Hikoyalar

4931 marta o'qildi
Erkagi bor uy

Darvozaxonadan irg‘ishlab kirib kelgan bolakay uy yonida tarvaqaylab o‘sib, tom ustigacha shoxlab ketgan kattakon o‘rikning ostida erinchoqlik bilan...

Darvozaxonadan irg‘ishlab kirib kelgan bolakay uy yonida tarvaqaylab o‘sib, tom ustigacha shoxlab ketgan kattakon o‘rikning ostida erinchoqlik bilan timirskilanib yurgan targ‘il mushukni ko‘rib, bir to‘xtalib oldi. Keyin qo‘lidagi sumkasini go‘yo mushukning ustiga irg‘itayotgandek qattiq siltadi va shu siltash asnosida og‘zidan vahimali bir tovush chiqardiki, mushuk ham o‘sha tovushga hamohang ravishda «dod»lab, o‘rikning ikki odam bo‘yi keladigan shoxiga sakrab, bolaga «haziling qursin», deganday qarash qildi-da, boyvuchcha yurish bilan qing‘ir-qiyshiq shoxlar orqali tomga o‘tib ketdi. Bola o‘z qilig‘idan zavqlandi. Aslida bu mushuk ularniki emas, qayoqdandir paydo bo‘lib qolganu, birovning e’tiboridan ozor topmagach, tomda makon topib, bola tuqqan va shu xonadonning salkam a’zosiga aylangan.

Uydan chiqib kelgan ayasi ayvonda to‘xtab, unga dakki bergan bo‘ldi:

—Mishig‘ni qiynamagin-da, o‘g‘lim!

Bolakay sumkasini erkalash bilan u yoqdan-bu yoqka siltab, sakragancha ayvonga — ayasi va so‘rida o‘tirgan xolasining oldiga ko‘tarildi.

— Assalomalaykim! Keling, xolajon! — dedi ovozi jaranglab,

— Vaaleykimassalom. Odobiyam bor bu shumtakani, — deb qo‘ydi ayasi zavqi kelib.

— Keldiymi, polvon? Qani!.. — xolasi o‘tirgan joyida so‘rashish uchun kaftini ochdi.

Bola o‘z odaticha erkalik bilan xolasining kaftiga «chars» etkizib kaftini urdi-da, «qalaysiz?» deb qo‘ydi,

— Ayajon, — u sumkasini so‘ri chetiga qo‘yib, chaqnagan dumaloq ko‘zlarini ayasiga tikkancha bidillashga tushdi. — Badal buvaga salom beruvdim, «Barakalla, ota o‘g‘il, ilohim, otangga o‘xshagan yigit bo‘gin», deb duo qildi.

Ayasining mehri iydi, ma’yus ko‘zlari yoshlanganday yiltirab ketdi.

— Barakalla, o‘g‘lim! — bolakayning boshini bag‘riga tortdi. — Iloyim, Badal buvaning aytgani kelsin! U kishi dadang rahmatlini ja yaxshi ko‘rardi-da... — deya ko‘ngli buzildi.

Badal buva ularning uch-to‘rtta eshik naridagi qo‘shnisi bo‘lib, hamisha darvozasi oldidagi ixcham supada qo‘lidagi behi shoxidan yasalgan qo‘lbola hassasiga tiranib, goh nimalarnidir pichirlab, goh o‘tgan-ketganga gap tashlab o‘tirguvchi, soqoli qorday oppoq nuroniy chol edi. Chol hamma narsani bilguvchi, qishloqdagi har bir ishdan boxabar edi.Barcha o‘z qilmishi uchun u kishidan hayiqar, chunki chol aytadigai gapini haspo‘shlab, ezg‘ilab o‘tirmas, dangal aytardi-qo‘yardi. Shundanmi, qishloq ahli har bir voqea-hodisa uchun orqavorotdan bo‘lsa-da, Badal buvaning hukmini kutardi. Uning hukmi esa doimo adolatli bo‘lardi shekilli, barchalari hamisha har bir ish uchun shu oqsoqolning munosabatini bilishga urinishardi. Hozir qishloqdoshlari nazdida oqilu dono bo‘lgan otaxonni bolaning otasi haqida aytgan gaplaridan ayolning ham ko‘ngli yumshagandi.

Bolakay xolasining doimgiday olqashlari ostida kiyimlarini almashtirish uchun uyig‘a kirib ketdi.Sumka¬sini qo‘yib, qo‘ylagini yecharkan, xolasining xavotirli bir ovozda g‘o‘ng‘irab gapirgani beixtiyor qulog‘iga tushdi.

— Ayvongacha chiqdimi, shixting qurg‘ur? — so‘radi xolasi ayasidan.

Shundagina bola deraza orqali onasining holatiga e’tibor berdi — u anchagina g‘amgin o‘tirardi.

— Bo‘yning uzulgir, qo‘li bilan imlab tashqariga chaqirdiyam. Ko‘zlarini yiltirashidan tuzukkina mosiydiyam (mast ediyam) shekilli, itdan bo‘lgan!

Bolakay endi derazaga yaqinroq kelib, ayasi bilan xolasining gaplarini diqqat bilan eshita boshladi. Uning murg‘ak qalbi onasi bilan bog‘liq biron ko‘ngilsizlik bo‘lganini sezgandi.

Ayasi xijolatli ovozda sekin-sekin gapirardi:

— Yer yutgur, bir-ikki marta ishdan qaytayotganimda-yam suzilib qarovdi. Salomlashib o‘tganimni o‘zicha tushungan shekilli-da...

— Kechqurun chiqib birga yotaymi? — so‘radi xolasi dalda beruvchi ohangda.

— Qo‘y, eriyni g‘ashi kemasin tag‘in.

— U itvachcha yana chiqar hali?..

— Bilmadim. Xudo saqlasin. Kechqurun dod solmoqchiyam bo‘ldim, lekin mahalla-ko‘ydan nomus qildim. Baribir, hammayam to‘g‘ri tushunmaydi, qaytaga mish-mish ko‘payadi. Axir bollarim bor!..Hammasiga sabab — uyim-da erkagim yo‘qligi. Erkagim bo‘lsa-yu... — ayasining ovozi chiyillab ketdi, chamasi, u yig‘lab yubordi.

Bolakayning ham ko‘ngli buzildi, ayasiga juda-juda rahmi kelib ketdi, dadasini eslab o‘ksindi. Shu hissiyotlar orqasidan «kim bo‘ldiykin u odam?», deya o‘ylab qoldi. «Kechasi biznikiga kiradigan qaysi xaramiykin?Hali u erkagi yo‘q uyga kirarkanmi? Bizi uyni erkagi yo‘qmi?.. Men-chi?!.. Yo‘q, ayajon, biznikidayam erkak bor, ha, bor, ayajon!»Bolakay endigina beshinchi sinfda o‘qirdi, ayni damda esa xuddi kattalarday fikr yuritar, ayniqsa, ayasini xafa qilganlardan o‘ch olish istagi uning tomirlaridagi qonni chinakam yigitlarnikiday olovlantirmoqda edi. «Faqat kim bo‘ldiykin u it?! Ha, mayli, kechqurun bilib olarman. Ko‘rsatib qo‘yaman men unga birovnikiga kirish qanaqa bo‘lishini!» U uylariga kirgan odam kim ekanligini ayasidan so‘rashga uyaldi. O‘zicha qat’iy bir qarorga keldi-da, shahd bilan tashqariga chiqdi.

Ayasi tovuq boqamiz deganidan keyin katak qilish uchun bir talay guvala quyib tashlagandi.Hozir ana o‘sha yaqindagina quyilgan guvalalardan ikkitasini olib, o‘rik ostiga keltirdi.Bu orada xolasi chiqib ketarkan, «hoy, guvalachi, biznikigayam o‘tgin», deb qo‘ydi erka bir ovozda.Uning qilayotgan ishiga e’tiborsiz nazar tashlab qo‘ygan xolasi tugul ayasi ham «yosh bola o‘ynayapti-da», deya o‘ylagandi, xolos. U esa o‘ynamayotgandi, o‘z nazdida, kechqurun bo‘lajak «jangga» hozirlik ko‘rayotgandi. Uning bolalik sho‘xliklariyu shumliklari to‘lgan miyasiga ayni damda tunda ularnikiga kirgan o‘sha odam kim ekanligini bilishu, u xaramining boplab adabini berib qo‘yish xayoli o‘rnashib qolgandi, Shu niyatda o‘rik ostiga ikkita guvala olib kelgach, yana allaqaerlarni timirskilanib, ayasi bozordan piyozu kartoshka tashiguvchi sun’iy ipdan to‘qilgan xalta va arqon topib keldi. Guvalalarni xaltaga solib, arqonni beliga o‘radi-da, tirmashib, o‘rik ustiga chiqa boshladi.

O‘rikning yirik shoxlari ham bir nechta bo‘lib, ular qing‘ir-qiyshiq beso‘naqay, g‘adir-budir tanasi qoraygan va dag‘alligidan bolakayning nozik tanasini, hatto, kiyimi ustidan-da, shilib yuborguday edi. Odatda, qari o‘riklarning mayda shoxlari xuddi chakalakzor bo‘tala-riga o‘xshab, bir-birlariga chirmashib ketadi. Shuning uchun o‘rikning barglari ham ko‘p, ya’niki g‘uj-g‘uj bo‘ladi. Bolakay qo‘lidagi xaltani qurigan kichikroq butoqqa ilarkan, o‘sha qalin barglar orasidan hovli etagidagi devorni ko‘rish uchun biron tuynuk axtardi. Biroq rostdan ham barglar shu qadar qalin ediki, qani endi de¬vorni ko‘rib bo‘lsa. Baribir hovli tomondagi devordan oshib kiradi, deya o‘yladi bola, darvoza tarafdan o‘lsayam o‘tolmaydi.Shularni o‘ylarkan, xaltani yana qo‘liga olib, ehtiyotkorlik bilan uyning tomi ustiga egilgan yo‘g‘on shox tepasiga o‘tdi. Aslida bu keksa o‘rikning har bir shoxi tanish bo‘lganidan bola uchun uning ustida yurish unchalik qiyin emasdi. Har yili o‘rik pishig‘ida bu o‘rikning ustiga necha bor chiqib-tushgan va shuning uchun qaysi shoxda oyoqni qaerga qo‘yishni yaxshi bilardi. Hozirgi ehtiyotkorligi esa qo‘lida yuki borligidan edi. U o‘sha shoxnnng o‘rtasida, ya’ni hovlining etagidan keluvchi odamning aynan ustini mo‘ljallab to‘xtadi va xaltani yana butoqqa ildi. Belidagi arqonni yechib, taxladi-da, uchi singan kalta shoxga bir bor aylantirib osib qo‘ydi. O‘rikdan tushib, hovli tomonga o‘tdi va devorning odam oshishi mumkin bo‘lgan joyini chamaladi-da, o‘z fikriga yana bir bor ishonch hosil qilgach, ortiga qaytdi. Endi uning birdan-bir tashvishi tungi uyquni yengish edi.Ularnikiga kiradigan haligi noma’lum odam baribir yarim kechasidan avval kelmasa kerak.Chunki u ham xuddi o‘g‘rilar kabi bexatarroq paytni poylashi aniq Ungacha esa bolakay dong qotadi.Eng alam qiladiganiyam shu.Ko‘pincha televizorda beriladigan kechki kinolarni rosa poylay-poylay, endigina boshlanay deganda, hatto, singlisidan oldin uxlab qoladi. Bu tirmizak singlisi kichkina bo‘lgani bilan kitob o‘qishni, ayniqsa, ertaqlarni shunaqayam yaxshi ko‘rardiki, katta uyga kirib olib o‘qigani-o‘qigan. «Uxlaysanmi-yo‘qmi», deya hatto, ayasi ham pinakka ketib qoladi.Aytganday, ertakni esladimi?Qaysidir ertakda o‘qiganmidi yoki singlisidan eshit-ganmidi, ho‘llas, undagi qahramonlardan biri kechasi uxlab qolmasliknipg chorasini topadi.Bola o‘z topqirligidan quvonib, jilmaydi.Og‘risa-chi?! — o‘yladi keyin, ha nima, uxlab qolmasa bo‘ldi-da. Og‘riqka chidaydi, axir u erkak kishi-ku! Bu uyning erkagi borligiga ayasini ishontirishi uchun ham chidashi shart.

Yotar payti ayasi singlisi ikkalovining rangli qalamlarini taroshlab beradigan piskani doimgi joyi bo‘lmish tokchaga yozilgan gazeta tagidan oldi-da, ko‘rpasiga kirdi. Ayasn chiroqni o‘chirishi bilan yonboshlab, chap oyog‘ining tovonini ayvondan tushib turgan chiroq yorug‘iga tutdi.Tishlarini bir-biriga qattiq bosib, piska bilan tovonining ikki enlik chamasi joyini tilib yubordi. U kutgancha og‘rimadi. Qon chiqishini birpas kutib turdi, hatto, kesilgan-kesilmaganligini tezroq aniqlash uchun barmoqlari bilan bir-ikki uqaladi ham.Qon chiqishi hamono boya oshxonadan olib kirib qo‘ygan tuzni jarohatiga bosdi-da, labini tishlab, ko‘zlarini yumdi.Bir lahza o‘tar-o‘tmas, jarohati jazillab achisha boshladi.Bola emasmi, bir muddat o‘z maqsadipi ham unutib, to‘lg‘andi, bilinar-bilinmas ingrandi. Bir oz bo‘lsa-da, og‘riqni qoldirish uchun ko‘rpa ostida turib jarohatini puflay boshladi. Ayasi hali uxlamagandi, shu bois o‘g‘lining bezovtaligini payqadi.

— Nima qilyapsan, bolam? — deya so‘radi u o‘rtadagi singlisi osha bo‘ylarkan.

Bola o‘shandagina sergak tortdi, shoshib o‘zini o‘ngladi-da, «hech narsa», dedi xotirjam ovozda.

Lekin baribir uyqu zo‘r keldi.Oyog‘ining achishishi pasaydimi yoki shunchalar toliqqanmidi, tez orada dong qotib uxlab qoldi.

Ertalab ayasining ovozidan uyg‘ondi. U odatdagidek «maktabga kech qolasan», deya ketma-ket takrorlar va bu orada o‘z yumushlarini ham bajarardi. Bolakay o‘rnidan turib, eshik tomonga dastlabki qadamini qo‘yishi hamono chap oyog‘ining tovoni zirqirab ketdi va shundagina tundagi urinishlarini esladi. Og‘riqni unutish uchun jarohatli tovonini ko‘targancha tek turarkan, haligi odam kirmadimikin ishqilib, degan o‘y urildi miyasiga va uxlab qolgani alam qilib, afti tirishdi. Bir nimalar deya so‘kingancha, uxlab qolganiga go‘yo oyog‘i aybdorday tovonini polga ketma-ket qattiq bosdi. Endi og‘riq unchalik sezilmasdi. Uy eshigidan chiqarkan, so‘rida o‘tirgan xolasiga ko‘zi tushdi, yuvuqsiz holda u bilan ko‘rishishga uyaldi-da: «Keling, xola» degancha shoshib hovli tomonga yurdi. Xolasi beparvogina: «Ha, turdingmi, polvon?» derkan, shu ondayoq jiyanini unutib, opasiga aytmoqchi bo‘lib turgan gapida davom etdi:

— Yaxshi, bugun chiqmabdi, yer yutgur! — dedi u ovoziga bir oz sirli tus berib. — Ajabmas, insof berib, qaytib qadam bosmasa.

Bolakay xolasining bu gaplarini uyning muyulishiga yetganda eshitdi. «Xayriyat, bu kecha chiqmabdi, xarami!» — deya xursand bo‘lib, yengil nafas oldi.

Bola kun bo‘yi kechqurun uxlab qolmaslik chorasini qidirdi. Hatto, maktabda ham xayolidan shu narsa ketmay yurdi.Uxlab qolmaslik chorasini izlab bosh qotirgani sayin haligi odamning kimligini bilish ishtiyoqi kuchaygandan-kuchayaverdi. Baribir adabini beradi u iflosni!..

Odatda, ayasi kun bo‘yi mayda-chuyda ishlar bilan tinim bilmaganidanmi, kechqurun to‘qqiz bo‘lmayoq mudray boshlardi. Bu kech ayasining aynan shu odati bolakayga qo‘l keldi.Ayasining charchaganini bahona qilib, kitobga muk tushgan singlisini ham tezroq yotishga qistay boshladi. Niyati nima qilib bo‘lsa ham ayasiga sezdirmay ertaroq tashqariga chiqib olish edi. Bo‘lmasa, yana uxlab qoladi. Singlisini kitobdan ayirib uxlatguncha, soat ham undan o‘tib ketdi. O‘rnidan turib, yonboshlab olib pinakka ketgan onasini uyg‘otdi.

— Chiroqni o‘chirvoraymi, aya?

Bola chiroqni doimo ayasining o‘zi o‘chirishini va un¬dan oldin katta uyga kirib, ko‘ylagini almashtirib chiqishini juda yaxshi bilardi. Hozirgi so‘rovi esa uning shunchaki bolalarcha xiylasi edi.

Ayol uyqusirab o‘rnidan turarkan, «yotaver, o‘g‘lim, o‘zim o‘chiraman», deb qo‘ydi. Bola esa ayasining ko‘zi tushishini mo‘ljallab o‘z ko‘rpasiga kirdi. Ayasi katta uyga o‘tishi bilan o‘rnidan turib, hali o‘ramoqlab qo‘ygan to‘shakni o‘z ko‘rpasiga xuddi odam yotganday qilib joyladi-da, asta yurib tashqariga chiqib ketdi. Ayasi katta uydan qaytib, u tomonga birrov ko‘z tashladi-da, yotganligiga ishonch hosil qilgach, eshikni ichkaridan zanjirladi va chiroqni o‘chirib, joyiga yotdi.

Bola iloji boricha tovush chiqarmaslikka urinib, o‘rikka tirmashdi. Bizga tanish yirik shoxning arqon va guvala solingan xalta ilingan qismiga yetib, arqonni oldi. Bir qo‘li bilan shoxni quchoqlab yotarkan, ikkinchi qo‘li bilan arqonni beli va yelkasi osha o‘rik shoxiga qo‘shib o‘ray boshladi. Uning bu ehtiyotkorligi mabodo uxlab qolsa, pastga qulab tushmaslik uchun edi. Arqonni o‘rab bo‘lgach, ikkinchi qo‘li bilan ham o‘rik shoxini quchoq¬lab, qulayroq joylashib oldi-da, o‘ng yuzini shoxning g‘adir-budir tanasiga qo‘ydi...

Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi, bir mahal yelkasiga allanarsaning yengil urilishidan cho‘chib, uygonib ketdi.Bu tungi sanqishlaridan qaytayotgan tomda yashovchi daydi mushukning oyoqlari edi.U har kuni necha bor o‘tguvchi, o‘zi uchun yo‘lak vazifasini o‘taguvchi shox ustida yotgan odamni payqab-payqamay sakrab yuborgandi.Bola uyg‘ondiyu, qaerda yotganligini ilg‘ay olmay, atrofidagi qorong‘iliqdan yuragini bir lahza vahm bosdi. O‘zining qaerda ekanligini eslagach esa dag‘al o‘rik shoxi botib, yuzi, yelkasiyu ko‘kragi va qo‘l-oyoqlari uvishib qolganligini sezdi. Ular shu qadar zirqirab og‘rirdiki, bola emasmi, uyqusi qattiqligidan bu azoblarni avvalroq his qilmagandi. U qo‘llarining uvishganini yozishga urinarkan, tuyqus pastdagi odam sharpasini payqadi.Payqadiyu, sergak tortib, o‘zini bu yoqlarga eltgan maqsadini esladi.Pastdagi odam ayvonga yaqinlasharkan, bola uni tanishga urinib, qattiqroq tikildi. Ie, bu sinfidagi Shodi manqaning dadasi-ku! O‘ylari bularnikidap uch-to‘rtta eshik narida. Voy, traktorchi alkash-ey! O‘zi o‘g‘lini hamma manqa, deb ermaqlab yursayu, sen birovni uyiga kirasanmi! Hu, ablah alkash! Bu uning bolalarcha to‘pori g‘azab bilan g‘o‘ldirashlari edi.Bu orada Shodi manqaning dadasi ayvon chetiga yetib, qo‘lidagi mayda toshmi-kesaknimi ehtiyotkorlik bilan deraza oynasiga otardi. Derazaning bir-ikki tiqirlashidayoq ichkaridan ayasining sarosimali yuzi xira ko‘rindi. «Tungi mehmon» tuzukkina ichib olgan shekilli, tebranib, qo‘li bilan ayasini tashqariga imlay boshladi.

Bola shu yerda turib ham ayasining uy ichida nima qilishini bilmay, bezovta tipirchilayotganini sezib turardi. Shu bilan birga anovi alkash birovning uyida xuddi o‘z uyida yurganday bemalol sanqishidan g‘azablanar, qaniydi kattaroq bo‘lsayu, uni bo‘g‘ib tashlashga ham tayyor edi. Baribir unga ko‘rsatib qo‘yadi birovning uyiga kirish qanaqa bo‘lishini. U ehtiyotkorlik bilan yonidagi xaltaga qo‘linn tiqib, guvalalardan birini oldi.Uii qo‘lida mahkam ushlab olgach, hamon ayvon chetida g‘imirlayotgan Shodi manqaning dadasiga birpas qarab turdi.So‘ng keskin bir tomoq qirdi.Shodi manqaning dadasi bir seskanib tushdi-da, shoshib o‘zini qorong‘iga olib, u yoq-bu yoqqa olazarak alangladi. Bu bola uchun ayni muddao bo‘ldi, chunki u bolaning shundoqqina ostida turardi. Bola qo‘lidagi guvalani rosa mo‘ljallab olgach, «tungi mehmon»ning boshiga otdi. Hali yaxshi qurimagan guvala «gurs» etib uning boshiga tegdi va bo‘linib ham ketdi. U «ix», dediyu yerga o‘tirib qoldi. O‘sha ahvolda birpas pishillab turgach, oldiniga bir necha qadam emaqladi, keyin esa bukchayib gandiraqlagancha hovliniig etagiga yugurib ketdi.

Bolakay o‘zini shosha-pisha arqondan bo‘shatarkan, bir paytning o‘zida ayasini o‘ylar, sho‘rlik onaizori tashqaridagi gurso-gurslarni eshitib, yuragi yorilguday bo‘lib turganligini ham qalban, ham aqlan his etardi. Shu bois ham tezroq pastga tushishga, tezroq ayasining ko‘ziga ko‘rinishga urinardi. Chunki o‘zining tashqarida, yanaki o‘rik ustida ekanligi ayasining, hatto, tushiga ham kirmasligini yaxshi bilar, illo ko‘rpa ostidagi dumaloqlangan to‘shak bu dunyodan bexabar pishillab uxlayotgan o‘g‘ilchasi misolida edi.

Rostdan ham ayni zamonda uy ichida o‘takasi yorilgu¬day bo‘lib titragancha deraza ortiga olazarak boqayotgan ayasi tashqarida nima bo‘layotganligini tushunmas, o‘g‘lining o‘rniga qarash esa xayoliga ham kelmasdi. Qo‘rquv ichida hamon deraza oldida turarkan, tashqaridagi qorong‘iliq qa’ridan yorug‘ sari chiqib kelayotgan o‘g‘lini ko‘rib tursa ham, avvaliga payqamadi, lahza o‘tar-o‘tmas, jilmaygancha ayvonga ko‘tarilayotgan bolakay o‘z o‘g‘li ekanligini bildiyu «voy, o‘lay! voy, o‘lay!» deya bolasining ko‘rpasi tomon tashlandi. Ko‘rpani qayirib, o‘g‘lining o‘rnida o‘ralgan to‘shakni ko‘rgach: «Bolam!..» deb salkam qichqirib yubordi. Entikib eshik sari otildi, zanjirini tushirarkan, tilidan faqatgina «o‘g‘lim, bolam», degan so‘zlar uchar va shu bilan birga qo‘rquvdan karaxtlangan miyasi bo‘lib o‘tgan voqeani tushunib borardi.

Ular ayvon o‘rtasida uchrashdilar. Bolakay hamon jilmayib turar, ayasi esa uni quchoqlab yuz-ko‘zidan o‘parkan, yig‘lar va hansiray-hansiray so‘zlardi:

— Aylanay qo‘riqchi bolamdan! Uyimi erkagi bo‘p qogan bolamdan o‘rgilay! Uyimga darvoza bo‘p qogan o‘g‘lim meni!.. — ayol bu gaplarni dil-dilidan o‘rtanib aytar va hozirgi ko‘z yoshlariyu o‘rtanishlari ila beva ayollarga xos bir necha yillik alamlari, hatto, ko‘rgiliklari bag‘ridan sidirilib chiqib ketayotgandek edi. Borki armonlari, o‘ksinishlari mana shu kichkinagina o‘g‘ilchasining bir necha daqiqalik jur’ati tufayli butunlay yo‘q bo‘lib borayotgandek edi...

O‘sha kunlarning birida bolakay yana maktabdan qaytardi. O‘z supasida odatdagidek jilmayganday o‘tirgan Badal buvaning ro‘parasiga kelganda qoyillatib salom berdi.

— Vaaleykimassalom, — dedi otaxon ovoziga qoyil qolayotgandek tus berib. — Barakalla ota o‘g‘il! Haqiqiy erkak!..

Bola yayragandan-yayradi.

Shu payt nariroqdagi darvozadan boshi bog‘langan Shodi manqaning dadasi tamaki tutatgancha chiqnb keldi. Beixtiyor Badal buvaga ko‘zi tushdiyu, bir g‘alati bo‘lib oldi. Chamasi otaxonga ro‘para kelishi uning xayolida ham yo‘q edi.

— Boshing tuzukmi ishqilib? — dedi Badal buva kinoyaomuz ohangda.

Traktorchi indamadi.Cholga norozi qiyofada bir qaradi-da, «qaydanam chiqdim», deganday siltanib ortiga qaytdi.

— Erkagi bor uyni devolidan oshmagin-da!.. — deb qo‘ydi otaxon zarda bilan.

Bu mahalda bola o‘z darvozasidan kirib bormoqda edi.U ichkari kirib darvozani yopdi-da, yelkasi bilan ham itarib, zichlab qo‘ydi.

Shu payt ro‘parasida o‘ynayotgan singlisining oyog‘i ostida o‘ralashib yurgan mushukka ko‘zi tushdi.Lekin bola odatdagidek uni qo‘rqitmadi, unga qarab bilinar-bilinmas jilmayib, singlisining paxmoq sochlarini barmoqlari bilan yengil to‘zg‘itib qo‘ydi.So‘ng yelkalarini ko‘tarib u yoq-bu yoqqa qaradi. Ayvondagi so‘rida unga kulimsirab boqib turgan ayasi va xolasini ko‘rib, ma’noli tomoq qirdi-da, mardona yurish bilan ular tomonga yo‘naldi.

 

Nabi Jaloliddin

2001 yil.


Orqaga qaytish