Referatlar

5652 marta o'qildi
Grippning oldini olgan afzal

Gripp – dunyoda eng tez tarqaladigan kasalliklardandir. Shu sababli, bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyat osoyishta bo‘lsa-da, respublikamiz hududiga ushbu infeksiya kirib kelishining oldini olish choralarini ko‘rish zarur.

O’zbekiston Respublikasi alq talim vazirligi

Respublika  bolalar  kutubhonasi.

Fan: Odam va uning salomatligi

Grippning oldini olgan afzal

Gripp – dunyoda eng tez tarqaladigan kasalliklardandir. Shu sababli, bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyat osoyishta bo‘lsa-da, respublikamiz hududiga ushbu infeksiya kirib kelishining oldini olish choralarini ko‘rish zarur. Yaqin yillarda gripp pandemiyasi kuzatilishi mumkinligi haqidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) ma’lumotlari ham shuni taqozo etadi.

Toshkentda gripp pandemiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tibbiyot yo‘nalishidan tashqari o‘tkaziladigan tadbirlarni rejalashtirish va tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorlikda uyushtirdi. Tadbirda vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar va respublika sog‘liqni saqlash tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi salomatligi haqida doimiy g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan davlat dasturiga muvofiq sog‘liqni saqlash tizimida keng miqyosli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2006 yildan e’tiboran grippning oldini olish hamda pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha milliy dastur amalga oshirilmoqda. Seminarda Gripp milliy markazi direktori R.Rahimov, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Otarboyev va boshqalar shu haqda gapirdilar.

O‘zbekistonning gripp profilaktikasining samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar va chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorligi kengayib bormoqda, deb ta’kidladi ushbu tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi mutaxassisi Shaxin Guseynov. Mazkur jarayonni rivojlantirishda O‘zbekistonda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan grippni nazorat qilish bo‘yicha milliy strategiya muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Grippdan himoyalanishning eng yaxshi vositasi vaksinatsiya – emlash ekani tajribadan yaxshi ma’lum. O‘zbekistonda bu tadbir har yili o‘tkaziladi. Mavsumiy xarakterga ega bo‘lgan grippga qarshi, eng avvalo, kasallik yuqish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlami, shu jumladan, bolalar va qariyalar emlanadi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, gripp pandemiyasining davriyligi 30-40 yilni tashkil etadi. U yangi virus turi paydo bo‘lgan, lekin unga qarshi inson organizmida hali immunitet mavjud bo‘lmagan paytda yuzaga chiqadi. Shu sababli, “parranda grippi” kasalligi alohida xavf tug‘diradi. U hozircha insondan insonga yuqmaydi va uning pandemiyasi bizga xavf solmaydi. Ammo, virusning mutatsiya jarayoniga moyilligi tufayli, uning bunday xususiyatga ega yangi turi paydo bo‘lishi va bu kasallikning butun dunyo bo‘ylab tez tarqalib ketishiga olib kelishi mumkin.

Mazkur omillarni hisobga olib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan 2009-2011 yillarga mo‘ljallangan gripp pandemiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va ushbu seminarda muhokama qilindi. Ta’kidlandiki, shu masalaga aloqador barcha vazirlik va idoralar ishini puxta muvofiqlashtirish bu borada muhim choralardan biri hisoblanadi. Davolash-profilaktika muassasalari grippga qarshi dori-darmonlar bilan ta’minlanmoqda. Muassasalar, o‘quv yurtlari, bolalar bog‘chalari, korxonalar, transport vositalari, odam gavjum jamoat joylarida profilaktika ishlari kuchaytirildi.


 Gripp epidemiyasi faqat tibbiyot sohasiga oid muammo emas. Kasallik tufayli insonlar ish qobiliyatini vaqtinchalik yo‘qotadi, bu esa katta iqtisodiy zararni ham keltirib chiqaradi. Shuning uchun aholi o‘rtasida gripp, u keltirib chiqaradigan asoratlarning xavfliligi, shaxsiy gigiyena va profilaktika qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi haqida tushuntirish ishlari olib borish muhim ahamiyatga ega. Grippning oldini olish borasidagi barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda. Yaqin vaqt ichida barcha viloyatlarda o‘quv-seminarlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.


Orqaga qaytish