Jahon mamlakatlari

5528 marta o'qildi
AMERIKA

Amerika G‘arbiy yarim sharda, Atlantika okeani bilan Tinch okean oralig‘ida joylashgan qit’a. Qit’aning umumiy maydoni 42,5 million kvadrat kilometr. Aholisi 750 million kishi­ga yaqin. Amerika Yer yuzida joylashgan oltita qit’adan biri.

AMERIKA

 Amerika G‘arbiy yarim sharda, Atlantika okeani bilan Tinch okean oralig‘ida joylashgan qit’a. Qit’aning umumiy maydoni 42,5 million kvadrat kilometr. Aholisi 750 million kishi­ga yaqin. Amerika Yer yuzida joylashgan oltita qit’adan biri. U ikki materikka bo‘lingan: Shimoliy va Ja­nubiy Amerika. Ular o‘rtasidagi chegarani, odatda, Daryen bo‘yni, ba’zan esaPanamabo‘yni orqali o‘tkazadilar. Shimoliy Amerikada ko‘pincha Markaziy Amerika va Vest-Indiya orollarini alohida ajratadilar. Amerika tarkibiga Grenlandiya oroli va bir qancha yondosh orollar ham kiradi. Ikkala materikning tub aholisi asosan indeyeslar bo‘lib, ko‘pchiligi metislashgan, ularning soni 40 millionga yaqinroq. Yevropaliklar­n­­ing qit’ani mustamlakaga aylantirish jarayo­nida ko‘pgina qabilalar butunlay yoki qisman qirib tashlangan. AQSH va Kana­dada indeyeslar maxsus ajratilgan joy – rezervatsiyalarda yashaydilar. Hozirgi amerikaliklar qit’a kashf qilingandan keyin asosan Yevropadan ko‘chib borgan isti­lochilarning avlodlari hamda keyinroq boshqa qit’alardan borgan kishilardan iborat. Ular asosan ingliz, fransuz, ispan vaportugaltillarida so‘zla­shadilar.

Shimoliy Amerikaning ta­biati go‘zal va rang-barangdir. Uning qiyofasidagi talaygina manzaralar bizga tanish: Yevrosiyo materigi qanday tabiat zonalarida bo‘lsa, u materik ham shunday zonalarda joylashgan. Chekka Shimolda, Shimoliy  Muz okeani qirg‘oqlari yonida tundra zonasi bor, u yerda qutb yog‘dusi lovullab ko‘rinadi. Janubroqda qalin o‘rmonlar boshlanadi. Ayniqsa, Kana­daning butun dunyoga mashhur zarang daraxtlari ajoyibdir. U yerning tekisliklari bizning dashtlarga o‘xshash, faqat ular  preriya  deb ataladi. Tekisliklardan sersuv dar­yolar oqib o‘tadi.

Shimoliy Amerika butun qit’a maydon­i­ning yarmidan ko‘prog‘i (20,36 million kvadrat kilometr, orollari bilan esa 24,25 million kvadrat kilometrni)ni tashkil etadi. Aholisi ham qit’a aholisining yarmidan ko‘proq (442 million kishi).

Bizga g‘aroyib bo‘lib ko‘rinadigan boshqa narsalar ham bor. Meksikada o‘sadigan kaktuslar har bir sayyohni maftun etadi. Ayniqsa, bahaybat va juda qadimiy sekvoyya daraxtlari alohida taassurot qoldiradi. Nodir daraxtlar o‘sadigan o‘r­monlar qo‘riq­xonalarga aylantirilgan. Faqat ularni u yerda  milliy park deb ataydilar.

AQSHning g‘arbida, Ko­lorado daryo­si oqadigan joyda yeri toshloqdan iborat milliy park bor. Katta Kanon deb ataladigan haybatli daraning chuqurligi 1600 metrga yetadi, uzunligi 446 kilometr, yonlari zinapoyaga o‘xshab pasay­gan. Kengligi yer yuzasi­da 25 kilometrgacha, o‘za­nida 1 kilometrdan kam (hatto ayrim joylarida 120 ­metrgacha). Uni ko‘p asrlar davomida daryo suvi va boshqa tabiat hodisalari hosil qilgan. Ular tog‘ jinslarini yemirib va yuvib, qoyalarda va botiqlarda g‘aroyib shakllar yaratgan. U joylarga turistlar juda ko‘p boradi.

Quyosh chiqishi yoki botishi paytida ulkan qoyalar goh ko‘hna saroylarga, goh fantastik max­luqlarga o‘xshab keta­di. Katta Kanon Qoyali tog‘larni qirqib o‘tadi. Qoyali tog‘­lar materikning shimolidan eng janubiy rayonlarigacha cho‘zilgan buyuk Kor­dilyera tog‘la­r­i­ning bir qismidir.

Tog‘larda otilib turadigan va so‘ng­an vulkanlar bor. Baland tog‘­larda, xususan, shimol tomonda, mangu qorlar va muzliklar mavjud. Alyaska tizmasidagi Mak-Kinli cho‘qqisi (6193 metr) Shimoliy Amerikaning eng baland joyi hisoblanadi.

Shimoliy Amerikaning foydali qazilmalaridan gaz, neft, ko‘mir, shuningdek, temir, mis, nikel, kobalt, uran, oltin, kumush jahon ahamiyatiga ega.

Shimoliy Amerika tabiatining diq­qatga sazovor joy­laridan yana biri Buyuk ko‘llar zanjiridir. Beshta bahaybat suv havzasi bir-biri bilan tutashib, yaxlit bir chuchuk suvli dengiz hosil qilgan. Ular kanal va San-Lavrentiy daryosi orqali okeanga ulangan. Shularning ichidagi Yuqori ko‘l–Yerdagi eng katta ko‘ldir (agar sho‘r suvli Kaspiy hisobga olinmasa). Ikki ko‘l orasidagi Niagara daryosida mashhurNiagarasharsharasi joylashgan. Boshqa bir daryo – Missisipi irmog‘i Missuri bilan birga dunyodagi eng uzun daryolardan biridir.

Janubiy Amerikaning maydoni Shimoliy Amerikaga nisbatan bir oz kichik (orollari bilan 18,28 million kvadrat kilometr).

Janubiy Amerikaning tabiati qiziqarli va rang-barangdir. Ulkan Amazonka daryosi materikning g‘arbidan sharqigacha cho‘zilgan. Unga 500 tadan ko‘proq irmoq quyiladi. Uni selva deb ataladigan tropik o‘rmonlar qurshab olgan. Bu o‘rmon­larda noyob o‘sim­liklar va faqat shu yerdagina yashaydigan hayvonlar mavjud. Masalan, bahaybat anakonda bo‘g‘ma iloni bor. Amazonka suvlarida mayda, lekin o‘ta yirtqich piranya baliqlari o‘lja mo‘ljallab suzib yuradi. Piranya galalari odam yoki katta hayvonni bir necha daqiqada yeb bitira oladi.

Janubiy Ame­rikada o‘rga­nil­magan rayonlar ko‘p, chunki selvaning zich changalzorlari odamlarning yurishiga to‘sqinlik qiladi.

Amazonka va Orinoko,Parana, Paragvay kabi daryolar ba’zan o‘sha yerlarda birdan-bir transport “yo‘li”dir.

Materikning g‘arbiy chekkasida shimolidan janu­biga qadar And tog‘lari quloch yozgan. Akon­kagua cho‘qqisi (balandligi 6960 metr) butun Amerika qit’asining eng baland joyidir. Qadimiy mahalliy qabila – inklarning tilida “anta” so‘zi “mis konli tog‘lar” ma’no­sini anglatadi. And tog‘larining ko‘pgina cho‘qqilari, masalan, San-Pedro, Kotopaxi vulkanlardir. Vulkan otilishi va zilzilalar odamlarga ko‘plab ofat keltiradi.

Tog‘larda qalay va mis, temir va marganes, oltin va kumush, olmos, qo‘rg‘oshin va neft qazib chiqariladi.

Janubiy Amerikaning ko‘p mamlakatlari­dan tog‘ tizmalari o‘tgan. Shuning uchun ayrim shaharlar, jumladan, ba’zan poytaxt shaharlar ham dengiz sathidan bir necha ming metr balandlikda joylashgan. Masalan, Boliviya davlatining poytaxti La-Pas shahri 4500 metr balandlikda joylashgan. Bu dunyodagi eng “yuqori” poytaxtdir.

 

(Bolalar ensiklopediyasidan) 


Orqaga qaytish