Jahon mamlakatlari

5663 marta o'qildi
ANTARKTIDA

Sayyoramizning olti materigidan biri  Antarktidadir. U eng janubda bo‘lib, deyarli butunlay muz bilan qoplangan. 1820-yilda rus dengiz sayyohlari F. F. Belingsgauzen va M. P. Lazarevlar “Vostok” va “Mirniy” yel kanli kemalarida qattiq to‘lqinlar va muz to‘siqlarini yengib, ko‘p qiyinchiliklar bilan Antarktida qirg‘oqlariga juda yaqin suzib borganlar.

ANTARKTIDA

 Sayyoramizning olti materigidan biri  Antarktidadir. U eng janubda bo‘lib, deyarli butunlay muz bilan qoplangan. 1820-yilda rus dengiz sayyohlari F. F. Belingsgauzen va M. P. Lazarevlar “Vostok” va “Mirniy” yel kanli kemalarida qattiq to‘lqinlar va muz to‘siqlarini yengib, ko‘p qiyinchiliklar bilan Antarktida qirg‘oqlariga juda yaqin suzib borganlar. Lekin Antarktida sohiliga birinchi qadam qo‘ygan odam 1899-yilda norvegiyalik K. Borxgrevink bo‘lgan.

Bundan million yillar avval, hali Yerda odamzod paydo bo‘lmasdan ilgari Antarktidada havo issiq bo‘lib, tropik o‘rmonlar o‘sgan va bahaybat hayvonlar yashagan. Ammo Antarktida shimoldagi yerlardan avvalroq muz bilan qoplangan: eng qadimgi muz qalqoni shu yerda. Materikning yer ostida temir rudasi, oltin, olmos, rangli metallar, toshko‘mir singari foydali qazilmalar bor.

Antarktidaning ayrim joylarida muz orasidan qoramtir va jigar rang do‘nglar chiqib turadi, ularning ustida yo‘sin va lishaynik­lar ko‘rinadi. Shunday joylarni Antarktidani o‘rganuvchilar “vohalar” deb ataganlar. Qit’aning o‘rtacha balandligi dengiz sathidan 2000 metrdan ziyod.

Antarktidaning bir chekkasida olimlar bir necha ko‘l topdilar, uning betidagi muzning hammasi yorilgan va juda tiniq edi. Boshqa bir ko‘lning usti muzlamagan edi, chunki undagi suv iliq bo‘lib, 11 daraja edi.

Ko‘llardan jigarrang, qizil, ko‘k-yashil rangdagi juda mayda suvo‘tlar topilgan bo‘lib, ular suvga yaltiroq tus berib turadi.

Antarktidaning shimoli-g‘arbida, Greyam Yerida mayda o‘t, gullar uchraydi.

Demak, hatto muzlar olami—Antarktidada ham hayot mavjud ekan. Dengiz bo‘ylarida ajoyib qushlar–pingvinlar yashaydi. Qirg‘oq bo‘yi suvlarida kitlar, kashalotlar, delfinlar, tyulenlarning bir necha turi suzib yuradi, bular orasida dengiz fili va dengiz qoplonlari ham bor.

Sayyoramizning eng kam o‘rganilgan qismi–Antarktidani keng miqyosda tadqiq etish 1957–1958-yillardan boshlandi. Dunyoning o‘ndan ortiq davlati bu materikni birgalashib o‘rganishga kelishib oldilar. Har xil millatga mansub yuzlab olimlar Antarktidaning turli qismlarida xilma-xil kuzatishlar olib bordilar.

Rossiyadan borgan olimlar Antarktidaning eng kam o‘rganilgan sharqiy qismini tadqiq etdilar. Deyvis dengizi qirg‘og‘ida “Mirniy” posyolkasi qad ko‘tardi. Materikning ichki qismlarida ham boshqa stansiyalar tashkil etildi. Antarktidada turli davlatlarga tegishli qariyb 50 ta ilmiy stansiya ishlab turibdi.

Jasur tadqiqotchilar Antarktidaning hali inson qadami yetmagan eng ichkarisiga kirib bordilar va muhim geografik kashfiyotlar qildilar. Olimlar Antarktida, avval taxmin qilinganidek, bir qancha orollar to‘dasidan iborat bo‘lmay, balki yaxlit bir materik ekanini aniqladilar.

Antarktidada havo juda sovuq, qish davrida (iyun-avgust) hatto 900 darajagacha sovuq bo‘ladi. Tez-tez kuchli shamollar bo‘lib turadi (ba’zanshamolning tezligi sekundiga 90 metrga yetadi). Antarktidada tadqiqotchilardan boshqa doimiy aholi yashamaydi.

Tadqiqotchilar  yaxshi isitilgan uychalarda yashaydilar, tashqarida sovuq havoda esa, ichidan elektr grelka isitib turadigan kiyim va himoya niqobi kiyib ishlaydilar. Odam bunday niqob ichida maxsus filtr orqali nafas oladi.

Antarktida hech bir davlatga mansub emas. Xalqaro shartnomaga ko‘ra, uning hududida harbiy xarakterdagi biror tadbir o‘tqazish man etilgan. Antarktida tinchlik materigidir.


Orqaga qaytish