Bilasizmi?

5650 marta o'qildi
ARILAR

Arilar juda xilma-xil pardaqanotlilardir. Ular­ning rangi, shakli va kattaligi har xil bo‘lib, asalari, paxmoq arilar, sariq arilar, yo‘l arilar, qovoq arilar kabi ko‘p xillari mavjud.

Arilar juda xilma-xil pardaqanotlilardir. Ular­ning rangi, shakli va kattaligi har xil bo‘lib, asalari, paxmoq arilar, sariq arilar, yo‘l arilar, qovoq arilar kabi ko‘p xillari mavjud. Arilar qornining uchida joylashgan yashirin nayzasi ularning kuchli qurolidir. Ikki juft yaltiroq qanot­lari ularni uzoq joylarga uchib borishiga yordam beradi. Ular jamoa bo‘lib yashaydi. Arilarning uyasiga bilib yoki bilmasdan tegib qolsangiz bormi, ular yovdek yopirilib kelib, duch kelgan joyingizni chaqib tashlaydi. Ari nayzasining ostida zaharli bezi bo‘ladi. Arilar chaqqanida bezdagi zaharli suyuqlik nayzaning naychasi orqali chaqqan joyga to‘kiladi. Chaqqan joy shishib ketadi. Mayda jonivorlar zahar ta’siridan halok bo‘lishi mumkin.

Sariq arilar inini bo‘g‘otlarga, daraxtlar va butalar shox-shabbasiga yoki har xil kovaklarga qo‘yadi. Ularning ini qalin kulrang qog‘ozdan yasalgan doiraga o‘xshaydi. Arilar inini o‘zlari ishlab chiqargan “qog‘oz”dan quradi. Razm solsangiz, arining eski yog‘och ustidan  “o‘rmalab” yurib, uni kemirayotganini ko‘rasiz. Ari kemirib olgan yog‘och luqmasi­ni so‘lagi bilan aralshatirib undan uya yasaydi.

Arining maysa ichidan uchib chiqib ketib, bir oz vaqtdan keyin yana o‘sha joyga qaytib uchib kelganini payqaganmisiz? O‘tlarning orasini sekin ochib qarasangiz, qurigan o‘t poyasini va undan eman daraxti yong‘oqchasidan katta bo‘lmagan kulrang kosachani ko‘rasiz. Yaqinroq kelib yonboshlab, qimirlamay bir oz kuzatib turing. Mana, ari uchib kelib o‘sha kosachaning og‘zi atrofidan o‘rmalab, uni suvlab kattalashtira boshlaydi. Agar siz shu yerga yana bir kelib qolsangiz, kosachaning ichida ari tuxumlari paydo bo‘lib qolganini, keyin uyachaning og‘zi bekilib, ichini ko‘rish qiyin bo‘lib qolganini sezasiz. Kuzga yaqin ari uyachasi kichik musht­dek bo‘lib qoladi. Endi siz uyachaning ichida tanish g‘uvillashni eshitasiz va go‘yo avianosesdan samolyotlar uchib chiqayotganidek uyacha ichidan birin-ketin otilib chiqayotgan o‘ntacha arini ko‘rasiz. Ular yosh ari bolalaridir. Lekin ehtiyot bo‘lish kerak. O‘zuyasini jon-jahdi bilan qo‘riqlaydigan yosh arilar uyasiga tegsangiz baloga qolasiz, ular kishini ayab o‘tirmaydi. Asalari, sariq arilar, qovoq arilar, qizil arilar va paxmoq arilar jamoa bo‘lib yashaydi.

Yakka holda yashaydigan arilarning xulq-atvori, ayniqsa, g‘alati bo‘ladi. Mana, uzun qora qorinli xipcha ammofila arisi. U yerda in quradi, tuxumini iniga qo‘yishdan avval bo‘lajak lichinkasini boqish uchun kapalak qurtini iniga sudrab keltiradi. Bu ari semiz qurtlarni yerdan topadi. Ammofila yer bag‘irlab uchib yurib, vaqti-vaqti bilan egilgan mo‘ylovini yerga urib-urib qo‘yadi. Qurtni topgach, uning nerv markaziga aniq nayza sanchib, karaxt qiladi. Qurt o‘lmaydi, ammo karaxt bo‘lib hech narsani sezmaydigan holatga tushadi. Shunday qilib, arining o‘sayotgan lichinkasi oziq bilan ta’minlanadi.

Olimlar arilar ustida ko‘pgina tajribalar o‘tkazib, ularning “aqlli” xatti-harakatlari aslida tug‘ma irsiy instinktdan iborat ekanligi, ya’ni ular o‘z faoliyatlarining ma’nosini anglab yetmasligini isbot qilishdi. Agar ari keltirgan qurtni uning inidan olib qo‘yilsa, ari uni sezmaydi, lekin baribir inning og‘zini bekitib qo‘yadi. Ari hatto og‘zida toshchalar olib kelib uyasining og‘zini shibbalab qo‘yadi, so‘ngra atrofiga turli narsalar tashlab, go‘yo bu yerda hech qanday in bo‘lmagandek qilib yashirib ketadi.

Arilar – juda foydali hasharot. Ular gullarni changlatib, hosildorligini oshirishga yordam beradi. Ovchi arilar zararkunanda hasharotlarni qirib, qishloq xo‘jaligiga foyda keltiradi.


Orqaga qaytish