She`rlar va ruboiylar

5530 marta o'qildi
Asqad MUXTOR she`rlari

HAFTA

„Hafta" degani — yettidir,

 Oilada yettimiz.

Oyga, yilga nisbatan

Biz, albatta, mittimiz.

Ammo-lekin biz boimasak,

Na oy bor-u, na yil bor.

HAFTA

„Hafta" degani — yettidir,

 Oilada yettimiz.

Oyga, yilga nisbatan

Biz, albatta, mittimiz.

Ammo-lekin biz boimasak,

Na oy bor-u, na yil bor.

Bizdagi mazmun bilan

Odamning umri dilbar.

 Yettovlonmiz, yetti o'g'lon,

 Yetti og'ayni botir.

Ana, birinchi bo'lib

Yakshanba kelayotir.

 

YAKSHANBA

„Yak" degani — bir degani,

 To'ng'ichiman haftaning.

 Yak bo'lsam ham, yakka emas,

Bir jangovar safdaman.

Vazifam bor — dam beraman

 Mehnat qilgan kishiga.

Har haftasin bezayman,

Yakun yasab ishiga.

 Mehnatkashning vijdoni pok,

Rohat qilib uxlagan.

Bolalarni ergashtirib,

Yor-u do'stin yo'qlagan.

 Dars ham yo'q, ish ham yo'q,

O'yin-kulgi, tomosha.

To'y ovozi — karnay-surnay,

Devor osha, torn osha...

Katta yo'lning gulshaniman,

 Orom oling gulshanda.

Har haftada mehmonimsiz,

Mening otim Yakshanba.

 

 

Yettovlon, yetti o'g'lon,

 Yetti og'ayni botir.

Ana, ikkinchi bo'lib

Dushanba kelayotir.

 

DUSHANBA

„Du" degani ikkidir,

Mehnat bizning zotimiz.

Yakshanbaning ukasiman,

 Qofiyadosh otimiz.

Yoqtirmaydi meni yalqov,

 Og'ir, deb urushadi.

 Ammo bugun ish yurishsa,

 Bir hafta yurishadi.

Hordiqdan so'ng lanjlikni

G'ayrat bilan yenginglar,

Yangi kuch-u havas bilan

Bel bog'laydi ming-minglar.

 Mehnat mendan start olar,

Men ochaman haftani.

Mehnat esa yurgizadi

 Zavod, dizel, shaxtani.

Meni tanir bolalar ham

Tongim sabolaridan,

 Maktabdagi qo'ng'iroqning

Kumush sadolaridan.

Yettovlonmiz, yetti o'g'lon,

Yetti og'ayni botir,

Ana, uchinchi bo'lib

 Seshanba kelayotir.

 

SESHANBA

„Se" degani — uch degani,

Hafta uchga kiradi.

Hamma joyda, hamma joyda

 Mehnat kuchga kiradi.

Ajrab turgan joyim yo'q,

Oddiygina bir kunman.

Ammo shon-u shuhratdan

Toj kiyishim mumkin man.

Bilasizmi, Gagarin

Seshanba kun uchgandi.

Sirdaryoning Farhod GESi

Shu kun ishga tushgandi.

Tasodifmi? Bo'lsa bordir.

Shunisi qonuniyki,

Bir haftada nima bo'lsa,

Beshdan bin — meniki.

Ha, oddiyman, ko'p qatori,

Hech: „Men — buyukman" demasman.

Ammo ko'rib turibsizki,

Uncha oddiy emasman.

Yettovlonmiz, yetti o'g'lon,

Yetti og'ayni botir.

Ana, to'rtinchi bo'lib

Chorshanba kelayotir.

 

CHORSHANBA

„Chor" degani — to'rt degani,

 To'rtinchiman safda men.

 Yarim yo'lga yetdingiz,

Qoq beliman haftaning.

 Bir-birining davomi-da,

Bel bo'lmasa bosh qani?!

Men kattaman demagin hech,

Kamsitmagin boshqani.

Biz shunaqa — bir butun,

 Bamisoli zanjirmiz.

Birimizda ish unmasa,

Hammamiz ham ranjiymiz.

Xuddi shunday shaharlar ham,

Xuddi shunday — odamlar,

 Sinfdagi do'stlaringiz,

 Zavoddagi dadanglar.

 Hammasi ham bir-birisiz

Bosolmaydi ilgari.

Bog'liq ekan bir-biriga

 Hayot-mamot singari.

Yettovlonmiz, yetti o'g'lon,

Yetti og'ayni botir.

Ana, beshinchi bo'lib

 Payshanba kelayotir.

 

PAYSHANBA

„Pay" degani — „panj"dan chiqqan,

 Panj, ya'ni beshinchi.

 Otim g'alat, ammo birov

Meni no'noq desin-chi!

Yoqtirmayman — kimda-kim

Meni bekor oldirsa.

Yoki mening ishimni

Juma kunga qoldirsa.

 Bo'lsa deyman ma'noli

Daqiqamning barchasi,

 Nega desang men ham sening

Umringning bir parchasi.

Qalbingni men ham jindak,

 Boyitaman galimda,

 Zimdan hisob so'rayman

Aylanib kelganimda.

Sizning kami-ko'stingizdir —

 Bizning kami-ko'stimiz.

Bizning yutuq — sizning yutuq,

Biz odamning do'stimiz.

Yettovlonmiz, yeti o’g’lon,

Yetti og’ayni botir

Ana, jktinchi bo’lib

Juma ham kelayotir.

 

JUMA

 

Olti - asli „shash" bo'ladi.

Qofiyasiz yuraman.

„Shashshanba"ni aytish qiyin,

 Shuning uchun Jumaman.

Juma degan bola ham bor,

Juma kuni tug'ilgan.

Uginamas, hammangiz

Mehrim bilan yo'g'rilgan.

Har biringga baxt keltiray,

Ilhom solay dilingga.

Kunlar qadriga yeting,

Ixlos qo'ying bilimga.

Kunlar to'plab misqollab

Bayramlar shodligini.

Kunlar bunyod etadi

Umring obodligini.

Umr o'zi kunlardandir,

Shu kunlarning biriman,

Men oxirgi mehnat kuni,

Haftaning taqdiriman.

Yettovlonmiz, yetti o'g'lon,

Yetti og'ayni botir.

Ana, yettinchi bo'lib

Shanbavoy kelayotir.

 

SHANBA

 

Yak, du, se, chor, panj... emas,

Men shunchaki Shanbaman.

 Ish haftasi bekildi.

 Men misoli tambaman.

 Ammo maktablar ochiq.

 Dam kuni deb ovunmang.

.Ishchi ko'proq dam olsin deb,

Yakshanbaga muovinman.

 Teatrga, ovga borsin,

Ko'proq o'qisin kitob.

Sog'ligiga madad bo'lsin

Sof havo, suv, oftob.

Shunday hurmatga loyiq

Bizning elda ishchilar.

 Butun boylikni yaratgan

Eng tabarruk kishilar.

 Shunday qilib, biz mehnatda,

Yetti og'ayni botir.

 Quloq soling: bir zvenodek,

 Haftangiz kelayotir!

„Haft" degani — yettidir,

Oilada — yettimiz.

Oyga, yilga nisbatan

 Biz, albatta, mittimiz.

Ammo-lekin biz bo'Imasak,

 Na oy bor-u, na yil bor.

 Bizdagi mazmun bilan

Odamning umri dilbar.


Orqaga qaytish