O'zbek adabiyoti

5532 marta o'qildi
Shukur SA'DULLA

   Shukur Sa'dulla 1912- yilning 15- yanvarida Jizzax shahrining Toshkent mahallasida xizmatchi oilasida tug'ildi.

Shukur Sa'dulla 1912- yilning 15- yanvarida Jizzax shahrining Toshkent mahallasida xizmatchi oilasida tug'ildi. U 7 yoshga to'lganda mahalladagi eski maktabga boradi va u yerda tez savod chiqaradi, so'ngra yangi tashkil etilgan "Narimonov" nomli maktabda o'qishni davom ttiradi. 12 yoshida maktabni bitirgach, bilimini yanada oshirish maqsadida 1924- yilda Samarqand shahriga kelib, Pedagogika bilim yurtiga kiradi. Xuddi shu maskanda adabiyotga bir umr bog'lanadi, she'r mashqiga jiddiy beriladi.

         Shukur Sa'dullaning dastlabki she'rlari, asosan, kattalarga mo'ljallangan. Ular shoirning o'sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hodisalardan olgan taassurotlarining ifodasi tarzida bunyodga kelgan. Shoirning ana shu mavzudagi she'rlari 1932-yilda „Hayqiriq" nomi ostida maxsus to'plam shaklida Toshkentda chop etilgan. O'n bir she'r va bir kichik poemani o'z ichiga olgan bu birinchi kitobning nomlanishi ham ramziy xarakterda edi.

        Bu davrda Samarqandda (1929- yilning boshida) bolalar adabiyoti to'g'risida kengash bo'lib o'tadi. Kengash Shukur Sa'dullaga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Unda quvnoq bolajonlarning bahtiyor hayotini ifodalash tuyg'usi kuchayadi.

        Toshkent va Buxoro o'quv yurtlarida ta'lim olayotgan Zafar Diyor, llyos Muslim, Sulton Jo'ralar bolalar uchun yozish an'anasini boshlab bergan edilar. Shukur Sa'dulla ular bilan bir safda turib, ijod qila boshladi. 1931- yilda O'zbekiston Davlat nashriyotining bolalar va yoshlar adabiyoti bo'limiga muharrirlikka ishga taklif etiladi.

        1950- yilda Shukur Sa'dulla Ilyos Muslim bilan hamkorlikda bolalar shoiri Samuil Marshakning „She'r va ertaklar" asarini o'zbek kitobxonlariga tortiq etishdi. Shuningdek, Shukur Sa'dulla daniyalik mashhur ertakchi G. X. Andersen, rus yozuvchisi N. A. Nekrasovning asarlarini, L. Tolstoy va B. Jitkovning hikoyalarini, bolalar shoirlari M. Kvitko, A. Barto, M. Mirshakar, O. Bedyorov, M. Fayzulina she'rlarini, V. Lebedov-Kumechning yoshlik taronalarini, B. Gorbatovning "Bo'ysunmaganlar" (1953), V. Oseyevaning "Vasyok Trubachev va uning o'rtoqlari" (1954) povestlarini, Korney Chukovskiyning „Doktor Voyjonim" (1966) asarini ona tilimizga tarjima qilgan.


Orqaga qaytish