Kino,taeatr namoyondalari

5092 marta o'qildi
YODGOR SA'DIYEV

Teatr va kino aktyori Yodgor Sa'diyev 1946 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U 1971 yilda Toshkent teatr va rassomlik san'ati instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san'at institutining "Teatr va kino aktyori" fakultetini tugatib, shu yili Hamza nomidagi akademik drama teatriga ishga qabul qilinadi.

YODGOR SA'DIYEV

O‘zbekiston xalq artisti

(1946)

Teatr va kino aktyori Yodgor Sa'diyev 1946 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U 1971 yilda Toshkent teatr va rassomlik san'ati instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san'at institutining "Teatr va kino aktyori" fakultetini tugatib, shu yili Hamza nomidagi akademik drama teatriga ishga qabul qilinadi.

Otaxon teatrda avval epizodik rollarni o‘ynab, o‘ziga ancha ishonchi ortgan Yo.Sa'diyev keyinchalik birin-ketin Karl Moor (Shiller, "Qaroqchilar"), Kochkaryov (Gogol, "Uylanish"), G‘ofur (Hamza, "Boy ila xizmatchi"), ertakchi ("Qor malikasi"), Badiuzzamon (Uyg‘un va I.Sulton, "Alisher Navoiy"), Bobur (P.Qodirov, "Yulduzli tunlar"), Ma'mur (S.Ahmad, "Kelinlar qo‘zg‘oloni") kabi 60 dan ortiq rollarni ijro etdi.

Teatrda bir necha esda qolarli, mukammal obrazlar yaratib, ko‘pchilikka tanila boshlagan Yo.Sa'diyev kinoga ham taklif etiladi. "O‘zbekfilm"da suratga olingan "Dilbarim"da Abdusalom, "Yengilmas"da Shayx Ja'far, "Minorxo‘rlik Jo‘ra ovchi"da Tagay, "Armon"da Dada bo‘ri, "Manjur varianti"da ("Qozoqfilm") Mayor Mitsumi, "O‘n uch terak ko‘chasi"da (Dovjenko nomli kinostudiya) Olimjon, "Qizil qumlar" filmida bosh rollardan birini ijro etadi.

Yo.Sa'diyevning tomoshabinlarga yaqindan tanilishida televideniyening roli benihoya katta bo‘ldi. "Girdob" va "Ichkuyov" televizion teatridagi Yo‘ldosh va O‘rinboy obrazlari aktyorga katta ijodiy parvoz baxsh etdi. "Girdob"dagi taniqli olim Muhiddin Jabborovichning jiyani Yo‘ldosh inson hayotini faqat sevinchlardan iborat deb tushunadigan, yengil yelpi hayot kechirish yo‘lida hech narsadan toymaydigan odam sifatida gavdalanadi. U o‘zining ko‘p yillik ilmiy ishini ro‘yobga chiqara olmay, bu mashaqqatli yo‘lda katta to‘siqlarga duch kelayotgan yosh olim Aziz Qosimovning xotiniga ko‘z olaytiradi. Uning oilasini buzib yuborishiga oz qoladi. Aziz Qosimovning ilmdagi kashfiyotiga jiddiy g‘ov bo‘layotgan konservator olim, qahri qattiq inson Muhiddin Jabborovich ham jiyaninng bu nopok ishlariga chiday olmay, uning yuziga bir tarsaki tushiradi. Yo‘ldosh xarakteridagi ana shunday nopok xususiyatlar Yo.Sa'diyev ijrosida ishonchli tarzda ifoda etilgan. Yo.Sa'diyevni zangori ekran orqali millionlab teletomoshabinlarga yaqindan tanitgan ham Yo‘ldosh, O‘rinboy kabi obrazlar bo‘ladi. Shundan keyin u O‘zbekiston televideniyesida suratga olingan videofilmlar - "Abu Ali Ibn Sino"da Ibn Sino, "Alisher Navoiy"da Badiuzzamon, "So‘nggi o‘q"da Jahongir kabi ko‘pgina rollarni o‘ynadi.

Teatr, kino va televideniyeda rollar ijro etib, aktyorlik san'atini puxta egallagan Yo.Sa'diyev rejissyorlik sohasida ham faoliyat ko‘rsatib, teatr sahnasida "Tungi mehmon", "Aldagani xotin yaxshi", "Hayot - eshik ortida" kabi spektakllarni sahnalashtirdi.

1998 yildan beri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi "Qalqon" studiyasiga badiiy rahbarlik qilayotgan Yo.Sa'diyev yozuvchi Tohir Malikning "Shaytanat" romani asosida ko‘p seriyalik "Shaytanat" videofilmini rejissyor sifatida suratga oldi va o‘zi Asadbek rolini ijro etib, kinoda jiddiy muvaffaqiyatga erishdi.

2001 yilda "Qalqon" studiyasida Yo.Sa'diyev rejissyorligida "Shaytanat" videofilmining 5 seriyalik ikkinchi qismi suratga olinib, madaniy jamoatchilik ko‘rigiga taqdim etildi.

Yo. Sa`diev 2008 yilda T.Malikning “Iblis devori” asari asosida badiiy filimni suratga oldi va o`zi Ibroxim amaki rolini o`ynadi.

Yodgor Sa'diyevning samarali ijodiy mehnati munosib ta`qdirlandi. U 1989 yilda Respublika Davlat mukofotiga, 1998 yilda "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 2005 yilda “Mehnat suhrati” ordeni bilan taqdirlandi.


Orqaga qaytish