Matbuot xizmati

4480 marta o'qildi
SIZ QANDAY O`QIYSIZ?

O`qishlar har hil bo`ladi. Birov ermak uchun o`qiydi, birov hordiq chiqarish uchun; birov o`qiyotgan kitobini tahlil qilish uchun, ya'ni “burch yuzasidan”.

                                      SIZ QANDAY O`QIYSIZ?

O`qishlar har hil bo`ladi. Birov ermak uchun o`qiydi, birov hordiq chiqarish uchun; birov o`qiyotgan kitobini tahlil qilish uchun, ya'ni “burch yuzasidan”. Birov bo`lak mashg`ulot bo`lmaganidan, vaqt o`tkazish uchun, birov nimanidir bilib olish uchun, birov asardagi voqeaga, qahramonning taqdiriga qiziqib o`qiydi. Shuning uchun atrofimizga qarasangiz, har hil kitobxonni ko`rasiz: kimdir tramvayda, metroda, tiqilinchda kitobga tikilgan, kimdir navbatga turganda yoki plyajda darrov sumkasidan xatcho`p solingan kitobni olib ochadi, birov xiyobonda, qosh qorayib qolgan bo`lsa ham kitob varag`idan ko`z uzolmaydi.

Kimdir divanda chalqancha yotib, kimdir ish stolida jiddiy o`tirib, qo`liga qalam olib o`qimoqda... Kitobxonlar ham, o`qishlar ham har xil. Har kimning o`z o`qishi bor. Bularning hech biri foydadan holi bo`lmasa kerak. Mening o`qishim birovga ibrat bo`lishi shart emas. Shunday bo`lsa ham, savol tushgandan keyin javob berish kerak.

Men uchun o`qish — mehnat. Bu ehtimol kasbimiz taqazosidan, ya'ni o`qishning professional turidir. Lekin mehnat degan bilan zavqsiz, hayajonsiz o`qish emas, albatta. Qiyin zavqlar bo`ladi — mehnat zavqi, ijod zavqi, o`qish zavqi... Har holda ermak yoki hordiq chiqarish emas-da. Buni “aktiv o`qish” desam ham bo`ladi — nimanidir bilish, qahramonga hamdardlik, hislar jo`shqinligi, voqealarni bevosita va assotsiativ qabul qilish, o`yga tolish... Hammasi energiya talab qiladi.

Bunday jiddiy, aktiv kitobxonlikni shunchaki harfxo`rlik yoki faqat “burch yuzasidan” hissiz o`qish bilan chalkashtirmaslik kerak. Hissiz kitobxon tekstdagi har bir vergulni, har bir imlo xatosini ta'kidlab o`qishi va ayni vaqtda kitobxonlikning asosiy zavqiy mohiyatini chetlab o`tishi mumkin. Xassos kitobxon esa, aksincha, til materialini, shakliy vositalarni sezmay ham qoladi, chunki u kitobdagi ruhiy olamda yashaydi. Albatta, yoshlikda biz ham o`qishga bunday hissiy aktiv, jiddiy ish deb qaramaganmiz. Hayot tajribasi ortgan sari, boshqa ishlardagidek, o`qishning ham hadisini oladi kishi. Gyote keksa yoshida: “Men kitob o`qishga bir umr o`rgandim”, deb e'tirof etgan edi.

Yoshlikda uchragan kitobni aralashiga ashaddiy chanqoqlik bilan o`qib tashlayverardik. U paytlar bizni olam sirlari o`pqondek tortar, odamlar aro munosabatlar o`zi bir cheksiz dunyo, yoshlik sinchkov, hamma narsani tezgina bilib olging keladi, ruhiy harorat ham, aqliy kayfiyat ham o`zgaruvchan, hali tiniqmagan. Kitoblarni tanlab o`tirmay, ochko`zlik bilan o`qishga tashlanar edik. Mana bu yangi chiqqan kitobni ertagacha o`qib qo`yishim kerak, deb ta'kidlardim o`zimcha va shuni, vaqt qancha ziq bo`lishiga qaramay, albatta bajarardim.

Hozir, ochig`i, o`qishda ham ancha og`ir karvon bo`lib qoldim: tanlab o`qiyman. Bu balki «og`ir karvon»likdan ham emasdir, yosh ulg`ayishi, tajriba ortishi bilan o`zingga pishiqroq bo`lib, dono bo`lib qolarkansan: agar hozirgi sharoitda, «informatsion portlash» davrida tanlamay o`qilsa, kitob dengizida g`arq bo`lib, o`qish befoyda mashg`ulotga aylanib qolishi mumkin.

Biz eng kitobxon mamlakatda yashayapmiz. Kitoblar tiraji chindan ham astronomik sanoqda. Buning ustiga, benihoya, yuksak ma'naviy talablar. Kino, teatr, televizor. Vaqt yetadimi? Qachon o`qish kerak kitobni? Lekin, meningcha, haqiqiy kitobxon uchun bunday savol yo`q. Faqat qanday o`qish kerak, degan savol bo`lishi mumkin. Mana endilikda haligi aytganim hissiy aktiv o`qish, tanlab o`qish, mening zavqli mehnatim, ezgu odatim yetildi. Zamon taqozosi bilan goho tez o`qish texnikasi haqida bahslar qo`zg`ab turadi. Bu menga uncha yoqmaydi. Chunki «tez o`qish texnikasi» ayniqsa, badiiy asar o`quvchilar uchun faqat ziyon keltirishi mumkin. Axir roman o`qiganda istagan vaqtingizda sahifani yopib, birpas u yoq-bu yoqqa yurmasangiz, xayol surmasangiz, uyg`ongan tuyg`ularni tanangizga yayratmasangiz, bir nafas o`ychan jilmayib o`tirmasangiz, maza qilmasangiz, bunday o`qishning nima keragi bor?! Biz kibernetik mashina emas-ku, hayajonlar, kechinmalar biz uchun qimmat. Peyzajlarni, lirik chekinishlarni tushirib qoldirib, faqat voqeasini o`qiydigan yoshlar chiqqan, muallimlar ulardan ko`p nolishadi. Aslida ular bunga o`zlari ham aybdor, chunki bunday ratsionalistik o`qish so`z san'atining mohiyatini anglamaslikdandir, badiiy so`zga muhabbat esa maktabda tug`iladi...

Qisqasi, tez o`qish texnikasiga murojaat qilgandan ko`ra, men tanlab o`qish yo`lini afzal ko`raman. anlash esa qiyin emas. Hozir kitobxonga yordam katta. Ko`plab referativ jurnallar, informatsion markazlar, bibliografik qo`llanmalar bor, annotatsiya, tavsiyanoma va prospektlar chiqib turadi. Qolaversa, menga professional tajriba aytib turadi: bu kitob — primitiv, bari avvaldan ma'lum. Yozuvchilar kitobni tezroq «taniydilar».

Ammo bu, endi kitobxonlik oson bo`lib qoldi, degan so`z emas. Avvalo, tanlagan bilan o`qiydigan kitob kamayib qolmaydi. Masalan, men, ko`p klassik asarlarni yoshlikda, g`o`rlikda o`qiganman. Ularni endigi ko`z, endigi saviya bilan qayta o`qish butunlay boshqa. Men yangi yaxshi narsalar chiqmay yo topilmay qolsa (so`ngra hamma vaqt yangi kitob qidiraverish ham shart emas), Balzakni yoki Leonovni qayta qo`limga olaman. Katta yoshda bu — tabiiy ehtiyoj bo`lib qoladi, goho mutlaqo o`qimagan, yangi asar o`qiganday bo`lasiz. O`zingizning eski qaydlaringizga duch kelasiz, u vaqtda nega bu joyiga ahamiyat berganligingizni tushunolmaysiz, goho birinchi gal qanday kayfiyatda o`qiganligingiz g`ira-shira xotiraga keladi. Qo`lingizdagi kitob umrlik yo`ldoshingizdek qadrdon tuyulib ketadi. Shu o`rinda aytib o`tay, men kitobni qo`lda qalam bilan o`qiyman. Bu ham «aktiv o`qish» deganimning bir elementi bo`lsa kerak. Kitob agar o`zimniki bo`lsa, ayamasdan qaydlar qilaman. Boshqalar chizsa ham xafa bo`lmayman. Bu — kitob o`ylab o`qilganligini bildiradi. Buni kitobga hurmatsizlik deb hisoblamayman. Kitob o`qish uchun olingan, bezak uchun emas...

Odil Yoqubov “Ulug`bek xazinasi”ni — kitobxonalarini qutqazib qolgan fidoyi odamlar haqida roman yozdi. Siz kitobni tabiiy ofat va halokatlardan, yong`indan, yovvoyi bosqinlardan qutqazganlarni bilasiz.

Bu qavs ichida aytilgan gap bo`ldi. O`qish va qayta o`qish masalasiga qaytaylik. Qayta o`qish? Bu bizning davrimizda ba'zilarga anoxronizmga o`xshab ko`rinishi mumkin. Bir o`qishga vaqt yo`g`-u, qayta o`qishi nimasi? Lekin aminmanki, qayta o`qish odatini tark etsangiz, bu ma'naviy qashshoqlikka olib boradigan yo`llardan biri. Biz kino va spektakllarni, yaxshi raqslarni qayta ko`ra olamiz, yaxshi opera, yaxshi qo`shiqni qayta-qayta tinglaymiz.

Yana aytaman, o`qish tartibga tushib mukammallashgani bilan bu mehnat osonlashib qolgani yo`q. Zamonaviy adabiyot murakkab, xususan prozaik to`qimaning o`zi ko`pincha fikr va tuyg`ulardan kristallashgan bir konsentrat bo`lib qoldiki, bu ham aktiv xassos kitobxonlikni talab qiladi.


Orqaga qaytish