She`rlar va ruboiylar

5534 marta o'qildi
Hamid Olimjon she`rlari

Shodligim ko'kka sig'mas,                     

Bitmas baxtim bor manim.

 Meni baxtiyor qilgan,

Shu yengilmas Vatanim.

VATAN

Shodligim ko'kka sig'mas,                     

Bitmas baxtim bor manim.

 Meni baxtiyor qilgan,

Shu yengilmas Vatanim.

 

 

Yovning o'qi hech qachon

Askaridan o'tmaydi.

  Nishon olsa osmonni

 Samolyotga yetmaydi.

 

Shuning uchun qishloqlar

 Kun kechirar erkin, tinch.

 Shaharlarning qalbida

 Kecha va kunduz sevinch.

 

 

LOLA

Lola bog'chaga chiqib

Kechga qadar gul terdi.

Etak-etak to'pladi,

Har kungidan mo'l terdi.

 

Sochiga gul bog'ladi,

Chekkasiga taqdi gul.

Yelkalaridan tashlab,

Gulga ko'mildi butkul.

 

So'ngra uyga keldi-yu,

Birpas yotib dam oldi.

Kiprigi yumildi-da,

Gul kabi uxlab qoldi.

 

 

O'RIK GULLAGANDA

 

Derazamning oldida bir tup

O'rik oppoq bo'lib gulladi...

 

 

Novdalarni bezab g'unchalar

Tongda aytdi hayot otini

Va shabboda qurg'ur ilk sahar

Olib ketdi gulning totini.

 

Har bahorda shu bo'lar takror,

Har bahor ham shunday o'tadi.

Qancha tirishsam ham u beor

Yellar meni aldab ketadi.

 

Mayli, deyman va qilmayman g'ash,

Xayolimni gulga o'rayman.

Har bahorga chiqqanda yakkash,

Baxtim bormi, dcya so'rayman.

 

Yuzlarimni silab, siypalab,

Baxting bor, deb esadi yellar.

Etgan kabi go'yo bir talab,

Baxting bor, deb qushlar chiyillar...

 

Hamma narsa meni qarshilar,

Har bir kurtak menga so'ylar roz.

Men yurganda bog'larga to'lar

Faqat baxtni maqtagan ovoz:

 

„Mana senga olam-olam gul,

Etagingga siqqanicha ol.

Bunda tole har narsadan mo'l,

To o'lguncha shu o'Ikada qol.

 

Umrida hech gul ko'rmay, yig'lab,

O'tganlarning haqqi ham senda,

Har bahorni yig'lab qarshilab

Ketganlarning haqqi ham senda..."

 

Derazamning oldida bir tup

O'rik oppoq bo'lib gulladi...


Orqaga qaytish