O'zbek adabiyoti

5655 marta o'qildi
Turob Tola

Qo‘shiqchi shoir va dramaturg Turob To‘la 1918- yili Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyatining Turbat qishlog’ida dehqon oilasida tug‘ildi. U bolalar uyida tarbiyalandi. 1938—1941 yillardaToshkent pedagogika institutining kechki bo‘limida tahsil oldi.

Turob To‘la

Qo‘shiqchi shoir va dramaturg Turob To‘la 1918- yili Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyatining Turbat qishlog’ida dehqon oilasida tug‘ildi. U bolalar uyida tarbiyalandi. 1938—1941 yillardaToshkent pedagogika institutining kechki bo‘limida tahsil oldi.

 

So‘ngra O’zbekiston Davlat nashriyotida muharrir, «O’zbekfilm» va O’zbekiston radiosida bo‘lim boshqaruvchisi, Respublika kinochilar uyushmasi kotibi, Madaniyat ishlari vazirligida bo‘lim rahbari, O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi adabiyot targ‘iboti rayosatining rahbari, Hamza teatri direktori kabi bir qancha mas’ul ijodiy vazifalarda faollik ko‘rsatdi.

 

Turob To‘la she’r yozishni 1934- yillardan boshladi. 1939- yilda uning birinchi she’rlar to‘plami bosilgan. 1941—1945 yillarda uning Ulug‘ Vatan urushi frontlarida jang qilayotgan askarlariga bag‘ishlangan she’rlari xalqimizning vatanga bo‘lgan his-tuyg‘ularini ifodaladi.

 

Shoirning «Shodligim» (1941), «Tabassum» (1944) to‘plamlaridagi she’rlari ham Ulug‘ Vatan urushi frontida kurashayotgan jangchilarga bag‘ishlanadi. Turob To‘la «Baxt tongotari» (1948), «Sen haqingda»,, «Qanot qoqing, qo‘shiqlarim», «Kamalak», «Nafosat», rus tilida nashr qilingan «Zveni moya pesnya» (1954) nomli to‘plamlari ko‘pgina she’r va dostonlarni o‘z ichiga oladi.

 

U «Bolalar dostoni» (1950) nomli asarida yosh kitobxonlarga maktab va do‘stlik haqida hikoya qiladi. 1955- yilda Turob To‘la «Qanotlan qo‘shiqlarim» she’rlar to‘plamini o‘quvchilariga taqdim etdi. Uning qo‘shiq uchuv yozilgan yoqimli, jarangdor she’rlari zamonamiz kisgilarining yuragiga hamohangdir. U qo‘shiqchi shoir sifatida ham o‘z eliga, yurtiga mashhur bo‘lgan.

 

Turob To'la bir qancha kinoqissalar, jumladan, «Rais», «Marg’ilonlik qiz», «Talant», «Maftuningman», «Furqat», «Shashmaqom», «To‘qqizinchi asr monologi», «Qahr» filmlari ssenariysini yaratishda ishtirok etgan. Hayotining so‘nggi yillarida Turob To‘laning «Qirq qiz», «Qizbuloq», «Momo yer» (Ch. Aytmatov asari asosida), «Nodirabegim», «Qahr» p’esalari respublika teatrlarida qo‘yildi.

 

Shuningdek, u «Zulmatdan nur» (Oybekning «Qutlug‘ qon» romani asosida) operasini hamda «Samarqand afsonasi" baleti librettolarini yozgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O’zbekiston xalq yozuvchisi Turob To‘la o‘z she’rlari, qo‘shiqlari, muzikali dramalari va kinopovestlari bilan o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan.

 

 Turob To‘la 1990- yilda olamdan o‘tdi.


Orqaga qaytish