Bilasizmi?

5315 marta o'qildi
AKKUMULATOR

Temir yo‘l vokzalida bo‘lganingizda orqadagi o‘rindiqda o‘tirib olib, oldiga chemodanlar ortilgan mo‘jazgina mashinani haydab ketayotgan kishini ko‘rgansiz.

O‘sha mashina, ya’ni elektrokar quvvatni akkumulator deb ataladigan qurilmadan oladi. «Akkumulator» so‘zi lotincha bo‘lib, «to‘plagich», «yig‘gich» degan ma’nolarni bildiradi. Demak, akkumulator to‘plagich degani ekan. Lekin u pulni emas, balki elektr energiyasini to‘playdi. Eng oddiy akkumulator sulfat kislotali bankaga botirilgan ikki qo‘rg‘oshin plastinkadan iborat. Elektr energiyasini to‘plash uchun akkumulator «zaryadlanadi», ya’ni u orqali elektr toki o‘tkaziladi. Shunda qo‘rg‘oshin plastinkaning sirtqi qavati boshqa moddaga — qo‘rg‘oshin oksidga aylanadi. Endi akkumulatorga lampochka yoki elektr motorni ulash mumkin: qo‘rg‘oshin oksid yana qo‘rg‘oshinga aylana boshlaydi, to‘plagan energiyasini «qaytarib» beradi va lampochka yonadi, elektr motor ishlay boshlaydi. Akkumulator o‘zi to‘plagan elektr energiyasini «qaytarib» bo‘lgach, ya’ni kuchi tugagach, qaytadan zaryadlanadi va yana elektr to‘plagich ishlay boshlaydi.

Elektr energiyasini simlar orqali uzatish mumkin bo‘lmagan joylarda akkumulatorlardan foydalaniladi. Aytaylik, avtomobil motori ishlay boshlashi uchun uni aylantirib yuborish kerak. Bu ishni elektr dvigatel — starter bajaradi; ana shu starter elektr energiyasini akkumulatordan oladi.

Suv osti kemalari (agar ular atom suv osti kemalari bo‘lmasa) eshkak vintlarini elektrmotorlar harakatga keltirishi natijasida suv ostida suzadi. Elektr motorlar oladigan ener­giyani esa har biri odam bo‘yidek keladigan ulkan akkumulatorlar beradi.

Kosmik kemalarda ham akkumulatorlarsiz ish bitmaydi. Ularda ham elektr energiyasiga muhtoj bo‘lgan asboblar: priyomniklar, uzatkichlar, har xil boshqarish mexanizmlari, elektr lampalar bor. Kosmik kema Yerning Quyosh yoritib turgan tomonida uchayotganida u elektr energiyasini quyosh batareyalaridan oladi, chunki quyosh batareyalari yorug‘likni elektr energiyasiga aylantirib beradi. Kema Yerning qorong‘i tomoniga o‘tganda quyosh batareyalaridan zaryadlangan akkumulatorlar ishlay boshlaydi.

Akkumulatorlarning elektr energiyasi juda qimmat turadi. Agar akkumulatorlar qimmat turmaganida ulardan ko‘proq foydalanilgan bo‘lar edi.Yanashunisi ham noqulayki, hozircha akkumulatorlar juda qo‘pol va og‘ir.

Hozir olimlar yengil va quvvatli akkumulatorlarni yaratishga harakat qilishmoqda. Bunday akkumulatorlarni, masalan, avtomobilning benzin motori o‘rniga o‘rnatsa bo‘lardi. Axir motorda benzin yonganda zararli gazlar ajraladi-ku. Akkumulatorli mashina shunday gazlarni chiqarmagan bo‘lardi va shahar havosi buzilmay, siz bilan biz tozaroq havodan nafas olardik.


Orqaga qaytish