Hikoyalar

5015 marta o'qildi
YASHIL ALANGA

(O‘zbekning  polvoni Tursun Ali Muhammadga) 
Shamol qari burgutni bulutlar uyuriga qo‘shib haydab ketishiga sag‘al qoldi.

(O‘zbekning  polvoni Tursun Ali Muhammadga)

Shamol qari burgutni bulutlar uyuriga qo‘shib haydab ketishiga sag‘al qoldi. U goh yuqorilab, goh pastlab, shamolga qarshi ucha-ucha amal-taqal Teshiktosh qoyaga yetib, cho‘qqi ustiga og‘ir qo‘ndi. Shu qo‘nganicha uch kun qilt etmadi. Uchinchi kun tongda qari burgutni yana o‘z o‘rnida ko‘rgan tasqaralarning ko‘nglidagi shubha-gumon kurtak otib, badniyatlari sovuq bo‘y ko‘rsatdi: oldidan ortgan sarqitiga qanoat qilib yurganlar, bugun uning o‘ziga ko‘z tikib, bu mag‘rur turgan muazzam gavdaning tap etib yiqilishini kuta boshladilar. Kecha ular quyiroqdagi qoya ustida kun bo‘yi qanotlarini beo‘xshov qoqib, chug‘urlashib, betoqat bo‘lishdi.

Bugun esa tap tortmay qari burgutning yuz yillik qo‘nalg‘asi bo‘lmish Teshiktosh qoyaning yonginasidagi ulkan yassi tosh ustiga kelib qo‘nishdi. Shu paytgacha qush zoti bu chegarani buzishga haddi sig‘gan emasdi. Tasqaralar bo‘lg‘usi bazmga tayyorgarlik ko‘rayotgandek qaysidir o‘limtikning shilimshiq go‘shti yopishib qolgan tumshuqlarini goh panjalariga urib, goh toshga surkab namoyishkorona tozalamoqda edilar. Faqat quyida yashab, tog‘ ustiga kamdan-kam ko‘tariluvchi g‘ajirlar ham bugun ertalabdan tasqaralarning tadorikka tushib qolganidan darak beruvchi tovushlarni eshitib, allaqachon yuqorilab kelishga ulgurishgandi.

Bu anchayin beodoblik sanalsa-da, qari burgut aslo parvo qilmadi, bo‘ynidan boshlanib, ko‘ksida oppoq dog‘ hosil qilgan patlari ustiga tumshug‘ini qo‘yib, hurpayib o‘tiraverdi. Shu tobda u ertalabki quyoshning mayin qitiqlovchi nurlari og‘ushida miriqayotgandir yoki huv ufqdagi bir to‘da irkit bulutlarni kuzatayotgandir. Harqalay, shu hafta ichi unda qandaydir tushuniksiz o‘zgarishlar yuz berdi. U shundan alag‘da bo‘lib, atrofda yuz berayotgan narsalarga e’tiborsiz qaradi.

Qo‘qqis tasqaralardan biri havoladi, aftidan yoshroq bo‘lsa kerak, ko‘ksidagi patlari qorayishga ulgurmabdi. Bir-ikki aylana yasab, so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri burgut o‘tirgan qoya tomon uchib kelaverdi. Qoyatoshning bir chetiga kelib qo‘ndi. Burgut ilkis unga o‘girilgan edi, ko‘zlarida yashil alanga lovillab ketdi. Qo‘rqib ketgan tasqara kelgan iziga qarab urra qochdi. O‘laksaxo‘rlar bir bezovtalanib olishdi.

O‘-o‘... burgutning vazminligi, u bu surbetlikni ko‘rmagandek yana sokin o‘tiraverdi. Faqat endi poyida yastanib yotgan tekisliklarni kuzata boshladi. Oradan chorak soat o‘tgach, ko‘kdan to‘qayzor etagidagi o‘tloqqa toshdek otilgan qarchig‘ayni ko‘rib qoldi. Toshlar ostiga yashirinishga ulgurmagan kaklik qanotlarini patillatib yerga urgancha, qarchig‘ayning changaliga tushdi. Qarchig‘ay o‘ljasini ko‘tarib uchdi va yalanglikdagi qo‘ng‘ir tosh ustiga qo‘ndi. Changalidagi kaklik jon holatda tipirchiladi. Qarchig‘ay kaklikning bo‘yniga changal solib siqdi. Uning payraxaday sarg‘ish tili otilib chiqqanida bir cho‘qib uzib oldi va liq etib yutdi. Shundan so‘ng kallasini uzib olib, uzun ichaklarini osiltirgancha, o‘ljasini bamaylixotir cho‘qilay boshladi. Burgut issiq, ko‘pirib turgan qon hidini tuydi. Suqlanib tikildi. Yo‘q! O‘ljaga emas. G‘oliblik nashidasi surilayotgan o‘sha lahzaga, o‘sha manzaraga suqlandi.

Bir paytlari uning baquvvat qanotlari bo‘ronni ham pisand etmasdi, toshni changallasa uqalanib ketardi.

Bir paytlari chiyabo‘rining sag‘risi ila bo‘yniga changal solib, bir siltaganda, sho‘rlik saydning umurtqasi qarsillab sinib ketardi. Shu qarsillash uning shijoati, kuch-qudrati va mahobatini namoyish etuvchi g‘oliblik sadosi bo‘lib yangrardi. Osmon enkayib, tog‘lar bir qarich cho‘kib, daryo bir to‘xtab olardi o‘sha lahza.

U kezlar burgut o‘ljasini qoyaga ko‘tarib chiqar va issiq qon ko‘pirib turgan jasaddan bir-ikki luqma totinib ko‘rardi, xolos. Loshning qolgan-qutganini hozir uning o‘limiga ko‘z tikib turgan anavi o‘laksaxo‘rlar talashib-tortishib yeb bitirishardi. Ular burgutdan qattiq hayiqishar, qorasi o‘chgach, sarqitiga quyundek yopirilardi. Hozir esa o‘shanda muruvvat tilab, yaltoqlanib yiltiragan shilpiq ko‘zlar uning qarshisida sovuq yonib turibdi. Biroq qari burgut jasadi bu qasang‘ilarga yem bo‘lmasligini biladi. Hali zamon quyosh tig‘ga kelganda u ko‘kka ko‘tariladi, so‘nggi ovga chiqadi.

Bir qultum qon, bir luqma go‘sht uning qanotiga kuch bo‘ladi. So‘ng huv yuksakdagi qorli cho‘qqilar tomon uchib ketadi. Ikki yil muqaddam qari burgutning jufti shu tomonlarga uchib ketgan. Muz qoya uzra uchavergan, uchavergan, uchavergan. Kecha-yu kunduz uchgan. Tanasidan qon qochib, bulutlar ho‘llagan qanotlari muzga aylanganida ham uchavergan. Toki abadiy muz parchasiga aylanmagunga qadar uchgan. Qush zoti borki uchayotib muz qotadi, qo‘nib turganida har qanday sovuqqa dosh beradi. Shu tariqa mangu muzqoyaliklar orasida yangi, qanotlarini yelpig‘ichdek yoygan burgutqoya paydo bo‘lgan. O‘sha burgut shaklidagi muzqoya uni o‘zi tomon chorlamoqda. 

Quyosh tikkaga kelib, tog‘ etagidagi qir-adirlarni beayov qizdira boshladi. Burgut og‘ir qo‘zg‘alib, qanotlarini bir-ikki silkidi, so‘ng keng yoyib pastga ena boshladi. Yon-atrofdagi qoyalarda tizilishib o‘tirgan o‘laksaxo‘rlar bezovtalanib, uning ortidan chag‘ir ko‘zlarini qadab qolishdi.  Burgut bo‘z tuproqli adirlarga yetib borgach, qanot qoqmay, osuda aylana boshladi. U jon koyitmay havolashning hadisini olgan, tandirdek qizigan adirdan ko‘tarilayotgan issiq havo uni hech qanday qiyinchiliksiz osmon toqiga chiqarib qo‘yardi. Avvallari issiq havo oqimi ko‘magida ko‘tarilish ermak bo‘lgan esa, hozir ehtiyojga aylangan edi. Keksa vujudi bu beminnat yordamga muhtojlik sezmoqda. Biror soatlardan so‘ng u ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydigan qora nuqtaga aylandi.

Bir hafta davomida yemaksiz qolgan qari burgut uchun havoda muallaq turib o‘tkazayotgan daqiqalari yillardek uzoq tuyulmasin, u soyalar qaytguniga qadar ko‘kda kezib yurishga majbur edi. Bu vaqtda to‘qaydagi jonivorlar pana-pastqam, sersoya inlaridan chiqmay, tillarini zaxga bosib, hansirab yotishadi. Quyosh nayzasi cho‘qqilarga sanchilib, sarin shabboda g‘irillab esa boshlaganda jonivorlar g‘imirlab, tirikchilik tashvishiga tushib qoladi.

Jo‘rttaga qilgandek, sira o‘rnidan jilmayotgan quyosh, nihoyat tangrining amri ila pastga qarab g‘ildiradi. Burgut havoda aylana yasab, pastlay boshladi. Yer hali juda-juda uzoq edi. Bu orada to‘s-to‘polon bilan osmonga ko‘tarilgan tasqara va g‘ajirlar tog‘dagi daralarni bir qur ko‘zdan kechirib chiqib, to‘qay bilan daryo oralig‘idagi yalanglik uzra izg‘iy boshlashdi. Yemak qidirishga kirishgan to‘qay jonivorlari ko‘k yuzidagi qora ko‘lankalardan cho‘chib, o‘zlarini qayta inga urishdi. Axiyri, o‘laksaxo‘rlar kechki sayrni tugatgandek yoqimsiz qiyqillashlari bilan tog‘u toshni larzaga solib qoyalarga qo‘ndilar. Ushbu kechki sayr huv yuksakdagi burgut uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan g‘animat damlarni “bir necha yil” nariga surib yuborgan edi.

Yalanglikda to‘ng‘iz paydo bo‘ldi. U to‘qaydagi yagona so‘qmoq oralab chiqib keldi, tumshug‘i bilan yer titib, pishqirib daryo tomon yurdi. To‘ng‘izning beparvoligi bejiz emas, odam hidi kamdan-kam paydo bo‘ladigan bu makonda unga tahdid soluvchi yov yo‘q edi. Lekin ehtiyoti shart, u har zamon to‘xtab, havo iskab, hid olardi.

To‘qaydan pildirab chiqqan to‘ng‘izni ko‘rib, burgutning ko‘zida olov chaqnadi. Biroq savqi ta’biiysi uni ikkilantirdi. Jonzot borki, o‘z kushandasi kimu yemagi nimadan iborat yaxshi biladi. Tabiatning o‘zi bergan sezgisi, salohiyati buni aytib turadi. Lekin birda ikkida o‘z fe’l-xo‘yiga nomuvofiq harakat qilib turish ham tirik jonga xos narsa. Qari burgut ko‘pni ko‘rgan esa-da, to‘ng‘izni qo‘ldan chiqarishni istamadi, qolaversa, bu so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin, hademay quyosh botadi. O‘laksaxo‘rlar qolgan mayda jonivorlarni cho‘chitib qo‘ydi, ular hali-beri qorasini ko‘rsatmaydi. To‘ng‘iz suv bo‘yiga yaqinlashganda burgut hamlaga chog‘lanib, mo‘ljal oldi. To‘ng‘iz chanqog‘ini qondirsa, kuchiga kuch qo‘shiladi. Shunda uni yengish og‘ir kechadi. Burgut qanotlarini yig‘ib, bir soniya muallaq qoldi, so‘ng o‘qdek pastga otildi.

Dahshatli chinqiriq tog‘u toshni larzaga keltirib, daralar uzra uzoq aks-sado berib turdi. Qoyada tizilishib o‘tirgan tasqara va g‘ajirlar sergaklandi. Tulkilar, tovushqonlar o‘zlarini qalin chakalakzor orasiga urdi. To‘ng‘izning beliga qoya ag‘darilgandek kuchli zarba kelib urildi. Sag‘risi va kalta bo‘ynini tig‘dek tirnoqlar o‘yib tashladi. U jon holatda xurillab, bir munkidi, bir qalqidi...oyoqlarini chor tarafga kerib oldi...to‘pig‘igacha nam yerga botib ketdi, lekin umurtqasi sinmadi, kaltaligi ish berdi.

Ko‘zi qonga to‘lgan burgut vajohat bilan chiranib, uni bukib tashlamoqchi bo‘ldi. Afsus...qani u qarsillatib umurtqa sindirish, qani g‘oliblik sadosi? Alamdan, nomusdan uning kuch-qudrati, shijoati avvalgilardan o‘n chandon oshsa oshdiki, aslo kamaymadi. To‘ng‘izning joni toshdan. Burgutdan xatolik o‘tdi. Xatolik o‘tdi-yu, uni tuzatishning endi iloji yo‘q edi. Burgut burgut bo‘lib ushlaganini qo‘ygan emas. Burgut to‘ng‘izning belida chavandozdek silkindi, chirandi, ko‘zlaridan tirik jonni teshib yuboradigan olov yog‘ildi. Lekin...qani endi, bu jonli g‘o‘lani bukib bo‘lsa?! Issiq qon ko‘pirgandan ko‘pirdi, favvora yanglig‘ otildi. Tanasi metin to‘ng‘iz pishqirib, chinqirib, quturgandan quturib borardi.

To‘ng‘iz to‘qayzorga yetib borganda burgut uning boshiga chang soldi. To‘ng‘izning chap ko‘zi o‘yilib tushdi. U yo‘nalishini yo‘qotib, o‘zini qalin chakalak orasiga urdi. Tikanaklar, shox-shabbalar burgutning patlarini yula boshladi. Qari burgutning oqish-qizg‘ish patlari havoda to‘zg‘ib ketdi. To‘ng‘iz changalzorni tasir-tusur yorib o‘tganida burgutning yarim gavdasi qonga belangan, sinib, yonga osilib qolgan qanoti xas-xashaklarga ilashib, uni ortga tortqilardi.

Qora qonga belangan ikki raqib jon olib, jon berib olishar, taslim bo‘lishni, yengilishni birovi-da xayoliga keltirmasdi. Qoyadagi g‘ajirlar, tasqaralar, tog‘u toshdagi, to‘qaydagi jamiki jonzot bu qonli hangomaning qanday yakun topishini sabrsizlik bilan kutardi.

Qarshisidan qalin daraxtzor chiqqanida burgut so‘nggi chorani qo‘llab, o‘ljasini to‘xtatmoqchi bo‘ldi: yosh bir daraxtni shappa changallab oldi, tirnog‘i boricha daraxt tanasiga botib ketdi. U to‘ng‘iz va daraxt orasida bir lahza tarang tortildi-yu, so‘ng qoq o‘rtasidan ikkiga ayrilib ketdi. Raqibidan xalos bo‘lgan to‘ng‘iz bir necha odim zabt bilan chopgach, gursillab quladi. Qattiq pishqirdi, xirillab-xirillab jon berdi. Burgutning yarim gavdasi daraxtni, yarmi to‘ng‘izni mahkam changallagan ko‘yi qotib qolgan edi.                   

O‘laksaxo‘r va g‘ajirlar qiy-chuv solib ko‘kka ko‘tarildi. Osmonni qora ko‘lankalar qopladi. Ular to‘qay tomon enib kela boshladilar. Lekin shu kecha va ertasiga ham to‘dadan biror qush ajrab chiqib, mash’um janggohga qo‘na olmadi. Chunki burgutning ochiq ko‘zlaridagi yashil alanga hali so‘nmagan edi.

 

Muhammad Sharif

“Yoshlik” jurnalining 1993 yil, 10-11 sonida chop etilgan.


Orqaga qaytish