolmadi. Tor qafas simlariga o‘zini urib, tinimsiz tipirchilar, axiyri charchab, nozik tumshuqchasini patlari orasiga yashirgancha halloslab qolar edi. Shunday mahalda bolalar qushga rahm qilgandek uni qafasdan olib, boshini silashar, ochiqib qolgandir deb og‘zini majburan ochib, don tiqishar, suv tomizishar edi.

– Qushni behuda qiynayapsizlar, endi qo‘yvoraqolinglar, – derdi oyisi ularni koyib. Ammo bolalar asosiy ermak – ovunchoqlaridan ajralgisi kelmas edi.
Bir kuni ertalab bolalar odatdagidek qafasdan xabar olishdi. U yerda kutilmagan manzarani ko‘rib, hayron bo‘lishdi. Qushcha, oyog‘i osmonda, qafasning bir chetida tek qotib yotgan edi. Bolalar qushimiz uxlab qolgandir deb o‘ylashdi va uni uyg‘otish uchun chapak chalib, shovqin solishdi, turtib ham ko‘rishdi, ammo qushcha baribir qimirlamadi.
– Qani, nonushtaga kelmaysizlarmi? – ichkaridan oyilari chaqirib qoldi. Bolalar esa xuddi sehrlangandek, qafasdan ko‘z uzmay, mung‘ayib turaverishdi. Ona noiloj o‘zi ayvonga chiqdi-yu qafasni ko‘rib, hammasiga tushundi. Afsus bilan bosh chayqab qo‘ydi.
– Qushinglar... o‘lib qopti, – dedi u sekingina. – Gapimga ko‘nmadinglar, mana oqibati. Mayli, endi foydasi yo‘q, ovqatinglar sovumasin, yura qolinglar.
Bolalarning  ko‘ngliga ovqat sig‘masdi. Ular hafa bo‘lib, boshlarini quyi solishdi. Kichkintoy Anora esa qushchaga qarab turib yig‘lab yubordi.

– Qushimiz nega o‘lib qoldiykin, oyi? – deb so‘radi bolalarning kattasi  Azamat.
– Xuddi shu savolni sizlarga men bermoqchi edim, – dedi ona. – Xo‘sh, o‘zinglar aytinglarchi, qush nega o‘ldi?

Bolalar bunday savolni kutishmagan edi. Ular goh jonsiz qushga, goh oyilariga mo‘ltirab tikilgancha jimib qolishdi.

– Qushinglar o‘z-o‘zidan o‘lib qolmagandir, – dedi ona. – Bu – fojea. Fojeaning esa biron sababi bo‘lishi kerak. Qani, har kim o‘z fikrini aytsinchi!
– Qafas torlik qildi, shuning uchun ham qush o‘lib qoldi, – dedi Azamat.
– Xo‘sh, sen nima deysan, Alisher? – ona ikkinchi o‘g‘lidan so‘radi.– Qushni qo‘limiz bilan ko‘p ushlab, qiynab qo‘ydik, shunday qilmaganimizda o‘lmas edi, – javob qildi Alisher.

– Arazlab ovqat yemay qo‘ydi. Ovqat yemasa katta hayvonlar, fillaru yo‘lbarslar ham o‘lib qoladi, – deya bilag‘onlik qildi uchinchi, eng sho‘x o‘g‘il Asilbek.
– Xo‘sh, kenjatoymiz Anora nima derkin?

– Qafasga qamaganimiz uchun o‘lib qoldi, – Anora o‘ylab ham o‘tirmay javob qildi. – Men akalarimga qo‘yvoraylik desam unashmadi. – Anora dam oyisi bilan akalariga, dam o‘lib yotgan qushchaga jovdirab tikilar, munchoq ko‘zlari hamon jiqqa     yosh   edi.
– Barakallo, esli qizim! – dedi ona qizining boshini silab. – Hammangizni gapingizda jon bor. Anora bo‘lsa sizlarning fikringizni ham jamlab, savolga sodda va to‘g‘ri javob berdi. Darhaqiqat, qushni qafasda saqlamaslik kerak edi. O‘ziga kelgach, qo‘yib yuborganinglarda o‘lmasdi. Yaxshilik qilganingizni unutmasa yana uchib kelardi.
– Odamlar qafasda qush boqishadi-ku?! – dedi Azamat e’tiroz bildirib.
– To‘g‘ri, boqishadi, ammo bunaqa sharoitda emas-da. Ular maxsus qafasda, qo‘lga o‘rgatilgan, boqsa bo‘ladigan qushlarni asrashadi. Sizlar tutib olgan qush esa qafasda yashashga moslashmagan ekan. Endi bu anglashilmovchilik sizlarga bir umr saboq bo‘lsin.
Bolalar jonivorlarga boshqa ozor bermaydigan bo‘lishdi.

                                                                              Shodmon OTABEK

Guncha jurnalidan olindi  


Orqaga qaytish