O'zbek adabiyoti

5335 marta o'qildi
Tursunoy Sodiqova

 

 

Shoira Tursunoy Sodiqova nozik ta’b, o‘tkir didli, nafosatli adibalarimizdan biri. U 1944 yili Toshkentda tavallud topgan. Urush davri farzandi. Binobarin, hayotning achchiq -chuchuklaridan boxabar. Shuning uchun ham uning she’rlarida umid, e’tiqod, yaxshi odamlar va yaxshi kunlarga ishonch bosh o‘rinda turadi. 

 

 

Tursunoy Sodiqova

Shoira Tursunoy Sodiqova nozik ta’b, o‘tkir didli, nafosatli adibalarimizdan biri. U 1944 yili Toshkentda tavallud topgan. Urush davri farzandi. Binobarin, hayotning achchiq -chuchuklaridan boxabar. Shuning uchun ham uning she’rlarida umid, e’tiqod, yaxshi odamlar va yaxshi kunlarga ishonch bosh o‘rinda turadi. 

U o‘rta maktabdan so‘ng 1961- 1966 yillarda Toshkent Davlat dorilfununida tahsil olgan. Dastlabki mashqlari shu yerda paydo bo‘lgan. Bo‘lg‘usi shoira avval maktablarda, so‘ngra yoshlar tashkilotlarida ishlagan. Ijodiy faoliyati mobaynida Andijon Davlat Tillar institutida talabalarga saboq berdi.

Filologiya fanlari nomzodi, viloyat va respublikada yaxshi tanilgan, e’tiborli jamoatchi hamdir. Uning birinchi she’ri 1961 yilda «Lenin uchquni» ro`znomasida bosilgan. Hozirgacha beshdan ortiq to‘plamlari chop etilgan. «Qizlar daftari» (1973) she’riy turkumining tashkilotchilari va mualliflaridan biridir.

Shoiraning birinchi she’riy guldastasi «Kuy» nomi bilan 1978 yilda chop etilgan. Ha, chindan ham yaxshi she’r — orombaxsh kuydek kishiga huzur bag‘ishlaydi. Tuyg‘ularni qitiqlab, orzu-o‘ylarga, hayollarga yetaklaydi. Tursunoyning ushbu «Kuy»ini o‘qisang, tinglasang arziydigan kuy. Kuy bo‘lganda ham orombaxsh kuy.

To‘plamdagi she’rlar bir-biridagi fikr va g‘oyani to‘ldirib boradi. Eng muhimi yangi-yangi fikr bo‘lib tug‘iladi, fikrlarga, tuyg‘ularga yetaklaydi. «Ko‘zlarim» she’riga quloq soling-a:

Qarashlarim humorida emish allakim,

Kimlargadir orom bo‘lib qo‘nar ko‘zlarim.

Allakimni tentiratar hasad tunida,

Do‘st qalbida kunduz misol yonar ko‘zlarim,—

desa, «O’quvchimga» she’rida endi yuqoridagidek maftunkor va afsunkor, jozibali va sadoqatli yor timsolida emas, balki mehribon murabbiy, kechirimli ona sifatida namoyon bo‘ladi. To‘plamdagi ko‘pchilik she’rlar katta bir dard bilan, zo‘r zarb bilan yozilganligini his etish qiyin emas.

Ma’lumki, ona mavzusi muhabbat mavzusi kabi boqiydir. Shoira ona haqida kuylar ekan, hech kimni, hatto o‘zini ham takrorlamaydi. Loaqal uning «Armonlarim» she’ridagi so‘nggi: «Uchrashmagan uchrashuvlar qoldi yo‘llarda...» misrasiga e’tibor bering-a?!

Ha, bu misrada qancha armonlar, o‘ylar, tuyg‘ular bor? Xullas, Tursunoy she’rlari ba`zida o‘ynoqi, sho‘x, shalolalardek zavqli, qudratli, ba’zi she’rlari og‘ir, vazmin, o‘y-hayolga toldiruvchi, inson, hayot, muhabbat va taqdir haqida yana ham chuqurroq o‘ylashga da’vat etuvchidir.

U «Firoq» degan bir she’rida daryoga murojaat etib: «Betoqatsan, toshqin oqasan» degan edi. Shoiraning keyingi «Iqbol» (1984), «Dil gavhari» (1985) she’riy to‘plamlaridagi ko‘pchilik asarlarida ham ana shu holat ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.

Mazkur to‘plamlarning birinchisida agar insoniy his-tuyg‘ ular, g‘urur, inson va ezgulik, oliyjanoblik va chin muhabbat kuylansa, keyingi guldastasida lirik, falsafiy ohangdorlik yetakchilik qiladi. Biz bu borada unga omad tilaymiz.

 


Orqaga qaytish