Hikoyalar

5652 marta o'qildi
Najot

Masjid jilovxonasidan chiqqan mo'ysafidlarning bir guruhi ko'chaning narigi betiga o'tishayotganda, uch-to'rt nafar o'spirin ularning oldilaridan shovqinlashgancha kesib o'tdi.

Najot

      Masjid jilovxonasidan chiqqan mo'ysafidlarning bir guruhi ko'chaning narigi betiga o'tishayotganda, uch-to'rt nafar o'spirin ularning oldilaridan shovqinlashgancha kesib o'tdi. Mo'ysafidlar bir-birlariga qarab, norozi ohangda: «Odobsizlar!» — deb qo'yishdi. Boshidagi oppoq to'r do'ppisi, tovonigacha osilib tushgan keng arabiy oq ko'ylagi bilan hammadan ajralib turgan Hojimat ota hamrohlarining tanbehlarini eshitib:

    —  Birodarlar, bilasizlarmi ayb bularga odobni o'rgatmagan ota-onalarida! — dedi.

    —    To'g'ri aytasiz, Hojim, — deb hamrohlari qo'shilisharkan, Hojimat ota yana zamzama qildi:

    —  Ba'zilarchi: «Bolalar undog' bo'p ketyapti, mundog' bo'p ketyapti» deb nolishadi. Mening ularga deydigan so'zim shu: «Hoy, azizlar, unutmanglar. Yosh novdani qayoqqa egsang o'shoqqa egilib ketaveradi. Axir, qush ham uyasida ko'rganini qiladi-da...»

     Otaning ichidan qaynab chiqayotgan so'zi bo'lindi. Qarshisiga yugurgilab kelgan bir bola qo'lini ko'ksiga qo'yib salom berganidan keyin: «Direktor bervordilar. Uyingizga borib topolmadim» dedi-da, otaning qo'liga bir qog'oz tutqazdi. Ota taajjub ichida kiftini uchirib, to'xtab qoldi. Qog'ozning buklovini yozib xatga tikilarkan, payvasta qoshlari ostidagi yirik ko'zlari chaqchayib ketdi. Unga ag'rayib qolgan sheriklarining: «Ha, nima gap ekan»? degan savollariga, ota o'zini bosib: «Yaxshi gap. Maktabga chaqiribdi. Maslahatli ishi borakan...» deb qo'ydi. Ammo nimanidir sezib, yuragiga g'ulg'ula tushdi. O'zi yashaydigan jin ko'chaga burilmasdan, katta ko'cha bo'ylab maktab tomon ketdi...

     Sirtqi ko'rinishi, kiyim-kechagi, o'zini tutishi oddiygina bo'lgan o'rta yoshli ayol otani alohida ta'zim bilan kutib oldi. Uni xonasining to'riga o'tqazib, o'zi poygakroqdan o'rin oldi. Gapni uzrdan boshladi: otaxonni bezovta qilgani, anchadan buyon ko'risholmagani, betob bo'lganda borib ko'rolmagani uchun kechirim so'radi. Hojimat ota tortinishni bilmaydigan, bulbuligo'yo bo’lib, davralarda hammani o'ziga qaratadigan, so'zamol odam edi. Hozir esa dami ichiga tushib, tili kalimaga kela qolmadi. Nima maqsadda chaqirilganimni bila qolsaydim, deb yuragi taka-puka edi.

      Direktor ayol «hozir» dedi-da, o'rnidan turib eshikka chiqdi. Sal o'tmay, sochlari hurpaygan, olabayroq ko'ylakli durkun bir o'smirni yetaklab kirdi. Kutilmaganda otaga to'qnash kelgan o'smirning olazarak ko'zlari pir-pir uchdi. Bu — Hojimat otaning nabirasi Nabi edi. Tasodifiy uchrashuv ularning nafaslarini ichlariga tushirdi.

     Direktor Nabini bir chekkaga o'tqizib qo'ygandan keyin, so'zga kirishdi:

     — Siz otaxon, ko'pni ko'rgan oqsoqolsiz. Maslahatingiz kerak bo'p qoldi. Ayrim o'quvchilarimiz ustida... — dedi-da, o'shanday o'quvchilarning suvratlarini chiza boshla­di. — O'taketgan sho'x deymizmi, likkonboz, bevosh deymizmi. Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otib, bolalarning g'ashiga tegaveradi. Futbolmi, voleybolmi o'ynayotganlarning o'rtasiga shartta tushib, o'yinni beliga tepishi, birov kitob o'qiyotgan boisa ko'rib beray deb kitobini, yo xat yozayotgan bo'lsa ruchkasini tortib olib, ishdan qoldirishi hech gapmas. Qizlarga tegajakligini ayting: birining soch o'rimini ikkinchisiga boylab ranjitish, ro'mol o'rab kelgan qizlarga «xolamoyi» deb, yasanibroq kelgan qizlarga «kelinposhsha» laqabini qo'yib jig'lariga tegishi,

yig'latishi...

     Goh iljayib, goh hayratlanib tinglayotgan Hojimat ota o'zini bosolmasdan:

     —  Axir bular o'quvchiga yarashmaydigan qiliqlar-ku, qizim! Bunaqangi bezorilarni tanobini tortib qo'yish kerak bo'lar! — deb qo'ydi. Direktorning so'zlariga qulog'i ding bo'lib, peshonasi tirishgan, ko'zlari pirpiragan Nabi yer ostidan buvasiga xo'mrayib qo'ydi.

    —   Bordi-yu, — dedi direktor chigilni yechganday bo'lib, — o'shanday bezorilardan bittasi sizzi nevarangiz bo'p chiqsachi otaxon?

     Nabi qattiq tebranib, omonat o'tirgan kursisi g'ijirlab ketdi. Xuddi qocharga yo'l axtarganday yonveriga alanglab qoldi. Otaning esa ko'zlari ola-kula bo’lib, patak soqolli iyaklari qaltirab ketdi. Jillayam bunchalik dashnom eshitishni kutmagandi-da u. To'g'ri, u nevarasining erkatoy, sho'x taka bo'lib o'sayotganini bilardi. Hatto bundan faxr-lanib, «o'g'il bolaning udli-shudli chiqqani tuzuk» deb qo'yardi. Arzandaginam deb, uning ra'yiga qarayverishi, kap-katta bo’lguncha ham taltaytirib yelkasiga mingizib yurishlari, quyushqondan tashqari to'palonlarigayam yo'l qo'yib berishlari kampiri rahmatliga o'tirishmasdi. «Bolani suyultirib rasvo qilasiz-da, buvasi!» deb jerkiganida, «Qo'yaver, buvijonisi, katta bo'lib quyulib qoladi» deb qaytarguchi edi. Bittagina o'g'li boridi, u allaqanday chalkash ishlarga o'ralashib bedarak ketgan, shundan keyin yolg'izgina nevaraga ko'z tikib qolgan, bor umidini shunga bog'lagandi...

      Direktorning so'zlarini eshitgach, ota o'zini qo'yarga joy topolmay qoldi. Ayniqsa, direktor, Nabining o'qishdan sovigani, qandaydir «tijorat» degan narsalarga aylanishib, darsga kam kelishi, o'qituvchilarni mensimay qo'ygani, Nabini maktabda qoldirish yo qoldirmaslik o'qituvchilar kengashida ko'rilmoqchi ekanini aytarkan, otaning boshiga tog' ag'darilganday boidi.

      —  Munchaligini bilmabman, o'quvchiga onasi qarayotgandir deb ishonibman, qizim! — dedi Hojimat ota yig'lamoqdan bed bo'lib. — Men goh hud, goh behud o'z yog'imda qovrilib, bu battolning qilguliklaridan bexabar, g'aflatda qolibman, buningchun kechir meni, qizim!..

      Direktorning ochiq so'zlari, otaning g'ijingancha (umrida birinchi marta) «battol» deb g'azablangani Nabiga qattiq kor qilib ketdi-yu, birdan ho'ngrab yubordi.

     —  Hay, hay, o'g'lim, senga nima bo'ldi! Kap-katta bola yigiashi uyat emasmi, o'zingni bos-e! — deb direktor uni tinchlatishga harakat qildi va so'radi: — Qani, javob berchi, Nabijon, buvangga aytib berganlarim noto'g'rimi?

    Labi-lunji osilib tushgan Nabi hamon ho'ngrab hiqil-lardi.

    —  Yaramas qiliqlaring uchun mualliming ham necha marta tanbeh bergandi-ku, to'g'ri emasmi?

    —  Ustozingni savollarini javobsiz qoldirma! — dedi ota o'zini arang bosib.

   Nabidan sado chiqmagach, direktor muloyimgina qilib dedi:

   —   Mayli, bizga javob berishni istamasa, o'quvchila kengashiga javob berar. Ular qanday hal qilishsa shu...

   Direktorning so'zi tugamasdanoq Nabi:

   — Yo'q, yo'q, direktor opa, maylisga qo'ymang! —delyigiab yubordi.

   Qattiq o'sal tortgan Hojimat ota nihoyat iltijoga o'tdi:

    —  Xudo xayringizni bersin, qizim! Bu safarcha bolaninj aybidan o'tsangiz, — mening uchun. Bitta-yu bitta suyanchig'im ko'chada qolmasin, o'rtoqlari qatorida to'g'r yo'lini topib olsin. Shuni chorasini ko'rsangiz, o'tinamar sizdan...

    Direktor qariyaning o'tinchini inobatga oldi. Uning o'qituvchilar bilan bamaslahat ko'rgan oxirgi chorasi shu bo'ldi: eng intizomli, a'lochi o'quvchi Rustamni Nabiga o'qishda yordam ko'rsatasan deb ko'ndirishdi. Juda jiddiy, sharttaki, serzarda bo'lgan Rustam kattalarning so'rovlarini rad etolmadi-yu, ammo Nabiga o'zining shartini ko'ndalang qo'ydi:

    —  Agar shaytonligingni tashlasang, aytganlarimni to'la bajarsang, yordam berishim mumkin, xo'pmi?

    Rustam bu shartini atayin sinf bolalari oldida aytdi. Kattalardan dakki yeb ancha popugi pasaygan Nabi esa «xo'p» deyishga majbur bo'ldi. (Tag'in chatoqlik qilsa sinfdoshlari uning bahridan o'tib yuborishlaridan qo'rqdi-da!)

    Xullasi Rustam Nabini, bolalar tili bilan aytganda «shatakka» oldi. Darsdan keyin maktabda qolib, goho Nabining qistovi bilan uning uyiga borib dars tayyorlashdi. Buni ko'rgan Hojimat ota naq o'zida yo'q quvonib: «Shunaqa qarashib turgin o'rtog'ingga, baraka topkur, umring uzoq boigur!» deb yalingancha Rustamning yelkasiga qoqdi, kuniga kelib turishini iltimos qildi. Tez-tez bolalarning ishlaridan boxabar bo'lib turdi. Uning dardi-fikri, nima qilib bo'lsayam nevarasini to'g'ri yoiga solib, maktab jamoasi oldida yuzi shuvutlikdan qutulib olish edi. Kecha asr namozi oldidan machit jilovxonasida yor-birodarlari bilan uchrasharkan, ularning birinchi so'roqlari uni maktabga nima sababdan chaqirishgani bo'ldi. Hojimat ota xijolat tortib bo'lsa-da, nevarasining o'qishi, intizomi ustida suhbat bo'lganini (albatta yengilroq qilib) aytib berdi. Birodarlar bunga befarq qarashmadi, savolga tutib Hojimat otaning ta'bini birmuncha xira qilishdi. Suhbatdoshlari

biri  Nabini  yaxshigina   bilarkan,   «yaqinda   nevarangizni chorrahada shara-bara  sotayotgan  yoymachilar qatorida ko'rib ajablandim» desa, boshqasi «Men uni bemahalda sigaret  tutatib  daydib  yurgan o'smirlar ichida  ko'rdim, bevaqt yurmanglar, bolalarim, uyingizdagilar xavotir olisha-di degandim, quloq solishmadi». Bu gaplardan Hojimat ota ezilib ketdi, nabirasini tezroq yaxshilar qatoriga kiritib, odamlarning har xil dashnomlaridan xalos bo'lishni o'yladi.

      Aksiga olib desangiz, keyingi kunlar Rustam Nabiga qarashish uchun fursat topolmay qolsa bo'ladimi? Uning narigi   tumanda   turadigan   buvasi   kasal   bo'lib   qolgan, Rustamning oyisi o'sha yoqqa ketgan, Rustamning o'ziyam qatnab  turibdi.   Tabib   bemorga   shotut  buyurgan   ekan. Rustam bozorga borib, shotut topolmay kelibdi. Qayerdan topishga hayron. Nabi bu gapni eshitib, o'ylanib qoldi. Ko'z oldiga hovlisi chekkasidagi tut daraxtining shapaloq barglari   orasida  qip-qizarib   turgan   mevalar  keldi.   Ha, ularnikida shotut bor. Uzoq yili buvasi hovUdagi balx tutga payvand qilgan shotut bu yil nishona berdi. Ota kuniga ko'zlari   quvonchga   toiib   bu   mevaga   tikilib   qo'yadi. Nabiraning bir ko'ngli, shu mevani terib berib Rustamning hojatini chiqarish edi-yu, lekin o'z buvasidan istihola qiladi-da. Shu o'rtada Rustamdan yordam ololmay qolgani uchun o'qituvchi topshirig'ini bajarolmasdan gap eshitib oldi.   Shundan  keyin u ertasi  azonlab  buvasi  machitga chiqib ketgan paytda tavakkal qilib shotutning pishganlarini terib oldi-yu, shisha idishga solib Rustamga yetkazdi.

    Hojimat ota xassasini do'qillatgancha namozdan qaytib, har kungi odaticha shotutning tagiga kelib tikilib qaradi. Ko'ziga meva siyrak ko'rindi. Shamolda to'kildimikin deb daraxt tagini ko'zdan kechirdi. Tagi top-toza. Hayron bo'lib: «Hoy, kim bor?» deb chaqirdi. Hech kim ovoz bermadi. Kelini-ku vaqtli ishga ketgan. Nabi-chi? Hali maktab vaqti bo'lgani yo'q-ku? «Birontasi terib ketdimikin-a»? deb gumonsiragancha qoldi ota. Faqat peshinga borib Nabi maktabdan qaytgach, gumoni yozildi. Nabi og'riqni oldini olish uchun, buvasining savolini kutmayoq ertalab beijozat qilgan ishiga iqror bo'ldi. Pinagini buzmasdan shotutni nima uchun va kim uchun terib berganini so'zlarkan, g'azabi qo'zib nabirasini o'zboshimchalikda ayblamoqchi bo'lib turgan ota shu on shaxtidan tushdi.

     —  Shunaqa degin-a? Agar o'rtog'ingni hojatini chiqargan bo'lsang, durust qilibsan, — deb xursand bo'ldi. Keyin Rustamning buvasi kimligi va nima kasal bo'lganini surishtira ketdi. Nabi bilganicha aytib bergandi:

    —  Nima deding? Buvasining nomi Sharif domla ekan dedingmi? E, to'xta... — deb Hojimat ota qattiq o'ylanib qoldi.

   —  Nima, taniysizmi, buva? — dedi Nabi qiziqib.

   —  E, tanish ham gapmi!.. Yo'q, yo'q, uni men... xudo kechirsin, olamdan o'tgan deb eshituvdim. Qayerda turarkan deding?

    Nabi Sharif otaning turar manzilini tushuntirgandan keyin, «o'sha bo'lsa-ya?» deb Hojimat ota chuqur xayolga botdi...

    Ko'z o'ngida yoshlik yillari gavdalandi.

    Hojimat bir tashkilot xizmatchisi boiib, rayon faollaridan edi. Mahallalarda obodonchilik ishlari boshlanganda, buni o'z mahallasidan boshlamoqchi bo'ldi. Bu yerdagi kichik qabriston bilan machitni buzib, uning o'mida klub, qizil choyxona qurishni rejalashtirdi. Bu gap mahalla ahli orasida ixtilofni keltirib chiqardi. Keksalar: «Ota-bobolarning arvohlarini chirqiratmaylik!» deyishdi. Aholi orasida durustgina mavqega ega bo’lgan mulla yigitlardan Sharif qori ham qariyalar tarafini oldi-yu, baloga qoldi. Yoshlari teng, bir ko'chada gurpaklashib katta bo'lgan ikki oshna adi-badi aytishib qolishdi. Hojimat Sharifning peshonasiga «ruhoniylar ta'siriga berilgan mafkurasi buzuq» degan tamg'aning bosilishiga sabab bo'ldi. Oqibatda u bosmaxona-dagi ishidan mahrum bo'ldi. Nima emish «Mafkurasi buzuq odam gazet chiqaradigan dargohda ishlashi mumkin emasmish» (Yaxshiki Sharifning otasi tuzukkina ilmdor bo'lib, eski qo'lyozmalarni chiroyli qilib ko'chiruvchi xattotlardan edi, o'zi ishlaydigan institutga o'g'lini yoniga oldi.)

    Vaqti kelib, oshnolar yashaydigan ko'cha katta yo'lga tushdi-yu, o'zlari har yoqqa tarqalib ketishdi. Hojimat ruhoniylarning qarg'ishiga yo'liqdimi, omadi ketib ishidan surildi. U shoxdan bu shoxga sakrovchi chittaksimon ido-radan idoraga ko'chib, goh u, goh bu amaldorning soyasi-ga salom berib yurdi. Tuzukroq kasbi-kori yo'qki, biron ishning boshini ushlasa. Xullasi, uni oltmishga yetar-yetmas nafaqaxo'rlar  qatoriga   qo'shib   qo'yishdi...   Shundan   bu

yog'iga o'tgan kunlari unga biron bir ro'shnolik keltirgani yo'q. Aksincha o'qtin-o'qtin yodiga o'tmish kunlari tush-ganida yurak bag'ri o'rtanib ketadi. Mana hozir ham shun-day sezdi o'zini. Tuyqusdan qalbi uni o'sha eski oshnosi tomonga tortdi. Uni ko'rolsa, u bilan til topishib so'zlasha olsa, shu bilan go'yo yuragidagi armonlari yengillashadi-ganday tuyuldi o'ziga...

     —  Nabi, qayoqdasan!? — deb chaqirdi u, yaqinida yurgan nevarasini ko'zi ilg'amay.

     —  Ha, buvajon? — dedi oldiga kelib Nabi.

     —  Basharti, sen aytgan odam... O'sha bo'lsachi, uni ko'rishim... — u yog'ini aytolmay, dimog'ida g'udulladi.

    Nabi buvasidagi hech ko'rilmagan hayajonli, ikkilanishga o'xshash holatni ajablanib kuzatdi.

   —   Nima, borib ko'rmoqchimisiz, buva? O'zingiz zo'rg'a yuribsiz, charchab qolasiz?

   —   Yo'q, borishim zarur ekan, bolam, — dedi ota nimalarnidir mulohazasiga borib. — Sening uchun ham, o'zim uchun ham...

    Nabi, bu nima deganingiz deb savol nazari bilan qattiq tikilgandi buvasi, qo'yaver deganday qo'l silkitib qo'ydi.

     —  Rustamdan adresini bilib olganman. Borsangiz o'zim boshlab boraman. Avval avtobusda, keyin tramvayda...

     Ertasi dam olish kuni Hojimat ota qayerdandir bir idishda shotut topib keldi.Yanaallaqanday dori-darmon oldi. Uzun ko'ylagi ichidan belini mahkam bog'lab, xassasini qo'liga tutib, Nabi bilan yo'lga chiqdi...

* * *

      Hojimat ota nevarasi yetagida mo'jazgina bir hovliga qadam bosarkan, yo'lak boshidanoq farishtaday ko'rimli, sarishta kiyingan jikkak bir kampir tavoze bilan unga salom berib, ichkariga taklif etdi. Balandgina ayvon to'ridagi karavotda soqol-mo'ylovlari yaxshilab tarashlangan bir qariya yelpig'ich bilan o'zini yelpib yotardi. U o'z yoniga chiqib kelgan mehmonga bir tikilib oldi-yu, parvosizgina so'rashdi. Mehmon kampir yozgan ko'rpachaga bemalol chordana qurdi, ikki qoiini ko'tarib uzoq fotiha o'qidi. Bemorning begonasirab boqqan tiyrak ko'zlariga alanglab turib hayajon ichida:

      —  Men seni tanidim, aziz oshnam. Sochlaring oqargani demasa, afti-boshing, qarashlaring o'sha-o'sha, eski qadrdonginam Sharif qori! Meni tanidingmi?

     Bemor sarak-sarak qildi. Mehmon esa ko'zlarini chaqchaytirib, zo'rakilik bilan ishshaygan holda o'z ismini aytdi. Shundan so'nggina bemor xasta ovozda loqaydlik bilan:

     —   Men o'sha-o'sha bo'lganim bilan sen butunlay boshqa odamga aylanib ketibsan, Hojim, — dedi mehmon-ning boshidagi oppoq to'r do'ppi bilan ustidagi uzun ridosi-ga qarab — hojilik martabasiga yetishgan bo'lsang qut-lashim mumkin...

    Hojimat ota xiyol o'ng'aysizlikka tushdi: hojilikka yetishmagan bo'lsayam Arabistonga sayohat qilib kelganini aytdi. Keyin oshnasining sogiigini so'rashga o'tdi. Faqat o'z savollariga tuzuk-quruq javob ololmasdan noqulaylik sezaverdi. Oshnasining ro'yxush bermayotganidan uning ko'nglidagi eski ginalar yozilmaganligini payqadi. Bir zamon oshnasi oldida qilgan gunohlari yaqqol ko'z oldiga ko'ndalang keldi. Eski yarasi tirnalib, hasrat daftari ochilib ketdi. Necha o'n yillar boshidan kechirgan sarguzashtlarini usti-ustiga qalashtirarkan, Sharif qorining yuragi siqila boshladi.

     —  Nimalar deyapsan? — dedi quduq ipiday cho'zilgan hasratiga chek qo'ymoqchi bo'lib. — Savlatingni ko'rgan odam «juda ishi yurishgan chol ekan» deb havasi keladi!

     —  Savlatga inonma. Usti yaltiroq — ichi qaltiroq...

     —  Mening o'zim ham seni, boyvachcha o'g'il davlatida taralla bedod qilib yurgandir, deb o'ylovdim.

     —  E, uyog'ini so'rama! — dedi Hojimat ota chuqur uh tortib va savdo-sotiq ishlarida qo'li baland kelib yurgan o'g'lining qandaydir «nokaslarning tuzog'iga ilinib» noma'lum tarafga g'oyib bo'lgani, yolg'iz o'g'il dog'iga chi-damay kasalmand ona ham olamdan o'tgani, o'ziyam yaqinda infarkt bo'lib, bir o'limdan qolganini aytarkan, xo'rligi kelib o'kirvordi.

      Sharif qori bir cho'chib tebrandi-yu, qaddini rostlagancha o'tirib oldi.

     —  Hoy, hoy seni bezovta qildim, o'zingni urintirma! — deb Hojimat ota qo'lini qorining yelkasiga oborib, uni yostig'iga yotqizib qo'ymoqchi bo'ldi. Oshnasi ko'nmadi.

      Qattiqroq harakat qilgani uchun boshi aylandi shekilli, birpas ko'zini yumib o'tirdi. So'ng Hoji otaga qarab:

     —   Seni tanimay qoldim-a, hey, boshqa odam bo'p qolibsan-ku. Nuqul baland oxurdan suv ichib, davralarda serka bo'lib o'rgangan odamga bunaqangi hasrat-u nolish, xokisorlik sira yarashmasakan-e. Odam ham shunchalik o'zgaradimi-a?! — deya hayrat ichida yurakdan achinish bildirdi. — Javr bo'pti senga, ko'p ushkifo tortibsan. Lekin-chi, erkak odamga ko'z yoshi qilish yarashmas ekan. O'zingni qo'lga ol. Aftidan ahli mo'minlar jamoasiga qo'shilibsan, shular qatorida yurib o'tkazgan har bir darning qadriga yet. Donolarning «Xasta bo'lsang ham o'lmay yur-ganingga shukr qil» deganlarini unutmagin, Hojim...

      Eski do'stining muomalasidagi sovuqlik o'rnini samimiy, beg'araz ohang egallaganini ko'rarkan, Hojimat otaning ko'ngli xiyol yorishdi.

      —  Ollohga shukrlar bo'lsinki, dedi yurakdan chiqarib, — meni senga yetkazdi. Bolalar tufayli seni topdim. Ko'kragimdagini yashirmayman. Saharlari joynamoz ustida xudoga nola qilib: «E, parvardigor, gumrohlikdan qilgan gunohlarimni o'zing kechirgin!» deyman. Men ham xom sut emgan banda, ba'zi bir odamlarga bilib-bilmay ozor yetkazgan vaqtlarim bo'lgan, sengayam, oshnam... Ha, oldingda o'zimni gunohkori azim hisoblab... kechirim so'rab...

      —   Bo'pti, bo'pti, ko'p sannama, hojim. Nazarimda xuddi erta birisi kun bandalikni bajo keltiradigan odamsan-ku, rozi-rizolik tilamoqchi bo'lib kelgandaysan. Qo'y endi, o'tgan gapga salavot. Esimda, bosar-tusaringni bilmasdan, haddingdan oshgan vaqtlaring bo'lgan. Albatta, o'sha qilmishlaring o'z ixtiyoring bilan bo'lmagandir. Faqat aybing shuki, tepangda turganlarning buyruqlarini ko'r-ko'rona bajaravergansan, haq bilan nohaq neligini ajratish-ga aql-idroking yetishmagan... Toshqin suvda har yoqqa og'a-og'a, mana oxiri izinga tushib olibsan. Bu yog'iga adashma!

    —  Xo'p topib aytding, oshnam. O'sha noma'qulchiliklarning azobini tortib kelyapman. Birovga yorilolmayman. O'zimdan o'tganini o'zim bilaman. Najot axtaraman. Ollohdan boshqa sig'inadiganim yo'q.

      —  Bo'ldi, o'zingni bos, Hojim! Endilikda senga xudo insof berib, haq yoiiga qaytganing rost bo'lsa, bas! Omin...

      Sharif qori ko'ngilsiz suhbatga nuqta qo'ymoqchi bo'lib, ikki qo'lini yuziga surtdi.

Hojimat ota o'rnidan qo'zg'almoqchi bo'lib, birdan yonidagi xaltasiga ko'zi tushdi. Undagi shotutli idishni, qog'ozga o'rog'liq dorilarni olib oshnasining oldiga qo'ydi.

     —  Aftidan, senda xafaqon kasalligi borga o'xshaydi. Bu narsalar kasalingga davo. Xudo shifosini bersin. Nevaralar orqali xabarlashib turamiz. Sendan bir iltimos. Nevarangga aytgin, o'rtog'iga yordamini ayamasin, yo'lga solsin, umidim shundan, jon oshnam...

    —  Bo'pti, xotirjam boi...

     Hojimat ota o'z yelkasidan bosib turgan yukdan qutul-ganday birmuncha yengil tortib o'rnidan qo'zg'aldi. Hassasini do'qillatib nabirasi ketidan eshikka yo'nalarkan, uni xonadon bekasi boyagidan ortiroq e'zoz bilan eshikkacha kuzatdi-da: «Kelib turing, taqsir!» deb qo'ydi...


Orqaga qaytish