Jahon mamlakatlari

4485 marta o'qildi
AFGONISTON

(Afg‘oniston Islom Davlati)

Maydoni – 652200 kvadrat kilometr.

Aholisi – 24790000 kishi.

AFG‘ONISTON

(Afg‘oniston Islom Davlati)

Maydoni – 652200 kvadrat kilometr.

Aholisi – 24790000 kishi.

 

Afg‘oniston Amudaryo oqimining janub tomonida, bahaybat Hindukush tog‘larining yonbag‘irlarida joylashgan. U Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston respublikalari bilan chegaradosh.

Hindukush juda baland va abadiy muzliklar bilan qoplangan bo‘lib, uning pastroq dovonlaridangina mamlakatning shimolidan janubiy qismlariga oshib o‘tiladi.

Mamlakatning ko‘p qismi tog‘liklardan ibo­rat bo‘lganligi uchun dehqonchilik bilan shug‘ullanish og‘ir. Dehqonlar pastlikdan, daryo bo‘ylaridan yumshoq tuproqlarni qopga solib, eshakka ortadilar va tog‘ga olib chiqadilar; qattiq toshloq yerlarga to‘kib, ekin ekadilar. Dashtlarda esa faqat ariq ochib suv keltirish yo‘li bilan dehqonchilik qilinadi. Aso­siy transport avtomobil, ot va tuyadir.

Afg‘oniston o‘zining a’lo sifatli qorako‘li, guldor jun gilamlari, ko‘n-terilari, quritilgan mevalari, bodom, anor, kunjutlari hamda yoqut, la’l toshlari, hunarmandchilik buyumlari bilan mashhur. Paxta, sholi va bug‘doy ham yetishtiriladi. Aholisining ko‘pchiligi afg‘onlar (pushtunlar). Bundan tashqari tojiklar, o‘zbeklar, xazoralar va boshqa xalqlar ham bor. Uch millionga yaqini ko‘chmanchi: ular o‘z qabila va urug‘-aymoqlari bilan bahorda janub­dan shimolga, kuzda shimoldan janubga ko‘chib yurib, asosan chorvachilik, qisman dehqonchilik bilan shug‘ullanib kun ko‘rishadi.

Xushmanzara joylar va tarixiy shaharlar ko‘p. Hirot shahri buyuk adiblar — Jomiy va Navoiylar vatani hisoblanadi. G‘azna — Abu Rayhon Beruniy yashagan shahar. Bomiyon — o‘zining minglab g‘or hujralari va Budda haykali bilan mashhur bo‘lgan. Balx — qadimiy yodgorliklarga boy. Shoir BoborahimMashrab Balx shahriga dafn etilgan. Qandahor o‘z anorlari bilan tanilgan. Jalolobodda hamisha bahor.

Qadimdan Afg‘onistonda podsho sulolalari hukmronlik qilgan. Qishloq xo‘jaligi qoloq. Sanoati rivojlanmagan, yer osti boyliklari ishga solinmay yotgan. Aholi yoppasiga savodsiz bo‘lgan. Ular tibbiy xizmatdan mahrum edi, shuning uchun turli yuqumli kasalliklar tarqalib turgan. 2-jahon urushidan keyin davlat tizimini yangilash, mamlakat iqtisodiy taraq­qiyo­tini jadallashtirish harakati kuchaydi. 1973-yilda shoh hukumati ag‘darilib, mamlakat jumhuriyat (respublika) deb e’lon etildi. 1978-yil aprelda davlat to‘ntarishi (savr inqilobi) qilindi. Biroq shundan keyin mamlakatdagi turli siyosiy kuchlarning o‘zaro kurashi boshlanib, xalq boshiga behisob kulfatlar tushdi.

O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondagi o‘zaro urushni tezroq to‘xtatish uchun muhim tashabbuslar bilan maydonga chiqdi. Afg‘oniston bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1992-yilda diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

 

(Bolalar ensiklopediyasidan) 


Orqaga qaytish