Hikoyalar

4937 marta o'qildi
Oqsoqol

Ularni soqov o‘tinchi ko‘rib qoldi. Ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtadi. Ular yonma-yon, qo‘llarini bir-birlarining yelkalariga tashlab

Ularni soqov o‘tinchi ko‘rib qoldi. Ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtadi. Ular yonma-yon, qo‘llarini bir-birlarining yelkalariga tashlab, buloq boshida o‘tirishardi. O’tinchi yigitni tanidi. Qabila boshlig‘ining yolg‘iz o‘g‘li Mardon edi. U xuddi o‘ljasini poylagan qoplondek ulardan ko‘z uzmay bir muddat qotib turdi. Keyin buloq boshiga borishi mumkin emasligini tushungach, tomiri tortisha boshlagan oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab, o‘zini pastak tog‘olcha panasiga oldi.

Qancha ehtiyot bo‘lmasin, oyoqlari ostida nimadir do‘qirlab dumaladi. Uning nazarida momoqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi. Ingichka bo‘ynini yelkalari orasiga olib, ko‘zlarini yumdi. Mushtumdek tosh dumalab-dumalab, ko‘m-ko‘k archa tanasiga urilib to‘xtadi. O’tinchi ko‘zlarini ochib, qaddini rostladi. Yigit bilan qiz hech narsa sezmagan-eshitmagandek, oldilaridagi buloqqa termulganlaricha o‘tirishardi. O’tinchi sevinib ketdi. Ko‘pdan beri bunday tomoshani, yigit va qizning bir-birlariga yopishib o‘tirishlarini ko‘rmagan edi. Tamshanib, nimalarnidir o‘zicha shivirladi. Yigit qo‘lini qizning yelkasidan olib, ingichka, havorang bog‘ich bilan bog‘langan, beliga tushib turgan qalin qora sochlarini silay boshlaganda, butun vujudi bilan to‘lg‘onib, ingrab yubordi, shoshib qatirma boshmaldog‘ini tishladi. So‘ng bu ham yetmay, cho‘kkalab oldi, yag‘ir kaftlari bilan yoshlangan ko‘zlarini ishqaladi. Qabilaning yagona tegirmonchisi kabobga atab buyurgan xushbo‘y archa o‘tin xayolidan ko‘tarilib ham ketdi. To‘y bo‘lar ekan, o‘zicha xulosa qildi u. Yigitlar bilan qizlar shunday, bir-birlarini silab o‘tirishganidan keyin ko‘pincha to‘y bo‘ladi. Oqsoqolning o‘g‘li Mardon uylanar ekan demak. Rosa o‘tin kerak bo‘ladi o‘shanda. Archa topib kelishni ham buyurishadi. Archa o‘tinsiz kabob qilib bo‘larmidi?! Mesh-mesh buloq suvi ham tashiladi. To‘yda u maza qiladi. Issiq non yeydi, qolgan-qutgan ovqatlarni, chala tozalangan ustixonlarni berishadi. Katta gulxan yoqiladi, tong otguncha o‘yin-kulgi bo‘ladi...

To‘y yaxshi. Ammo uning uchun to‘ydan ham manavi, kutilmagan oyoq ostidan chiqib qolgan tekin tomosha yaxshi edi. «Mazza qilishyapti!..» — tamshandi o‘tinchi ulardan ko‘zlarini uzolmay.

Yigit qizning sochlarini g‘ijim qilib qo‘liga o‘radi, yuziga olib borib surtdi-da qo‘yib yubordi. Qiz xaxolab kuldi, boshini silkitgan edi, sochlari orqasi bilan bitta bo‘lib yoyilib ketdi.

O’tinchi ovoz chiqarmay g‘o‘ldiradi, ko‘zlari namlandi, qirra dahani osilib ketdi. Uning uchun hozir Mardondan baxtli odam yo‘q edi. Mardonga bolaligidan havasi keladi. Oqsoqolning o‘g‘li. Kiyim-boshi doim but. Qorni to‘q. Biqinida ba’zan tilla, ba’zan kumush xanjar. Tagida qabilaning eng zotli, uchqur oti... Mana endi xotin ham olyapti. Zuluqdek sochlari orqasi bilan bitta bo‘lib turgan qizni xotin qilyapti... Unda bo‘lsa, hech vaqo yo‘q. Eng yomoni soqov u. Bolaligida nimadandir qattiq qo‘rqib tildan qolgan. Ota-onasi tirikligida ko‘p tabiblarga olib borishdi. Bolani qo‘rqitib, baland daraxtning ustidan suvga tashlab ko‘rishdi. Yolg‘iz o‘zini bir-ikki kun toqqa tashlab kelishdi. Foyda bermadi, soqovligicha qoldi. Hamma gapni eshitadi, tushunadi, ammo gapirolmaydi, tili og‘zida yong‘oqdek g‘o‘ldirab aylanadi, gapga kelmaydi. O’n yil burun yer joyidan ko‘chganda ota-onasidan ajrab qoldi. Ertalab hovlida, tok tagida uchalovi nonushta qilib o‘tirishgan edi, yer bir aylandi-yu, ularni tortib ketdi. O’sha kuni ko‘p odam nobud bo‘ldi, ko‘p uylar buzildi. O’tinchi, yetti yoshli bola, nima bo‘lganini tushunib ham yetmadi. Hali ham tushungani yo‘q. Faqat bir narsa og‘izdan-og‘izga o‘tib, uning diliga o‘rnashib qoldi. Gunohga botganlarni yer yutar ekan. Lekin ota-onasi qanday gunoh qilishgan — o‘tinchi bilmaydi. O’shandan beri ulardan qolgan bir uy, bir ayvonda yolg‘iz o‘zi yashaydi. To‘g‘rirog‘i, uyga tunagani keladi. Qolgan vaqt dalada, tog‘da, odamlar xizmatida. Ularning himmati, sadaqasi bilan kuni o‘tadi. Bir necha bor Mardonning qo‘lidan ham suv ichgan, lekin ich-ichidan zil ketgan. Nega tengqur bo‘laturib, ikkalovi ikki xil yashaydi? Nega uning ota-onasini yer yutdi-yu, Mardonning ota-onasi hayot? Tag‘in qabilaning eng badavlat odamlari. Nega u oyoqyalang, Mardonda charm kovush? Nega u uyqudan turishi bilan qornini o‘ylaydi, Mardonga bo‘lsa yalinib ovqat yedirishadi? Mana, hozir ham u yolg‘iz, Mardon bo‘lsa chiroyli bir qizni quchoqlab o‘tiribdi? Qiz kim bo‘ldi ekan? Qaysi baxtli ota-onaning farzandi?

O’tinchi ularni qancha o‘ylamasin, qancha tikilmasin, orqa o‘girib o‘tirishganidan qizning kimligini bilolmadi. Yovvoyi olma, tog‘olchalar panasidan aylanib o‘tib qarashga cho‘chidi. Uyoqdan, tog‘ tomondan qarab, uning kimligini bilib olish mumkin edi, lekin Mardon ko‘rib qolsa, tomoshasi burnidan buloq bo‘lib chiqadi. Mushti bilan urib novvosni ag‘darganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Shu tob qizningo‘zi o‘rnidan turib, buloqning narigi betiga o‘tdi. O’tinchining yuragi orqasiga tortib ketdi. Qiz ularning qabilasidan emas edi! Bo‘ynidagi oynusxa qizil tumordan u o‘g‘iz edi. O’g‘izlar o‘sha, mash’um fojiaga, yer ko‘chganiga qadar saklar bilan qo‘shni edi, mol berib mol, qiz berib qiz olar edi. Yer ko‘chganda Qurama gumburlab ketdi, tep-tekis joydan yangi tog‘ o‘sib chiqdi. Ikkala qabila bir-biridan bir zumda ajraldi-qoldi. Qirda yurgan qoramolning hammasi o‘g‘izlarga o‘tib ketdi, Qoradaryo sug‘orib turgan mevazor, ekinzorlar saklarga buyurdi.

Shu dahshatli fojiadan keyin ikkala qabila bir-biri bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketdi. O’g‘izlar sut-qatig‘ini qizg‘ana boshladi. Saklar don-dunini bo‘lishgisi kelmadi. O’zboshimchalik qilganlar, tog‘ oshib mol alishganlar ikkala tomonda ham qoralanib, jazolanadigan bo‘ldi. Uch yil burun sak qizini yetaklab kelgan yigitni o‘g‘izlar qiz bilan birga toshbo‘ron qilib o‘ldirib yubordilar.

O’tinchi shularni bilardi. Hayajon ichida bir narsalar dedi o‘zicha g‘o‘ldirab va qiz ketidan yo‘l olgan Mardonni kuzata boshladi. Mardon buloqni aylanib o‘tib, qizning qo‘lidan oldi. Ikkalovlari bir-birlarini kuchib, toqqa ko‘tarila boshlashdi. O’tinchi butun vujudi bilan titrab ketdi. Ular xuddi o‘ynoqlab ketayotgan ikkita jayronga o‘xshardilar. Buloqdan ikki terak bo‘yi balandliqda ajdahodek og‘iz ochib turgan g‘or bor edi. Yigit bilan qiz shu tomonga yurishdi. O’tinchi ichini timdalay boshlagan qarama-qarshi hislar qurshovida ularga birpas qarab turdi, keyin birdan qo‘llarini musht qilib, bir-biriga urdi-da, pastga otildi. Yo‘lni qisqartish maqsadida daryo ustidagi ingichka osma ko‘prikdan o‘tdi-yu, olmazor ichiga sho‘ng‘idi, undan o‘tib qovunpoliz yoqalab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay tekin tomosha ishqibozlari chiqib unga ergashishdi. Nima bo‘lganini bilishmasa ham o‘tinchining avzoyidan jiddiy bir narsa sodir bo‘lganini sezishgan edi.
O’tinchi qo‘rg‘onga kirib borganda, oqsoqollar qarorgohi oldidagi maydon odamga to‘lib ketgan edi.

 Ko‘p o‘tmay qarorgoh ichidan Oqsoqol, qabila ulug‘lari chiqishdi.

—Tinchlikmi?—so‘radi Oqsoqol.

O’tinchi bor aqli, hayajonini jamlab, cho‘zib ingradi, kaftlari bilan chekkalarini qisib, boshyni sarak-sarak qildi.
— Noxush hodisa yuz berganga o‘xshaydi. Shundaymi, o‘g‘lim?

Oqsoqol o‘tinchiga yaqinlashdi. O’tinchi yana ingrab yubordi, yonida turgan o‘spirinni tirsagidan tortib, Oqsoqolning oldiga olib bordi.
— Tog‘da bir xotin bilan bir erkakni ko‘ribdi. Buloq boshida quchoqlashib o‘tirishganmish, — tushuntirdi o‘spirin. 

Soqov o‘tinchi boshini qimirlatdi.

Hamma kulib yubordi. Oqsoqol ham jilmaydi.
— Shumi?
— Yo‘q. Ayol o‘g‘iz emish.

O’tinchi o‘spirinning gaplarini eshitishi bilan chapak chalib yubordi. Qarorgoh oldida turganlar birdan jimib qolishdi.
— Yana nima demoqchi? — so‘radi Oqsoqol jiddiylashib.

O’tinchi boshini o‘ynatib, qo‘llari bilan havoda doira chizdi.
— G’orga kirib ketishibdi...

O’tinchi tilmochning gapini tasdiqlab, bosh irg‘adi.
— Nima deysizlar? — so‘radi Oqsoqol.

Ro‘parasida turgan cho‘qqi soqol mo‘ysafid, javob qildi:
— Nima derdik? Ularni olib kelish kerak. Soqov haq gapni aytayotgan bo‘lsa, ikkalovi jazoga mahkum...

O’tinchi yonida turganlar orasida: «To‘g‘ri! Ularni tutib kelish kerak!» degan ovozlar yangradi. Oqsoqol ko‘kragiga tushib turgan qalin moshkichiri soqolini silab, qabila ulug‘lariga yana bir qarab chiqdi. Hech kim boshqa gap aytmadi.
— Bo‘pti. Olib kelinglar!

Oqsoqolning xotirjamlik bilan bergan qaroridan o‘tinchi sevinib ketib, chapak chalib yubordi. Shu zahoti o‘n chog‘liq odam uni oldiga solib yo‘lga tushdi.

Yigit va qiz o‘tinchining qilmishlariday bexabar salqin g‘or ichida o‘zlarining ko‘pdan beri azob berib kelayotgan noxush o‘ylariga g‘arq bo‘lib o‘tirishardi. Albatta ikkalovi ham uchrashganlaridan, diydor ko‘rishganlaridan shod edilar, ammo xufyona uchrashuvlar bir kun emas, bir kun tugab, uning o‘rnini cheksiz, o‘lim damlarigacha chuzilib beradigan ayriliq egallashini ham bilishardi. Birdan-bir chora o‘z yurtlaridan bosh olib ketish edi. Ammo qaerda ularni ochiq chehra bilan kutib olishlari mumkin? Qaerda ular tinch bo‘lishadi? Buni ikkalovi ham bilmas edi. Ularga birovlarning himmati kerak emas, tegishmasa, o‘z ixtiyorlariga qo‘yib berishsa bo‘ldi edi, ammo qaerda, qaysi xalq shunday qiladi? Mardon ularni tutib, o‘z qabilalariga qaytarib berishlaridan qo‘rqadi. Shunday qilishsa, ikkalovi ham omon qolmaydi. O’ o‘limdan, ayniqsa, sevgilisi, Parvina uchun jon berishdan cho‘chimasdi, faqat Parvinaga achinardi. Uni omon qoldirishsin-u, o‘zini nima qilishsa qilaverishsin — rozi. Ammo undan so‘rab o‘tirisharmidi...

Parvina yana onasi bilan gaplashib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Onasi aqlli xotin, tushunar axir. Nahotki yolg‘iz qizining baxtiga befarq qarasa? Mardon qochib ketishdan bo‘lak chora yo‘qligini aytdi. Besh panja barobar emas, tinch, bir-birlari bilan ahil, izzat-hurmatda yashab kelayotgan ellar ham bordir bu dunyoda? Parvina rozi bo‘ldi, faqat keyingi uchrashuvgacha sabr qilishni so‘radi. U onasi bilan gaplashib ko‘radi. Mardon minnatdorlik bilan uni quchib, o‘ziga tortdi.

Shu payt g‘orning og‘zida shovqin bo‘lib ketdi. Odamlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlari, toshlarning gumburlab dumalagani eshitildi. Parvina titrab, Mardonga yaqinroq surildi. Mardon uni bag‘riga bosar ekan, nayza nur tushib turgan g‘or og‘ziga tikildi.
— Hoy, oshiq-ma’shuqlar! Qani, darrov chiqinglar! Bo‘lmasa o‘zimiz olib chiqamiz!

Har bir so‘z g‘or ichida aks-sado berib, gulduradi. G’or og‘zida qattiq kulgi ko‘tarildi, yana ovozlar yangradi. Kimdir g‘azab bilan bo‘kirdi. Mardon tanidi. Soqov o‘tinchi edi. Bu tomonlarga faqat u kelishi mumkin. Hamma narsa ravshan: odamlarni u yetaklab kelgan. Demak, g‘or oldida o‘zining qabiladoshlari.
— Nima, karmisanlar? — o‘shqirdi yo‘g‘on ovozli odam. — Tezroq, chiqlaring!

Soqov o‘tinchi yana bo‘kirdi. Mardon Parvinani qo‘yib, o‘rnidan turdi.
— Qayoqqa? — qo‘rqib so‘radi qiz.
— Qo‘rqma. Bular o‘zimiznikilar. Sen joyingda o‘tiraver.

Parvina boshini silkidi.

G’or orzidagilar toqatsizlik bilan qichqira boshladilar. Kimdir tosh otdi. Tosh shaqirlab Mardonning oyog‘i ostigacha dumalab keldi. Kimdir so‘kinib, gur-r kulgi ko‘tarildi.

Mardon g‘ordan chiqib bordi-go, ular birdan jimib qolishdi.
— Ie, senmisan, Mardon?! — dedi hayrat ichida yo‘g‘on ovozli odam.

Mardon uni tanidi. Qabila yigitboshilaridan Almonzarda edi. Uning biron marta birovga kulib boqmagani, og‘zidan yaxshi gap chiqmaganidan ayollar uni ismi bilan atamay «zarda» deb chaqirishardi.
— Nima shovqin, nima to‘polon? — dedi Mardon Zardaning qarshisiga kelib. 
— Soqov bir xotin bilan erkak shu yoqda yurganini aytdi. Otang yubordi bizni, — javob qildi Zarda.

Mardon yer ostidan o‘tinchiga qaradi.
— Ertalabdan beri shu yerdaman, men hechkimni ko‘rganim yo‘q-ku. Balki tushida ko‘rgandir bu?

Mardon jilmaydi. Kimdir unga xushomad tariqasida hiringlab kulib qo‘ydi. Ko‘pchilik indamay boshini quyi soldi.
— Qaytaveringlar, ularni ko‘rib qolsam, o‘zim olib boraman.

Ba’zilar quloq solib, orqalariga burilishdi. Shu tob o‘tinchi qattiq qichqirib yubordi. Mardon o‘girilib qaraguncha, qoplondek sakrab, g‘or ichiga sho‘ng‘idi. Hamma joy-joyida to‘xtab qoldi. Mardon falokat yuz berganini tushundi. Hozir Parvina chiqadi. Soqov olib chiqadi uni. Biron narsa qilish kerak. Shuni o‘ylab, g‘or og‘ziga yaqinlashdi. Ammo Zarda uzun, saksovuldek ko‘llari bilan uning tirsagidan ushladi.
— Soqovning vajohati yomon, avval chiqsin, — dedi u sovuqqonlik bilan. Nima bo‘lganiga uning aqli yetgan edi. — Birov bormi deyman?

Ammo u javob o‘rniga burni aralash tushgan musht zarbidan ko‘zlari chaqnab, gandiraklab ketdi.
— Ushla uni! — baqirdi u o‘zini rostlab olar-olmas.

Mardon shunday bo‘lishini bilib yonidan xanjarini sug‘urdi, ammo ishlatib ulgurmadi. Kimdir orqasidan kelib, quchoqlab oldi. Yana kimdir qo‘liga tashlandi. Shu tob boshiga qattiq musht tushdi. Urgan Zarda edi. Mardon bukchayib qoldi. Ammo shu turishida bor kuchini yig‘ib, Zardaning ko‘kragiga kalla qo‘ydi. G’or og‘zida o‘tinchi ko‘rindi, u Parvinani sudrab chiqmoqda edi.
— Mardon! — jon; holatda chaqirardi uni Parvina.

Ammo Mardon u tomonga yugurib ulgurmadi. Kimdir otgan tosh ko‘kragiga kelib tegdi-yu, ko‘z oldi jimillab ketdi. Shu payt kimdir ustiga to‘r tashladi. Turmoqchi bo‘lgan edi gardaniga musht tushdi.
— Bog‘langlar! — buyurdi Zarda. — Zambarda olib ketamiz.
— Anavi qanjiqni-chi? — so‘radi kimdir.
— Bo‘yniga arqon solib, soqovga ber. O’zi sudrab borsin.

Odamlar birpasda u aytgandek qilishdi. Zarda qon tupurib, qo‘l-oyog‘i chandib tashlangan Mardonning tepasiga keldi:
— Olishmaganingda shunday qilmasdik. O’zingdan ko‘r.

Mardon indamadi. Atrofga alanglab, Parvinani izladi. Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi.
— Yig‘lama, — Mardon butun vujudi og‘riqdan qaqshab turgan bo‘lsa ham jilmayishga harakat qildi. — Eshitdingmi, yig‘lama...

Parvina yoshlarini kaftlari bilan artib, boshini qimirlatdi. Bo‘ynidagi arqon silkinib ketdi. O’tinchi xavotirlanib, bir-ikki tortib qo‘ydi.
— Soqov! — chaqirdi g‘azab bilan Mardon. — Ichiqora ekanligingni bilardim. Ammo sotqinlik qilishingni kutmagan edim. Nomard!

O’tinchi g‘ijinib g‘o‘ldiradi. Qo‘lini paxsa qilib, Zardaga nimalarnidir tushuntirdi, archadan zambar yasab, Mardonni unga yotqizgunlaricha tinmay o‘zicha valdiradi. Ammo hech kim unga e’tibor bermadi.

Quyosh qizarib baland chinorlar ortiga o‘tganda, qo‘rg‘onga yetib borishdi. Oqsoqollar qarorgohi oldidagi maydon odamga to‘la, hamma betoqatlik bilan ularni kutardi. Qabila oqsoqoli zambarni yerga qo‘yishlari bilan yigitni tanidi. Tanidi-yu, bo‘shashib ketdi. Ohista qadam bosib, uning yoniga keldi:
— Nima qilib qo‘yding?

Ko‘pchilik uning gapini eshitdi va nafasini yutib, nima bo‘lishini kuta boshladi.
— Meni kechiring, ota, — dedi eshitilar-eshitilmas Mardon.

Oqsoqol o‘zi sezmagan holda uning boshiga qo‘lini qo‘yib, silay boshladi.
— Qizning oti nima?
— Parvina...

Oqsoqol o‘g‘li bu so‘zga bor mehrini qo‘shib aytganini payqadi.
— Ota!.. — Mardon boshini orqaga tashlab, ko‘zlarini unga tikdi.

Oqsoqol o‘g‘lining tipratikan ignalaridek qattiq va qalin sochlari isitib turgan qo‘lini ko‘tarib, dimog‘iga tutdi. Chaqaloqligidan tanish bo‘lgan bu yoqimli hid vujudini titratib yubordi. Achchiq ter hidini sezib tursa ham uning uchun o‘g‘lining hidi go‘dakligidan beri o‘zgarmagandek edi. Nahotki so‘nggi marta shu hidni tuyayapti u? Shuni o‘ylab, cho‘kkalagisi, o‘g‘lini bag‘riga bosib quchgisi kelib ketdi. Ammo bunday qnlolmasligini bilardi.
— Labbay? — u boshini egib, o‘g‘lining ko‘zlariga qaradi.
— Uni qo‘yib yuboringlar...

Oqsoqol javob bermadi. Demak, o‘g‘li ularni qanday jazo kutishini biladi. Shuning uchun ham o‘ziga emas, unga rahm-shafqat qilishlarini so‘rayapti. Sodda bola!.. Nahotki olomon rahm-shafqatni bilsa?

Oqsoqol o‘g‘lining ortida turgan qizga yaqinlashdi. Ohudek ekan. O’g‘li chiroyli qiz tanlabdi. Kimning farzandi ekan? U o‘g‘iz kattalarining ko‘pini bilardi. O’zini tutishidan baobro‘ xonadondanga o‘xshaydi.
— Otang kim?
— Farasmon qo‘ychi, — boshini ko‘tarmay javob kildi qiz.

Oqsoqol esladi. O’g‘izlar qabilasining katta boylaridan edi Farasmon. Yilqisining sanog‘i yo‘q. Agar qabilalar avvalgidek ahil yashashganda, u jonjon deb shu qizni kelin qilardi.
— Otang tirikmi?
— Yo‘q, olamdan o‘tganlar.
— Qachon?
— Yer ko‘chgan yili.
— Aka, ukang bormi?
— Akam, ikkita singlim bor.

Oqsoqol tasalli topgandek bo‘ldi. Yolg‘iz farzand emas ekan haytovur. Uning bo‘lsa, Mardondan bo‘lak farzandi yo‘q. Bir o‘g‘il, bir qizi yoshiga to‘lmay bu dunyoni tark etib ketishdi. Yolg‘iz merosxo‘ri Mardon. Usiz chol-kampir qanday yashashadi endi? Oqsoqol yashindek miyasini yorib o‘tgan savolni darhol boshidan haydadi, o‘zi ters burilib orqasiga qaytdi. Qarorgoh tosh zinasida turgan qabila ulug‘lari o‘rtani ochib, unga joy berishdi.
— Nima qilamiz? — so‘radi qariyalardan biri.

Oqsoqol gap nima haqda ketayotganini tushundi. Hozir o‘g‘li yoki o‘g‘iz qizining himoyasiga aytilgan bir og‘iz so‘z butun maydonni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi va qabilani ikkiga ajratib tashlashi mumkin. Bu ikki yosh, o‘g‘izlar bilan munosabatlarni to‘xtatib qo‘ygan axdning qurboni bo‘lishi lozim. Ulug‘lar va oldingi marhum oqsoqolning bir og‘iz gapi bilan ko‘pchilik qadimdan qo‘shnichilik odatlari bo‘yicha yashaganlari va shunday turmushdan manfaat ko‘rib kelganlariga qaramay, yer ko‘chib, boshlariga tushgan qiyinchiliklardan so‘ng, topgan-tutganlarini faqat o‘zlari, hech kim bilan bo‘lishmay baham ko‘rishni qo‘shnichiliqdan afzal biladigan bo‘lib qolgan edilar. Garchi bunday yashash yengil bo‘lmasa ham yil o‘tgan sari bu ahd odat tusiga kira boshladi. O’g‘izlar ularning qizlarini, mayli, garchi o‘g‘iz yigiti bilan qochib ketib gunoh qilgan bo‘lsa ham, toshbo‘ron qilib o‘ldirib yuborganlaridan keyin esa, o‘rtaga tushgan sovuqchilik dushmanlikka aylandi, yer tagidan ko‘tarilib chiqqan Quramaning yangi qanoti chegara bo‘lib qoldi. Kim shu chegarani buzsa, jazoga tortildi. Ikki yosh chegarani buzdigina emas, qabilalarning ahdlarini oyoqosti qildi. Buning ustiga saklar hali o‘z farzandlarining qasoslarini olishgani yo‘q. Oqsoqol dilida xalq bularni ham toshbo‘ronga hukm qiladi, biroq gunohkorlardan biri uning, qabila boshlig‘ining farzandi ekanini nazarga olib, hukmni yumshatar, o‘limgacha bormas deb umid qilardi. Shuning uchun ota emas, oqsoqollik mavqe’dan turib javob berdi:
— Nima qilardik? El nima desa shu.

Bu bilan u men qabilaning xolis xizmatkoriman, o‘g‘lim yolg‘iz farzandligini e’tiborga olib, o‘zlaring insof bilan hal qilinglar, degandek bo‘ldi. Ulug‘lar uni tushunishdi, ammo o‘zlarini tushunmaganga solishdi. Ulardan biri Almonga imo qildi.
— Oqsoqol haq! — qichqirdi olomonga o‘girilib Almonzarda. — Qonun hammaga bir! Ikkalovining jazosi o‘lim!
— O’lim! — ikki-uch ovoz olomon ichidan otilib chiqdi.
— Toshbo‘ron! — qichqirdi yana kimdir Oqsoqolning orqasida.
— Toshbo‘ron! — quvvatladi olomon orasida kimdir.

Oqsoqol bunday bo‘lishini kutmagan edi. Ayashmadi o‘g‘lini ham, uning o‘zini ham! U bo‘lsa hammaga faqat yaxshilik qilib kelgan edi. Hech kimning iltimosini hech qachon qaytarmagan edi. Har doim hammaning holidan xabar olib, birini yaxshi so‘z bilan, birini don-dun bilan ko‘nglini olib kelgan edi...

Oqsoqol atrofiga qaradi. Majlislarda uning ko‘ziga tikilib, niyati, qarorini bilishga, uning hurmatini qozonishga intilgan qabila ulug‘lari undan nazarlarini olib qochishdi. Mardon esa jim, hamma uning oxirgi so‘zini kutardi. Odat bo‘yicha Oqsoqol hukmni tasdiqlashi kerak edi. Nihoyat, u o‘zini tutib qo‘lini ko‘tardi:
— Hukm ertaga ijro etiladi.

U alam va o‘kinchdan past ovozda gapirg‘an bo‘lsa ham hamma uni eshitdi.
— Oqsoqolga uzoq umr! Oqsoqolga sharaf bo‘lsin! — degan maqtovlar olomon ustida aks-sado berib yangradi.

Odamlar tarqalib, maydon bo‘shaganida, Oqsoqol o‘g‘lining tepasiga keldi:
— Boshqa ilojim yo‘q edi...

Mardon javob bermadi.

Oqsoqol uyga kelib, xotinining avzoyidan u fojiadan xabardorligini sezdi. Shuning uchun hech narsa demadi. Rohila qo‘liga suv tutdi, sochiq uzatdi. Oqsoqol artinib, uzun ravon to‘riga yozilgan dasturxon yoniga borib o‘tirdi. Shunda zanapoya yonida turgan tugunga ko‘zi tushdi. Xotinining qayoqqa bormoqchiligini darhol bildi.
— O’g‘iz qiz... Parvina... ko‘hlikkina ekan. O’g‘lingning didi chakki emas... — Oqsoqol labining miyig‘ida jilmaydi. — Otasini tanirdim. Farasmon qo‘ychi... Kelin qilganingda qizim derding.

Rohila sezilar-sezilmas bosh qimirlatib qo‘ydi. Yuz bergan fojia oldida o‘g‘lining o‘zboshimchalik qilgani uning xayolidan ko‘tarilgan edi. Albatta u qiz bilan ham ko‘rishadi, bag‘riga bosadi uni.
— Buncha qahrlaring qattiq bo‘lmasa? U hali juda yosh-ku?! — Rohila bu savolni faqat eriga emas, butun qabilaga qaratib berdi. Ammo savoli javobsiz qoldi.

Oqsoqol hech narsa totmadi, yumshoq bolishni qo‘ltig‘i ostiga olib, yonboshladi-da, ko‘zlarini yumdi:
— Uzoq qolib ketma. Men ham boraman.

Rohila tugunni olib, ravondan tushdi. Oqsoqol uning oyoq tovushlari tinguncha quloq solib turdi. Tinishi bilan ko‘zlarini ochib, o‘rnidan turdi.

Nima qilish kerak? Qanday qilib ularni qutqarishi mumkin? Nahotki yagona o‘g‘lidan tong otishi bilan ajraydi? O’z o‘g‘lini o‘z hukmi bilan o‘ldirgan odam qanday ota bo‘ldi? Hukmni u chiqargani yo‘q, lekin uning ishtiroki, sukuti bilan shu hukm chiqdi. Kimni o‘ylab u shunday qildi? O’zinimi? Yo‘q. U hech qachon o‘zini o‘ylamagan. Shuning uchun ham xalq unga ishondi. Bugun u shu ishonchni yo‘qotgisi kelmadi, shu ishonch uchun o‘g‘lining o‘limiga rozilik berdi. Ammo endi o‘n sakkizga qadam qo‘ygan yigit nima uchun bir vaqtlar paydo bo‘lgan zarurat sabab o‘ldirilishi kerak? Ikki el yuzko‘rmas bo‘lib nima yutdi? Gap elda emas. El dilida qo‘shnichilik tarafdori. Ammo ulug‘lar qabul qilgan qarorga qarshi chiqishni istamaydi. Boshiga qiyinchilik tushib qolsa, qabila ombori uning uchun berkiladi, noni butunlar, o‘ziga to‘qlar undan yuz o‘giradi. Shuning uchun indamaydi, ulug‘lar aytganini kiladi.

Oqsoqol o‘z eli haqida, uning yetti qulf ostidagi fikr-o‘ylari haqida shunday mulohazada edi. Hali har bitta odam g‘oz turib, dilidagini aytadigan davr kelmaganini, hali yemoq-ichmoq taqchilligi tufayli, borning so‘zi so‘z edi. Borlar esa nima uchun orttirganini, orttirmoqchi bo‘lganini birov bilan bo‘lishishi kerak? Oqsoqol bu toifa xalq bilan ham chiqishib yashash kerakligini biladi. Bir kun keladi, el dardi, yurt dardi hamma manfaatlardan oldinga o‘tadi, hamma bir-biriga hurmat bilan qaraydigan bo‘ladi. Faqat shu davrni sun’iy yaqinlashtirish, xuddi o‘g‘lining topgani, Parvina edi shekilli ismi, o‘sha bechora qizni bo‘yniga sirtmoq solib, zo‘rlab keltirishgandek keltirmaslik kerak. Agar shunday qilinsa, o‘g‘li bilan uning qaylig‘i emas, juda ko‘p odam nobud bo‘lib ketadi.

Oqsoqol xotini qaytguncha qorong‘i hovlida yurib, qancha o‘ylamasin, o‘g‘lini qutqarib qolish, juda bo‘lmaganda iltimosini ado etish — qizini ozod qilish yo‘lini topolmadi, hukm to‘g‘riligiga, hozir boshqa iloj yo‘qligiga ishona boshladi.

Rohila qaytib kelib, qo‘lidagi dasturxonni ravonga uloqtirdi-da, o‘zini erining ko‘ksiga tashladi.
— Bolam! Yolg‘iz bolamdan ajrab qanday yashayman endi? Undan ko‘ra meni toshbo‘ron qilishsin! Qonga to‘ymaganlar meni qiynab-qiynab o‘ldirishsin, roziman! Ularni qo‘yib yuborishsin, ayting! Qabila kattasimisiz o‘zi, kimsiz? Nahotki, o‘z elingizga so‘zingiz o‘tmasa? Ayting! Bir balo qiling!

U erining ko‘kragiga mushtlab, o‘zini to‘xtatolmay yig‘lardi.

Oqsoqol indamay uni eshitdi. Yelkalarini silab ovutgan bo‘ldi. «Bir balo qiling!» Nima qilishi mumkin? U ohista xotinini o‘zidan nari itarib, ko‘chaga yo‘l oldi. U qancha o‘ylamasin, bir to‘xtamga kelolmasdi. Faqat bir fikr o‘ziga ozgina tasalli berardi. Hozir Mardonni ko‘rishi kerak. Tonggacha vaqt ko‘p emas, uning diydoriga to‘yib olishi kerak. Keyin nima bo‘lsa bo‘ladi...

O’g‘li bilan qizning soqchilari almashibdi. Lekin uchala soqchi ham uni tanidi. O’rinlaridan turib, o‘zlarini chetga olishdi. Ammo Oqsoqol ular oldiga bordi:
— Yigit — o‘g‘lim, bilasizlarmi?

Soqchilar boshlarini egishdi.

Oqsoqol belidagi charm hamyonini yechib ularga tutdi.
— Meni birpas xoli qoldiringlar. Xayrlashib olay. O’zim chaqiraman.

Soqchilar bir-birlariga qarab olishdi. Oqsoqolning iltimosini rad etib bo‘lmas edi. Hamyonni olib, uchalovi ravonning orqa tomoniga o‘tib ketishdi.

Oqsoqol avval o‘g‘lini yechdi. Keyin qizni bo‘shatdi. — Nima qilyapsiz, ota? — hech narsaga tushunmay so‘radi Mardon.
— Otalik burchimni ado etyapman. Uyga kirma. Darhol Qoradaryodan o‘tib, qipchoqlar yurtiga yo‘l ol. Ishonaman, el kechiradi. O’shanda qaytasizlar.

Oqsoqol shoshib shu gaplarni aytdi-da, o‘g‘lini bag‘riga bosdi.
— Qani, ketlaring endi!
— Ota!.. — bir narsa demoqchi bo‘ldi Mardon.
— Ket! — o‘shqirdi Oqsoqol...

Tong payti qo‘rg‘onning bosh maydoniga kelganlar kechagi «oshuq-ma’shuqlar» o‘rnida Oqsoqolni ko‘rib, nima bo‘lganini tushunishdi. Hech kim hech narsa demadi. Hamma narsa so‘zsiz ham ayon edi.

Jimlikni soqov o‘tinchining birdan uvvos solib yig‘lab yuborgani buzdi. U qayoqdandir Oqsoqol oldida paydo bo‘lib, o‘zini uning oyoqlari ostiga tashladi. Butun vujudi qaltirab yig‘lar ekan, boshini yerga urib, nimalardir deb g‘o‘ldirardi.

Oqsoqol to‘lqinlanib ketdi. Uni tushunishgan edi. Hatto aqli kalta soqov o‘tinchi ham qilmishiga pushaymon edi. Oqsoqol uni turg‘azmoqchi bo‘lib engashdi, qo‘llarini oriq yelkalariga qo‘ydi. Shu top nimadir zarb bilan chekkasiga kelib urildi. Bosh yorilib bamisoli bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ketdi. Kimdir ravon tomondan otdi shekilli? Oqsoqol o‘sha tomonga beixtiyor ko‘z tashlab ulgurdi. Almonzarda unga g‘azab bilan tikilib turardi. «Tentak» — dedi ichida Oqsoqol va o‘tinchining ustiga yiqilmaslik uchun turgan joyida ohista cho‘kkaladi. Bir necha kishi «gur» etib ravonga otildi. Ular nima qilmoqchi ekanini Oqsoqol sezdi. «Qo‘yinglar!» — demoqchi ham bo‘ldi, ammo ovozi chiqmadi. Kimdir uning qo‘ltig‘idan oldi. Boshqa hech narsa sezmadi. Qulog‘iga chalingan so‘nggi ovoz ayol kishining chinqirig‘i bo‘ldi. Tanidi. Rohilasi edi. Negadir uning ikki qo‘lida ikkita tosh borday edi.

 

O’lmas Umarbekov


Orqaga qaytish