Hikoyalar

5530 marta o'qildi
Kitob sotayotgan odam

Bu uzundan- uzoq yo'lkaning oxiri yo'qday edi.
Qishin-yozin erta tongdan kech shomgacha bu yerdan odamlar oyog'i uzilmas, nimadir sotib, nimadir olayotgan kishilar g'ala-g'ovuri sira tinmasdi.

Bu uzundan- uzoq yo'lkaning oxiri yo'qday edi.

Qishin-yozin erta tongdan kech shomgacha bu yerdan odamlar oyog'i uzilmas, nimadir sotib, nimadir olayotgan kishilar g'ala-g'ovuri sira tinmasdi.

Yo'lka adog'ida qartayib, bir-yarim shoxlari quriy boshlagan chinor ostida to'qsonni qoralagan chol o'tirar, biroz bukchaygan keng yelkalari, nuroniy chehrasi u bir vaqtlar juda ko'rkam yigit bo'lganidan dalolat berardi. Tap-taqir qirilgan boshidagi nimdosh movut kuloh, uzun simobi yaktayunga ulug'vor tus berar, qartaygan chinor va undan-da qariroq chol ola-g'ovur yo'lkaning tarkibiy qismiga aylangan, yil-o'n ikki oy bu yerdan o'tib-qaytadigan olomon eski sholcha ustida o'tiradigan bu kishiga e'tibor bermay qo'ygan, bor-yo'qligini hech kim sezmasdi. Mirshab, soliqchi, pattachilaming ham u bilan ishlari yo'q edi. Chol bu Dunyoi dunda shunchalar ko'p yashab qo'ygan ediki, kunlar, oylar u yoqda tursin, yillar, o'n yilliklar sanog'idan adashib ketgandi, chamasi.

Uning yonida jigarrang saxtiyon muqovasi titilib. Sahifalari sarg'ayib ketgan kitob yotar, bu matohga hech kim qiyo boqmasdi.

Qo'lida yegulik, ichgulik, yana alia nimalarni ko'targan odamlar oqimi bir zum ham tinmas, chol esini taniganidan buyon shu eski kitobni sotmoqchi bo'lar, lekin sira xaridor topolmasdi.

  Onda-sonda to'xtab, kitob-ning u yoq, bu yog'ini ag'darib ko'radigan ziyolinamo kishilar u nima haqida ekanligini choldan so'rab qolishardi. Chol xira tortgan ko'zlarini yerga tikib, "bilmayman" deya tan olar, so'ngra o'zini oqlamoqchi bo'lib, bidillardi:

  — To'g'ri, bir paytlar bu kitobda nimalar yozilganini bilardim. Bobom aytib bergan edilar. Hozir esimdan chiqib ketdi... Qayta o'qiy desam, ko'zim o'tmaydi... Men, axir, bu dunyo-da qariyb yuz yildan beri yashayman... Yuz yil!..

Qariyaning ovozi qaltirar, qarshisida bezrayib turgan kimsa bu kitobni baribir xarid qilmasligini yaxshi bilganidan, ko'zlarini yashirmoqchi bo'lardi. Nursiz ko'zlarida esa mudom yosh yaltirar, bu qarilik oqibatimi, yoinki, alamdanmi, bilish mushkul edi.

  U ko'p yillar mobaynida chinor ostida o'tirib, yonidan muttasil o'tib-qaytib turgan olomon tabiatini yaxshi o'rgangan, uncha-muncha odamga kitobini taklif etmas, ko'nglida o'zining eng noyob buyumini sota olishiga andakkina umid paydo bo'lgandagina past tovushda iltijo qilardi. Shunday paytlarda chuqur ajinlar qoplagan yuzini allaqanday ilohiy nur yoritgandek bo'lar, biroq, g'ala-g'ovur kuchsizgina ovozini yamlab-yutib, yana bir loqayd kimsa e'tibor qilmay o'tib ketgach, qariyaning chehrasi motamsaro tus olardi.

  U ba'zan umidsizlikka tushib, etagini qoqib, turib ketmoqchi bo'lar, shunda so'nggi nafaslarini olayotgan bobosining vasiyati yodiga tushardi.

— Bolam, — degandi o'shanda bobosi, — bu noyob kitobni otangga emas, senga qoldiraman. Otang bu kitob qadriga yetolmasa kerak... U qorin bandasi... Sening yo'rig'ing bo'lak, o'g'lim. Sen bu kitobni odamlarga yetkazishing kerak...

  Bu kitobda insoniyatni balo-qazolardan asraguvchi buyuk sir bor... Ha, Buyuk sir!.. Sen uni egasiga yetkazishing kerak. Kitobning haqiqiy egasi kim ekanini men bilmayman. Zora,

  Olloh marhamati ila sen bu ish uddasidan chiqsang...

Bobosining so'nggi nafasida aytgan so'zlari quloqlari ostida aks-sado berar, u hushyor tortib, atrofga boqar va o'sha, kitobning haqiqiy egasini sabr-toqat ila kutishda davom etardi.

Qarilik qursin-a, qarilik! Ba'zan ichki tuyg'usi unga pand berib, kitobdan mutlaqo yiroq odamlardan umid qilar va oxiri juda o'sal bo'lardi.

...O'shanda chinor endi barg yoza boshlagan, kun nihoyatda iliq va nurli edi. Erta tongdan qariyaning ko'ngli ham bahor osmonidek yorishib ketdi. Bir mahal chehrasi ko'rkam o'rta yashar kishi chol o'tirgan yerga yaqinlasha boshladi.

Kitob sotuvchining yuragi hapriqdi va u o'zining azaliy iltijosini takrorladi.

Sipo kiyingan kishi uning ovozini eshitdimi, yo'qmi, bunisi noma'lum. Lekin harqalay, u bir muddat to'xtab, cholga, uning oldidagi ochiq kitobga parvosiz nigoh tashladi. So'ngra cho'n-tagidan pul oldi-da, uni kitob ustiga tashlab, o'z yo'liga ravona boidi.

Cholning boshidan bir chelak sovuq suv quyilgandek bo'ldi. Uning kitobi hech kimga kerak emas! Unga sadaqa berishdi!

U g'ijimlangan pulga qaradi-yu, bo'g'ziga tiqilib kelgan achchiq bir narsani yutolmay, jonsarakn bo'ldi. Injudek tovlangan ko'z yoshlari kitobning sarg’aygan varaqlariga chak-chak tomar, cholning bukchaygan yelkalari silkinardi.

Kitob sotuvchining chinor ostidagi uzoq yillik hayotida bunday hodisa necha marta sodir bo'lgan, lekin uni tilanchi deb o'ylab, berilgan sadaqa hech qachon bunchalik tahqirlamagandi. Boyaqish bahorning bu yorug' kuni va chehrasi ko'rkam odamdan bunchalik bedodlik kutmagandi.

Chol har qancha ko'z yosh to'kmasin, hayot o'z maromida davom etar va uning shafqatsiz qonuniyatlarida hech qanday o'zgarish sodir bo'lmagandi. Sirasini aytganda, kimdir, kimgadir sadaqa bersa va qaysidir chol qandaydir kitob uzra ko'z yosh to'ksa, nima qipti? Axir, dunyoda ko'z yosh to'kayotganlar kammi?..

  Shu tariqa kunlar, oylar, yillar o'taverdi. Cholning ovozi tobora zaiflashib, ko'zlarida nur so'nib borar, lekin u o'zining noyob kitobini sotishga hamon umid qilardi. Yil fasllari bir-biri bilan almashar, azim chinorning qurigan shoxlari ko'payib borardi.

Chinor ostida o'tirgan chol hayotida esa biror o'zgarish bo'lmagan, hamon u qayerda tunab, qayerda ovqatlanishini hech kim bilmasdi.

Nihoyat, kech kuzning sovuq yomg'ir yoqqan shilta nam oqshomida chol bir qarorga keldi shekilli, yonidan o'tib ketayotgan ziyolinamo kishining yomg'irpo'shi etagidan mahkam ushlab, o'ziga tortdi. Haligi kishi qalqib ketib, jahl bilan o'girildi. O'girildi-yu, cholning mungli yuzlariga nigoh tashlagach, biroz jahldan tushdichki tuyg'usi pand bermagan, ro'parasida ijirg'anib turgan kimsa, haqiqatan ham ziyoli emas, ziyolinamo kishi edi.

— Bo'tam, — yalindi chol, — shu noyob kitobni siz ola qoling. Shundoq, tekinga... Pulingiz kerak emas... Ehtimol, bu kitobdagi sirning tagiga yetarsiz... Shunda hayotning barcha tilsimotlari ochilsa, ne ajab?..

Ziyolinamo kishi yomg'irpo'shi etagini uning qo'lidan shahd bilan tortib oldi-yu, o'shqirdi:

— Hoy, miyasi aynigan chol! Men kitob o'qimayman! Men kitob yozaman, bildingmi?!

Chol qalqib tushdi, qo'llari bilan boshini pana qilganicha, mung'ayib qoldi. Bu dag'dag'a uning shuncha yillar chinor tagida o'tirib, to'lmagan sabr kosasiga tomgan so'nggi tomchi edi. Boyaqish bukchayganicha sassiz yig’lar, tobora uzoqlashib borayotgan qadam tovushlari aks-sadosi miyasiga gurzidek urilardi.

Shu izg'irin oqshomda chol g'oyib bo'ldi. Ertasiga choshgoh mahali uning o'rnida 7-8 yoshlar chamasidagi nimjongina qizaloq paydo boidi. Oriq, yorqin ko'zlari katta-katta qizcha gavdasiga yarashmagan shirali tovushda o'sha, eski kitobni maqtab, xaridor izlardi.

Qizchaning ko'zlari, shirali tovushi g'oyib bo'lgan cholga juda-juda o'xshab ketardi.

Chinor ostida yuz bergan bu o'zgarishni yo'lkani supurib yuradigan farrosh kampirdan bo'lak hech kim payqamadi.

Mudom qayoqqadir shoshilgan, doimo nimanidir sotib, nimanidir olish ilinjida bo'lgan olomonning hech qanaqa o'zgarish, kitob va sir-sinoat bilan ishi yo'q edi. Odamlarning so'ngsiz oqimi dengiz misol guvillab, qizchaning tovushini yutib yuborar, bebosh shamol sarg'aygan sahifalarni titkilab, hushtak chalardi. Yomg'irning sovuq, og'ir tomchilari za'faron yaproqlarni yerparchin qilgan, yarim yalang'och shoxlardagi qarg'alar qag"illashi yuraklarga vahima solar, loqaydlikning butun koinotni qamragan ko'rinmas pardasi aro hamon o'sha iltijoli tovush aks-sado berardi.

— Amakijon! Bu juda zo'r kitob! Unda Buyuk sir bor! Eng Buyuk sir!.. Bu kitobni bobom menga vasiyat qildilar, uni albatta o'z egasiga yetkazishim kerak...

Yomg'ir tovushi borgan sari kuchayar, qizaloq iltijosini hech bir quloq eshitmas, ola-g'ovur yo'lka zulmat qo'yniga g'arq bo'lib borardi.

 

Jo’ra Fozil




Orqaga qaytish