Musiqa va san`at

4504 marta o'qildi
Kitobxonlik haqida

Dunyoda, bu hayotda kitobdan go‘zal narsa yo‘q!? Tasavvur qiling: ko‘z o‘ngingizda ikki yuz, uch yuz sahifalik qalin bir kitob... Bu asar nimalar va kimlar haqida yozilgan, qay mavzudan bahs ketmoqda? Bilmaysiz... Faqat asarning muqovasi ustidagi nomini o‘qiyapsiz, xolos.

 

KITOBXONLIK HAQIDA

kichik esse

 

Siz kitobxonmisiz?

Mutolaani sevasizmi?

Siz bilan shu masala yuzasidan baxslashsak bo‘ladimi? Albatta, siz mutolaaparvarsiz, aks xolda bu gazetani qo‘lingizga olmas, bu esseni o‘qimas edingiz. Bir muharrirning xitob etganidek, kishilar ilohiy kitobsevardirlar, mutolaaparvardirlar. Ammo hamma xam bir xil darajada o‘qimaydi. Ya'ni kimdir ko‘p, yana kimdir oz o‘qiydi, de-ganlaridek...  Men bu savolni o‘rtaga tashlar ekanman, shuni bilishni istardim: siz o‘zingiz oz o‘qiydiganlardanmisiz? Yoki ko‘p mutolaa qilasizmi? Birinchi tipdan bo‘lsangiz yolg‘on gapirayapsiz, chunki oz o‘qish mutlaqo o‘qimaslikning bir shaklidir. Ammo men sizni shu kundan e'tiboran xaiqiqiy kitobxon bo‘lishga da'vat etaman. Dunyoda, bu xayotda kitobdan go‘zal narsa yo‘q!? Tasavvur qiling: ko‘z o‘ngingizda ikki yuz, uch yuz saxifalik qalin bir kitob... Bu asar nimalar va kimlar xaqida yozilgan, qay mavzudan bahs ketmoqda? Bilmaysiz... Faqat asarning muqovasi ustidagi nomini o‘qiyapsiz, xolos. Muallifi ham notanish, shu paytgacha uning nomini ham eshitmagansiz. Bu asar haqida bilganingiz birgina narsa, bu adabiy asarning janri - roman. Tamom, boshqa narsani bilmaysiz. Bilganingiz - shu. Hech ikkilanmasdan, kitobni varaqlang, balki uning ichidagi alamlar, sevinchlar, muhabbat yoki nafrat sizni qiziqtirar; juda bo‘lmaganda, asarning yangi, bir ancha qahramonlari, ularning hayoti, qismati bilan tanisharsiz. Ular bilan bir necha soat yoki bir necha kun birga yashaysiz, roman qaxramonlarining yurak sirlarini balki o‘zingiznikidan ham yaxshiroq o‘rgana-siz. Balki, ular sizga ma'qul kelib qolsa, g‘oyibona ular bilan do‘st tutinarsiz, ularning qayg‘usini o‘zingizniki kabi qabul etib, hatto ko‘z yosh ham to‘karsiz, yoki qaxramonlarning masrur hayotidan qalbingiz quvonchga to‘lib sevinarsiz. Kutil-maganda  g‘oyibona tarzda ular ham sizning do‘stingizga aylanadi, eng mushkul kunlaringizning birida asar qahramonlari xayolan siz bilan hamdard bo‘lganini hech his etganmisiz? Asar qahramonining pichirlabgina: "Sen mening hayotimni o‘qigansan. Dardlarimni, iztiroblarimni bilasan-ku. Men ham sendek qiynalganman. Qo‘y, o‘zingni bu qadar qiynama. Hammasi o‘tadi... Ko‘p ham o‘zingni azoblama, do‘stim" - degan samimiy, do‘stona hamdardligini qalbingizda tuyganmisiz? Ko‘p kitob o‘qigan, hikoya va romanlar o‘qib, vaqtini, umrini mutolaaga sarf etgan kishi umrida aslo yolg‘iz qolmaydi. Men bunga juda ishonaman.

O‘qing, qo‘lingizga nima tushsa o‘qiyvering, hech bo‘lmasa varaqlab qo‘ying. Mabodo, qo‘lingizga tushib qolgan kitobning yomon yozilganligini sezib qolsangiz, hech tashvish tortmang. Chorasi oson... Kitobni uyingizning qay burchagigadir ir-g‘itvorish qiyin emas-ku!...

Aytmoqchisiz va haqlisiz: axir siz bu kitobni atay sotib olgansiz, aldanishni istamaysiz, olgan kitoblaringiz bema'ni va bemaza chiqishini istamaysiz. Nachora... Shunday chiqib qoldi.

Kitobni sotib olishga ketgan xarajat, yoki kitobxon va yozuvchining aldanishi masalasida picha bahslashsak... Kitob do‘konidan xarid qilib olgan kitobingizga boringki, yuz, yuz ellik, jurnalga ham o‘n yoxud eng ko‘pi ellik kurush sarf etgansiz. Shu ozgina pulingizni ham o‘z o‘rnida ishlatish niyatidasiz. O‘qigan kitob va jurnalingiz ko‘nglingizdagidek chiqsa, undan olgan  taassurotlaringizga bergan pulingiz to‘lov emas-mi?

Siz o‘zingiz yoqtirgan adabiy qahramonlar bilan uchrashmoq uchun yuz ellik kurush sarfladingizmi? O‘n kurushga esa qo‘lingizdagi bu gazeta-jurnalni sotib oldingiz, uning rang-barang sahifalarida bir qancha suratlar tomosha qildingiz, hikoya o‘qidingiz, ulardan o‘zingizcha xulosalar chiqardingiz, balki ta'bingizga zid fikrlar bilan to‘qnashib jahlingiz ham chiqqandir. Ba'zi bir suratlarni ko‘rib, hafsalangiz pir bo‘ldi yoki undan qandaydir ijobiy ma'no topdingiz. Shularning barchasiga bor yo‘g‘i o‘n kurush sarfladingiz. Sarflangan pul o‘zini oqlasa kerak. Men bu masalada ko‘p hisob-kitob qilib ko‘rganman. Siz ellik kurush bilan bitta kitob, o‘n kurush bilan bitta jurnalning narxini to‘laysiz. Hissasini chiqarib olasiz. Vaholanki, hech bir kitob, hech bir maqolaga sarflangan umr va bilimni pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Sarflagan pu-lingiz bir marta o‘qish badali. Kitobni yozishga yoki jurnalni hozirlash uchun qancha kuch, bilim, vaqt, umr sarflanadi. Ajoyib kitob yozilishi uchun, yoyinki, risoladagidek jurnal chop etilishi uchun qancha katta mehnat, kuch sarflanadi; to‘g‘ri uning ichida o‘rtamiyonaroq materiallar ham ketishi tabiiy. Bilingki, yaxshi asar yaratilishi ilohiy bir mo‘'jiza, faqat bu mo'jizaviy san'at asarini muhit, adabiy jarayon yaratadi. Bilmadim, men umrim bo‘yi qancha kitob o‘qidim ekan; ularning hammasi ham esimda qolmagan, ehtimol, chinakam san'at asari sanalgan badiiy mujdalarning qirqtasi, elliktasi, balki undan ham ko‘prokdir, chamasi yuztasi ichimda ruhimda yashab kelmoqda. Boshqalari esa allaqachon unutildi... Albatta, unutilgan asarlarning ham foydasi ko‘p bo‘ldi, ular ham mening hayotimda qandaydir darajada o‘z izini qoldirdi. Unutilgan va abadiy xotiramga muhrlanganlarini o‘qiganimga aslo pushaymon emasman, hatto ilk sahifadan "bemaza"dek tuyulgan asarlarni qo‘limga olib varaqlaganim, yoyinki, qanchadir sahifa qora tortib o‘qib chiqqanim uchun ham pushaymonligim yo‘q. Bilingki, ko‘lingizga mutolaa qilish uchun olgan o‘n kitobdan atigi bittasi ko‘ngildagidek, chinakam san'at asari chiqsa, o‘sha kitobxon baxtli. Peshtaxtalar, kitob-javonlaridagi sarg‘ayib, mung‘ayib turgan kitoblarni qo‘lingizga oling, do‘stim, siz uni bir satr bo‘lsada, o‘qing, ozroq sabr qiling, ishonamanki, mutolaani yoqtirib qolasiz. Qarabsizki, mutolaada davom etasiz, o‘zingizni to‘xtata olmaysiz. Kitobdan boshingizni ko‘tara olmay qolishingizga men kafil. Ammo bir narsani unutmangki, chinakam adabiyotning yonida albatta, o‘rtamiyona, sayoz asarlar ham yashaydi. Nachora yomon asarlar doimo chinakam adabiyotning soyasida yaratilib, uning soyasida ma'lum muddat barq urib yashnayotgandek ko‘rinadi, ular beto‘xtov nashr etilaveradi.

Aldanish... Har bir yozuv-hi qo‘liga qalam olar ekan, yaxshi asar yozaman, deb niyat qiladi. Uning uddasidan chiqish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Axir bu oson ish emasda. Yomon asarni o‘qib, kitob tanlashda adashganingizni anglaysiz. Siz aldanib, shu "yomon", "yaramas", "saviyasi past" kitobga bir yarim lira berasiz: yozuvchi-chi? U bu kitobni yaratish uchun butun umrini baxsh etgan. Kim ko‘proq ziyon ko‘rayapti? Sizmi? Yozuvchimi? Qay biri ko‘proq zavol ko‘rayapti? Javobi aniq, albatta, yomon asarni yozishga umrini sarflagan yozuvchi ko‘p ziyon topayapti. Ziyon topgan umr... Afsuslanasiz...

Siz o‘qiyotgan jurnalda men bir sahifa joy egallaydigan bu maqolaga qancha vaqtimni ajratdim? Hech bo‘lmaganda bir necha soat vaqtim ketgandir. Siz esa uni ko‘pi bilan o‘n daqiqada, hatto besh daqiqada o‘qib chiqasiz. Yo‘q, adashdim. Men bu esse-maqolani yozish uchun atigi bir necha soatimni sarfladim, desa noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bu essemaqolaning har bir satrida umrim bo‘yi yiqqan bilimim, iqtidorimni ishlatishga majbur bo‘lganman. Shu kungacha to‘plagan yozuvchilik qobiliyatimni ishga solganman.

Epik turning yirik janri bo‘lgan roman bir yoki bir necha soatda yozilmaydi. Unga adib haftalarini, oylarini, yillarini bag‘ishlaydi. Vaholanki, yozuvchi butun kuchini roman yozishga bag‘ishlar ekan, kitobxon uchun jon-jaxdi bilan xizmat etadi. Shunday ekan, muhtaram kitobxon, siz menga ayting-chi, mening esse-maqolamga yoki qaysidir yozuvchi yaratgan romanga shunchaki vaqtni o‘tkazish maqsadi bilan yondoshish adolatdanmi?! Kitobga hech qachon va hech vaqt bepisand nazar bilan qaramaslik ke-rak. To‘g‘ri, kitobxonni majburlab o‘qitib bo‘lmaydi. Siz yoqtirmagan kitobni o‘qishga majbur emassiz. Ammo, bilingki, mutolaaga kirishdingizmi, jiddiy ish bilan shug‘ullanayotganingizni har daqiqada, har soniyada his etib turing. Ehtimol, biz haqimizda, ya'ni yozuvchilar haqidagi chiqarajak hukmingiz og‘ir bo‘lar. "Vaqtimni va pulimni sarflaganimga arzimaydi, bu kitob" - deya jahl bilan qo‘lingizdagi kitobni uloqtirarsiz. Ammo unutmangki, kitob, ya'ni badiiy asar faqat ko‘ngil ochish uchun o‘qilmaydi. Chunki chinakam adabiyot ko‘ngil hushi uchun yozilmaydi.

Sizga falon kitobdan eslatma oling, satrlarning tagiga chizing demayman, bunday ishni o‘zim ham yoqtirmayman. Kitobga mehr berib, jiddiy o‘qishingiz kifoya. Mutolaa qilar ekansiz, ko‘zingiz satrlar, jumlalar ustida shunchaki yugurmasin. Chunki badiiy asarni o‘qir ekansiz, uni hazm qilib, fikrlashga o‘rganish kerak.

Badiiy asarlardan yoqtirib qolgan iqtiboslarni kundalik daftaringizga qayd etib qo‘yish ham juda yaxshi odat. Ammo men sizni bu ishni qilishga majbur qilolmayman. Bu har bir kitobxonning shaxsiy ishi. Mazkur esseni o‘qib tugatar ekansiz, sezyapman, siz qandaydir kitob yoki jurnalni izlab qoldingiz, shekilli. Uni mazza qilib, rohatlanib o‘qishga shoshilyapsiz, nazarimda. Shoshilmang, do‘stim, sizning qadrdon ham-dardingiz Adabiyot doimo siz bilan. Mutolaa doimo sizning ixtiyoringizda, chinakam adabiyot aslo sizdan, qochib qutulolmaydi, kitoblar qochqoq emas...

 

                                                                                                                        

Turk tilidan

Marhabo QO‘CHQOROVA

tarjimasi.

 

 

 

 

 

 

 

 


Orqaga qaytish