Bilasizmi?

5085 marta o'qildi
ASSALOMU ALAYKUM!

Agar  sizdan:

– Birinchi marta tilingiz qaysi so‘zni aytgan? – deb so‘rashsa, siz hoynahoy:

– Oyi!Ada! – deb javob berasiz.

Agar  sizdan:

– Birinchi marta tilingiz qaysi so‘zni aytgan? – deb so‘rashsa, siz hoynahoy:

– Oyi!Ada! – deb javob berasiz.

To‘g‘ri. Ota va ona inson uchun eng qadrli kishilar. Insonning tili shu muqaddas so‘zlar bilan chiqishi tabiiy.

Agar sizdan:

– Birinchi iborangizni eslaysizmi? – deb so‘rashsa siz hoynahoy:

– Assalomu alaykum! – deb javob berasiz.

Bu ham to‘g‘ri. Inson o‘z mohiyati bilan yaxshilik, ezgulik timsoli. Shuning uchun uning dili­da-yu tilida “Assalomu alaykum!” bo‘lishi tabiiy.

Siz shunchalik ko‘p  aytadigan “Assalomu alaykum!”ning  ma’nosi nima ekanligini bilasizmi?

“Assalomu alaykum!” aslida arabcha ibora bo‘lib, “Sizga tinchlik, salomatlik tilayman” degan ma’noni bildiradi.

“Assalomu alaykum!” – yurtlari, millatlari­dan qat’i nazar dunyodagi barcha musulmonlarning salomlashuv iborasi hisoblanadi. Siz qaysi musulmon mamlakatiga bormang, u millat tilini bilmasangiz ham “Assa­lomu alaykum!” desangiz, sizga ochiq yuz bilan “Va alaykum assalom!” deb javob beri­shadi. Bu ularning “Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman!” deganidir. Demak, “Assalomu alaykum!” o‘zaro muomala-munosabatning boshi hamdir. Uni nechog‘lik samimiy va muloyim aytsangiz, munosabatga ham shunchalik iliqlik, samimiyat, ochiq ko‘ngillik baxsh etadi.

Assalomu alaykumni oshkora aytishning yana bir sehrli kuchi bor. U kishilar o‘rtasida muhabbat paydo etib, o‘rtadagi gina va kuduratlarni ketkazadi. O‘zidan kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat yuzasidan salom-alik qilish qadim-qadimdan kishilarimiz uchun axloqiy mezon bo‘lib qolgan.

Siz kattalarga hurmat bilan “Assalomu alaykum!” desangiz, ular sizga mehr bilan “Va alaykum assalom!” deb javob berishadi va yana “Barakallo! Katta yigit bo‘ling!” deb qo‘yishadi. Bu ularning odobli bola ekaningizdan mamnunligini bildiradi. Kattalar hamisha yoshlarning odobli va xushxulqli bo‘lishini istaydilar.

Ko‘chada ketayotganingizda o‘zingizdan katta kishiga ro‘para kelsangiz, uni tanimasangiz ham salom berishni unutmang. Chunki odatimiz shunaqa. Yoshi kichiklar yoshi ulug‘larga, ulov mingan odam piyoda ketayotganga, piyoda ketayotgan kishi o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi. Bir joyga mehmonga borsangiz, xonada ko‘pchilik o‘tirgan bo‘lsa, albatta, siz salom berasiz.

“Assalomu alaykum!”ni chala-yarim, qo‘pol, keskin qilib emas, hamma eshitadigan va muloyim qilib aytishni o‘rganing.

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish