Bilasizmi?

4714 marta o'qildi
AKVAREL

Qaysi bola rasm chizishni xohlamaydi, deysiz? O‘zingiz ham, qalam tutishni o‘rganiboq, qog‘ozgami, kitobgami, devorgami nimalarnidir chizganingiz yodingizda bo‘lsa kerak?

Keyinchalik ota-onangiz rasm daftar, bo‘yoq sotib olib berishgan. Siz esa shu daftarga mo‘yqalam bilan bo‘yoq yordamida turli narsalarning rasmini qo‘lingizdan kelgancha chizgansiz. Bu bo‘yoq esa akvareldir.

Akvarel—rassomlik san’atida ishlatiladigan eng ommabop bo‘yoqlardan biri. Oddiy rang kukuni (pigment) va daraxt yelimi aralashmasidan tayyorlash mumkin bo‘lgan bu bo‘yoq qadimdan ma’lum bo‘lgan. Qadimda Misr, Yunoniston, Rim, Xitoy mamlakatlarida san’atkorlar shunday bo‘yoqlarda ajoyib rassomlik asarlari yaratib, o‘z zamondoshlarini hayratga solganlar. Lekin akvarel bo‘yog‘iga xos fazilatlar—tiniqlik, yorqinlik, shaffoflik, jarangdorlik 15-asrga kelib kashf etildi. 15—17-asrlarda akvarel bo‘yog‘idan turli gravyura, chizma tasvirlarga rang berishda foydalanilgan bo‘lsa, 18-asr 2-yarmidan u rangtasvir yaratish uslubiga aylandi. Rassomlar shu yo‘nalishda mukammal asarlar yarata boshladilar. Bevosita akvarelda rasm (tasvir) ishlaydigan mutaxassislar yetishib chiqa boshladi. Ingliz, fransuz, rus rassomlari bu borada dastlabki yutuqlarni qo‘lga kiritdilar.

Akvarelda rasm ishlash uslubi 19-asrdan jadal rivojlana boshladi. Ingliz rassomlari R. Bonington, U. Terner, rus rassomlari K. Bryullov, A. Ivanov, M. Vrubel va boshqalar akvarel uslubida ajoyib manzara, portret, mavzuli asarlar yaratdilar.

Bugungi kunda «akvarel» iborasi keng qamrovli mazmunni o‘zida mujassam etgan. Akvarel asli fransuzcha «aguarelle», italiyancha «acgurello», lotincha «agua» so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, suv, suvli degan ma’noni anglatadi. Aslida akvarel deyilganda rasm chizishda ishlatiladigan, suvda tez eriydigan bo‘yoq, shu suv bo‘yoqda ishlangan rasm hamda kichik mazmundagi asar nazarda tutiladi.

O‘zbek rassomlik san’atida akvarel rangtasviri 20-asrning 20—30-yillaridan rivojlana boshladi. O‘zbekistonlik rassomlar A. N. Volkov, P. M. Nikiforovlar bu san’atning nodir namunalarini yaratdilar,o‘zbek rassomlari Bahrom Hamdamiy, O‘rol Tansiqboyevlar ham akvarelda ijod qilganlar. Ular tabiat ko‘rinishlari, hayotiy voqealarni aks ettiruvchi rasmlarda akvarel rangtasviriga xos fazilatlarni mahorat bilan namoyon etdilar.

O‘zbek akvarel san’atining yangi rivojla­nish bosqichi 20-asrning 2-yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu yillarda akvarelda ishlash uslubi kengaydi. Rassomlar akvarel, guash, tempera bo‘yoqlarini aralashtirib ham akvarel bo‘yog‘ida rasm ishlashni qo‘llay boshladilar. O‘. Tansiqboyev 60-y. Larda akvarelga qayta murojaat qiladi. Bugungi kunda o‘zbekistonlik ko‘p rassomlar ham akvarelda ijod qilmoqdalar. G‘.Boymatov, M. Sodiqov va boshqa rassomlar ijodida ushbu san’atning o‘ziga xos ko‘rinishi namoyon bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi qoshida akvarelchi rassomlar guruhi G‘. Boymatov rahbarligida mehnat qiladi.


Orqaga qaytish