Hikoyalar

4927 marta o'qildi
Yolda

Yonboshiga «prokat» deb yozilgan pachaqqina «Moskvich» g‘uborsiz tong havosini yorib oldinga intiladi. 

Yonboshiga «prokat» deb yozilgan pachaqqina «Moskvich» g‘uborsiz tong havosini yorib oldinga intiladi. Kozimjon bu mashinani olganiga uch kun bo‘ldi. U xotiniga ko‘pdan beri, tog‘ yo‘llarini bir ko‘rsataman, deb va’da qilib, sira fursat topolmay yurardi. Uning o‘z tili bilan aytganda: «Bizning xotin bir narsaga yopishdimi, bo‘ldi, pona bilan ajratib, ombur bilan tortib olinadi».Darhaqiqat, Xosiyatxon shunaqa bir so‘zli ayol. Kozimjon shu besh yillik turmushlarida hali uning bir gapini ikki qilmagan. Qilolmaydi ham. To maktabning ikkinchi sinfigacha onasi opichlab borgan erka qizning talablarini rad qilishga Kozimjondek yuvosh odam ojizlik qilardi. Mana, Xosiyatxon Kozimjonning yonida husni bir jahon bo‘lib o‘tiribdi. Uning chinakamiga ko‘z-ko‘z qilsa arzigulik husni bor edi. U mashinani, modani, atoqli ayollar davrasiga kirishni jon-dili bilan yaxshi ko‘rardi. U Kozimjonga tegarkan, uning istiqbolida katta obro‘, yengil mashina, dang‘illama imorat ko‘rardi. Afsus, unaqa bo‘lmadi. Kozimjon jo‘ngina injener chiqdi. Teatrda ham el qatori o‘rtaroqda o‘tirardi. Mashina qayoqda, shu bilan ikkinchi marta prokatga mashina olishi. Mana o‘zi rulda o‘tirib, Xosiyatxonni tog‘ yo‘llarini aylantirishga olib ketyapti. Shahar chiroqlari birin-ketin o‘chib, tong otdi. Bu payt ular ancha joyga borib qolishgan edi. Tog‘ yo‘li boshlandi. Pastak adirlar oralab ketgan kaftdek yo‘l ilon izi bo‘lib malla rang qirlar orasida yo‘qolib ketardi. Tuman orasiga o‘ralgan cho‘qqining uchi qilich damidek yarqirab ketdi-yu, bir dam kimxob parchasidek bulut yalt-yalt yonib ko‘zni qamashtirdi. Tog‘ orqasida quyosh bosh ko‘targan edi. Ana endi, tog‘ yo‘lining eng gashtli payti boshlanadi. Mashina anchagina uringan, ko‘p «shafqatsiz» qo‘llardan o‘tgani sababli yo‘l-yo‘lakay ko‘ksovga o‘xshab yo‘talib borardi. Mana hozir ham yonbag‘irga yetmay suvi samovardek qaynab ketdi. Kozimjon bir juft azim yong‘oq tagiga kelganda to‘xtatib, qaynoq suvni to‘kib, chelakni ko‘targanicha soyga tushib ketdi.U radiatorga suv quyayotganda ham, mashinaning u yoq-bu yog‘ini aylanib, g‘ildirak rezinalarini tepib ko‘rayotganda ham Xosiyatxon mashinadan tushmadi. — Pastga tushib bu yoqlarni tomosha qilsangiz-chi. Qarang, soyga qarang. Toshga urilib, biram g‘alati to‘zon otyaptiki. Xosiyatxon mashinani judayam sog‘ingan ekan, tushmadi. Pista chaqib o‘tiraverdi. Yo‘l shu joydan boshlab tik qiyalab toqqa ko‘tariladi. Yong‘oqning narigi tomoniga «Voditel, tormozlaringni tekshir!» deb yozib qo‘yilgan. Taxminan besh kilometrcha masofaga mashina tinimsiz ko‘tarilishi kerak. Bu qiyaga uncha-muncha havaskor shofyorning yuragi dov bermasdi. Kozimjonning ham yuragi po‘killab turibdi. Agar Xosiyatxon shoshirmaganda u motorni jindak sovutib olmoqchi edi. Bo‘lmadi.

— Buncha imillaysiz, yura qolsangizsiz-chi. Cho‘qqiga chiqib dam ola qolarsiz. Kozimjon endi kabinaga kirgan edi, tog‘ tomondan o‘rta yoshlardagi bir qishi ko‘rindi. Uning egnida kombinezon, qo‘lida tuguncha. U Kozimjonga qarab qo‘l silkidi. Kozimjon endigina motorni o‘t oldirgan edi, yana o‘chirdi.

— Haydang!— dedi Hosiyatxon.

— Shoshmang, anavi kishining ishi borga o‘xshaydi.

— Ishi nima bo‘lardi. Olib ket, deydi-da. Haydang, haydang!

Kozimjon beixtiyor mashinani yurgizib yubordi, qayrilishga kelganda o‘sha tomonga bir nazar tashlagan edi, boyagi kishi yo‘l o‘rtasida unga qarab turardi. Kozimjonning ichi ezilib ketdi. Bechora, endi nima qiladi...

— Ha, muncha qovoq-dimog‘ingiz osilib qoldi.

— Haligi odam...

Kozimjon gap topolmay qo‘l siltadi. U shitob bilan mashinaga gaz berdi. Motor xunuk bir gurillab tepalikka tarmashdi.Aylanma yo‘llar boshlandi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Bir tomon bulutga sanchilgan cho‘qqi, bir tomon toshqin tog‘ darasi. O‘ngga sal jilsang, pastga qulaysan, chapga sal jilsang, yo toshga urilasan, yo qarshidan kelayotgan mashinaga urilasan. Oxiri ular suv almashtirish uchun maxsus tayyorlangan yalanglikka yetib to‘xtashdi. Bu yerda ulardan boshqa yetti choqli mashina turardi. Hammasi suv olishyapti. Kopotni ochib shamollatishyapti. Kozimjon ham ular orasiga suqildi. Bu joydan pastliklar juda g‘alati ko‘rinar edi. Kozimjon, o‘zimizda shunaqa xushmanzara joylar bor ekan-ku, odamlar qayoqlarga borib yurishadi-ya, deb dilidan o‘tkazib qo‘ydi. Darhaqiqat, yonbag‘irlar beqiyos chiroyli edi. Pastliklarda g‘uj-g‘uj pista daraxtlari, azamat toshlar orasida sinkaga solingandek ko‘k suv goh ko‘rinadi, goh ko‘rinmaydi. Soyning narigi tomonida yalang‘och tog‘lar yuksala-yuksala vodiy yo‘lini to‘sib yotibdi. Uning qizil cho‘qqilariga oftob tushib turibdi. O‘ngirlarda saratondan yashirinib qolgan qor uyumlari ko‘rinadi Kallaqantdek cho‘qqiga ko‘tariladigan aylanma yo‘lga bosh ko‘tarib qaragan kishi bir-birining ustiga mingashib yuksalgan yo‘lni ko‘radi, mashina to cho‘qqiga ko‘tarilguncha shu yo‘ldan to‘rt marta o‘tishi kerak. Kozimjon yuqoridan tushayotgan mashinaga qaradi, u to tushib kelguncha to‘rt aylandi-da, to‘dalashib turgan mashinalar oldida to‘xtadi.

— Cho‘qqi orqasidagi yo‘lga xarsang qulagan, o‘tolmaysizlar. Ekskavatorchiga telefon qilishdi, kelsa yo‘lni ochib beradi.

Xosiyatxon hafsalasi pir bo‘lib kabinadan tushdi. U yoq-bu yoqqa alanglab tomosha qila boshladi. Xarsangga o‘tirib olgan bir shofyor yigit atrofini o‘rab olganlarga yo‘lni tushuntirardi.

— Ikki yil shu yo‘l qurilishida ishlaganman. Ishning zo‘rini ana shunda ko‘rganman. Ko‘p ustalar bor edi. Ekskavator, buldozer deganlar qumursqadek to‘lib ketgan. O‘shanda odamlar tosh bilan, oftob bilan olishib ishlashgan. Siz manavi tayyor yo‘ldan ketyapsiz. Eha, qurish oson bo‘lmagan buni. Bir Rustamjon degani bor edi. YO qudratingdan, tosh otishni o‘shanga chiqargan edi. Badani oftobda xuddi misga o‘xshab qizarib ketgan, o‘ziyam miqti kelgan, tiqmachoq kishi edi, o‘zidan katta toshlarni pastga uloqtirardi-ya.

Bir kun ko‘chki tushib buldozerni bosib qolibdi. Har toshlarki, odamning vahmi keladi. Nachalnik kelib kim toshlarni olib tashlasa, besh norma yozaman, deb qoldi. Hech kimdan sado chiqmadi, Bir chetda papiros chekib o‘tirgan Rustamjon o‘rnidan turdi-da, piching qildi.

— Besh norma o‘zingizga siylov, nachalnik. Odamlarni o‘z ishiga yuboravering, Toshlarni o‘zim olib tashlayman.

Lekin odamlar ketishmadi. Qani, bu maqtanchoqning ishini bir ko‘raylik-chi, deb turib olishdi.

Rustamjon bilagini shimarib ishga tushib ketdi, Xarsanglarni bir u yoqqa otadi, bir bu yoqqa otadi, odamning vahmi keladi, deng. Badanidan seldek bo‘lib ter oqib turibdi. U, har tosh ko‘targanda bilagidagi, bo‘yinlaridagi tomirlari barmoqdek-barmoqdek bo‘lib shishib chiqadi. Tanasi bo‘lsa oftobda yalt-yalt qiladi. U avval kabina tepasidagi toshlarni oladi. Keyin yon-verlarni tozalab buldozerchiga qarab ko‘z qisib qo‘yadi,

— Qani, kel, akasi, sal orqaga tort, keyin buradigan tomoningdan yo‘l ochib beraman.

Buldozerchi orqaga surgandan keyin boshqalar ham qarab turishmadi. Ko‘plashib toshlarni pastga uloqtirib tashlashdi. Nachalnik ham mard kishi edi. Bilagidagi soatini shart chiqazib Rustamjonning bilagiga soldi. Yo‘q, olmadi.

Yigit hikoyasini tugatishi bilan qoyadan tushgan shofyor luqma tashladi:

— Yo‘lni ochgani hozir Rustam akaning o‘zlari keladilar. O‘sha kishiga telefon qilishdi-da.

Hamma jimib qoldi. Odamlarning ko‘z oldiga toshlarni Farhoddek qulatgan Rustamjonning pahlavon qiyofasi kelardi. Kozimjonning ham, Xosiyatxonning ham ko‘ngliga Rustamjonni ko‘rish niyati tushib qoldi, Hammaning ko‘zi yo‘lda. Ammo Kozimjondan keyin pastdan hali bitta ham mashina chiqqani yo‘q. Birov yonbag‘irdan gul tergani, birov buloq suvidan ichgani tarqab ketdi. Faqat bir necha shofyor yigit o‘rtaga termos qo‘yib alyumin krujkada choy ermak qilib o‘tirishardi. Kozimjon toshga o‘tirib inson qo‘li bilan qurilgan yo‘lga qarab aqli lol bo‘lib o‘tirardi. Pastlikdan mashina ovozi keldi. Hamma yo‘lga qaradi. Yuk mashinasi gurillab ko‘tarilardi. Kuzovda kelayotgan Rustam akani dastavval boyagi shofyor yigit tanidi.

 

Kozimjon uni ko‘rdi-yu, esankirab qoldi. Rustam aka, boya unga qo‘l siltab ola ket, degan kishi edi. Mashina ularning oldidan bir necha minut ichida o‘tib ketdi. Bu on Kozimjonning xayoliga nimalar kelmadi. Qani, shu asriy toshlar yorilib ketsa-yu, uni o‘z bag‘riga yashirsa. Kechalari ishqida kuyib yongan, erkalash uchun dunyodagi eng nozik, eng go‘zal so‘zlarni axtargan, hamisha ko‘ziga olovdek yonib turadigan xotini Xosiyatxon endi sovuq, juda ham sovuq ko‘rinib ketdi. Endi uni so‘kish uchun eng haqoratli so‘zlar ham ojizlik qilayotgandek edi. Agar shu Xosiyatxon uni majbur qilmaganda, albatta, Rustamjonni ola ketardi. Nahotki shu qiyin yo‘lni qurgan odamni o‘zi qurgan yo‘ldan olib ketishga og‘rinsa. Uning orqasidan qarab qolganda ko‘nglidan nimalar kechdi ekan...Oradan bir soatcha vaqt o‘tib, yo‘l ochildi. «O‘taveringlar» degan xabar kelguncha, Kozimjondan sado chiqmadi. Xosiyatxon ham uning ko‘nglidagi gaplarni sezib turgan ekan, yupatishga urinardi.

— Qo‘ying, diqqat bo‘lmang, ozib-yozib bir safarga chiqqanimizda meni xunob qilmang. Nimasidan xijolat bo‘lasiz. Yo‘l qurilishida ishlagan bo‘lsa, haqini olgan, tekinga ishlabdimi?Kozimjon xotinini endi ko‘rgandek bo‘lib unga angrayib qarab turardi. Hamma ketdi. Ammo Kozimjon joyidan jilmasdi. Nazarida uning bu yo‘ldan yurishga haqi yo‘qdek edi.Cho‘qqilardan osilib turgan anvoyi bulutlar ham, pastda toshdan toshga sakrab oqayotgan ko‘m-ko‘k suv ham, maysalar betida titrayotgan shabnam ham, uning xayolini tortmasdi, uni ovutolmasdi.Kozimjon hech narsa bo‘lgani yo‘q, deb o‘zini aldaydi. Xo‘p, shunday ham qilib ko‘rsin. Ammo kechasi qanday uxlaydi? Rustamjon tushiga kirmaydimi? Tog‘-toshlarning qaldirashi uni qandoq uxlatadi, qandoq?

 

Said Ahmad








Orqaga qaytish