Yangi o`zbek adabiyoti

5080 marta o'qildi
Tohir Malik

1920 yili Marg’ilon hunarmandlarining oqsoqoli qobil Mirsoli o’g’li xufton namozidan chiqqan paytida, shunday masjid ostonasida otib o’ldirildi. Bu fojia uning o’smir yoshidagi o’g’li Abdumalikka og’ir ta'sir qildi

 

1920- yili Marg’ilon hunarmandlarining oqsoqoli qobil Mirsoli o’g’li xufton namozidan chiqqan paytida, shunday masjid ostonasida otib o’ldirildi. Bu fojia uning o’smir yoshidagi o’g’li Abdumalikka og’ir ta'sir qildi. Avval Farg`onaga ketib, harbiy maktabga o’qishga kirdi.So’ng Toshkentga, mahalliy millat farzandlari uchun ochilgan zobitlar o’qishiga keldi.

Xuddi shu yillari Mirzakalon ismli yigitcha ham Toshkentga, Erlar bilim yurtiga o’qishga keldi. Keyinchalik "Mirzakalon Ismoiliy" nomi bilan mashhur bo’lgan bu yigitcha Andijonning Buloqboshi qishloqiga tug`ilgan, so’ng yetimlik ozoriga chidolmay O’shdagi xolalarinikiga qochib kelgan, O’shda savod chiqargach, ilm istagida poytaxt sari otlangan edi. Keyingi yili singlisi Sanobarni ham Toshkentga olib keldi.Sanobar qizlar bilim yurtida o’qiy boshladi.

Abdumalik yosh zobitlar tashkil etgan havasorlik to’garagida, Sanobar esa bo’lajak muallimalar qatorida san'at to’garagida qatnashishar edi.Ikkovlari ham dutorni yaxshi chalar edilar. Ikki yosh havasmand san'atkorlar ko’rigida tanishdilar va oqibatda oila qurdilar. Abdumalik qobil o’g’li  mashhur sarkarda Mirkomil Mirsharopov boshqargan O’zbek diviziyasida Sobir Raqimov kabi zobitlar bilan xizmat qildi. O’sha paytda poytaxt Samarqandda edi.Abdumalik bilan Sanobarning to’ng`ich farzandlari Samarqandda tug’ildi.Ular besh farzand ko’rdilar.Kenjalari Tohir urushdan keyin, 1946- yilning oxirida Toshkentda tug`ildi.Harbiylar hamisha ko’chib yurishgani sababli ularning o’z uylari bo’lmagan edi.1945-1947 yillarda Mirzakalon Ismoiliy Berlinda xizmat qilgani uchun oilasini ko’chirib ketgan, uning uyida singlisi oilasi bilan vaqtincha yashagan edi. "Taqdir taqozosi bilan tog’amning  uylarida tug’ilibman, yozuvchilik ehtimol menga o’shandayoq "yuqqan"dir", deb eslaydi Tohir Malik.

Bo’lajak yozuvchi barcha tengdoshlari kabi urushdan keyingi qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. To’yib non yemaslik, uysizlik, ijarama-ijara ko’chib yurishlar... Bular - bolalik xotiralari. U dars tayyorlab o’tirgan akalari, opalari yonida o’tirib, maktabga bormay turiboq savodini chiqardi.Shuning uchun ham uni olti yoshida Ko’kcha dahasidagi 40-maktabga o’qishga berdilar. Ukaning o’qishga qiziqishini bilgan akalari va opalari unga bajonidil yordam berishardi. Katta aka - Botir o’zining birinchi stipendiyasiga "Mard yigit" degan kitob sotib olib, ukasiga sovqa qildi (Tohir Malikning bir necha ming nusxani tashkil etuvchi boy kutubxonasi bor. 1954- yilda sovg`a qilingan "Mard yigit" uning eng e'zozli kitobi hisoblanadi).

1950- yilning oxirida Mirzakalon Ismoiliy "xalq dushmani" degan tuhmat bilan qamaldi. "Kechasi uyg’onib ketib qarasam, ayam rahmatli qora chiroq nurida do’ppi tikib o’tiribdilar,-deb eslaydi Tohir Malik,-qo’llari ishda-yu, ko’zlarida yosh. "Nega yig’layapsiz?" deb so’radim.Javob bermadilar.Sababini yillar o’tib bildim.Tog’amning "xalq dushmani" emasligi ma'lum bo’lib, "oqlanib" chiqqanlarida ikkinchi sinfda o’qirdim.Dastlabki mashqlarim o’shanda boshlangan. Ammo dastlabki mashqlarimni tog’amga ko’rsatishga cho’chir edim..."

1958- yilda Mirzakalon Ismoiliyning "Farqona tong otguncha" romani nashr etilib, shuhrat qozondi.Shu kezlari bolalar ijod uyidagi adabiy to’garakda Tohir dastlabki hikoyalarini o’qib berardi.O’zbek bolalar adabiyotining yirik namoyondalari Quddus Muhammadiy, keyinroq Qudrat Hikmat boshqargan bu to’garakni Tohir Malik "ijod maktabim", deb tilga oladi. To’garakdagi muhokamalarda yaxshi baho olgan uning hikoyalari "Gulxan" jurnaliga tavsiya etildi va  nashr etildi. Shu bois yozuvchi "Men 1960 -yil iyun oyida tug’ilganman", deb hazil qiladi.

Maktabni 1963- yilda tamomlab, hozirgi Milliy universitetning kechki jurnalistika fakultetiga o’qishga kirdi.Kunduzi qurilishda duradgor, g’isht teruvchi bo’lib ishladi.1965- yili maktabda kimyo laboratoriyasida ishladi.Kunduzgi ish, kechki o’qish ijodga salbiy ta'sir qilmadi.O’qishdan qaytganda, tunlari ijod bilan shuqullanishda davom etdi. Ustoz-tog’aning:   "O’zing yaxshi bilmagan narsani yozma", "Boshqalar yurgan yo’ldan yurma, ijodda o’z so’qmog`ingni top", degan ikki o’gitiga amal qildi. Bolalar uchun hikoyalar yozib, shu yo’lda badiiy ijod sirlarini o’rgangan Tohir Malik o’zbek adabiyotida kam e'tibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillari qo’l urdi va bir qator asarlar bilan kitobxonlar e'tiborni o’ziga tortdi. Uning talabalik yillari yozilgan "Hikmat afandining o’limi" asari o’zbek adabiyotida fantastika yo’nalishida yozilgan birinchi qissa sanaladi. Shundan so’ng uning bu yo’nalishdagi bir qator hikoyalari, "Falak", "Somon yo’li elchilari", Tiriklik suvi", "Zaharli g’ubor" (keyinroq "Vasvasa" nomi bilan qayta ishlangan)  qissalari, "Devona" romani (dastlab "Chorrahada qolgan odamlar" nomida nashr etilgan) "Qora farishta" kitobi e'lon qilindi va bu asarlar rus hamda chet tillarga tarjima qilindi.

Adib 20-asr avvalidagi o’zbek ziyolilari hayoti va faoliyatini o’rganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida "Savoqil" (avval "Qaldirqoch" nomida nashr etilgan) romanini  va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab "Ozod inson haqida qo’shiq" hujjatli qissasini yozdi. Bu mavzu keyinchalik "So’nggi o’q", "Ov" qissalarida davom etdi. "So’nggi o’q" asosida yetti qismli telefil'm yaratildi.  Uning ma'naviy boylik masalalariga bag’ishlangan "Bir ko’cha, bir kecha", "Iblis devori", "Eng kichik jinoyat" asarlari ham kitobxonlarga manzur bo’ldi. "Iblis devori" asosida badiiy film suratga olindi. Adib insonning ma'naviy-ruhiy olamini tadqiq etishga ko’p e'tibor qaratdi va buning oqibati o’laroq "Jinoyatning uzun yo’li", "Kelinlar daftariga", "Halol nima-yu, harom nima", "Ayovsiz ilon", "Aql va Oqil", "Tilingni asra", "Mehmon tuyqular" (bu mavzu bir necha marta qayta to’ldirilib, "Iymonlashish umidi", "Tosh qalblarga nazar solinmas" nomlarida nashr etildi)  ma'rifiy asarlari hamda uch kitobdan iborat "Odamiylik mulki" risolasi yozildi. 

Tohir Malik ijodida detektiv tarzi alohida ahamiyat kasb etadi.Adib bu yo’nalishga asos soluvchilardan biridir."Alvido, bolalik" va "Charxpalak" qissalari kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olinib, yillik mukofot bilan taqdirlangach, u "Shaytanat" romani ustida ish boshladi.Asarning to’rt kitobi o’n besh yil davomida yozilib, ko’p nusxada nashr etildi va yigirma qismli fil'm ishlandi. Yozuvchi  asarga nuqta qo’yish erta deb hisoblab, 2011 yilda asarning beshinchi kitobini nashr ettirdi. Bu orada uning "Murdalar gapirmaydilar", "O’lim uchburchagi", "Talvasa" kabi asarlari yozildi.

Yozuvchi asarlarini o’qigan kitobxon tasvirlangan eng yomon odamdan ham butkul nafratlanmaydi, aksincha, qismatiga achinadi.Nega shunday?Chunki yozuvchi insonlarni, ularning ichki kechinmalarini, ruhiyatlarini sinchiklab o’rganadi va kitobxonni ham mana shu ruhiyat olamiga olib kiradi. Uni shu holga solgan sabablarni tahlil qilishga va xulosa chiqarishga yo’naltiradi.

"Alvido, bolalik" va "Talvasa" yozuvchi ijodida alohida o’rin tutadi. Asardagi asosiy g’oya - hech kim jinoyatchi bo’lib tug’ilmaydi, bolani atrof muhit, jamiyatdagi turli illatlar jinoyatchiga aylantiradi. "Men o’smirlar va yoshlarning jinoyat ko’chasiga kirib qolayotganiga befarq qarab turolmayman,-deydi adib. -Bolalar aqloq tuzatish koloniyalariga har borganimda yuragim eziladi.Ozod, erkin yashab, o’qib, hunar o’rganadigan yoshdagi bolalar bu yerga qanday tushib qoldilar?! Nahot jinoyat olami ularga jozibali ko’rinsa?! Men jinoyat olamini "Shaytanat", ya'ni "shaytonlar yetovidagi zulmkorlar olami" deb atab, "Ehtiyot bo’ling, jigarlarim, bu ko’chaga yaqin yo’lamang.Boshi berk bu ko’chaning adog’ida faqatgina azobli, xorli o’lim topasiz", demoq niyatida yozdim.Yozganlarimni ogohlantirish, deb qabul qilishlaringizni istardim".

 "Alvido, bolalik" sahnalashtirilib, Yosh tomoshabinlar teatrida 600 martadan ziyod o’ynaldi va hanuz namoyish etilyapti. Shuningdek, Andijon, Sirdaryo, Qashqardaryo teatrlarida ham sahnalashtirildi.

Toqir Malik tarjimachilik sohasida ham qalam tebratgan. Karlo Gotssi, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoevskiy, Vladimir Ikskul, Chingiz Aytmatov, Ahliyor Hakimov va turk hamda bulg`or adiblari asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Adib kinodramaturgiya sohasida ham barakali ijod qildi. O’z asarlari asosida suratga olingan filmlar ssenariylarini yozish bilan birga "Akademiya", "O’rgimchak to’ri" badiiy fil'mlari hamda "Amir Temir davri adabiyoti", "Sohilsiz dengiz", "Moshtabib", "Varaxsha", "Zulmat saltanati" hujjatli fil'mlar ssenariylarini yozdi.          

Toqir Malik tahririyatlardagi faoliyatini talabalik yillari boshlagan. Hozir "Tong yulduzi" deb nomlanuvchi bolalar gazetasida adabiy xodim, bo’lim boshlig`i vazifasida ishladi. Universitetdagi o’qishi yakunlangach, harbiy xizmatda bo’ldi. So’ng respublika radiosida, "Cho’lpon" va G’afur G’ulom nomidagi nashriyotlarda, "Guliston", "Sharq yulduzi", "Yoshlik" jurnallarida bo’lim boshliqi, mas'ul kotib, Bosh muharrir lavozimlarida ishladi. Keyingi o’n besh yil davomida Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasida o’zbek tilidan dars beradi.

Yozuvchining bir qator asarlari kitobxonlar orasida o’tkazilgan so’rov asosida turli yillarda yillik mukofotlar bilan, xususan G’afur G’ulom nomidagi mukofotlar bilan taqdirlangan.Yoshlar tarbiyasiga oid asarlari inobatga olinib "Maorif fidoyisi" unvoni berilgan. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan "Do’stlik" ordeni va "O’zbekiston xalq yozuvchisi" faxriy  unvoni bilan taqdirlangan.

 


Orqaga qaytish