Hikoyalar

4935 marta o'qildi
Qaytish

Qumrixon opa yetmish yoshdan oshib qoldi. U davlatdan pensiya oladi, epizodik rollarda chiqib turgani uchun teatr ham oylik to’laydi.

Qumrixon opa yetmish yoshdan oshib qoldi. U davlatdan pensiya oladi, epizodik rollarda chiqib turgani uchun teatr ham oylik to’laydi.

Umrining qirq ikki yili shu teatr dargohida kechdi. Bir zamonlar opa o’rta bo’y, to’lagina, gajak qo’ygan qizcha edi. O’sha kezlarda dong’i Dog’istonga ketib, shu kishi o’ynagani uchun ham teatrga tomoshabin yopirilib kelgan paytlar ko’p bo’lgan. Ayniqsa urush yillarida juda mashhur bo’lib ketgan edi.

Mana, yillar o’tdi. Aktrisa qaridi. Yoshlar yetishib chiqdi. Bir zamonlar u o’ynagan rollarni boshqalar o’ynay boshladi. Opa endi onda-sonda kampirlar rolida chiqadi, shunda ham kampirlar ishtirok etadigan pesa bo’lsa. Boshqa vaqtlarda opa odati bo’yicha har kuni soat o’nda teatrga keladi. Qorovuldan tortib bosh rejissyorgacha oldiga borib so’rashadi.

Qumrixon opani teatring yosh aktyorlari hurmat qilishadi. Ehtimol, uni hurmat qilmaydiganlar ham bordir. Lekin teatrning yozilmagan qonun va axloq kodeksiga binoan opa bilan quyuq so’rashadilar. Albatta, opaga achinib qaraydiganlar ham yo’q emas, lekin ular ham bu holni bildirishmaydi unga.

Bir kun opa o’sha kenggina zalda o’tirgan edi, ro’parasida har xil mavzularda chug’urlashayotgan artistlar orasida teatrning yosh rejissyori Botirxon Zokirxonov paydo bo’ldi-da:
— Hozir chitka bo’ladi... Sen, sen, siz, siz ham chitalniy zalga kiringlar! — dedi.

Opaning qulog’i ding bo’ldi. Qanaqa pesani o’qisharkan? Unga ham bironta rol chiqib qolarmikan?

Botirxon eshikdan mo’raladi, tag’in kimnidir chaqirdi-da, shoshilinch sigareta tutatdi va burchakda o’rnidan turib, poldan sumkachasini olayotgan opaga qaradi:
— Siz ham boring!

Qumrixon ayaning yuragi gurs-gurs urib ketdi: men ham boraman ekan...

U kishi jilmayib, rejissyorga yaqinlashdi. Lekin Botirxon sigaretani burqsitib, yo’lakka kirdi. Opa yo’lak eshigiga yetganda, rejissyor chap tomondagi zinaning yarmisiga chiqib borgan edi. Qumrixon opa ham alpang-talpang yo’lakka o’tdi. Yon tomondagi baland toshoyna oldida to’xtab, yonveriga zimdan qarab olgach, ro’molini tuzatdi. Qulog’iga osilib tushgan oppoq soch tolalarini ro’mol tagiga tiqib, qaddini allanechuk rostladi.

Opa pesalar o’qiladigan zalga kirganida, rejissyor to’rdagi duxoba sirilgan to’garak stol boshida oyoqlarini chalishtirib o’tirar, uning yonida tepakal yoshgina bir yigit ham bor edi. «Dramaturg o’sha bo’lsa kerak», deb o’yladi Qumrixon opa va o’tirgani joy izladi. Stullar band edi, opaning hurmati uchun ikkita yigitcha o’rnidan turdi. Shunda opa Botirxonning ovozini eshitib qoldi:
— Opa, buyoqqa o’ting!

Shunday deb u irg’ib turdi. Pianino yonida o’tirgan qizga egilib shivirladi: «Pastga o’ting. Opaning qulog’i og’ir, pesani yaxshi eshitishi kerak». Qiz turdi. Qumrixon opa kelib, qizga rahmat aytdi. Yuragi hamon gup-gup urgani ko’yi stulga cho’kdi.

Rejissyor o’rnidan turdi:
— Yangipesa o’qiymiz. Mana, yozuvchimiz... Bizga yaxshi pesa olib kelganlar. Buning uchun rahmat. Xo’sh, sirasini aytganda, bu asar o’zimizning teatrda yetilgan. Diqqat bilan eshitaylik... Opa, yaqinroq o’tiring!

Yosh rejissyorning Qumrixon opaga ortiqcha e’tibor qilayotgani o’zga artistlar nazaridan chetda qolmadi, albatta. Ularning aksariyati, «opaga rol beradi» deb o’ylashdi.

Odatda rejissyorlar rollar taqsimotini sir tutishadi.

Pesa o’qildi... Unda Ulug’ Vatan urushi yillaridagi bitta o’zbek oilasida kechgan voqealar hikoya qilinar, eri harbiyga ketib, qoraxat olgan kelinchak qaynonasining qistovlariga ham qaramay, uydan ketmay o’tirar, oqibat — eri kirib kelar, ana shu jarayonda qahrmonlar dunyosi ochilib qolar edi.

Asar Qumrixon opaga u qadar yangilik bo’lib tuyulmadi.

Uning o’zi asardagi qaynonaga o’xshab ketar, ittifoqo, o’zining o’g’lidan ham qoraxat kelgan edi. Farqi — Qumrixon opaning o’g’li urushdan qaytmagan, kelini ham undan izn kutmay ketib qolgan edi.
— Xo’p, qalay endi? Kim gapiradi? — dedi Botirxon. — Bemalol. Asar hali yana ishlanadi. Maslahatlaring foydasiz ketmas. Kim so’zlaydi?

Besh, oltita yoshi ulug’ artistlar o’z fikrlarini bildirishdi Dramaturg bilan rejissyor ba’zi fikr-larni daftarga yozib olishdi.
— Xo’sh, endi rollar taqsimotini o’qiymiz. — Botirxon bir nafas sukut qildi-da, chiqib, o’rta yashar, oqsoch bosh rejissyorni boshlab keldi. — So’z Qobil akamizga!

Qobil Qodirqulov jilmaygancha qo’ynidan ikki varaq qog’oz chiqarib, tavoze bilan rollar kimlarga berilganini o’qiy boshladi:
— Qaynona... Qumrixon A’loevaga...

Shundan keyin Qumrixon opa nimalar deyilganini eshitmadi. Yuragi to’xtab qolgandek, o’zi parishon edi.

U besh yildan buyon yangi rol o’ynamagan edi! Besh yildan buyon armonda ediki, bu alam-o’kinch opani tobora qaritib bormokda edi.

Aktyorlarga javob berildi. Zal bo’shay boshladi. Rejissyor Qumrixon opaning yoniga keldi:
— Xo’sh, opa, rolingiz qalay?

Qumrixon opa o’rnidan kalovlanib turib ketdi. Xuddi shoh huzuriga kirib qolgan kanizakday qo’llarini ko’ksiga qo’yib:
— Rahmat, bolam, rahmat, — dedi va qo’llari birdan qaltiradi, ko’zlari yiltiradi. — Bolam! — U titrab-qaqshab rejissyorning yelkasini siladi. Rejissyor engashdi. Opa uning peshonasidan o’pdi. — Mingga kiring, bolam!

Botirxon opaning dardini yaxshi bilardi.
— Hechqisi yo’q... buyog’i o’zingizga! — dedi. — Ertadan repetitsiya!
— Xo’p, bolam, xo’p.

Ertasi Qumrixon opa to’qqizda teatrga yetib keldi. X,ali rahbarlar ham kelishmagan, darvozaxonada qorovuldan bo’lak kishi yo’q edi.
— Assalom alaykum, — dedi opa.
— E, keling, opa! — dedi qorovul. — Choy qaynayapti.
— Rahma-at.

Opa ichkariga kirib, gaz plita yonidagi kursiga cho’kdi. Qo’llarini tizzasiga qo’yib, ochiq derazadan tashqariga razm soldi. Gulzordagi atirgullar barq urib ochilib turar, naridagi ishkomdan tok barglari uchib tushar edi.

Qumrixon opa uchun teatrning mana shu qorovulxonasi ham aziz! U kishi vaqt-bevaqt tengqur aktyorlari bilan shu yerga kirib o’tiradi. Qari qorovul tayyorlagan ko’kchoydan ichadi.
— O’tiring, opa.
— Hozir kelaman.

Opa tashqariga chiqdi. Teatrning hovlisi keng. Odoqda bog’. O’ng tomonda teatr binosi, uning kichkina eshigi. Qumrixon opa ichkariga kirdi. Dimog’iga o’ta tanish hidlar — jihozlarga o’rnashib qolgan grim hidi, yog’och hidi urildi. Opa yo’lakka o’tdi. Yo’lakka qarab ochiladigan eshikdan supurib qo’yilgan aylana sahna va pastdagi keng zalu undaga behisob stullar yarqirab ko’rinar edi.

Opa yo’lakning u boshiga borib keldi. Bu boshiga qarab yurdi, direktor kabineti eshigini ochmoqchi bo’ldi — hali berk ekan.

Opa tashqariga chikdi. Teatrning yosh direktori yangi «Jiguli» mashinasidan tushmokda edi. Ayni chokda rejissyorlik qiladigan bu yigit teatr dargohida katta bo’lgan, opaning shogirdlaridan.

Ular ko’rishishdi.

Qumrixon opa tag’in qorovulxonaga bordi va bir ko’ngli o’ziga yangi rol berilganini aytgasi keldi. Biroq tomoshalarni ko’raverib, aktyorlar o’yiniyu spektakl mazmuniga baho berishda manman degan teatrshunos darajasida bo’lgan keksa qorovulga bu to’g’rida og’iz ochmadi.

Sal o’tmay, teatr hovlisi, yo’laklar gavjum bo’lib qoldi. Ko’rishishlar, quvnoq chehralar va albatta tash-vishli shivir-shivir, allakimdan nolishlar...
— Asar mazmuni sizlarga ma’lum, — dedi Botirxon o’ynovchilarni pesalar o’qiladigan va ko’pda repetitsiyalar o’tkaziladigan kichkina xonaga boshlab kirgach. — Jim, o’rtoqlar! Jim! Vaqtimiz ziq... Pesani pishiramiz deb ko’p vaqtni o’tkazib yubordik. Qumrixon opa, — opaga murojaat qildi u. — Yukning ko’pi sizga tushadi. Bildingizmi?

Qumrixon opa kecha uyiga borgandan keyin ham qo’yilajak asar mazmuni va o’z roli ustida ko’p o’ylagan, lekin asarga munosabati o’zgarmay qolgan — asar o’ziga tanish, o’z rolini o’ynash o’zidan ko’p mehnat talab qilmaydigandek edi.
— Ha, bolam. Juda mas’uliyatli rol, — dedi Qumrixon opa.
— Sobirjon, rollar tayyormi? Olib keling! Menga quloq solinglar! Asarning mazmunini aytib beraman, yana... Keyin har bitta obrazda to’xtalamiz. Bilasizlar-a? Ish printsipi har galgiday. Kimki mashg’ulotga kechikadigan bo’lsa, aytilgan ishni vaqtida qila olmasa, hozir aytib qo’ya qolsin. Keyin janjallashib yurishga vaqtimiz bo’lmaydi! Qo’lidan rolni olib qo’ya qolamiz!

Aktyor zoti borki, kuni teatrda kechar ekan, sahnaga chiqishni, rejissyor rol berishini istaydi!

Teatrga borganingizda, bironta xafaqon artistni uchratib qolsangaz, surishtiring, uning dardi rol ustida bo’ladi — yo rejissyordan noliydi, rejissyor o’zini xushlamasligani aytadi, yoki teatr ma’muriya-tidan norozi, hech bo’lmasa, o’z partnyoridan.

Rejissyorning so’nggi gapidan keyin artistlar hushyor tortishdi, qiyshiqroq o’tirganlari ham unga o’nglanib yuzlariga jidliy tus berishdi.
— Opa! — Rejissyor asar mazmunini qisqacha qilib aytib bergach, tag’in Qumrixon opaga murojaat qildi. — Ko’rib turibsizki, rolingaz og’ir... a?

Endi Qumrixon opa o’z roli haqida gap ko’payib ketganidanmi, sezilarli xavotirga tushgan edi. Ko’zlarini pirpiratdi:
— Ha, ha, bolam.
— Uning mohiyati shundaki, opa, — Botirxon stuldan turib, pianino qoshida nari-beri yura boshladi, — bunda siz Ulug’ Vatan urishi yillari front orqasida qolgan o’zbek ayollari siymosini yaratasiz! Mas’uliyati shunda... Buning ustiga, siz haqiqiy ona va haqiqiy qaynona siymosini yaratib berishingiz kerak. Bu asardagi voqealar sizga tanish bo’lsa kerak? Urush yillarini eslang-chi?

Artistlar duv o’girilib, Qumrixon opaga qarashdi. Opa negadir quti o’chib ro’molchasi bilan lablarini artdi.
— Juda tanish-da, bolam. Juda tanish, — dedi.
— Ana! Bu yaxshi... Demak, rol chiqadi. Lekin, — u yana stol qoshiga qaytdi, — siz juda irodali, bardoshli inson obrazini yaratishingaz kerak? Ana shu yog’iyam muhim!

Opa bosh irg’adi.

Rejissyor yordamchisi Sobirjon kirib, ayrim-ayrim ko’chirilgan rollarni egalariga taqsim qildi. Aktyorlar quvonishib olib, Botirxonni ham bir zum unutgan holda, oppoq qog’ozga mashinkada yozilgan so’zlarga diqqat qilishdi.

Rejissyor ularni tag’in o’ziga qaratdi:
— Gapni kelindan boshlaymiz! — dedi va Sobirjonga choy buyurdi. So’ng charm portfelidan arablarning shippagiga o’xshash jez kuldon, «Rostov» sigaretasini chiqarib stolga qo’ydi. Kostyumini yechib, stul suyanchig’iga ildi. O’rnashib o’tirib oldi. — Siz! — deya kelin rolini ijro etadigan aktrisaga qaradi. — Siz... rolni qo’ying! Hozir o’qimang!.. Kerak emas... Avval tushunib olishingiz kerak...

Har bir rejissyorning o’ziga xos yo’li bo’ladi, ya’ni xoh asarni bo’lsin, xoh rolni bo’lsin, o’ziga xos tushuntirish usuli bor. Biroq hammasiga xos bitta jihat shundaki, ular voqeani bo’rttirib hikoya qilishadi. Maqsad — aktyorlar yuragiga cho’g’ solish, ularning tuyg’ularini uyg’otib yuborish, pirovardida, butun kollektivni asar atrofiga uyushtirish, bitta maqsad sari yo’naltirish bo’ladi.

Botirxon asar mazmuni va mohiyati to’g’risida yana bir bor izoh bergach, kelin obraziga o’tib, uni tushuntira ketdi:
— Mana! — Qumrixon opani unga ko’rsatdi u. — Bu kishi sizning jondan sevgan qaynonangiz... Aytaylik, bunday! Yo’q-yo’q. Shunday! Qaynonam deb biling... Qarabsizki, eringiz o’libdi! Ha, sevimli eringiz o’libdi, uni fashistlar chavaqlab tashlashibdi.

Artistlar kulimsirab kelin rolini o’ynovchi artistga qarashdi. Botirxonning jahli chiqdi:
— Jim, jim! Opa, siz ham gaplarimni eshityapsiz-a? Yaxshi... Kelin, quloq, soling! Siz shundan keyin to’rt yil kutdingiz. To’rt yil! Urush tamom bo’ldi... Tamom! Eringiz yo’q! — U allanechuk bo’lib, Qumrixon opaga qaradi.

Opa endi obrazini tushunayotgani uchunmi yo o’g’li esiga tushib ketdimi, ko’zlarini artib piqillamokda edi.

Botirxonga bu holat ma’qul bo’ldi va opaning bu kayfiyati kelinga ham yuqishini taxmin qilgani uchun voqeani yanayam bo’rttirib hikoya qila boshladi.
— Ana shunda... Tinchlik davrida, kelin, bitta g’arib kimsa sizga oshiq bo’ldi. Oshiq bo’ldi... Opani ham u odam juda hurmat qiladi. Opa ham uni izzatlaydi! Lekin siz unga tegishni istamaysiz. Ana shunda opa... qaynona nima qiladi. Sizga yolvoradi: shunga teg, deydi... Eshityapsizmi?

Botirxon shu mazmunda yana ko’p gapirdi, har bitta so’zini turli misollar bilan rosa chaynab gapirdi. Nihoyat, kelinga bir nafas tikilib turdi-da, yangi sigareta tutatib olib, opaga yuzlandi:
— Opa, gaplarim sizga yetdimi?
— Yetdi, bolam, — piqilladi Qumrixon opa.
— Yetgan bo’lsa, juda soz! Yig’lang... Mayli, yig’lang. O’rtoqlar, xalaqit bermanglar... Yig’layvering. Lekin mening so’zlarimga quloq soling. Xo’sh, gap bunday: sizning yagona o’g’lingiz bor edi. Uni ne-ne umidlarda urushga jo’natdingiz. Ne-ne umidlarda kutyapsiz! To’y qilmoqchisiz u kelsa! Siz nevara ko’rishni orzu qilasiz... Ana shunaqa! Shunda birdan qoraxat kelib qoldi... Shunda nima bo’lasiz! Butun dunyo siz uchun qorong’i bo’lib qoladi, a? Tamom! Bu sizning oxirgi umidlaringizni barbod qildi. Sizni ko’madigan kishingiz yo’q... Shunday! Bu narsa siz uchun bitta udar! Tushundingiz-a? Davom etamiz. Lekin siz mardona ayolsiz. Ha-ha, — iziga qaytib, stolning u boshiga o’tib oldi: — Siz juda chidamli ayolsiz! Yig’lab-siqtab o’tirganingiz bilan hech narsa bitmaydi, opa! Buyoqda ishlar oshib-toshib yotibdi. Qurilish ketyapti!

Kimdir bir nima degan edi, Botirxon eng zarur uchta aktyorni olib qolib, boshqalarga javob berdi:
— Chiqib turinglar... Ketib qolmanglar... bitta-bitta chaqiraman. Xullas, opa, ana endi siz o’zingizni ko’rsatishingiz kerak! Axir, sizga o’xshagan — bolasidan ayrilgan onalar kammi? Buni sizning obrazingiz yaxshi tushunadi... Shunday qilib, kunlar o’tyapti deylik!

Shunda Botirxonning yana jaxdi chiqa boshladi. Chun-ki opa mudom ko’zyoshlarini tiya olmas edi.
— Bas, bas! Buyog’ini eshiting, opa... Shunda sizga yana bitta udar tushadi! Keliningiz... o’g’lingizning o’rnida qolgan qizingizni endi uzatish payti keldi! U — inson, hayotdan, bola ko’rishdan umidvor inson. To’g’rimi? Buni yaxshi bilasiz... Shunisi qiziqki, u sizni tashlab ketishni istamaydi... Siz esa, uni majbur qilasiz! Buning uchun kishiga qancha kuch, qancha iroda kerak? To’g’rimi? Inson sinaladigan daqiqalar bu.

Qumrixon opa endi o’ziga keldi. Botirxon yana so’zida davom etdi va: «Endi rolni o’qishingiz mumkin. Sizga javob!» dedi.

Opa chikdi. Hovliga chiqdi. Ko’chaga chikdi. Atrof jimjit. Bu, ro’paradagi yo’lda mashinalar ham kam-qatnov.

Qumrixon opa uyiga yo’l oldi.

U mamnun edi: u katta rol o’ynaydi! Juda muhim rolni ijro etadi! Spektaklning yutug’i ko’proq ana shu rol ijrosiga bog’liq bo’ladi.

Rolni tushunib yetgan edi. U o’ynashiga ishonadi: o’sha voqealar naq o’zining boshidan kechgan-ku! Bunaqa paytda qaysi aktyor «huzur» qilib o’ynamaydi? Qo’shimcha detallar, ishontiruvchi belgi topish uchun izlanmaydi ham. Bari o’zida bor. O’z yuragiga nazar tashlasa, kifoya!

Biroq obrazdagi bitta nuqta uni andak parishon qildi: u qaynona juda mardona ekan! Keliniga o’zi javob beribdi. O’g’lidan qoraxat kelgach, kuyipti-ku, lekin... o’tirib qolmapti.

Qumrixon opa o’shanda o’g’lining nobud bo’lgani haqidagi xabarni olib, o’zidan ketib qolgan, uch-to’rt oy davomida ham o’zini o’nglay olmagan edi. Buning ustiga, kelini undan so’roqsiz, o’tkinchi yigitga qo’shilib uydan chiqib ketgan...

Obrazning kelinga qiladigan murojaatlari qandoq chiqar ekan?

Odatda, manman degan aktyor ham rejissyorga suyanadi, nafsilamri, aktyor rejissyor belgilagan yo’ldan boradi, uning qarashlarini ifodalaydi, faqat... o’ziniki qilib yetkazadi — ko’nglidan o’tkazgani uchun u narsalar jonli va mustaqil bo’lib maydonga chiqadi.

Shuning uchunmi, opa rolning davomi haqida ko’p ham bosh qotirmadi. Buning yana bir sababi shundaki, ba’zida rejissyor asar tayyor bo’lgan paytdayam dramaturgga aytib, bitta sahna yozdiradi-da, shunga qarab, boshqa obrazlar talqinini ham o’zgartirib yuboradi.

Kunlar o’tdi.

...Opaning obrazi uch bera boshladi. Anavi, o’g’lidan, qoraxat kelish sahnalarini opa yaxshi ijro etar, uning tevaragida kichkina xonani to’ldirib o’tirgan aktyorlar hali bu aktrisaning «hayot ekani, ko’p ishlarga qodir ekaniga» imon keltirishardi. Qumrixon opa yangitdan ijodkorga aylanayotgandek edi.

Biroq opa anchayin gapgayam yig’lab olar, anchagina o’zini bosa olmas ediki, bu hol yosh rejissyorning goh jahlini chiqarsa, goho quvontirar edi.

Bir kuni u:
— Yo’q, opa! Endi yig’ini bas qilasiz! — dedi. Qumrixon opa Botirxonga mo’ltirab qaradi:
— Axir, yaxshi bo’lmaydimi?
— Yo’q, — dedi rejissyor. — Kechirasizlar, — u bitta chekib olib, opaning yoniga keldi. Stulini yoniga surib, o’tirib oldi. — Yaxshi bo’lmaydi, opa... Chunki qoraxat kelganda munchalik yig’lasangiz, kelinni chiqarayotganda nima qilasiz? Unda gap-so’zsiz qolishingiz kerak bo’ladi. Siz esa, o’g’lingiz armiyaga ketayotgani uchunoq shunaqayam ko’z yoshi to’kyapsizki, yo’q, opa... Siz juda kuchli, mardona onasiz! Shuni unutmang... Siz eng zo’r irodali ayollardan birisiz! Esdan chiqarmang, opa... Yig’loqilik ketmaydi! Men obrazga kirib oling deb indamay yurdim... Endi, yig’ini bas qiling.

Qumrixon opa rejissyorning o’gitlarini tushundi. Lekin, lekin... o’sha-o’sha!

O’zini tuta olmaydi! Ko’zidan duv-duv yosh qo’yilaveradi.

Nega o’zini tuta olmaydi! Axir, o’shanda — o’g’li urushga ketgandayam bunchalik yig’lamagandir? Nima bo’lyapti o’zi?

Bir kuni Botirxon opaga ancha-muncha nasihat qilgach, unga o’ychan tikilib xo’rsindi:
— Opa, meni xafa qilmang.
— Voy, nahotki...
— Mening odatimni bilasiz-a?
— Ha, endi...
— Asar siz bilan tirik! — U irg’ib turdi. —Men yig’loqi kampirni sahnaga chiqara olmayman.

Qumrixon opa anqayib qoldi. Atrofdagi artistlar boshlarini egishdi. Botirxon bo’g’ilib, obraz mohiyati va asar mazmunini opaga qayta boshdan tushuntira boshladi.
— Ukdingizmi? — dedi. — Endi sizga bitta sirni aytaman: menga qolsa, siz yig’lamay o’ynang! Ha-ha, — stolga qo’llarini tirab engashib oldi u. — Yig’lamang... Yig’lash oson, yig’lamaslik qiyin! Kishi o’zini tutishi qiyin... — U odaticha nari-beri yurib, bir misol keltirdi: — Bitta og’aynimning otasi o’ldi. Ular aka-uka edi. Ukasi otasini yoqtirmas, darbadar, piyonista edi. Darvozadan kirib, shunday ho’ngradiki, yig’lagan ham yig’ladi, yig’lamagan ham. Keyin u nima qildi? Ko’chaga chiqib ketdi. O’sha kuni bitta tanishini to’yiga bordi. — Aktyorlar shivir-shivir qilishdi. Rejissyor qo’lini ko’tarib qo’ydi. — Anavi akasi-chi! U otasining vafotini eshitiboq, tildan qoldi. Hovlida jim yurdi. Odamlar nima deb ketdi? «E, kattasi bemehr ekan, ko’zidan yosh chiqmadi-ya!» deyishdi. Kichkinasini, piyonistani rosa maqtashdi... Hm, davomini aytaymi? Keyin «bemehr» o’g’il oilaga bosh bo’lib qoldi. Otasining barcha marosimlarini o’sha o’tkazdi. Kichkinasi qorasini ko’rsatmadi. Aytmoqchimanki, yig’lash-siqtash hali kishining bir narsadan qattiq kuyganini anglatmaydi!

Qumrixon opa bu so’zlarni mulohaza qilib, ichida qo’shilgan esa-da, jilmayib qo’ydi.

Rejissyorning fig’oni chikdi:
— Opa, men sizga sirayam yig’lamang deyayotganim yo’q. Lekin me’yorida bo’lsin deyapman! Siz o’zingizni... obrazning mohiyatini unutyapsiz!

Qumrixon opa asta o’rnidan turdi:
— Meni afv eting, ko’nglim bo’sh, bolam... Endi undoq qilmayman, — dedi.

Haqiqatan ham keyingi kunlarda opada o’zgarish bo’ldi: u yig’ini kamaytirdi, kamaytirdi-yu, obrazini buza boshladi — obrazdagi haqiqat yo’qola bordi.

Rejissyor uchun bundan ortiq dahshat yo’q edi.
— Opa, sizni oxirgi marta ogohlantiraman, — dedi u navbatdagi mashg’ulotda. — Menga qarang, nahotki, yig’ini tiyish, jindek og’irroq bo’lish uchun o’zingizda kuch-qudrat sezmasangiz? Axir, asardagidek qaynonalar, ayollar bo’lganmi, yo’qmi? Yoki butun o’zbek xotin-qizlari erlari o’lgach, hayotini yig’i-sig’i bilan o’tkazganmi?
— Yo’g’-e, bolam.

Qumrixon opa shu kuni uyga borgach, rol ustida yana uzoq o’yladi va obrazini rejissyor aytganidek yarata olmasligiga iqror bo’ldi: buning uchun opada allanarsa yetishmas, uning nima ekanini o’zi ham bilmas edi.

Aktyor shundoq odamki, u rolga sira-sira yaramasligini bilsa ham, rejissyorga: «Men bu rolni eplolmayman», demaydi.

Bunga avvalambor, g’ururi yo’l qo’ymaydi, so’ngra, axir shuning uchun teatrga keladi, bu yerda kunini o’tkazadi, pirovardida, aktyor degan nomi borki, u hech qachon rejissyorga «o’ynolmayman» demaydi.

Bundoq deyishi — uning uchun fojia.

Qumrixon opa ana shunday fojiani ochishga shaylanib teatrga kelgan edi. Hayhot, buni Botirxonning o’zi aytib qo’ydi:
— Opa, men sizdan rolni olishga majburman! — dedi. So’ng burilib deraza yoniga bordi. Chekib, bir oz turdi. Yana shart o’girildi: — Siz ishonsangiz, bu rolni sizga mo’ljallab yozdirgan edim. Buni o’ynash uchun sizda quvvat bor deb o’ylagan edim... Yo’q ekan. Sizga javob!

Qumrixon opa o’zi oshkor aytmoqchi bo’lgan fojiani o’zi tushunib yetmagan ekan shekilli, hozir tushundi-yu... endi teatrda ortiqcha bo’lib qolganiga ishondi-qo’ydi.

Opaning ruhi tushdi, u rejissyorga bir so’z demay, xonadan chikdi. Hovliga chikdi. Ko’chaga chiqdi... va yig’lab yubordi. Bu tamom boshqacha yig’i edi. Opa, shunda xavotirlanib, yon-veriga qaradi-da, ariq yoqasidagi chinor panasiga o’tdi. Unga suyanib, bir nafas tek qotdi.

U qotib turar ekan, ko’p narsani his qilar edi: orqasida baland imorat bor, u teatr! Unda opaning yoshligi qoldi, hayoti qoldi. Opa, ehtimolki, shu dargohga kelib qatnab yurgani uchun ham hayot edi! Endi bu yerdan ketadi... Qaerga?

Uning uchun yo’l ham, go’sha ham yo’q, uning bori-borlig’i shu yerda edi.

Aktyor bo’lsin, rejissyor bo’lsin — bu ijodkor xalqning ruhini tushunish qiyin. Qiyinligi shundaki, ular ko’p fikr qiladi — ko’pincha o’z qilmishlari, holatlari haqida o’y suradi, uni tahlil qiladi, kimlarningdir holatlariga solishtirib, bularning barchasidan bitta ma’no topmoqchi bo’ladi.

Shunisi qiziqki, ijodkor bu narsalar ustida o’y surayotganida undan: «Nimani o’yladingiz?» — deb so’rang, javob bera olmaydi. Buni keyin... uning navbatdagi xatti-harakatidan tushunib olasiz, zeroki, o’zi ham keyin tushunib yetadi.

* * *

 

Qumrixon opa teatrga qaytib borganida hovlida artistlar gaplashib turishar, bir chetda teatrning yosh direktori, ikki yonida ikkita yoshi ulug’ aktyor — chamasi, ular Qumrixon opa to’g’risida suhbatlashar edilar. Eshikda ko’ringan bosh rejissyor baqirdi:
— Botirxon!

Botirxon qorovulxona derazasi tagidagi skameykada choy ichib o’tirardi. U turishi bilan darvozadan kirib to’xtagan Qumrixon opani ko’rdi. Unga o’qrayib tikildi. Opa bir-bir bosib, rejissyorga yaqinlashdi va g’ayritabiiy bir mardona ovoz bilan:
— O’g’lim, o’zimni yana bir sinasam bo’ladimi? — dedi.

Botirxon unga tikilib qoldi. U hozir opaning holatini tasavvur qilib o’tirar, nazarida, opa o’tkinchi mashinaga o’tirib, uyiga yetgan va yotib qolgan edi. Chunki u... Qumrixon opaning qandoq artist ekanini bilar, uning uchun teatrdan ketishdan ortiqroq jazo, fojia, baxtiqarolik yo’kligini yaxshi tushunar edi.
— Xo’pmi, bolam? Ruxsat eting!

Botirxon allanechuk tamshandi va qarshisida... mardona bir ayolni ko’rdi.

 

Shukur Xolmirzayev


Orqaga qaytish