O`zbek mumtoz adabiyoti

5532 marta o'qildi
ATOIY

ATOIY (15- asr, Balx) - shoir. Yassaviy avlodidan. Samarand, Buxoro va Balxda yashagan. Turkiy, fors va arab adabiyotlarini chuqur o’rgangan.

ATOIY (15- asr, Balx) - shoir. Yassaviy avlodidan. Samarand, Buxoro va Balxda yashagan. Turkiy, fors va arab adabiyotlarini chuqur o’rgangan. Turkiy va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy ("Majolis un-nafois") Atoiy hayoti va ijodi haqida to’xtalib, "Mavlono Atoiy Balxda bo’lur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur, darveshvash va xush-xulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. O’z zamonida she'ri atrok (turkiy tilda so’zlovchilar) orasida ko’p shuhrat tutti, Bu matla' aningdurkim:

                          

                               Ul sanamkim suv yaqosinda paritek o’lturur,

                               G’oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo’lur.

 

...Mavlono ko’p turkona (sodda, ravon) aytur erdi...", deydi. Navoiy "Nasoim ul-mahabba min shamoim il-futuvva" ("Muhabbat shabadalari") asarida Ismoil ota Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning o’gli ekanini aytadi. Atoiy devonining muqovasida va qo’lyozmaning oxirida "Devoni Shayxzoda Atoyi" deb qayd etilishi ham Atoiyni shayxlar oilasidan kelib chiqan deyishga asos beradi. Navoiyning xabar berishicha. Atoiy Ulug’bek saroyi shoirlari orasida ham bo’lgan.

Atoiy g’azalnavis - lirik shoirdir. Uning g’azallarida muhabbat mavzui bilan bir qatorda may ham kuylanadi. Mayda xayot zavqi, uning barcha go’zalliklari va lazzatlari vasf etiladi. May Atoiyda Umar Xayyom ruboiylari va Hofiz g’azallaridagi kabi hayot timsolidir.

Atoiy lirikasida xalq iboralari, ta'birlar, maqol va matallar, ertak mavzulariga oid so’zlar ko’p. G’azallarini asosan aruzning ramal ba?hrida yozgan; vazni yengil, misralari qisqa, so’zlari oddiy, uslubi sodda va ravon. Shuning uchun ham uning she'rlari xalq qo’shiqlariga aylanib ketgan.

Atoiy tajohuli orifona, laf va nashr kabi tasvir vosita va usullari ham yaratgan. Shoir ijodi bizgacha to’la yetib kelmagan. Devonining taxminan 16-asrda ko’chirilgan. 260 g’azalni o’z ichiga olgan qo’lyozma nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.

 

 O’zbekiston milliy ensiklopediyasi T.1


Orqaga qaytish