Hikoyalar

4715 marta o'qildi
Oq kabutar Ibratli hikoyalar

Sevara erta bilan turib xona havosini tozalagani derazani ochdi. Deraza tokchasida juda chiroyli oq kabutar qo‘nib turardi.

Sevara erta bilan turib xona havosini tozalagani derazani ochdi. Deraza tokchasida juda chiroyli oq kabutar qo‘nib turardi. Uni ko‘rib hayratlangan Sevara ko‘zlarini katta-katta ochgancha qarab qoldi. Kabutar qizchadan cho‘chimas, aksincha o‘z tilida “g‘udur-g‘udur”lab, nimadir der edi. “Balki, qorni ochdir”, deya Sevara yugurib borib non ushoqlari bilan bir idishchada suv olib keldi-da, qushcha oldiga qo‘ydi. Kabutarning non yeyishini tomosha qilar ekan, shu qushcha o‘ziniki bo‘lishini juda-juda istadi.

 Nonushta tayyorlayotgan buvisining oldiga chopqillab borib: “Buvijon, derazamiz tokchasiga oq kabutar qo‘nibdi «tutib bering», deya qistadi. Shunda buvisining ko‘zlariga yosh qalqidi va:

 — Yo‘q, qizalog‘im, oq kabutarni tutib bo‘lmaydi. Bu qush – ozodlik, tinchlik ramzi, u tutqinlikda ushlanmaydi, bolaginam. Ikkinchi jahon urushi oxirlagan, 1945-yilning bahori edi. Bir kuni ayvonimizga oq kabutar kelib qo‘ndi, biz chug‘urlashib uni o‘rab oldik. Buvim shunda: “Hoy-hoy, cho‘chitmanglar, bu yaxshilik xabarchisi, zora dadalaring eson-omon qaytib kelsa, deya zorlandilar”. Keyin ko‘z yoshlarini artib turib, “Qani, kim dadasining birinchi bo‘lib qaytishini istasa, kabutarga nonidan ozgina bersin”, dedilar. O‘zi shundoq ham bir tishlamgina nonimizni unga ilindik. Urush tezroq tugashini, dadalarimiz uyga qaytishini , qornimiz to‘yib non yeyishni juda-juda istardik-da…

  Urush tugadi — hamma xursand, bir-birini quchoqlagan. Ozgina vaqt o‘tgach otalarimiz asta-sekin qaytib kela boshlashdi. Hammamizniki emas, afsuski. Birgina bizning buvimiz to‘rt jigargo‘shasidan ayrilgan edi. Ana shunaqa, bolam, kabutar butun olamga tinchlik ulashib, uchib yuraversin”, dedi-da sekingina xonadan chiqib ketdi.

 

  Hikoyaning tugashini kutgan kabi kabutar ham bir silkindi-yu uchib ketdi.

 

  Sevara yugurib hovliga chiqib, osmonga qaradi, musaffo ko‘kda oq kabutarga uchish juda yarashar ekan.

 

Madinabonu ABDULLAEVA


Orqaga qaytish