Jahon mamlakatlari

5327 marta o'qildi
AMERIKA QOSHMA SHTATLARI (AQSH)

(AQSH)

Maydoni – 9373000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 272600000 kishi.

AMERIKA QO‘SHMA SHTATLARI

(AQSH)

Maydoni – 9373000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 272600000 kishi.

 

Amerika Qo‘shma Shtatlari – g‘arbiy yarim shardagi eng katta mamlakat. Hududining deyarli hammasi Shimoliy Amerikada joylashgan. AQSHning sharqiy qirg‘og‘ini Atlantika okeani, g‘arbiy qirg‘og‘ini Tinch okean suvlari yuvib turadi.

AQSHning iqlimi asosan mo‘tadil va subtropik. Haqiqiy tropiklar ham bor – bular Tinch okeandagi Gavayi orollari bo‘lib, ular AQSH shtatlaridan biri hisoblanadi. Shimoldagi Alyaska shtatida esa qishda Arktika sovuqlari bo‘ladi.

Mamlakat markaziy qismidagi tekisliklar g‘arbda tepalari qor bilan qoplangan ulug‘vor Qoyali tog‘larga, sharqda esa uncha baland bo‘lmagan Appalachi tog‘lariga borib  tutashgan.

Amerikadagi tog‘lar, ayniqsa Appalachi tog‘lari bag‘ri ko‘mir, neft, tabiiy gaz, temir rudasi, rangli metall rudalari va boshqa foydali qazilmalarga boy. Amerikaning eng ­yirik daryolari – Missisipi va uning irmog‘i Missuri.

Yevropaliklar Shimoliy Amerikaga 16-asrda Kolumb Amerikani kashf qilgandan keyin ko‘chib bora boshladilar. Yevropaliklar Amerika qit’asining tub aholisi – indeyeslarni shafqatsiz qira boshlaganlar. Tirik qolgan indeyeslar unumsiz cho‘l yerlarga – rezervatsiyalarga surib chiqarilgan. AQSHda Afrikadan  bir vaqtlar zo‘rlik bilan olib borilgan qullarning avlodlari bo‘lgan qora tanli amerikaliklar ham yashaydi.

Amerikaga asosan Angliyadan borganlar 17-asrda Atlantika okeani sohilida o‘z manzilgohlari – koloniyalariga asos soldilar. 18-asr oxirida 13 ta koloniya Angliya hukm­ronligidan ozod bo‘ldi va mustaqil davlat — Amerika Qo‘shma Shtatlarini tuzdi. Shuning uchun AQSH davlat bayrog‘ida 13 ta oq va qizil yo‘l bor. Amerika bayrog‘ining yuqori chap burchagida ko‘k to‘g‘ri to‘rtburchak­dagi 50 ta oq yulduzcha tasviri AQSH shtatlarining hozirgi vaqtdagi soniga muvofiq keladi.

AQSH sanoat mahsuloti ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatda hozirgi zamon sanoatining barcha tarmoqlari, ayniqsa avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, kimyo va atom sanoati rivojlangan. Qishloq xo‘jaligi ham yuksak taraqqiy etgan. Uning barcha tarmoq­larida texnikadan  unumli foydalaniladi. Makkajo‘xori – asosiy don ekini. Jahonda yetishtirilayotgan makkajo‘xori hosilining  deyarli yarmisi AQSHga to‘g‘ri keladi.

AQSH – juda boy mamlakat. Uning aksar aholisi shaharlarda yashaydi. Nyu-York – Amerikaning eng katta shahari. Bu shahar yirik sanoat markazi va dengiz porti, u Atlantika okeani sohilida joylashgan. Nyu-Yorkning asosiy xususiyatlaridan biri 60—80 qavatli osmono‘par uylarning ko‘pligidir.  Nyu-York shahri markazida, Manxetten orolida Amerikaning eng yirik sanoat boshqarmalari, davlat va shahar muassasalari, banklar joylashgan. Nyu-Yorkdan temir yo‘l orqali besh soatlik yo‘l narida, Potomak daryosi sohilida AQSH poytaxti – Vashington shahri joylashgan. Shahar mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington nomi bilan ataladi.

Amerikadagi Buyuk ko‘llardan biri –Michigansohilida yirik sanoat shahri Chika­go joylashgan. Chikagodan bir oz narida Amerika avtomobil sanoati markazlaridan biri Detroyt shahri bor.

Tinch okean sohilidagi eng yirik shaharlar – Los-Anjeles va San-Fransisko. Los-Anjeles shahri chekkasi – Gollivudda deyarli barcha amerika filmlari ishlab chiqariladi. Go‘zal Kaliforniya vodiysida joylashgan San-Fransisko yirik port va sanoat shahridir.

AQSH – ko‘pgina atoqli kishilar vatani. Mashhur siyosiy arboblar — Benjamin Franklin va Avraam Linkoln, Franklin Ruzvelt va Jon Kennedi, kashfiyotchilar – Robert Fulton va Tomas Edison, yozuvchilar – Mark Tven, Jek London va boshqa ko‘pgina shaxslar jahonga mashhur.

AQSH bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1992-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

 

(Bolalar ensiklopediyasidan) 


Orqaga qaytish