Kino,taeatr namoyondalari

5461 marta o'qildi
SHIRIN AZIZOVA

Aktrisa Shirin Azizova 1940 yilda Buxoro viloyatining G’ijduvon shahrida tug’ilgan. 1961 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining "Drama va kino aktyori" fakultetini tugatgan.

SHIRIN AZIZOVA

O’zbekiston xalq artisti

(1940)

Aktrisa Shirin Azizova 1940 yilda Buxoro viloyatining G’ijduvon shahrida tug’ilgan. 1961 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining "Drama va kino aktyori" fakultetini tugatgan. Shirin Azizova institut yo’llanmasi bilan A.Navoi nomli Namangan muzikali drama teatrida o’z mehnat faoliyatini boshlab, 1961-1964 yillar mobaynida teatrda sahnalashtirilgan spektakllarda Xolisxon (Hamza, "Xolisxon"), Rahima (A.Qahhor, "Tobutdan tovush") kabi rollarni ijro etadi. Aktrisa 1968 yildan Toshkentdagi Abror Hidoyatov nomli teatrda faoliyatini davom ettirib, ushbu teatrda ilk bor sahnaga qo’yilgan M.Karimovning "Diydor" spektaklida Zilola rolini o’ynaydi. Keyinchalik Nozi (M.Boyjiyev, "Bahs"), Madina (M.Boyjiyev, "Har xonadonda bayram"), Maysara (Hamza, "Maysaraning ishi"), Sora (Hamza, "Ishq qurbonlari") kabi rollarni maromiga yetkazib ijro etib, teatrda o’z ijodiy qiyofasiga ega bo’ladi. Ko’pchilikning nazariga tushadi. Ana shu ijodiy jarayondan muvaffaqiyatli o’tgan aktrisa 1987 yilda Hamza nomli O’zbek Davlat (hozirgi O’zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga o’tib, shu kungacha teatr ijodiy jamoasida faol mehnat qilmoqda. Shirin Azizovaning shu teatr sahnasida yaratgan O’zbekoyim (I.Sulton, "Abdulla Qodiriyning o’tgan kunlari"), Ayol (F.Musajonov, "Najot istab"), Malika (H.Muhammad, "Xotinlar gapidan chiqqan hangoma"), Jannatxon (I.Sodiqov, "Afandining besh xotini") kabi baquvvat va jonli obrazlari katta e'tiborga molikdir. 1997-1998 yillarda kinorejissyor M.Abzalov Abdulla Qodiriyning "O’tgan kunlar" romani asosida "O’tgan kunlar" badiiy filmini suratga oladi va filmdagi Jannat roliga Shirin Azizovani taklif etadi. Aktrisa "Bomba" filmida Nazokatxon, "Ayol zoti" teleserialida Munavvarxon rollarini muvaffaqiyatli ijro etadi. Shirin Azizova umr yo’ldoshi iste'dodli teatr va kino aktyori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist To’g’on Rejametov bilan birga ijod etishdi, obrazlar yaratishdi. Ajoyib farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Ular ota-onalari izidan borib, aktyorlik kasbini tanladilar. Zuhriddin Rejametov - "O’zbekfilm"da kinoaktyor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistka Fotima Rejametova va Husan Rejametovlar Respublika yoshlar teatrining aktyorlari sifatida faoliyat ko’rsatmoqdalar. Shirin Azizovaning ijodi munosib taqdirlandi. Unga 1988 yilda "O’zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni berilgan. 


Orqaga qaytish