O'zbek adabiyoti

5363 marta o'qildi
Quddus Muhammadiy (1907-1997)

Quddus Muhammadiy o'zbek bolalar she'riyatining ko'zga ko'ringan atoqli vakillaridan biri. U 1907-yildaToshkentda dehqon oilasida tug'ilgan.

Quddus Muhammadiy o'zbek bolalar she'riyatining ko'zga ko'ringan atoqli vakillaridan biri. U 1907-yildaToshkentda dehqon oilasida tug'ilgan. Quddus Muhammadiy yoshlikda bolalar uyida tarbiyalandi. U yetti yillik maktabni bitirgach, Toshkent qishloq xo'jalik texnikumida o'qidi.

         Quddus Muhammadiyning kasbi — o'qituvchilik. U bolalar hayotini puxta o'rgandi, bolalar psixologiyasining nafis bilimdoniga aylandi.  Hayotning ko'p tomonlari Quddus Muhammadiy ijodida o'z aksini topgan. U asar yaratar ekan, bolalar psixologiyasini hisobga olgan holda ish tutadi. Sinchkov, oddiy narsalardan tortib murakkab hodisalargacha alohida qiziqish bilan qaraydigan bolaning talabini nazarda tutib qo'lga qalam oladi.

         Uning "0'quvchiga esdalik" nomli birinchi she'rlar to'plami 1946- yilda bosilib chiqdi. „Qirq o'g'il, qirq qiz", „Sinov", „Dunyoda eng kuchli nima?". "Mehribon do'stlar", „Bola boshidan, o'g'lon yoshidan". "Qanday bo'lmog'im kerak", "Ochil dasturxon", „Ona-bola mehri", "Tabiat alifbosi", "Qanotli do'stlar", ."Cho'ponbobo qo'shig'i", "Bog'larda bolalar", "Odam-olam qo'shig'i" kabi 40 dan ortiq kitoblari bolalarning sevimli asarlariga aylandi va shoirga shuhrat keltirdi.

       Quddus Muhammadiy ijodining cho'qqisi — besh kitobdan iborat „Tabiat alifbosi"dir. Bu kitoblar bolalarni ona tabiat bilan keng tanishtiradi. Birinchi kitob quyosh, havo, yer va suv haqida. Shoir ularning go'zal ifodasini she'rlarida madh etadi, o'quvchi ko'z oldida jonlantiradi. She'rlar bir-birini to'ldirib boradi. Ikkinchi kitob jonivorlar haqida bo'lib, „Cho'pon bobo qo'shig'i" deb ataladi. Uchinchi kitob — "Qanotli do'stlar"da 100 dan oshiq qushlarning hayoti aks ettiriladi. To'rtinchi kitob "Bog'larda bolalar" deb nomlanadi. Unda shoir har bir o'simlik, har bir gul, har bir daraxt hayotidan ma'no axtaradi va bu ma'no bilan yosh kitobxonlar ongiga ta'sir ko'rsatadi. Beshinchi kitob — "Odam-olam qo'shig'i" olamning gultoji odam haqidadir.

        Xullas, "Tabiat alifbosi"da o'quvchi tabiat haqida to'liq tasavvurga ega bo'ldi.

        Quddus Muhammadiy butun hayotini bolalarga, bolalar adabiyotiga bag'ishlagan san'atkor edi. U o'quvchilar saroyida uzoq yillar adabiyot to'garagini boshqarib, yoshlarga adabiyot sirlaridan dars berdi. Yoshlarni adabiyotga boshlab kirdi.

      O'zbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy o'z asarlari bilan katta-yu kichikning qalbini egallagan.


Orqaga qaytish