Musiqa va san`at

5729 marta o'qildi
Shermat Yormatov

Shermat Yormatov 1939 yilning 17 oktyabrida Farg`ona viloyatining Log‘om qishlog‘ida tug‘ilgan. Xor dirijyori, pedagog kompozitor, musiqiy jamoat arbobi. Bolaligidan yorqin musiqa qobiliyatini namoyon etib, turli ko‘rik-tanlovlar, festivallarda qatnashgan.

SHERMAT YORMATOV

 

Shermat Yormatov 1939 yilning 17 oktyabrida Farg`ona viloyatining Log‘om qishlog‘ida tug‘ilgan. Xor dirijyori, pedagog kompozitor, musiqiy jamoat arbobi. Bolaligidan yorqin musiqa qobiliyatini namoyon etib, turli ko‘rik-tanlovlar, festivallarda qatnashgan. Ilk musiqiy ta'limni 1959-1962- yillarda Toshkent madaniy oqartuv texnikumida olgan. Toshkent davlat konservatoriyasining xor-dirijyorlik fakultetiga qabul qilingan va professor V.I. Knyazyatov sinfini (1662-1967)bitirgan, kompozitsiyadan dotsent Pak Yendindan saboq olgan. 1967 yildan O‘zteleradio qoshidagi xor jamoasida dirijyor-xormeyster sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. Talabalik davrida amaliyot o‘qituvchisi Ye.M. Kenzer rahbarligida  o‘rta ta'lim maktablarida tuzilgan bolalar xor jamoalarida ishladi va u bilan hamkorlikda (1964y.) Respublika pionerlar saroyida o‘g‘il bolalar xorini tashkil etdi. Uni Moskva matbuoti-“140 nafar Robertino” (kichik qo‘shiqchilarning hayratlanarli ovozlari uchun)deb atashdi. 1970 yilda xor, “Boychechak” nomli bolalar xor-studiyasiga aylantirilgan va “Respublikaning namunaviy bolalar xori” unvoniga sazovor bo‘lgan. Shermat Yormatov shu xor negizida O‘zteleradio qoshida bolalar xorini tashkil etdi. Keyinchalik bu jamoa “Bulbulcha” deb nomlangan. Bu xor jamoasi “Kamerton” nomli diskussion klubda (1981 yil, Moskva) mashhur xormeyster G. Struve taklifi bilan (“Solovushka”)  “Bulbulcha” deb nomlangan.

Shundan so‘ng “Bulbulcha” Tartu (Estoniya), Minsk, Omsk (sobiq ittifoqning barcha shaharlarida) kabi shaharlarda o‘tkazilgan xalqaro festivallar ishtirokchisi, Skopye (Yugoslaviya)da bo‘lib o‘tgan “Oltin bulbulcha” xalqaro festivalida qatnashgan.

Shermat Yormatov O‘zbekiston bo‘ylab, ko‘p marotaba Moskvada bo‘lib, Turkiya, Finlyandiya, Kongo va boshqa davlatlarga gastrol safarlari uyushtirgan. U boshqargan xor jamoasi har yili Respublikaning barcha tantanalari - “Mustaqillik kuni”, “Navro‘z” va boshqa ko‘plab davlat  bayramlarida muntazam ishtirok etadi.  Shermat Yormatov bolalar xoridan tashqari O‘smirlar xoriga ham rahbarlik qiladi. Jamoalarning konsertlari doimo katta ko‘tarinkilik bilan kutib olinadi. Sh. Yormatov musiqa sohasidan tashqari katta jamoat faoliyatini olib boradi. 1995-1999 yillar mobaynida u “Ma'naviyat va ma'rifat” jamoati raisining birinchi o‘rinbosari va Yunus Rajabiy nomli  Toshkent pedagogika kollejining direktori bo‘lib ishladi. 1990 yildan A. Qodiriy nomli TDMI dotsenti, 2002 yildan O‘zDK xor dirijyorligi kafedrasida ishlab, 2005 yilda  professor unvoniga sazavor bo‘ldi. Uning ko‘plab bolalar xori uchun yaratgan original sarlari, qayta ishlangan xalq qo‘shiqlari mavjud. Ulardan T. Ilhomov so‘zi bilan 5 qismli “Assalom hayot” kantatasi, “Chitti gul”(N. Karim she'ri), “Bu gulshan soz ekansan” (bolalar folklor qo‘shiqlari asosida) kabi vokal- xoreografik syuitalari, “Qor yog‘ar” (B. Isroil she'ri), “Maysa” (R. Tolipov she'ri),  “Yalpiz” (Yu. Shomansur she'ri), “Qari chumchuq chaqimchi” (A. Obidjon she'ri) kabi a'kapella (jo‘rsiz qo‘shiq) xorlari mashhur. Muallifning 100dan ortiq bolalar xori va jo‘rnavoz uchun yaratgan asarlari bor. Ular “Oymomojon rom bo‘ldi”, “Qizaloq, “Go‘zal yurt madhiyasi”,  “Islom bobo”, “Sog‘lom avlod qo‘shig‘i”, “Sumalak”, “Bolaparvar qo‘shig‘i” va boshqalar. Shermat Yormatov har yili “Mustaqillik kuni” va “Navro‘z” bayram tantanalariga yangi qo‘shiqlar yaratadi.

U umumta'lim maktablarining turli sinflari uchun “Musiqa” darsliklari, o‘smirlar va bolalar uchun xrestomatiya hamda “Bulbulcha kuylaydi” kabi kitoblar muallifi. 30 yildan ziyod davr mobaynida “Qo‘shig‘im - jon qo‘shig‘im”, “Birgalikda kuylaymiz”, “Do, re mi, fa, sol”, “San'at g‘unchalari” kabi musiqiy teleko‘rsatuvlar turkumini olib boradi. Musiqiy - estetik tarbiya bo‘yicha muhokamali davra suhbatining doimiy qatnashchisi.

Shermat Yormatov rahbarligida “Bulbulcha” xori o‘zining bolalar va o‘smirlar uchun yozilgan audio disklarini chiqardi. Uning faoliyatida ko‘povozli bolalar xor ijrochiligini rivojlantirish masalalari alohida o‘rin egallaydi.

Shermat Yormatov O‘zbekiston Yoshlari mukofoti laureati(1975); 1982 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”,  “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi (1975), 1996 yilda - Respublikada xor madaniyati va san'atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “O‘zbekiston xalq artisti” yuksak unvoni bilan taqdirlangan.

 

 

 


 

 

 


Orqaga qaytish